Huquq tizimini mustahkamlash yo‘lida

Ehtirom Huquq tizimini mustahkamlash yo‘lida
35



Akademik Xadicha Sulaymonova – XX asr murakkab ijtimoiy-siyosiy jarayonlar davrida o‘zbek huquq maydonida o‘chmas iz qoldirgan shaxs. Andijonda tug‘ilgan qahramonimiz bolaligidan izlanuvchan va tirishqoq bo‘lib ulg‘aydi. Otasining bevaqt vafotidan so‘ng, onasi Otincha aya farzandlarini ham ota, ham ona sifatida voyaga yetkazdi. Xadicha opaga erkaklarnikidan qolishmaydigan jasorat onasidan o‘tgan bo‘lsa ajab emas.


Qahramonimizning huquqshunoslik kasbiga mehr qo‘yishiga o‘sha davrda yuz bergan ayollarning paranji yopinishiga qarshi “Hujum” harakati va uning natijasida o‘zbek oilalarida yuzaga kelgan og‘ir judoliklar sabab bo‘ldi. Xususan, akasi tomonidan pichoqlab o‘ldirilgan yosh san’atkor Nurxon Yo‘ldoshxo‘jayevaning ochiq sud ishida qatnashadi va qoralovchi bo‘lib ishtirok etgan Tojixon Shodiyevaning aytgan gaplaridan ta’sirlanib, ko‘nglida huquqshunos bo‘lish istagi paydo bo‘ladi. Maktabni tugallagach, Toshkentdagi Jahon Obidova nomidagi Sovet qurilishi va huquq institutining dastlabki qaldirg‘ochi sifatida o‘qishni ikkinchi kursdan davom ettiradi. 1935-yili O‘zbekiston Markaziy Ijroiya Komitetining raisi Yo‘ldosh Oxunboboyevning shaxsan o‘zidan huquqshunoslik diplomini qabul qiladi.


Xadicha Sulaymonova ilk faoliyatini xalq sudyasi sifatida boshlagan bo‘lsa-da, keyinchalik Toshkent davlat yuridik instituti rektori, O‘rta Osiyo davlat yuridik fakulteti dekani, Oʻzbekiston SSR Adliya vaziri, Oʻzbekiston SSR Vazirlar Soveti huzuridagi yuridik komissiya raisi, Oʻzbekiston SSR Oliy Kengashi deputati va Oʻzbekiston SSR Oliy sudi raisi lavozimlarida ishladi. Adliya vaziri lavozimida faoliyat yuritayotgan davrida O‘zbekiston SSRning ilk mehnat kodeksi, jinoyat va jinoyat-protsessual kodekslarining loyihalarini tayyorlash ishiga boshchilik qiladi va O‘zbekiston SSRda ushbu kodekslarning tasdiqlanishiga erishadi. Ushbu ish butun o‘zbek xalqi huquqshunoslari uchun muhim qadam bo‘ldi.


Xadicha Sulaymonova yaratgan qonunlar, ilgari surgan g‘oyalar va O‘zbekiston huquq tizimini mustahkamlash yo‘lidagi xizmatlari hozirgacha o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.


Nozimaxon DILMURODOVA,

TDYU talabasi


Maqola muallifi

Muxbirimiz

Muxbirimiz

Jurnalist

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish