“YONG‘OQ”NING BOBOSI “YOG‘”DIR

Boqiy fikr “YONG‘OQ”NING BOBOSI “YOG‘”DIR
454

Mahmud Qoshg‘ariyning “Turkiy so‘zlar devoni” asarida yong‘oq – “yag‘aq” (bu o‘rinda “a” harfi hozirgi alifbomizdagi “a”dan ko‘ra qalinroq, “o” bilan “a”ning o‘rtasida talaffuz qilinishi kerak. – E.N.) tarzida berilgan. Xo‘sh, nega “yag‘aq”? Undagi “yag‘” nima? “O‘zbek tili­ning etimologik lug‘ati”ga ko‘ra, bu so‘z hozirgi “yog‘” so‘zining ayni o‘zidir. “Yag‘aq” – yog‘ ma’nosidagi “yag‘” so‘ziga -aq qo‘shimchasini qo‘shish bilan yasalgan.


“SHOVQIN-SURON”DAGI “SURON” NIMA?


Qo‘shinlarning jang maydonida bir-biriga qarama-qarshi turgan yoki hujum vaqtidagi askarlar hayqirig‘i “suron” deb atalgan. Arab askarlari “Allohu akbar!”, o‘zbek askarlari “Ha-yu hay!”, “Ura!” deya suron solib, jangga kirishgan. “Ura!” hayqirig‘i keyinchalik boshqa xalqlar armiyalari­ning ham suroniga aylanib ketgan.


“KO‘MIR” BILAN “KO‘MMOQ” – QARINDOSH


“Ko‘mir” so‘zi qadimgi turk tilida “chuqurga joylab ustidan tuproq tort” ma’nosini anglatuvchi “ko‘m” fe’liga “o‘r” qo‘shimchasini qo‘shish bilan yasalgan. Ya’ni uning kelib chiqishi shunday: ko‘m + o‘r = ko‘mo‘r. Asrlar osha dastlab “o‘” – “u”ga, keyinchalik “u” – “i”ga evrilib, “ko‘mir” shakli hosil bo‘lgan.


CHINNINING CHINGA ALOQASI


Qadimgi Turon va Eron yurtlarida Xitoy – Chin, Janubiy Xitoy va Sharqiy Turkiston o‘lkalari Chin-Mochin deb atalgan. Xo‘sh, chinni so‘zining mazkur joy nomlariga qan­day aloqasi bor? O‘zbek tilining izohli lug‘atiga ko‘ra, chinni so‘zi aynan Chin so‘zidan yasalgan bo‘lib, Chinga, ya’ni Xitoyga mansub degan ma’noni bildiradi. Qadimda chinni idishlar asosan Xitoydan keltirilgan va ota-bobolarimiz ular ishlab chiqarilgan yurtga nisbat berib, chinni, ya’ni xitoyi idishlar deb atagan. 

Ha, aytgancha, chinnigul ham xitoy guli yoki xitoyi gul demakdir, uning chinni mahsulotlarga aloqasi yo‘q.


YOMBI VA YUAN


Quyma oltin va quyma kumush bo‘lagi yombi deb atalishini bilasiz. Lekin uning xitoycha so‘z ekani haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Yombi – xitoycha “yuan bao” so‘zlarining o‘zbekcha talaffuzi bo‘lib, asli “boylik to‘plashning boshlanishi” degan ma’noni anglatadi.


BOQIMANDA KIMMI, NIMAMI?

Sadriddin Ayniyning “Esdaliklar”ini o‘qiyotib, “boqipuli” degan so‘zga duch keldim. U “jarima” degani ekan. Men ustoz adib Erkin A’zamning “Ertalabki xayollar” kitobida “boqimanda” so‘zining bugun ishyoqmas, dangasa kimsalarga nisbatan noto‘g‘ri ishlatilayotgani, aslida “eski, anchadan beri to‘lanmay kelayotgan qarz” degan ma’noni anglatishi haqidagi maqolasini o‘qigan edim. Xullas, “boqipuli”ni ko‘rdim-u “boqimanda” esimga tushdi. O‘zbek tilining izohli lug‘atiga ko‘ra, bu so‘z arabcha “boqiy” va forscha “monda” so‘zlarining qo‘shilmasidan yasalib, undirilmay, to‘lanmay qolgan qarz degan ma’noni bildiradi. O‘TILda, shuningdek, boqimandalik so‘zi ham berilib, u loqaydlik, beparvolik deya izohlangan. 


QADIMGI O‘ZBEKCHA – HOZIRGI O‘ZBEKCHA LUG‘AT


  • Yotiq – uyqu, uxlash. 
  • Ko‘n – ot terisi. 
  • Yukunch – namoz.
  • Qora o‘run – go‘r, qabr. 
  • O‘guz – oqar suv. Amudaryoning eski nomi – O‘kuz aynan daryo deganidir.
  • Beglanmoq – bekli bo‘lmoq, ya’ni turmushga chiqmoq. 
  • Sig‘it – yig‘i. Hozirgi “yig‘i-sig‘i”dagi “sig‘i”ning ayni o‘zi.
  • Etmak – non. 
  • So‘lamuq – chapaqay. 
  • Tegin – qul. Alp Tegin – bahodir qul deganidir. 
  • O‘qtam – bir o‘q otim masofa. 
  • Qurdoshmoq – tenglashmoq, qurdosh – tengdosh. 
  • Yarmoq – pul.
  • Qisig‘ – qamoq; siqiq, qisiq, qisilgan; tazyiq.
  • Chumushluq – hojatxona, xalojoy. 


(O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi, O‘zbek tilining izohli lug‘ati, Mahmud Qoshg‘ariyning “Turkiy so‘zlar devoni”, Shavkat Rahmatullayevning “O‘zbek tilining etimologik lug‘ati”dan foydalanildi).

Elmurod NISHONOV tayyorladi.

Maqola muallifi

Elmurod Nishonov

Elmurod Nishonov

Jurnalist

Teglar

  • #Yoshlar

Ulashish