“QOCH, SAMOKAT KELYAPTI…”

Bo‘lgan voqea “QOCH, SAMOKAT KELYAPTI…”
77

Xo‘sh, endi piyodalar yo‘laklarida ham yurak hovuchlab yuramizmi?

(Mutlaq shaxsiy fikr)

Piyodalar yo‘lagida bamaylixotir bolalar aravachasida jajji qizalog‘ini sayr qildirayotgan kelinchakni qo‘qqisdan orqadan kelgan samokat turtib yubordi. Kelinchak ham, aravacha ham yerga ag‘darildi. Peshonasi g‘urra bo‘lgan qizcha chinqirib yig‘lar, onasi esa qancha urinmasin o‘rnidan tura olmasdi. Hartugul, atrofdagi odamlar yordamga shoshilishdi.


Bu paytda samokatni boshqarayotgan o‘spirin o‘rnidan turib, ulovini yo‘lga to‘g‘riladi-yu, zudlik bilan yo‘lida davom etdi. “Esiz, qilg‘iliqni qilib, tag‘in qochib ketdi-ya, insof yo‘q ekan bu bolada”, dedi piyodalardan biri. Og‘riqdan ko‘zlariga yosh to‘lgan kelinchak o‘zini o‘nglab, “Qizim, qizalog‘im qani? Unga jarohat yetmadimi?” deya yon-verdagilardan so‘ray ketdi. Yig‘ilganlar unga nima deb javob berishni bilmasdi...


Ha, bu voqea bir qadar odamning dilini xira qiladigan, shu bilan birga, ogohlikka chorlaydigan holat. Biroq so‘nggi vaqtlarda tez-tez yuz berganidan bu kabi voqealarga bepisand bo‘lib qolganimiz achinarli. 


Keyingi paytlar tobora zamonaviy ko‘rk ochib borayotgan markaziy shaharlarimiz, xususan, poytaxtimizda turli rusumdagi, imkoniyatlari keng, ekologiyaga zarar yetkazmaydigan, og‘irimizni yengil, uzog‘imizni yaqin qiladigan elektrosamokat, skuter va segveylar paydo bo‘ldi. Bu turdagi harakatlanish vositalarining soni aholi gavjum joylarda kundan kun ortib boryapti. Boshkentimiz ko‘chalari, xiyobonlari, umuman, qay go‘shasiga qaramang, ularni uchratasiz. Avtobus bekatlari, istirohat bog‘lari, turli savdo markazlari, konsert zali-yu kinosaroylar ro‘parasida tizilib turgan, hozir eng ommalashib borayotgan elektrosamokatlarni ko‘rib, xayoli­ngizdan “Bir minib ko‘rsammikan, qanaqa ekan-a?” degan o‘y kechadi. Pulini to‘laysiz-u, ustiga chiqib, xuddi shamoldek yelasiz. Ammo...


Yurish-turish, kiyinish, ovqatlani­sh­­ning o‘ziga xos odob-axloqi bo‘lganidek ko‘cha-ko‘yda harakatlanishning ham o‘z tartib-qoidalari mavjud. Ularga amal qilmasangiz, yuqoridagi kabi ko‘ngilsiz holatlarga sababchi bo‘lib qolishingiz mumkin. Tartib-qoidalarga amal qilish uchun esa, avvalo, bunga shart-sharoit hozirlangan bo‘lishi zarur. Ya’ni individual harakatlanish vositalari uchun alohida yo‘laklar tashkil etilishi va ular diqqatni tortadigan ranglar bilan ajratilishi kerak.


– Piyodalar yo‘lakchasida elektrosamokatlar sabab yurak hovuchlab yuramiz, – deydi yo‘lovchi Muhabbat Nurimova. – Ba’zi birovlar ularni minganicha oldi-orqamizdan g‘izillab, gohida urib-turtib, uzr ham so‘ramay, bemalol o‘tib ketishadi. Odamlarga bu yoqmaganidan, ayrimlar bunday vositalarning harakatlanishini cheklash lozim, degan fikrlarni bildiradi. Lekin, o‘ylashimcha, aybni elektrosamokatga to‘nkash xato, uni haydayotgan odam­ning beparvoligi, boshqalarni hurmat qilmasligi, xudbinligi buning asosiy sababidir. Har kim elektrosamokat minishdan oldin unda harakatlanish qoidalari bilan tanish bo‘lishi shart. Agar ushbu qoidalarni buzsa, boshqalarga yetkazilgan zararni qoplab berishi, jarima to‘lashi jiddiy nazoratga olinishi zarur. Bunga jamoatchilik ham loqayd bo‘lmasligi kerak. Samokat mingan shovvoz cheklangan tezlikdan oshganda, yurish mumkin bo‘lmagan hududda harakatlanganda bunga yo‘l qo‘ymaslik darkor. Agar beparvo bo‘lsak, u kimgadir ziyon yetkazishini hammamiz ko‘rib-bilib yuribmiz. Bu hatto fojiaga ham olib kelishi mumkin...


Darhaqiqat, elektrosamokat boshqaruvchilarining harakati tartibga solinmasligi aholining salomatligiga xavfni yuzaga keltiradi. Ko‘cha-ko‘yda e’tibor bersangiz, ularning ko‘pchiligi maktab yoshidagi o‘spirinlar ekaniga guvoh bo‘lasiz. Vaholanki, texnikani boshqarishda ham yosh chegarasi mavjud. Bolalar o‘zaro poyga o‘ynab, turli ekstremal harakatlar ko‘rsataman, deb o‘zi va atrofdagilarning hayotini xavf ostiga qo‘yayotgani ham achinarlidir.


–  Elektrosamokatlar “Individual harakatlanish vositalari” guruhiga kirib, 14 yoshdan kichik shaxslar yopiq hududlardan tashqarida boshqarishi mumkin emas, – deydi yo‘l harakati xavfsizligi xodimi Matkarim Ibodullayev. – Yaqinda Prezidentimiz tomonidan imzolangan qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Endilikda skuter, moped va velosipedlar, elektrosamokatlar, ulovli aravani boshqarib borayotgan hamda yo‘ldan foydalanuvchi boshqa shaxslarning yo‘l harakatini tartibga soluvchi signallarga bo‘ysunmasligi, taqiqlovchi yoki ko‘rsatma beruvchi yo‘l belgilari talablariga rioya etmasligi BHMning uchdan bir qismi miqdorida jarima qo‘llashga sabab bo‘ladi. Shuningdek, belgilangan tartibda nur qaytargichlar va chiroqlar bilan jihozlanmagan harakatlanish vositalari, qolaversa, ularning haydovchilari tomonidan odamlarni tashish tufayli BHMning ikkidan bir qismi miqdorida jarima qo‘llanadi. 

 

Bundan tashqari, bunday turdagi individual harakatlanish vositalarini boshqarib borayotgan shaxsning alkogol, giyohvandlik moddasi ta’sirida mast bo‘lgan holda yo‘l harakati qoidalarini buzishi BHMning 3 baravari miqdorida jarima solinishga sabab bo‘ladi.


Piyodalar harakatlanish qismi bilan yonma-yon velosipedlar yuradigan qizil yo‘lakda elektrosamokatlar harakatlanishi belgilanganiga qaramay ular ba’zan katta yo‘llar, ko‘p hollarda esa odamlar yuradigan joyida paydo bo‘lishmoqda. Velosipedlardagi katta shinalar yo‘lda chuqur va turli nosoz joylardan o‘tib keta oladi, biroq elektrosamokatlar-chi? Bunga, albatta, ularning kichik g‘ildiraklari yo‘l qo‘ymaydi. Qarabsizki, biror noxush voqea sodir bo‘ladi, kimdir jarohatlanadi, biror joy sinishi, yorilishi ham hech gap emas. Tan olish kerak, hali ko‘chalarimizda ular uchun sharoit yetarli emas, shuning uchun piyodalar yo‘lagidan yurishga majbur. Natijada ular odamlarga xalaqit beryapti...


Har kecha yirik shaharlarda tungi chiroqlar og‘ushida hayot qaynaydi. Aholi ham ko‘p qavatli tor uylaridan chiqib turli ko‘ngilochar maskanlarda oilasi, farzandlari bilan bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish uchun oshiqadi. Tungi shahar ko‘chalarida boshqaruvchining arzimagan chalg‘ishi elektrosamokatning gavjum piyodalar yo‘lakchasidagi kishilar hayotiga xavfini oshiradi. Ayniqsa, yosh bolali ota-ona­lar bunday paytlarda yurak hovuchlab yurishi rost. 


To‘g‘ri, oxirgi vaqtlarda elektrosamokatlar harakatini nazoratga olish bo‘yicha muayyan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ammo ular­ning piyodalar yo‘laklaridagi tartibsiz harakati to‘xtamagani bu borada hali qilinadigan ishlar ko‘pligini ko‘rsatadi. Maqsadga erishish, birinchi galda, individual harakatlanish vositalarini ijaraga beruvchi tadbirkorlarga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Bilamiz, elektrosamokatlarda ayni paytda qayerdaligini ko‘rsatib turuvchi biolokatsiya mavjud bo‘lib, kimdir uni o‘g‘irlamoqchi bo‘lsa, tadbirkor tomonidan o‘chirib qo‘yiladi. Balki, shu tizimni elektrosamokat boshqaruvchilari piyodalar yo‘lakchasida yuqori tezlikda yurganida, svetofor hamda yirik avtomobil yo‘llarida noto‘g‘ri harakatlanganda ham qo‘llash kerakdir...


Kasallikni davolagandan ko‘ra, oldi­ni olgan ma’qul, deydi dono xalqimiz. Shu ma’noda, boshqaruvchining individual harakatlanish vositalaridan foydalanish salohiyatini baholovchi maxsus ilovada turli testlar ishlab chiqilib, yosh bo‘yicha qat’iy cheklovlar o‘rnatilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. To‘g‘ri, buning uchun ijarachi tadbirkorlar mo‘may daromadining bir qismidan kechishiga to‘g‘ri keladi. Biroq sog‘liq hammasidan ustun, kimdir undan foydalanish chog‘ida baxtsiz hodi­saga uchrasa, odamlarda salbiy fikrlar paydo bo‘lishi, biznes egasi obro‘si, imijiga ziyon yetishi hech gap emas.


Rivojlangan davlatlar tajribasiga nazar solsak, yo‘l qoidasini buzgan elektrosamokat boshqaruvchisiga qattiq chora qo‘llaniladi, ya’ni jarimalar belgilangan. Yurtimizda ham ijarachilarga o‘z mahsulotini mumkin bo‘lmagan hududga joylashtirgani, ulardan boshqalarning foydalanishiga imkon yaratgani yoki mijozlarini yo‘l qoidalari bilan oldindan tanishtirmagani uchun choralar qo‘llansa, ko‘cha-ko‘ylardagi dilni xira qiluvchi holatlar kamayardi, ehtimol...

Har birimiz bexatar yo‘llarda yurishni, hayotimizga xavf tug‘diruvchi omillar bo‘lmasligini, sog‘-salomat uyimiz, oilamiz bag‘riga yetib olishni xohlaymiz. Shu ma’noda, ko‘cha-ko‘yda elektrosamokatlar harakati qat’iy nazoratga olinishidan butun xalqimiz manfaatdordir.

Elyor HAYDAR,

Jurnalist

Maqola muallifi

Muxbirimiz

Muxbirimiz

Jurnalist

Teglar

  • #Zamon va makon

Ulashish