Sharq durdonalari (Pearls of the East)

Yangi kitob Sharq durdonalari (Pearls of the East)
799

Alisher Navoiy (1441-1501) buyuk shoir, turkiy til asoschisi, o‘z davrining eng kuchli davlat arbobi, vazir edi. Navoiy ijodiga G‘arb dunyosining qiziqishi yuqori. Uning yuksak falsafasi asrlar o‘tsa-da o‘z qiymatini yo‘qotmay kelmoqda. Navoiy ijodining bir qatrasini kashf etgan chet el olim va tarjimonlari o‘z hayratlarini yashira olmaydilar. Ular Navoiy haqida zamondoshlariga kengroq xabar berib, ulug‘ o‘zbek shoiri she’riyatining targ‘ibotchilari bo‘lishga urinishmoqda. 


Amerikalik islomshunos olim Barri Xoberman “Saudi Aramco World” jurnalida chop etilgan “Chaucer of Turks” (Chaucer of Turks // Barry Hoberman.www.archive.aramworld.com) nomli maqolasida Navoiyni Sharq uyg‘onish davri asoschilaridan biridir – deb e’tirof etadi. Germaniyaning Fraye universiteti simpoziumida o‘qilgan ma’ruzalar asosida tashkil etilgan “Mir Alisir Nawai” nomli to‘plamga kiritilgan Z.Klaynmihelning “Navoiy-benavo” nomli 300 sahifali maqolasida muallif Navoiy ijodidan olgan hayratlarini bir maqola ichiga joylashga ojizlik qilgani haqida yozadi. Navoiyning “Sab’ai sayyor” asari asosida italiyalik Maykl Tramezzino tomonidan 1557-yilda yaratilgan “Sarandipning uch shahzodasi” kitobini tadqiq qilgan amerikalik sharqshunos Richerd Boyla bu asarni Yevropa Uyg‘onish davrining shoh asari deb ataydi (Richard Boyle. Three princes of Serendip. USA.2000). O‘zbekistonga kelib, Alisher Navoiy ijodini o‘rgangan va uning “Lison ut-tayr” asarini ingliz tiliga tarjima qilgan Kanadalik Garri Dik Navoiyga “Dunyoni ma’naviy tanazzuldan qutqara oladigan ko‘ngil bog‘ining bog‘boni” (Gary Dick. Why our world needs poets like Navoiy/ The language of birds/ to‘plovchi va terjimon A’zam Obidov. ̶ Toshkent: Tafakkur, 2012) deya ta’rif beradi.


So‘nggi yillarda Navoiy asarlari birin-ketin tarjima qilinib, chop etilayotgani quvonarli hodisa. Shu kungacha buyuk shoirning g‘azallari ingliz, fransuz, nemis, xitoy, polyak, turk tillariga o‘girilib, xorijlik tarjimonlar tomonidan jahon ahliga taqdim etildi. Alisher Navoiy ijodini tushunganicha tarjima qilib, o‘z zamondoshlariga havola etayotgan xorijlik tarjimonlar g‘azallar ortiga yashiringan so‘z o‘yinlarining o‘ndan birini kashf etolmagan bo‘lsalar-da, bu tarjimalar o‘qiganlarni hayratga solmoqda.


 Navoiy ijodiyoti ummon ostidagi bitmas-tuganmas dur-u javohirlarga o‘xshaydi. Sharq durdonalari (Pearls of the East) nomli ushbu kitob, ana shu javohirotlarning eng kichik durlaridan tizilgan marjon – Hazrat Alisher Navoiyning 100 dona hikmatli so‘zlari va ularning turk, ingliz va xitoy tillariga tarjimalaridan iborat mo‘jazgina to‘plamdir. Mazkur kitob Hazrat Navoiyning 584 yilligiga tuhfa sifatida Turkiyaning Mega Basim bosmaxonasida chop etildi. Kitob uchun Navoiyning G‘arb va Sharq dunyosidagi Yangi Renessans uchun hamon dolzarb bo‘lgan, komil inson g‘oyasi, insoniyat kurashib kelayotgan illatlar, umuminsoniy masalalarga oid falsafiy qarashlari aks etgan eng sara aforizmlari tanlab olindi. Kitobga aforizmlarning taniqli navoiyshunoslar Dilnavoz Yusupova va Ergash Ochilovlar tomonidan zamonaviy o‘zbek tiliga tabdillari ilova qilindi. Zero, bu kitob nafaqat xorijliklar, balki Navoiy asarlari tili murakkabligidan shoir ijodidan bebahra qolayotgan chet tillarini bilguvchi zamonaviy yoshlar uchun ham mo‘ljallangan. To‘plamdagi tarjimalar Toshkent Kimyo xalqaro universiteti “Tarjima nazariyasi va amaliyoti” kafedrasining professor-o‘qituvchilari (Gulnoza Odilova, Lyu Syulein, Shohista Meyliyeva) tomonidan amalga oshirilgan. Kitobga ishlangan illyustratsiya va rasmlar shu universitetning “Rang tasvir” yo‘nalishi ustozlari va talabalari tomonidan yaratilgan. Navoiy ijodini jahonga tanitishdagi universitetimizning ilk qadami qutlug‘ bo‘lgay! 


Gulnoza ODILOVA, 

Filologiya fanlari doktori, professor

 Toshkent Kimyo xalqaro universiteti Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedra mudiri

Maqola muallifi

Gulnoza ODILOVA

Gulnoza ODILOVA

Professor

Teglar

  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish