Kaliforniya Universiteti Tramp bosimiga qaramay rekord darajada talabalar qabul qildi

Jarayon Kaliforniya Universiteti Tramp bosimiga qaramay rekord darajada talabalar qabul qildi
70

Kaliforniya Universiteti (University of California) o‘tgan semestrda 301 mingdan ortiq talabani ro‘yxatdan o‘tkazganini ma’lum qildi. Bu universitet tizimi tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, Tramp ma’muriyati tomonidan olib borilgan kuchli siyosiy va moliyaviy bosimlarga qaramay qayd etildi.


Universitet ma’lumotiga ko‘ra, talabalar sonidagi o‘sish asosan bakalavr bosqichidagi talabalar hisobiga to‘g‘ri keladi. 2024-yil kuzida bu ko‘rsatkich taxminan 299 ming nafar edi. Mazkur raqamlar Kaliforniya gubernatori Gavin Nyusomning byudjet taklifi e’lon qilinishi arafasida taqdim etildi. Universitet rahbariyati talabalar sonining ko‘payishi shtat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni oshirishiga umid qilmoqda.


Kaliforniya Universiteti shtatdagi eng yirik ish beruvchilardan biri hisoblanadi. Rahbariyatning ta’kidlashicha, agar federal hukumat Vashingtondan keladigan moliyalashtirishni qisqartirsa, universitet har yili shtat byudjetidan milliardlab dollar qo‘shimcha mablag‘ga muhtoj bo‘lishi mumkin.


Bu yil boshqa davlat universitetlarida ham talabalar soni oshgani kuzatildi. Masalan, Kaliforniya Davlat Universiteti (California State University) tizimida talabalar soni 470 mingdan oshib, o‘tgan yilga nisbatan 2 foizga ko‘paygan.


Kaliforniya Universiteti prezidenti Jeyms B.Milliken shtat ichidagi talabalar sonining oshishini universitetning Kaliforniya uchun ahamiyatini tasdiqlovchi dalil sifatida baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, universitetga kiritilgan sarmoya — talabalar kelajagi, ishchi kuchi va shtat iqtisodiyotiga kiritilgan eng yaxshi sarmoyadir.


Shu bilan birga, ikki oy avval universitet regentlari kontrakt (o‘qish puli) oshirilishini ma’qullagan. Shunga qaramay, Sakramentodagi siyosiy doiralarda universitetni qo‘llab-quvvatlash kuchli bo‘lib qolmoqda.


Tramp ma’muriyati, ayniqsa Berkli va Los-Anjeles kampuslariga nisbatan keskin tanqidiy munosabatda bo‘lib kelgan. O‘tgan yili federal hukumat yuz millionlab dollarlik ilmiy tadqiqot mablag‘larini to‘xtatishga uringan. Avgust oyida esa Adliya vazirligi UCLA universitetini antisemitizmda ayblab, 1 milliard dollar jarima to‘lashni o‘z ichiga olgan kelishuv taklif qilgan.


Milliken bu miqdordagi jarima universitet tizimini bankrotlikka olib kelishini aytib, kelishuvga qarshi chiqqan. Noyabr oyida federal sudya Rita F. Lin hukumatga universitetdan to‘lov talab qilishni va fuqarolik huquqlari bo‘yicha tekshiruvlar orqali bosim o‘tkazishni vaqtincha taqiqladi.


Adliya vazirligi esa o‘tgan oy sudga taqdim etilgan hujjatda kelishuv muzokaralari davom etayotganini, ammo hozircha hech qanday yakuniy qaror qabul qilinmaganini bildirdi.

Muallif: Alan Blinder

Maqola muallifi

Shodiyona XUSHMURODOVA

Shodiyona XUSHMURODOVA

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim

Ulashish