MAGISTRATURA UCHUN SERTIFIKAT NEGA KERAK?
![MAGISTRATURA UCHUN SERTIFIKAT NEGA KERAK?](https://marifat.uz/storage/posts/1739269848photo_2025-02-11_15-369.jpg)
Kechagina o‘lib-tirilib o‘qishga kirgandik. Kimdir grant, kimdir esa shartnoma asosida. Kimdir viloyatdan kelgan, ijarada turadi. Talabalarning ko‘pi ham o‘qib, ham ishlaydi. 4 yil juda tez o‘tdi. Shu vaqt oralig‘ida Alisher Navoiy bobomiz ijodini chuqur o‘rganib, g‘azallarini tahlil qildik. O‘zbek tilimizning keng imkoniyatlari-yu, adabiyotimizning boy tarixi bilan tanishdik. O‘zbek tilini ham kompyuter tiliga aylantirish yo‘llarini o‘rgandik. Bilimlarimiz boyib, dunyoqarashimiz yanada kengaydi. Hademay magistraturaga o‘qishga topshiramiz.
“O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida, “2022-2023-o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarining magistratura mutaxassisliklariga hamda oliy ta’limdan keyingi ta’lim ixtisosliklariga tanlovlarda milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega shaxslar ishtirok etishi tartibi joriy etilsin. Bunda, filologiya yo‘nalishlari bo‘yicha kamida C1 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikat, nofilologik yo‘nalishlari bo‘yicha esa B2 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikat talab etilishi nazarda tutilsin”, deyilgan.
Demak, hozir bakalavr ta’limini tugatayotgan biz kabi talabalar o‘z sohasiga qiziqishi, ilmiy ish qilishga qobiliyati kuchli bo‘lishiga qaramay, sertifikati bo‘lmasa, hujjat ham topshirolmaydi.
“Xorijiy til bilish bo‘yicha sertifikati bo‘lmagan talabaning hatto hujjati ham magistraturaga qabul qilinmaydi. Bu xorijiy tajriba. Xorijiy tilni o‘rganish uchun esa bir yil yetarli”, dedi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov. Bundan tashqari, magistraturaga test imtihonlarini o‘tkazish ham to‘laligicha DTM vakolatiga topshirildi.
Avvalo, magistraturaga kirishdan maqsad nima? Shu savolga javob beraylik. Shu kungacha 4 yil o‘qib, o‘rganib, bilimlarini mustahkamlab, o‘z ustida ishlamoqchi bo‘lgan, ilmiy ish qilib, o‘qishini davom ettirmoqchi bo‘lgan iqtidorli talabalar magistraturaga topshirar edi Endi-chi, qarordan anglashimcha, mutaxassis bo‘ladimi yo nomutaxassis, bundan qat’i nazar, magistraturaga til bilsanggina topshirasan. Qarorlar tezda chiqib, joriy qilingani yaxshi, lekin uning natijasi, oqibati haqida ham qarorni qabul qilayotgan mutasaddilar biroz o‘ylasa maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Yaqinda bir tanishim IELTS sertifikatini oldi. Endi uning magistraturada o‘qishi muammo emas. Lekin u qanchalik mutaxassislik fanlarini o‘zlashtirgan? Qanchalik o‘z kasbini biladi? Iqtidorli, o‘z mutaxassisligini juda yaxshi ko‘rib o‘rgangan, bilimli, konferensiyalarda maqolalari bilan qatnashib yuradigan iste’dodli do‘stlarim chin ma’noda magistraturada o‘qishi tarafdoriman.
“Xorijiy tilni o‘rganish uchun bir yil yetarli” ekani qanchalik haqiqatga mos? To‘g‘ri, biz 11 yil maktabda o‘qib, 4 yil yana universitetda xorijiy tilni allaqachon suv qilib ichgan bo‘lishimiz kerak, demak, sertifikat olishga ham layoqatli bo‘lishimiz kerak, ammo... Maktabda darslar vaqtida o‘tilganmi? Maktab o‘qituvchilarining bilimi qanday edi? Qarorni chiqarishdan oldin, uni jamiyat qanday qabul qiladi, jamiyat bunga tayyormi, degan savollar berilishi kerak. O‘zbek filologiyasida o‘qiydigan talabalar bu qarorni qanday qabul qilarkan?
Tosh DO‘TAU 4-kurs talabasi Malika Ergasheva quyidagi takliflarini bildirdi:
– Bu qarorda birinchi notanish jihat, filologiya yo‘nalishlari bo‘yicha kamida C1 darajadagi xalqaro sertifikat, nofilologik yo‘nalishlari bo‘yicha esa B2 darajadagi xalqaro sertifikat talab etilishi. Nima uchun o‘zbek filologiyasi qarorda alohida ko‘rsatilmagan? Axir, o‘zbek filologiyasi ham filologiya yo‘nalishiga kiradi-ku. Biz 4 yil davomida o‘zbek tili va adabiyotini chuqurlashtirib o‘rganganmiz. Xorijiy tilni esa 3 yil davomida haftada 1 yo 2 para o‘tganmiz. Qaror xuddi xorijiy tilda o‘qiydiganlar uchun joriy qilingandek. Sababi, ular 4 yil davomida xorijiy tilni o‘rganadi. Qarorda faqat xorijiy til talab etilgan. Qarorning shu joyiga qandaydir tuzatish kiritish kerak.
Keyingi taklifim, odamlar ko‘nikib olguncha 3-4 yil qaror tatbiqini gibrid(til bilish sertifikatini ham, xorijiy tildan imtihon topshirishni ham bir paytda qo‘llash) qilish. Sababi, nomutaxassis talabalar qisqa fursat ichida bilmaydigan tilini qanday o‘rganadi, u mutaxassisligini chuqur o‘zlashtirsinmi yo chet tilini o‘rgansinmi, ular uchun ham qarorda yengillik ko‘rsatilishi kerak.
Masalan, farmatsevtika sohasida o‘qiydigan bitiruvchi talabalarni olsak, ularning ko‘pi oilali, ko‘pining shaxsiy dorixonasi bor, til bilishga ehtiyoji u qadar yo‘q. Sertifikatni eshitgan talabalar esa magistraturaga kirishdan umidini uzgan, chunki bunga vaqti ham yo‘q. Baribir qaror hozircha gibrid holatda qo‘llansa, hamma uchun birdek yaxshi bo‘lardi. Mutasaddilardan qarorni qayta ko‘rib chiqishlarini so‘ragan bo‘lardim.
Talaba Sevinch Avazova esa bu qaror haqida ijobiy fikr bildirdi:
– Menimcha, bir tomondan qat’iy talab bo‘lgani yaxshi bo‘ldi. O‘zim IELTSga tayyorgarlikni endi boshlayotgan bo‘lsam-da, hali natijam qanday bo‘lishini bilmasam ham bu qarorga nisbatan fikrim ijobiy. Agar qarorda magistraturaga kirish uchun IELTS kerak deyilmaganda, balki tayyorgarlikni kelasi yilga qoldirgan bo‘lardim. Ikkinchidan, til bilishim kelajakdagi faoliyatimdayam katta ahamiyatga ega. Chunki men tarjimonlik faoliyati bilan hug‘ullanmoqchiman.
Bu qaror bu yil yo keyingi yillar ham joriy qilinishini yoqlamagan bo‘lardim. Sababi, jamiyatimiz hali bunga tayyor emas. Bosqichma-bosqich tatbiq etish kerak. Maktab ta’limidagi kamchiliklarni bartaraf qilib, maktab yoshidan bolalarning xorijiy tilni o‘rganishga qiziqishini oshirib, o‘qish davomida yana bunga alohida e’tibor bersak, ana undan keyin magistratura uchun sertifikat joriy qilinsa.
Abituriyentligimda ingliz tilini yaxshi o‘rganganman. Hozir ham sertifikat olishga qurbim yetadi. Ammo men bilan o‘qigan kursdoshlarimning ko‘pi ingliz tilidan yaxshi ball ololmagan, viloyatlardagi maktablarda o‘qigani uchun ham xorijiy tilni o‘rganishga sharoiti bo‘lmagan. Kursdoshlarimning aksariyati haqiqiy o‘zbek filologiyasi mutaxassisi. Ular magistraturada o‘qib, ilmiy ish qilib olima bo‘lmoqchi. Qarorlar esa hammani shoshiltirib qo‘ydi. Vaqt esa oz. Magistraturaga kirgach, xotin-qizlarga bir dunyo yengilliklar berilmoqchi bo‘lgan bir paytda IELTS sertifikatini olish oson ekanmi? Ijarada turadigan, ham o‘qib, ham ishlab, kunini zo‘rg‘a o‘tkazayotgan talabalar ingliz tili kursiga oyiga kamiga 400 ming so‘m berib tayyorlanishi, undan tashqari bu sertifikat uchun 1,5 million so‘m to‘lab imtihon topshirishi vaziyatni battar og‘rlashtiradi-ku!
Yoki sertifikati bor talabalar grant asosida, setifikati bo‘lmagan talabalalar shartnoma asosida qabilida tanlov qilish kerak.
Dilafro‘z ABDURAJABOVA
1.06.2022
Shu kecha va kunduzda
Ta’lim sifati o‘qituvchi sifatidan yuqori emas
“Stressiz ta’lim” loyihasi: asabni asrang
Ustozlar davrasida
Xurshid Do‘stmuhammad: “Dunyoda hali bunday kitob chiqqani yo‘q!”
OB-HAVO
![wather](/img/wather.png)
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank