Tezlikni pasaytiring!

Daxldorlik Tezlikni pasaytiring!
259

Shofyorning “eeyy, shu yerda burilishim kerak edi-ku” degan gapi qulog‘imga chalinishi bilanoq mashina ichidagi yo‘lovchilar bir tomonga surilib ketdik. Shu orada velosipedda kelayotgan odam to‘g‘ri kelib mashinaning oldingi oynasiga urildi. Oyna singan, odam yon tomonga otilib ketgandi. 


Haydovchi dovdirab qolgan holda to‘xtab, uning yoniga bordi. Bir daqiqa ichida odam to‘plandi. Qulog‘imni qattiq yopgancha aytgan gapim “o‘lib qolmaptimi?” bo‘ldi. Biz o‘shanda Toshkentdan Jizzaxga yo‘l olgandik. Kech soat 21:45 da Gagarin postiga kirmasdan burilish haydovchining sal keyinroq esiga tushib qolgani sabab bir odamni mayib qilib qo‘ydi. 


Yo‘lga chiqsam atrofni tomosha qilib, o‘y-xayollarim bilan band bo‘laman. Toshkentdan yo‘lga chiqqanimizda ham xuddi shu holat takrorlanayotgandi. Yo‘l bo‘yi daraxtlar senga salom berganday sekin chayqalib turadi…


Ha deganda Sirdaryoga ham yetib keldik. Endi daraxtlarni uchratish qiyin, yastanib yotgan cho‘l-biyobonlarga ko‘zingiz tushadi. Kuz o‘z hukmini aynan shu joylarga ko‘proq o‘tkazganmi degan fikr paydo bo‘ldi. Taksichimiz sal g‘alatiroq ekan, musiqani baland qo‘ygancha gazni bosib yuqori tezlikda ketardi. Oldida o‘tirgan amaki bo‘lsa: “bolam, asta haydang, yuragim ko‘tarmaydi”, degani degan. 


Shu Sirdaryoning yo‘lida hamma narsani topsa bo‘ladi desam ishonasizmi, chunki qovun, tarvuz, uzum, oshqovog‘-u har xil mevalar sotiladi. Yana yo‘lning yonginasida. Baraka topsin dehqonlar. Yo‘lda davom etar ekanmiz, boya aytganimday Gagarin postiga yetmasdan buriladigan joyda noxush holat yuz bergandi. Keyin biz boshqa taksiga o‘tirdik. Xayolim faqat jarohat olgan odamda edi. Ahvoli qanday ekan, deb uyga kelgunimcha o‘ylab keldim. Bunday holatga birinchi marta duch kelishim edi. 


Uyga kirib borar ekanman, akam va ukamga mashinani qattiq haydamaslik kerakligini aytishni ko‘nglimga tugib bordim.

Ro‘za KARIMOVA,

O‘zJOKU 3-kurs talabasi

Maqola muallifi

Amaliyotchilar

Amaliyotchilar

Talaba

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish