“Milliy Challenge” — faqat milliy libos bilanmi?

Ijtimoiy tarmoqlar, maktablar, oliygohlarda “Milliy Challenge” qilish odatga aylanmoqda. Kimdir atlas, kimdir adras kiyib suratga tushadi. Har juma kuni milliy libos kiyish majburiyati shunchalik kuchayganki, go‘yoki kim libos kiymasa, uning qalbi ham milliy emasdek.
Ammo savol tug‘iladi: bu chinakam milliylikmi? Bugun ba’zi o‘quv yurtlarida, hatto bolalar bog‘chalarida ham juma kuni milliy libos kiyish “qonun”ga aylangan. “Nega bunday qilish kerak?” deb so‘ralsa, javob tayyor: “Qadriyatni asraymiz.” Ammo qadriyatni faqat kiyim bilan asrash mumkinmi?
O‘quvchi — bilim olish uchun maktabga boradi. Uning asosiy quroli — kitob, daftar va ongidir. Ammo bugun u darsga emas, “libos tekshiruvi”ga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ayniqsa, iqtisodiy qiyinchilikda yashayotgan oilalar bolalari uchun bu majburiyat og‘ir yuk bo‘lmoqda. Kiyim topilmasa, uyatdan darsga bormaslik holatlari ham yo‘q emas.
Milliylik bu — his, bu — ruh, bu — ichki madaniyat. Buni atlas ko‘ylak bilan ko‘rsatish mumkin, lekin majburlab emas. Qadriyat — yurakdan bo‘lsa go‘zal. Majburlangan milliylik — samimiy emas. U ko‘zbo‘yamachilik, rasmiyatchilik va hatto ikkiyuzlamachilikka aylanishi mumkin.
Yosh avlodni milliylik ruhida tarbiyalash — eng muhim vazifalardan. Ammo bu ruhiy yondashuv orqali, milliy musiqalar, ertaklar, tarixiy suhbatlar, vatanparvarlik darslari bilan bo‘lishi kerak. Kiyim — bu faqat shakl. Mazmun esa yurakda.
Demak, “Milliy Challenge”ni kengroq tushunish kerak:
Bu — milliylikni yurakdan his qilish,
bu — tarixini bilgan avlodni tarbiyalash,
bu — tilini sevgan, adabiyotini qadrlagan, xalq og‘zaki ijodini o‘rgangan farzandlar orqali amalga oshadi.
Juma kuni kiyilgan atlas — vaqtinchalik. Yurakda yashaydigan milliylik — abadiy.
Sevinch NORMO‘MINOVA,
O‘zDJTU talabasi
Shu kecha va kunduzda
Toifa sertifikati bor pedagoglar ham kasbiy sertifikat olishlari kerakmi?
“El-yurt umidi” jamg‘armasiga hujjat topshirgan nomzodlar qaysi hollarda test sinovlaridan ozod etiladi?
Bolalar soni eng kam bo‘lgan mamlakatlar ma’lum qilindi
Sun’iy intellekt yordamidan foydalanilmagan suratlar
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank