Bu kinoni har bir o‘qituvchi ko‘rishi kerak!
Ta’lim mavzusida ishlangan filmlar talaygina. Biroq ularning aksariyatida o‘qituvchi go‘yoki mo‘jiza yaratuvchi qahramon sifatida tasvirlanadi yoki murakkab muammolar soddalashtirilib, tezkor va taskin beruvchi yechimlar bilan yakunlanadi. “Detachment” esa bunday qoliplarni butunlay parchalaydi. Film ta’lim tizimini bezab ko‘rsatmaydi, o‘qituvchini ideallashtirmaydi va tomoshabinni sun’iy ijobiy yakunlar bilan ovutmaydi. Aksincha, u maktab ichidagi haqiqatni — o‘qituvchining ruhiy holati, ichki charchog‘i hamda ko‘pincha ko‘zdan yiroq qoladigan iztiroblarini keskin va og‘riqli realizm orqali ochib beradi.
“Detachment” o‘qituvchilar albatta ko‘rishi lozim bo‘lgan film. Chunki unda dars jarayonidan tashqarida qoladigan, biroq har bir pedagog kundalik faoliyatida his etadigan bosim, mas’uliyat va yolg‘izlik muammosi markazga olib chiqiladi. Mashhur rejissor Tony Kaye bu filmda o‘qituvchilik kasbini na “qahramonlik afsonasi”, na “najot beruvchi mo‘jiza” sifatida tasvirlaydi. Aksincha, u ta’lim tizimi fonida o‘qituvchini inson sifatida ko‘rsatadi: charchaydigan, iztirob chekadigan, ba’zan umidsizlikka tushadigan, biroq shunga qaramay mas’uliyatdan voz kecha olmaydigan.
Albert Kamyudan keltirilgan iqtibos bilan boshlanib, Edgar Allan Poedan olingan ibora bilan yakunlanadigan hamda Jorj Orwellga ishoralar orqali chuqurlashadigan “Detachment”ni tomosha qilar ekansiz, goh badiiy qiymati yuqori bir roman, goh esa falsafiy asar mutolaasiga sho‘ng‘igandek bo‘lasiz. Umuman olganda, film tomoshabinga kuchli hujjatli kino ichidagidek ruhiy holat bag‘ishlaydi. Ranglar, atmosfera va kamera harakatlari qisqa fursatdayoq film bo‘ylab yoyilgan ma’yus kayfiyatni tomoshabinga ham yuqtiradi.
Mashhur aktyorlar ishtirokidagi mustaqil kino mahsuli bo‘lgan “Detachment” depressiv va umidsiz ruhda yaratilgan. Sevgi yechim bo‘lishi mumkinligiga ishora qiluvchi ayrim sahnalar mavjud bo‘lsa-da, chizilgan zulmatli manzaradan chiqish yo‘li deyarli ko‘rsatib berilmaydi. Shu bilan birga, film bezovta qiladigan darajada keskin va realistik. Rejissor tomoshabinni ataylab bezovta qilishni maqsad qilgandek tuyuladi. Kinoda ayrim uzilishlar sezilsa-da, asarning asosiy g‘oyaviy yukiga shunchalik berilib ketasizki, bunga uncha e’tibor qaratmaysiz. Film tugagach, xuddi “Requiem for a Dream”ni tomosha qilgandan keyin kechiriladigan ruhiy holatni his qilasiz.
“Hayotimda hech qachon bir vaqtning o‘zida bu qadar o‘zimdan uzoqlashib, shu qadar o‘zimga yaqin bo‘lmaganman”, degan jumla bilan boshlanadigan film nafaqat bosh qahramonning parchalangan psixologiyasini aks ettiradi, balki tomoshabinni oldinda kutayotgan ruhiy sinovlarga ham ishora qiladi.
Asarning markazida Henry Barthes obrazi turadi. U — travmatik o‘tmishdan kelib chiqqan depressiv xarakterga ega, ehtiyoj yuqori bo‘lgan maktablarda vaqtinchalik dars beradigan o‘qituvchi. Ichki dunyosida chuqur melankoliyani olib yuradi. Shunga qaramay, u ijtimoiy mas’uliyatni chuqur his qiladigan insondir. Buni u “Hissiz bo‘lish oson. Biror narsani muhim deb bilish esa jasorat va axloq talab qiladi”, degan falsafiy qarashi bilan izohlaydi.
Film davomida Barthesning qari va kasal bobosiga g‘amxo‘rlik qilishi, avtobusda haqini talab qilgani uchun kaltaklangan, hali bolalikdan chiqib ulgurmagan ko‘cha qizining hayotini izga solishga urinishi yoki ruhiy tushkunlikdagi o‘quvchilariga yordam berishga harakat qilishi ko‘p bora namoyon etiladi. U o‘quvchilariga “O‘lgandek tasavvur qiling: do‘stlaringiz yoki oilangiz dafn marosimingizda siz haqingizda nima der edi?” kabi chuqur mulohazaga undovchi insho mavzularini beradi. Shu bilan birga, sumkasini devorga otib, o‘zini ham xuddi shunday qilish bilan po‘pisa qilgan o‘quvchiga: “U sumka bo‘sh — unda his-tuyg‘u yo‘q. Sen uni og‘rita olmaysan. Menda ham hislar yo‘q”, deya javob beradi. Bu holat Albert Kamyuning “Begona” asaridagi begonalashuv motivini yaqqol eslatadi.
Filmda tasvirlangan maktabdagi boshqa o‘qituvchilar ham baxtsiz va holdan toygan. Kimidir maktabni “jinnixona” deb atab, o‘zini qo‘lga olish uchun dorilar ichadi, kimidir natijalarni oshira olmagani sabab majburiy pensiyaga chiqarilgan, yana kimidir o‘zini butunlay ko‘rinmas deb his qiladi. Hatto dardlarga malham bo‘lishi kerak bo‘lgan maktab psixologi ham muvozanatini yo‘qotgan, beparvo o‘quvchilarga kelajakdagi fojiali oqibatlarni asabiy ohangda baqirib aytadigan darajaga yetgan.
“Barchamizning muammolarimiz bor. Barchamiz nimadir bilan kurashyapmiz. Va bu muammolarni kechqurun uyimizga olib ketib, ertalab ishga yana olib kelamiz”, mazmunidagi monologlar orqali ta’lim beruvchilarning naqadar holdan toyganlari ta’sirli tarzda ko‘rsatiladi. Shu jarayonda film maktablarning vazifasi bilim berishdan ko‘ra ko‘proq o‘quvchilarni tarbiyalash bilan cheklanib qolayotgani haqidagi yashirin, ammo o‘tkir fikrni ham ilgari suradi.
Mas’uliyatsiz va muammoli o‘quvchilar, har qanday holatda maktabni ayblovchi bepisand ota-onalar, doim natija talab qiladigan ta’lim byurokratiyasi hamda o‘qituvchilarning shaxsiy muammolari — bularning barchasi o‘qituvchilik kasbining qanchalik og‘ir va mas’uliyatli ekanini ochib beradi. Film o‘qituvchilikni yengil qarashlar bilan baholab bo‘lmaydigan, jismonan va ruhan nihoyatda talabchan kasb ekanini ko‘rsatadi.
Eng muammoli o‘quvchilarning ota-onalari ham ayanchli darajada mas’uliyatsiz ekani fonida filmda aytilgan quyidagi fikr alohida e’tiborga loyiq: “Insonlarga ota-ona bo‘lishdan oldin ma’lum shartlar qo‘yilishi va bu borada ularni o‘qitish kerak”. Sezgir va yolg‘iz Meredith obrazining asta-sekin tubsizlik sari siljishi ushbu fikrning naqadar dolzarb ekanini ko‘rsatadi.
Barthes dars jarayonida Orwellning “1984” romaniga murojaat qilib, “noto‘g‘ri ekanini bilgan holda yolg‘onlarga ataylab ishonish” holatini kundalik hayot misollarida ochib beradi. Bu sahna butun tizimning chiriganligini fosh etuvchi kuchli ramzga aylanadi.
Adrian Brody va Sami Gayle a’lo darajada rol ijro etgan ushbu filmda ikkinchi darajali qahramonlar ham puxta tanlangan. James Caan, Marcia Gay Harden, Lucy Liu, Christina Hendricks hamda Bryan Cranston singari aktyorlar filmning badiiy qiymatini yanada oshiradi. Ray LaMontagne’ning “Empty” qo‘shig‘i esa film o‘rtalarida yangrab, umumiy g‘amgin ruh bilan mukammal uyg‘unlashadi.
Mazmuni, aktyorlik ijrosi, falsafiy qatlamlari va musiqasi bilan “Detachment” tomoshabinning xotirasida uzoq saqlanib qoladigan asardir. Ayniqsa, o‘qituvchilar ushbu filmni tomosha qilar ekan, undagi og‘riqli haqiqatlarni yanada teranroq his etishi, o‘z kasbiga boshqacha nigoh bilan qarashi va chuqur xulosalar chiqarishi tabiiy.
Shu kecha va kunduzda
Bu kinoni har bir o‘qituvchi ko‘rishi kerak!
MUHAMMAD SHAYBONIYXON KIM EDI?
MA’ORIF SHO‘ROSI DIQQATIG‘A
XX ASRNING BUYUK PEDAGOGI
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank