“Lison ut-tayr”ning sheʼriy tabdili xususida ikki og‘iz so‘z:

“Lison ut-tayr”ning sheʼriy tabdili xususida ikki og‘iz so‘z
50


Inson hayotining asosiy mazmuni o‘zligini qidirish yo‘lida kechadi. Azaldan bashoratlar, ekstrasenslarga ishonish, psixologlar bilan muloqotlar va shu yo‘nalishdagi kitoblarni o‘qish ortida ham inson ichki olamidagi uxlab yotgan o‘zligini topishga intilish yotadi. 


Shuningdek, ko‘plab bitik va ilohiy manbalarda mutlaq uzlatga chekinib, tarkidunyochilik yo‘lini tutib, ibodat bilan mashg‘ul bo‘lishdan ko‘ra shakl va mazmun uyg‘unligiga intilish, qalb Yaratguvchida, amal esa qalbga muvofiq bo‘lishi, diniy va dunyoviy bilimlar, amallar uyg‘unligida yashash komillikka intilishning bir belgisi sifatida ta’kidlanadi. Bunda tarozini qanday tuta bilish – haqiqiy saodat. Ko‘zguga boq­qan inson o‘zi istagan narsani ko‘radi. Ustoz Baxtiyor Mengliyev tomonidan amalga oshirilgan hazrat Alisher Navoiy­ning “Lison ut-tayr” asarining she’riy o‘girmasi, hech mubolag‘asiz, o‘zlikni kashf etishga yordam beradigan haqiqiy mayoq. 


Yaratuvchiga yaqinlikni istagan inson yetti vodiyning har birida Uni topish siri­ni anglaydi. Zotan:


Izlaganing magar noyob dur ekan, 

Topmaysan to dunyo gʻaming bor ekan. 


Ruhiyatida evrilish, ichki olamidagi  kemtiklikni his qilgan  kishi yetti vodiy orqali o‘tib, najot yoʻli, halovat kalitini topadi: 


Agar yuz ming quyosh

           gʻoyib boʻlsa ham, 

Deysan charxdan 

     bitta zarra boʻldi kam. 

Singib ketsa mingta 

             dengiz yerga gar, 

Yoʻqoldi de arzimagan qatralar.


Muqaddas dinimizda “birodarlik” tushunchasi bor. Bugun koʻpincha eʼtibor qilmaydigan, “men”imiz ustun keladigan davrda ushbu tushuncha­ning ulugʻvorligini his qilish baxtidan mahrummiz. Birodarlik – ezgulik, Haq yoʻlida birlashish, birodarga doʻstlik, hamdardlik, xayrixohlik nazari bilan qarash. Kitobning oʻziga xos tarzda bayon qilingan jihati shundaki, tavhid, “Bir-u Bor” zotga iymon keltirish bilan birga, “birlik-birodarlik” tushunchasi­ning ham goʻzal tarzda bayon qilinganligidir: 


Bu qiyin ish sen-la boʻlsa yuzma-yuz, 

Birdan boshqa demoqlikka hech yoʻq soʻz. 


Bir boʻl, bir koʻr, bir degin, bir tilagin,

Mayl qilma bilmoq ikki neligin.



Bugun insoniylik fazilatlari qahatlashayotgandek, moddiyat qadriyatga aylanayotgandek bir davrda yashamoq­damiz. Komillikka intilish – karyera qilish bilan adashtiriladi. Bu esa qalbning muqarrar halokati xavfini paydo qiladi. Asarda­gi hamd va naʼt, chor­yorlar haqidagi hikoyatlar qalbni pok tutishni va najot yoʻllarini anglatadi.


Har bir qushga xos fazilat-u nuqsonlar inson ichki olamidagi qarama-qarshiliklar, olam va odam ziddiyatlari, qalbni oʻrtaydigan, aqlni mushohada qilishga undaydigan oʻzligimizga koʻzgu tutadi. 


Eng muhim jihati, oʻqiganlari­miz Robin Sharma, Deyl Karnegi, Jeyms Klir, Ronda Bern, Valeriy Sinelnikov singari jahoniy xaridorgir asarlar mual­liflari qarashlarida aks etgan tavsiyalar­ning barchasi shu kitobda sharqona va pandona, ommabop usulda bayon etilgan. Navoiyni tushunish – Haq hikmatini anglash. Ammo uni har kim ham, ayniqsa, yosh avlod tushuna olmasligi yoki tushunishga mutlaqo harakat qilmasligi – rost gap. Virtuallashgan olamda real borliqda yashash, insoniy eʼtiqodlari, millat maʼnaviy qiyofasini saqlab qolish uchun katta kuch, harakat zarur. Ushbu sheʼriy o‘girma – haqiqiy xazinaning kaliti, insoniylik, maʼnaviyat, maʼrifat borasidagi muammolarimiz yechimi. Eynsh­teyn bola aqlli boʻlishi uchun unga ertaklar oʻqib berish zarurligini aytib oʻtgani haqida oʻqiganmiz. Ammo bolani, har qanday insonni chin saodat va komillikka yetishtiruvchi boylik ana shu “Lison ut-tayr” deb bemalol ayta olaman.


Navoiy asarlarini koʻp oʻqiganman. Ammo tushunishga harakat qilish ortiqcha zoʻriqishni keltirib chiqargan. Asosiy magʻzini chaqa olish esa murakkab. Ustozning kitoblarini(shunday deyishga toʻla asos bor) oʻqib, men shu vaqtgacha Navoiyni tushunmaganimni angladim. Tabiiy ofat, iqtisodiy inqiroz va talofatlar  xavfi yil oʻtgan sari oshib bormoqda. Shu bilan birga, biz koʻrmaydigan oxiri ayanchli maʼnaviy tanazzul yoqasiga borish ham insoniyatga katta xavf solmoq­da. Oʻzimizni, oilamizni, farzandlarimizni, birodarlarimizni ushbu halokatdan qutqarib qolish uchun har birimizdan harakat talab qilinadi.


“Lison ut-tayr” esa bizga yoʻl koʻrsatuvchi mayoq boʻla oladi.

Menda katta vakolat yoʻq, imkonim boʻlganda, ushbu kitobni har oila, har inson oʻqishini majburiy qilardim. Taʼlimda axloqqa oid har bir tadrijiy darslarni shu kitob asosiga qurish rejalarini ishlab chiqardim. Lekin oddiy inson sifatida aytamanki, barchamiz oʻqishimiz shart boʻlgan kitoblardan biri – aynan shu kitob. Zimmamizga ilm oʻrganish va oʻrgatishdek ezgu, masʼuliyatli ish – neʼmat berilgan. Chinakam olim orifdan ustun(bu haqda rivoyat bor). Chin olimlikka intilar ekanmiz, hammamiz oʻqisak, oʻz fikrlarimizni bildirsak, oʻzimiz ang­lamagan jihatlarini birgalikda ang­lasak, biz ham Ustoz boshchiligida “SE­MURGʻ”ga aylana olishimizga ishonaman!


Kamola MUSULMONOVA,

filologiya fanlari bo‘yicha

falsafa doktori