Bolangizni matematikaga qiziqtiring! Buning yo‘li oson

Jarayon Bolangizni matematikaga qiziqtiring! Buning yo‘li oson
41



Bolada matematika faniga qiziqishni qanday uyg‘otish mumkin? Quyida bolalarga matematikani o‘rgatishning olti usuli xususida so‘z yuritamiz.


Asosiy matematika qonuniyatlarini bilish deyarli hamma uchun kerak. Ko‘plab kasblar matematika bilan bog‘liq: moliya, kompyuter texnologiyalari, muhandislik va boshqalar. Shuning uchun ham, garchi bu oson bo‘lmasa-da, farzandlarimizga “fanlar shohi”ni o‘rgatish juda muhim.


Avvalo, bolada matematikaga ilk qiziqish konstruktor yig‘ish jarayonida paydo bo‘ladi. Ayniqsa, “lego” turidagi yig‘ma o‘yinchoqlarni bolalar juda yaxshi ko‘radi. “Lego” ular uchun kichik qismlardan katta va murakkab qurilmalarni yasash mumkinligini tushunishga yordam beradi.


Bir matematik olim maktab davrida ota-onasi uni origami to‘garagiga olib borgach, geometriyaga qiziqib qolganini aytgan. Darhaqiqat, bu qadimiy san’at geometriyaning ko‘plab teoremalarini o‘zida mujassam etgan. Qog‘ozdan turli shakllar yasash orqali bolada geometriyaga qiziqish ortadi.


Bolada tahlil va mantiqiy fikrlashni rivojlantirishda strategiya o‘yinlarining o‘rni katta. Masalan, xitoylarning “Go” o‘yini. Bu o‘yin jahon intellektual o‘yinlarining besh asosiy turidan biri hisoblanadi. Qoidalari oddiy: oq va qora toshlar bilan o‘ynaladi. Maqsad — taxtadagi ko‘proq maydonni egallash va raqibni o‘rab olish.


Bolada tasavvur va taxmin qilish qobiliyatini rivojlantirish uchun unga qiziqarli savollar berish tavsiya etiladi. Masalan: “Hovuz suvga to‘lishi uchun qancha vaqt kerak bo‘ladi?” Shunday savollar orqali bola aniq javobni bilmasa ham, turli omillarni (hovuz hajmi, suv oqimi tezligi, quvur kengligi) hisobga olib fikr yurita boshlaydi.


Olimlar va pedagoglarning fikricha, musiqa va matematika chambarchas bog‘liq. Ko‘pincha bu ikki sohani o‘rganish uchun o‘xshash qobiliyat va ko‘nikmalar talab etiladi.


Shuningdek, shaxmat tahliliy fikrlashni rivojlantiruvchi eng samarali o‘yinlardan biridir. Shu sababli ota-onalarga farzandlarini shaxmat to‘garaklariga berish tavsiya etiladi. Balki bola professional shaxmatchi bo‘lmas, ammo bu jarayonda orttirgan ko‘nikmalari kelajakda albatta foyda beradi.


Maqsuda YO‘LDOSHEVA,

Toshkent shahridagi 285-maktab o‘qituvchisi

Maqola 20220-yil 13-may sonidan olindi

Maqola muallifi

O‘qituvchi

O‘qituvchi

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish