Boshlangʻich taʼlimda kreativ fikrlashni shakllantirish: ilgʻor yondashuvlar muhokamada

Bugun Boʻka tumanidagi 8-maktabda “Boshlangʻich taʼlimda kreativ fikrlashni shakllantirish: pedagogik va psixologik yondashuvlar” mavzusiga bag‘ishlangan seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Mazkur seminar-trening Toshkent viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi bo‘limi hamkorligida tashkil etilib, umumiy o‘rta taʼlim maktablarining boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari, metodistlar va pedagog-psixologlar ishtirok etdilar.
Tadbirning asosiy maqsadi — taʼlim jarayonida kreativ fikrlashni rag‘batlantirish, o‘quvchilarning erkin va ijodiy fikrlash salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiluvchi zamonaviy yondashuvlarni pedagoglar orasida ommalashtirishdan iborat.
Seminarda quyidagi masalalar atroflicha yoritildi:
• boshlangʻich taʼlimda kreativ fikrlashni shakllantirishning psixologik asoslari;
• zamonaviy pedagogik texnologiyalar orqali o‘quvchilarda ijodkorlikni qoʻllab-quvvatlash;
• dars jarayonida tanqidiy va mustaqil fikrlashni rivojlantirishning samarali usullari;
• amaliy mashg‘ulotlar orqali interaktiv yondashuvlarni sinab ko‘rish.
Xalqaro Nordik universiteti va Ta’limni rivojlantirish markazi mutaxassislari o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, o‘qituvchilar uchun foydali metodik tavsiyalar berishdi. Seminar interaktiv tarzda o‘tib, ishtirokchilarning faol muloqoti, fikr almashinuvi va amaliy topshiriqlar bajarilishi orqali yanada samarali kechdi.
STEM va STEAM yondashuvlari: kreativ va ilmiy tafakkurni uyg‘unlashtirish
Boshlang‘ich taʼlimda STEM (fan, texnologiya, muhandislik va matematika) yondashuvi asosida o‘quvchilarda mantiqiy fikrlash, muammoni yechish va texnik tafakkurni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu yondashuvni amaliyotga tatbiq qilishda loyiha asosidagi taʼlim (Project-Based Learning) katta samara beradi.
STEAM EduLab modeli esa STEMga sanʼat va ijodiy yondashuvlarni qo‘shgan holda, o‘quvchilarni turli fanlar bo‘yicha integratsiyalashgan bilim va ko‘nikmalar bilan taʼminlaydi. Bu model asosida tashkil etilgan integratsiyalashgan to‘garaklar bolalarda ijodkorlik, hamkorlikda ishlash, eksperiment o‘tkazish va natija chiqarish ko‘nikmalarini shakllantiradi.
Hayotiy ko‘nikmalar va 4K modeli asosida taʼlim: zamonaviy yondashuvlar
Zamonaviy taʼlim konsepsiyalarida 4K modeli (kreativlik, kommunikatsiya, kollaboratsiya, tanqidiy fikrlash) markaziy o‘rinda turadi. Boshlang‘ich sinflarda ushbu modelni qo‘llash orqali bolalarda quyidagi ko‘nikmalar shakllanadi:
• kreativ fikrlash – yangicha yondashuvlarni o‘ylab topish va o‘z fikrini ifoda etish;
• kommunikatsiya – aniq va to‘g‘ri muloqot qilish;
• kollaboratsiya – guruhda ishlash, liderlik va ijtimoiy mas’uliyat;
• tanqidiy fikrlash – muammoni chuqur tahlil qilish va xulosaga kelish;
Bu kabi hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirish nafaqat o‘quv jarayonining samaradorligini oshiradi, balki o‘quvchilarning mustaqil fikrlovchi va jamiyatda faol ishtirok etuvchi shaxs sifatida shakllanishiga xizmat qiladi.
Pedagogik salomatlik: kasbiy so‘nish va stresslarga qarshi kurashish
Zamonaviy o‘qituvchilar ko‘plab psixologik yuklamalarga duch kelmoqdalar: yuklama ortiqligi, noto‘g‘ri munosabatlar, o‘ziga beradigan bosimi, islohotlar tezligi va h.k. Bu esa kasbiy va hissiy so‘nish holatlariga olib kelmoqda.
Kasbiy so‘nish quyidagi bosqichlarda namoyon bo‘ladi:
1. Emotsional charchoq – ruhiy holdan toymaslik.
2. Shaxsiy samarasizlik hissi – o‘z faoliyatidan qoniqmaslik.
3. Depersonalizatsiya – darsga va o‘quvchilarga befarqlik.
Profilaktik choralar sifatida quyidagilar tavsiya etiladi:
• Doimiy psixologik treninglar.
• Stressga chidamlilikni oshirish bo‘yicha mashg‘ulotlar.
• Tashkiliy qo‘llab-quvvatlash tizimini yaratish.
• Ish va dam olish muvozanatini saqlash.
Raqamli psixologik qo‘llab-quvvatlash: innovatsion yondashuv
Raqamli texnologiyalar rivojlangan hozirgi davrda o‘qituvchilar uchun onlayn psixologik platformalar orqali yordam olish imkoniyati kengaymoqda. Mobil ilovalar, anonim so‘rovnomalar, virtual konsultatsiyalar – bularning barchasi o‘qituvchining ruhiy salomatligini tiklash va ularni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.
Shu kecha va kunduzda
Boshlangʻich taʼlimda kreativ fikrlashni shakllantirish: ilgʻor yondashuvlar muhokamada
Ustozga ehtirom – ulug‘ qadriyat
⚙️ Bu qanday ishlaydi?
Malaka sinovlari oʻtkaziladigan joy manzillari belgilandi
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank