Mehr bilan yengilgan dardlar

Salomatlik Mehr bilan yengilgan dardlar
40



Ramazon  ̶  saxovat, bag‘rikenglik va insonparvarlik oyidir. Ana shu ulug‘ fazilatlar mujassam bo‘lgan ezgu tashabbuslardan biri 2026-yil 27-fevral kuni Toshkent shahrida amalga oshirildi.

O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Toshkent shahar bo‘linmasi kengashi tashabbusi va ko‘magida Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining bolalar bo‘limida xayriya tadbiri tashkil etildi.




Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi “Muborak Ramazon oyida ehtiyojmand aholini davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–67-son qarori ijrosi doirasida o‘tkazildi.




Shifoxona devorlari orasida bolalik biroz boshqacha kechadi. Bu yerda bolalarning qo‘lida o‘yinchoqlar emas, muolaja varaqalari, yuragida esa sog‘ayishga bo‘lgan katta umid bor. Aynan shunday pallada ko‘rsatilgan e’tibor va mehr ularga kuch va ishonch bag‘ishlaydi.

“Bolalar kulgusi uchun birlashib, mehrimiz bilan dardni yengamiz!” shiori ostida o‘tgan xayriya tadbirida og‘ir xastalik bilan kurashayotgan bolajonlarga kundalik ehtiyoj uchun zarur buyumlar, tibbiy anjomlar hamda quvonch ulashuvchi sovg‘alar topshirildi. Tadbir davomida bolalarga nafaqat moddiy, balki ma’naviy ko‘mak ham ko‘rsatilib, ularning ruhiy holatini ko‘tarishga alohida e’tibor qaratildi.




Xayriya tadbirida Toshkent shahar kengashi tasarrufidagi oliy ta’lim muassasalari kasaba uyushma qo‘mitalari, tuman bo‘linmalari kengashlari hamda boshlang‘ich tashkilotlar faol ishtirok etib, ezgu tashabbusga munosib hissa qo‘shdilar. Umumiy hisobda 50 nafarga yaqin kasaba uyushmasi faollari tadbirda qatnashdi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida o‘tgan tadbir Ramazon oyining asl mohiyati  ̶ mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik g‘oyalarini yana bir bor yaqqol namoyon etdi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Toshkent shahar bo‘linmasi tomonidan bemor va ehtiyojmand bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning sog‘lom va baxtli kelajagi yo‘lida amalga oshirilayotgan bunday ezgu ishlar bundan buyon ham izchil davom ettiriladi.

Barno SABIROVA,

O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Toshkent shahar bo‘linmasi kengashining ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi


Maqola muallifi

Muxbirimiz

Muxbirimiz

Jurnalist

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta
  • #Salomatlik

Ulashish