Bir ajib bildirgulik

Bir ajib bildirgulik
Maktub, xat, xabar so‘zlarini arabchadan, nomani forsiydan o‘zlashtirganmiz. SMS – inglizcha qisqartma ot(Short Message Service) bo‘lib, qisqa xabar xizmati, degan ma’noni anglatadi.
Xo‘sh, xat-xabar, maktub, SMSning sof o‘zbekchasi nima bo‘ladi?
2007-yili “Fan” nashriyotida chop etilgan “O‘zbek mumtoz adabiyoti namunalari” (II jild, XIV – XV asrning boshlari, tuzuvchi, izoh va sharhlar muallifi: filologiya fanlari doktori Nasimxon Rahmon) kitobida yozilishicha, qadimgi o‘zbek tilida noma, xat-xabarlar bildirguluk so‘zi bilan ifodalangan.
Nosiruddin Burhonuddin Rabg‘uziyning “Qisasi Rabg‘uziy” asarida esa xat-xabarlar bitik, ularni yozadigan kishilar – kotiblar esa bitikchi deb berilgan.
Bayram so‘zi haqida
Bayram – barchamiz uchun yoqimli so‘z. Uni eshitganda birdan ko‘nglimiz yorishib ketadi.
Bayram eng ko‘hna so‘zlardan biri bo‘lib, eski o‘zbek tilida ikki xil shaklga ega bo‘lgan: aksariyat turkiy qavmlarda “badram”, o‘g‘uz shevasida “bayram” deyilgan. Mahmud Qoshg‘ariy uning ma’nosini “shodlik va kulgu” deb izohlaydi va “badram yer – yoqimli yer” degan misol keltiradi. Demak, bir zamonlar “bayram” va “badram” faqat kun va vaqtga emas, boshqa otlarga nisbatan ham qo‘llangan ekan.
Umuman, “d” va “y” tovushlarining almashib kelishi ona tilimizga xos ko‘p uchraydigan hodisadir. Masalan, “quduq” va “quyruq” so‘zlarining eski o‘zbek tilida “quyuq”, “quzuq” hamda “qudruq”, “quzruq” shakllari ham bo‘lgan. Shuningdek, hozirgi miyiq
(“miyig‘ida kulmoq”dagi “miyiq”) eski o‘zbek tilida bidiq deb atalgan.
Ŋ (ng) tovushi haqida
Hozirgi tilimizda Ŋ (NG) tovushi, ko‘ngil, singil (kŏŋil, siŋil) kabi sanoqli so‘zlarni aytmasa, asosan so‘z oxirida keladi. Masalan, bong, tong, bodring, keling, oling, bo‘ling kabi. Biroq “Devonu lug‘otit turk”ni o‘qish jarayonida men bu tovushning qadimgi o‘zbek tilida hozirgidan ancha faol qo‘llanganini ko‘rdim.
Buni qarangki, talaffuzni yengillashtirish uchunmi, yillar, balki asrlar davomida bu tovush tushib qolgan yoki o‘z o‘rnini boshqasiga bo‘shatib bergan.
Masalan, qoziq so‘zi eski o‘zbek tilida qazunguq(qazuŋuq), shunqor – sungqur(suŋqur), tuynuk – tungluk(tϋŋlϋk), ko‘ylak – ko‘nglak(kŏŋläk), yolg‘iz – yalngus(yalŋus) deb atalgan, ko‘zgu esa ko‘zungu tarzida yozilgan va talaffuz qilingan. Biz qo‘chqor deb biladigan so‘zning asli qo‘chngar(qočŋar), tansiq – tangsuq(taŋsuq), tirnoq esa tirngoq(tïrŋaq)dir.
Asrlar davomida ba’zi so‘zlar oxiridagi ŋ tovushi n ga evrilgan: qalqaŋ – qalqon, tapčaŋ – tapchan, kewsäŋ – kapsan.
Elmurod NISHONOV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
Shu kecha va kunduzda
FILOLOGIYA: Boqimandalikdan mustaqillikka
“Prezident iqtidorli farzandlari”tashabbusi – yoshlar orzularini ushaltiradi
Toshkent shahar hisobot-saylov konferensiyasi
1 milliard ko‘z yosh
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank