NAVOIY QO‘LLAGAN SO‘Z VA TASVIRLI IFODA XUSUSIDA
943.webp)
Navoiy memuar biografik asari “Xamsat ul-mutahayyirin”ni to‘lig‘icha fors-tojik adabiyotini olamga yoygan dohiy san’atkor Abdurahmon Jomiy sharafiga bag‘ishlab yozgan. Asarda Jomiy va Navoiyning yoki Hirot madaniy muhitida qizg‘in faoliyat olib borgan qalam ahlining ma’rifiy majlisi, adabiy gurungi, bir-ikki so‘z doirasida munozara qilishi xususida ham ibratga yo‘g‘rilgan xabarlar uchraydi.
Ushbu xabar asarning eng ta’sirli va qiziqarli lavhalaridan biri hisoblanadi. Lavhada Navoiyning zamondoshlari bilan bo‘lib o‘tgan majlis va unda xonanda kuylagan qo‘shiqlardan biriga e’tibor, so‘zga munosabat va Navoiy, mug‘anniy, mir majlis (ziyofat boshlig‘i), majlis ahli, Abdurahmon Jomiyga nomani olib borgan va mutafakkirning javobini olib kelgan ishonchli vakil hamda Abdurahmon Jomiyning hakam sifatida ishtiroki masalasi bayon qilingan. Qizig‘i shundaki, majlis ahli buyuk Navoiyning fikrini darhol ma’qullamaydi, balki o‘zlariga ma’qul bo‘lgan so‘z to‘g‘risida fikrlarini ham dadil ayta oladi. Ya’ni, Navoiyga “Sen dag‘i nevchun bu so‘zda as’hob bila muvofiq emassen?” deb, o‘z mulohazalarini bildirgani diqqatga sazovordir. Ulug‘ Navoiy ularning fikr-mulohazalarini hisobga olib hurmat ko‘rsatgani va samimiyat bilan xalq orasida keng tarqalgan garov bog‘lash sharti odatiga amal qilib garov bog‘lagani aytilgani qiziqarli. Mazkur holat bizga Navoiy va Jomiy boshqargan Hirot madaniy muhitida sog‘lom ijodiy muhit mavjudligidan xabar beradi. Bu voqea tasviri qalam ahli uchun nafaqat maroqli, balki ibratga molikdir. Fikrimiz isboti uchun Sulton Husayn Boyqaroning “Risola” kitobida Hirot madaniy muhitida minglab shoir, adib va olimlarning faoliyat ko‘rsatishi xususida yozgan ma’lumotini eslaylik. Demak, yuqorida biz ta’kidlagan madaniy, ma’rifiy, adabiy jarayonlarning qizg‘in rivojida mana shunday sog‘lom muhit katta ahamiyatga ega bo‘lgan va ushbu muhitda ko‘plab durdona asarlar yaratilgani badiiy so‘z tarixidan ham ma’lum va mashhurdir.
Ta’sirlisi shundaki, Navoiy hayotiy hikoya xulosasini juda qisqa, ammo o‘ziga xos tantanavor ruhda yakunlagan. O‘qiymiz: “Tonglasi bu so‘z shuhrat tutti. El yod tutub majolisda naql qilurlar erdi”.
Biz o‘quvchilar mazkur voqeani to‘liq tushunishi, anglashi uchun hayotiy hikoyani aynan keltiramiz. Chunonchi:
“Majlis ahli mutaayyin xush tab’ el erdilar va miri majlis (majlis raisi) ham xushtab’ va podshohnishon. Mug‘anniy(kuychi, ashulachi, sozanda)g‘a ba’zi e’tiroz yuzidin va ba’zi tanbeh yuzidin dedilarkim: “Sirishki man hama durr shud” o‘quma, “durr shud” o‘rnig‘a “xun shud” o‘quki, “durr shud”ning ma’nosi yo‘qtur. Miri majlis dag‘i ahli majlisg‘a muttafiq bo‘ldi. Bu faqir hech nima demadim. Majlis huzzori faqirg‘a dag‘i mashg‘ulluq bunyod qildilarkim: “Sen dag‘i nevchun bu so‘zda as’hob bila muvofiq emassen?” deb, faqir dedim: “Men ul jonibmenkim qoil ado qildi, ya’ni: Misoli qatrayi boron sirishki man hama durr shud rostdur, balki mundoq kerak”. Barcha hujum qilib, faqirg‘a g‘ulu qildilar. Faqir ayttimkim: “Chun siz barcha bir jonib bo‘ldungiz, men yalg‘uz. Sizga o‘z muddaomni sobit qila olmon, ammo bir kishini hakamliqg‘a musallam tutsangiz, garav bog‘larmen”. Barcha ittifoq qilib ayttilarkim, Hazrati Maxdum olam afozilining hakami, balki hokimidur, alarni musallam tutmas kishi yo‘qtur. Chun so‘z mung‘a qaror topti. Faqir alar bila garav bog‘lab, majlisning kayfiyatin va ul bahsning sababin va ul baytda “xun” lafzi munosibroq yo “durr” lafzi muvofiqroqdur deb, maqsudning isnodin hamul zamon bitib, ul Hazrat xizmatlarig‘a yiborildi. Bir yaxshi zamondin so‘ngra borg‘on kishi javob kelturdi va ul Hazrat bu misrani bitib erdilarkim:
“Suxan durr” astu taalluq ba go‘shi shah dorad
Mazmuni: So‘z dur (inju), shoh qulog‘iga taalluqi bor.
Ul jamoat mulzam bo‘lub, faqirg‘a alarning tarbiyat va madadlari bu nav’ yetti. Ma’lum emaski, hargiz kishi bu nav’ muxtasar javob hech savolda aytmish bo‘lg‘ay. Tonglasi bu so‘z shuhrat tutti. El yod tutub majolisda naql qilurlar erdi”.
Hikoya Navoiy tilidan bayon qilingan va muallif o‘z nutqini “faqir ayttim” deb tushuntirgan. Dialogik nutqqa xos tasvir quyidagicha: “Majlis huzzori faqirg‘a dag‘i mashg‘ulluq bunyod qildilarkim: “Sen dag‘i nevchun bu so‘zda as’hob bila muvofiq emassen?” deb, faqir dedim: “Men ul jonibmenkim qoil ado qildi...” Yoki hikoyada yozma nutqqa xos lavha ikkita bo‘lib, birinchisi, Jomiyga yuborilgan maktub: “...majlisning kayfiyatin va ul bahsning sababin va ul baytda “xun” lafzi munosibroq yo “durr” lafzi muvofiqroqdur deb, maqsudning isnodin hamul zamon bitib ul Hazrat xizmatlarig‘a yuborildi”. Ikkinchisi esa Jomiydan kelgan javob maktub: “Bir yaxshi zamondin so‘ngra borg‘on kishi javob kelturdi va ul Hazrat bu misrani bitib erdilarkim: “Suxan durr” astu taalluq ba go‘shi shah dorad”.
Ko‘rinadiki, Jomiyni hakamlikka majlis ahli tanlaydi. Muallifning garovda g‘olib bo‘lishi, nashidasi hamda Jomiyning qisqa va mantiqli javobiga oshgan hayrati, e’tirofi shunday tasvirlangan: “Ul jamoat mulzam bo‘lub, faqirg‘a alarning tarbiyat va madadlari bu nav’ yetti. Ma’lum emaski, hargiz kishi bu nav’ muxtasar javob hech savolda aytmish bo‘lg‘ay”. Tasvir ijodkorlarning qizg‘in muloqotiga, bir-birining so‘z va fikriga befarq emasligi, badiiy asar, she’r yo qo‘shiq matnida har bir ishlatilgan so‘z qalam ahlining maqsadiga, so‘z muddaosiga xizmat qilishini o‘rgatadi. Muloqotlarni jonli, ta’sirli, hayotiy tasvirlash uchun Navoiy poetik nutqning o‘zaro dialogik nutq turidan unumli foydalangan. Uni ma’lum ma’noda besh qismga bo‘lib o‘rganishimiz maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu lavhada Navoiy ustozi Abdurahmon Jomiyning daqiq munaqqid ekanligiga va munozarali vaziyatlarda odillik, rostlik bilan hakamlik qilish iqtidoriga ham ishora qilgan.
Demak, mazkur lavhada Mir majlis, mug‘anniy, majlisda qatnashuvchilar, Navoiy, vakil, Abdurahmon Jomiy kabi qahramonlar tilga olingan, ammo asar xususiyatidan kelib chiqib fikrlasak, asosiy diqqat Abdurahmon Jomiyning buyuk shaxsini ko‘rsatishga qaratilgan. O‘zbekiston Qahramoni S.G‘aniyeva aytganidek, Alisher Navoiy bu asarni xotira fonida yozgan. Demak, muallif mazkur hayotiy lavhani qimmatli kitobiga yozib qoldirishni ma’qul ko‘rar ekan, so‘z bilan bog‘liq bunday qizg‘in jarayonlar ham Navoiy, ham Jomiy hayotida ko‘plab bo‘lganiga ham ishora qilgandekki, Navoiy shulardan birinigina kitobga kiritgan.
O‘ylab qarasak, Navoiy “Xamsa”da so‘zga bag‘ishlab alohida bob, fasllar yozgan va “Hayrat ul-abror”ning “So‘z ta’rifidakim...” degan 14-bobida so‘zni jahon bog‘iga mengzar ekan, uni dur, durdona deb sifatlaydi va shunday baytni o‘qiymiz:
Donayi durr so‘zini afsona bil,
So‘zni jahon bog‘ida durdona bil.
Demak, Navoiy durr so‘zini yurakdan chiqarib qo‘llagani va ma’no qatlamlarini yaxshi tushungani uchun majlisda xonanda kuylagan qo‘shiq matnida kelgan durr so‘zini hech ikkilanmay yoqlagan. Yoki dostonning “Ko‘ngul ta’rifidakim...” nomli 17-bob xotimasida Navoiy soqiyga murojaat qilib yozar ekan, so‘z chamani tasviriy ifodasini qo‘llagan:
To topibon xush takallum tuzay,
So‘z chamani ichra navo ko‘rguzay.
Xullas, yuqorida biz tahlil qilgan hayotiy lavha so‘zga bag‘ishlangan fasl, boblar bilan ham ma’lum ma’noda mushtaraklik kasb etadi. Jomiyning “Suxan durr” astu taalluq ba go‘shi shah dorad” degan javobi didaktik xususiyatga ega. Birinchidan, Ollohning Kun amrini, ikkinchidan, mumtoz muarrix Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” kitobida yozilgan “So‘zlar shohi – shohlar so‘zi” degan hikmatni yodga soladi. Uchinchidan, bu o‘rinda Navoiy talmeh san’atining yashirin usulidan unumli foydalanib, so‘z shohga taalluqli degan izohida shoh va shoir Sulton Husayn Boyqaro ijodiga ham ishora mavjudligini anglash qiyin emas.
Umuman olganda, asarning mazkur lavhasi bizga nafaqat Jomiy va Navoiyning, balki bir madaniy muhitda ijod qiluvchi shoir, adib, muarrix, san’at ahlining o‘zaro adabiy ta’sir va ichki madaniyatidan ham xabar beradi. Endi Navoiy maroq bilan qo‘llagan va asar matnida lingopoetik vazifa bajargan arzoniy so‘zi borasida to‘xtalsak. Arzoniy so‘zi lug‘atlarda bag‘ishlash, loyiq ko‘rish, sazovor bo‘lish, bilish kabi ma’nolarga ega so‘z ekani yozilgan. Alisher Navoiy lirik va nasriy asarlarida arzoniy so‘zini “ko‘nglimni ayla arzoniy”, “ofiyati arzoniy tut”, “salomate arzoniy tut”, “jonni arzoniy tut” shaklida, birinchidan, kamtarlik bilan o‘zi, ikkinchidan, ulug‘ zamondoshlariga, uchinchidan, olam ahliga, to‘rtinchidan, ustozlariga, xususan, Abdurahmon Jomiyga nisbatan mahorat bilan qo‘llagan. Navoiy arzoniy so‘zini asar matnida muallif sifatida o‘zi va oriflar tilidan bayon qilgan. Masalan, Alisher Navoiy “Majolis un-nafois”da ustozi Abdurahmon Jomiyga bag‘ishlangan fiqrani unga bag‘ishlangan duo va duoga yo‘g‘rilgan ruboiy bilan yakunlaydi va murojaat she’riy san’atidan unumli foydalanib, Ollohga murojaat qilib, o‘zining so‘zlarini, so‘z mulkini olam eliga baxshida qilgan Abdurahmon Jomiyni dunyo ahliga sazovor ayla, loyiq ko‘rgin, degan o‘zining tilaklarini “Olam eliga bu jonni tut arzoniy” deb shunday durdona satrlar bitgan:
Yo Rab, bu maoniy durrining ummoni,
Bu donish-u fazl gavharining koni!
Kim, aylading oni olam ahli joni,
Olam elig‘a bu jonni tut arzoniy.
Mazkur ruboiyga ko‘p navoiyshunoslar murojaat qilishgan, ammo ruboiy matnida kelgan arzoniy so‘zi maqola muallifi tomonidan ilk marta tahlilga tortildi. “Mahbub ul-qulub”ning 46-tanbehida ulug‘ shoir ushbu so‘zni lutf va kamtarlik bilan o‘ziga nisbatan mohirona tarzda, ya’ni “tutma arzoniy” kabi bo‘lishsiz fe’l shaklida yozgan, ammo so‘zda bo‘lishlilik ma’no va mazmuni ifodalangan:
Meni bedilg‘a, yo Rab, bu ko‘ngulni tutma arzoni,
Oni mendin ayirma, dag‘i mensiz tutmag‘il oni.
O‘rganishimizga ko‘ra, Navoiy o‘z davrida malik ul-kalom deb e’zozlagan ustozi mavlono Lutfiy arzoniy so‘zini o‘z devonida bir marta, ya’ni Shohrux mirzoning kasallikdan sog‘ayib ketishi va buning shukronasi uchun malika Gavharshodbegimning qilgan ehsoni munosabatiga bag‘ishlab yozgan qasida matnida qo‘llagan. Va o‘zining bu taxt va toj sizga baxshida bo‘lsin, bebadal zotingiz elga kerak, umringiz ziyoda bo‘lsin kabi istaklarini ifodalagan hamda osoni-arzoni, arzoni-imkoni kabi go‘zal qofiyalar ham yaratgan:
Xaloyiq bildilar endi bu Sultoni jahon qadrin,
Kishiga mushkul ish tushmay bilinmas qadri osoni.
Jahonda mehribon begim bila boqi bo‘lung, yo Rab,
Bu taxt-u toj bo‘lsun to qiyomat sizga arzoni.
Bani odamg‘a bo‘lguncha boqiy davlat imkoni.
Bobur “Boburnoma” memuarida arzoniy so‘zini bir marta ishlatganini ko‘ramiz. Navoiy “Hayrat ul-abror” dostoni muqaddimasida basmala yozgan, u aslida ma’lum ma’noda “Xamsa”ning barcha dostonlari muqaddimasiga taalluqlidirki, bir shohbaytni keltiramiz:
Yo‘l yomon-u yaxshisidin yema g‘am,
Bismilloh, degil-u qo‘yg‘il qadam.
Navoiy “Hayrat ul-abror” dostonining 13-bobini Abdurahmon Jomiyga bag‘ishlagan. Bobga “Safo jomining sofi oshomi mavlono Nuriddin Abdurahmon Jomiy madda zillahul-oliy vasfikim, vasfg‘a sig‘mas va ta’rifikim, ta’rifga rost kelmas va ul hazrat iltifotining quyoshi bu xoksori tiyra ro‘zgor holig‘a partav solg‘onning izhori va ul quyosh tarbiyatidin bu tufroqqa zohir qilg‘an guli nasrin, balki gunogun rayohin osori va “Tuhfat ul-ahror” tuhafi mutolaasidin nazm rishtasig‘a tortmoqning sababi”, deb nasrda sarlavha qo‘ygan.
Bob avvalida Navoiy bir, ikki oy o‘tib baxt va xirad rahnamoy bo‘lib Jomiy huzuriga boradi. Nuran Maxdum uning miyig‘ida kulib qo‘lida “Tuhfat ul-ahror” kitobini ushlab turgan qiyofasini tasvirlagan. Eski charx aylanib, ushbu kitob Jomiyning “Maxzan ul-asror” va “Matla’ ul-anvor”ga javoban yozgan falsafiy didaktik dostoni ekanini aytgan. Va o‘zida bu kitobni o‘qish ishtiyoqi paydo bo‘lganini gapirgan. Keyin Jomiy bu kitobini fors tilida yozganini, o‘zi esa “Hayrat ul-abror”ni o‘zbek(turkiy) tilda yozishini aytgan va ma’lum ma’noda “O‘zni biyiklar ipiga bog‘ladim” tarzidagi ijodiy rejasi bilan o‘rtoqlashgan. Kulib, qo‘lida o‘z kitobini ushlab turgan Jomiy portretining tasviri:
Kulgu bila qildi ishorat manga,
To‘hfa bila berdi bashorat manga,
Kim oliban boshtin ayog‘ig‘a boq,
Qil nazar avroqig‘a boshtin-ayoq.
Olig‘a jon naqdini sochtim ravon,
Oldim-u o‘ptum, dog‘i ochtim ravon.
Boshtin-ayoq gavhari shahvor edi,
Qaysi guhar, “Tuhfat ul-ahror” edi.
Navoiy holati:
Shavqida ko‘ksumni shigof ayladim,
Jildig‘a ko‘nglumni g‘ilof ayladim.
Chun o‘qumoq zamzamasi bo‘ldi bas,
Ko‘nglum aro dag‘dag‘a soldi havas.
Shoir niyati:
Forsi o‘ldi chu alarg‘a ado,
Turki ila qilsam ani ibtido.
Forsi el topti chu xursandliq,
Turk dog‘i topsa berumandliq.
Yozish rejasi, ya’ni “O‘zni biyiklar ipiga bog‘ladim”.
Menki talab yo‘lida qo‘ydum qadam,
Bordur umidimki, chu tutsam qalam,
Yo‘ldasa, bu yo‘lda Nizomiy yo‘lum,
Qo‘ldasa, Xusrav bila Jomiy qo‘lum.
Nukta surudida ravo bo‘lmag‘ay,
Buki Navoiyg‘a navo bo‘lmag‘ay.
Kahfi baqo ichra alar bo‘lsa gum,
Men ham o‘lay robiuhum kalbuhum.
Navoiy “Saddi Iskandariy”ning 5-bobida so‘zni “iqlim” so‘zi bilan birga qo‘llab, so‘z iqlimi tarzida tasvirli ifoda tuzgan va badiiy ijod, xamsanavislik, so‘zning qudrati kabi masala va muammolarga urg‘u bergan va o‘zining ham “Xamsa”si bilan so‘z iqlimida sharaf topishini gapirib o‘tgan:
Karam aylab iki qo‘lum qo‘ldangiz,
So‘z iqlimi sori meni yo‘ldangiz.
Aslida so‘z iqlimi tasviriy ifodasini Navoiy
birinchi marta “Hayrat ul-abror”ning Xusrav
Dehlaviy sharafiga bag‘ishlab bitilgan 12-bobida qo‘llagan va uni so‘z iqlimining shohi deydi:
Ganja shahi ganja fishon, payrav ul.
Shah bu so‘z iqlimi aro Xusrav ul.
Bobda Navoiy so‘z iqlimini so‘z mamlakati shaklida ham qo‘llagan, ya’ni so‘z iqlimi Xusrav Dehlaviy va so‘z mamlakati obrazli ifodasi Nizomiy Ganjaviyga nisbatan ishlatilgan. Navoiy “Xamsa”da buyuk salaflariga qilgan murojaatlarida qo‘l, qo‘lim, qo‘ldangiz, so‘z, so‘z so‘rab qilgan murojaatlari ko‘plab uchraydi. Mazkur duoga yo‘g‘rilgan baytda ham Alisher Navoiy, Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy kabi xamsanavislarga katta umid bog‘lagani aytilgan. Bunga misol qilib “Saddi Iskandariy”ning 6-bobini keltirishimiz mumkin. Bob aynan “So‘z ta’rifida...” deb nomlanadi. Unda Navoiy so‘z, so‘z qudrati, badiiy so‘z ifodasi, ta’siri bilan bog‘liq ilg‘or fikrlarini bayon qilgan.
Alisher Navoiy “Saddiy Iskandariy” dostonining yakunlovchi 89-bobi nafaqat beshinchi doston, balki ma’lum ma’noda muhtasham “Xamsa” yakunlanganidan ham xabar beradi. Navoiy “Xamsa” dostonlarida o‘zining nek niyati, so‘z muddaolari, oldiga qo‘ygan oliy maqsadi, uni yozishga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rishi, ilhomiy onlari, ma’lum muddat yoza olmay qolgan paytlaridagi tushkun kayfiyati, chekkan mashaqqatlari yoxud Ollohdan madad, najot so‘rab qilgan iltijolari yoki so‘z, qalam, qog‘oz, dovotiga qilgan murojaatlari, tavba va tazarrulari haqida juda ta’sirli, ibratomuz baytlar yozgan.
Ma’lumki, Navoiy har bir dostoni avvalida Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy kabi xamsanavis ustozlarini sharaflab alohida boblar bitgan. Ularda xamsachilik maktabi va asoschisi, an’ana hamda novatorlik masalalari, ijod jarayoni, uslub jilolari, tarixiy va adabiy dalillar xususida gapirgan.
Biz yuqorida tilga olgan mavzu va masalalar qisman “Saddi Iskandariy”ning 89-bobida ham bayon qilinganini esladik. Mazkur bob hajman katta bo‘lib, unda Navoiy baxti, iqboli qo‘llab, yuksak orzulari ushalib “Xamsa”ni yozib tugatgani xususida va besh doston nomi, mazmuni haqida to‘lqinlanib yozgan baytlari talaygina, ammo biz maqola hajmini hisobga olib, ba’zilarini tahlil va talqin etishga harakat qildik. Birinchidan, Navoiy bobning dastlabki tasvirida xamsachilik maktabi haqida so‘z ochadi va panja, qo‘l, ilik so‘zlarini obrazli ifoda tarzida qo‘llaydi va iftixor tuyg‘usi bilan Nizomiyni ilk xamsanavis sifatida tanishtiradi hamda uning “Panj ganj”ini obrazli ifoda shaklida “panjayi oftob” deya sharaflaydi:
Ne panja erur, “Xamsa”i ganjsanj
Ki, dono qo‘yubtur otin “Panj ganj”.
Qay-u “Xamsa”kim, maxzani durri nob,
Qay-u panjakim, panjayi oftob.
Ikkinchidan, “Saddi Iskandariy”ni yozishga qo‘l urgan Navoiy gohida buyuk zamondoshi Jomiyning “Biyik himmatidin madadkorliq” istab va duo so‘rab uning huzuriga tez-tez borib turganini aytgan. Tasvirda u qulf va kalitni mahorat ila obrazli ifoda bilan qo‘llab, Jomiy kabi buyuklar duosi qulfni ochuvchi kalit ekanini to‘lqinlanib yozgan:
Ki, har quflkim fathidur nopadid,
Anga bor eranlar duosi kalid.
Navoiy Jomiydan duo oladi va mamnuniyat bilan duo-ravo shaklida qofiya tuzganini ko‘rish mumkin:
Ishim butmagiga duo ayladi,
Bori hojatimni ravo ayladi.
Jomiy Navoiyning horg‘in ruhini ko‘tarib, unga keng fikr, yuksak ijodiy ong va tafakkur sohibi ekanin gapirib “Ki, so‘z tavri keldi sening shoninga”, “So‘z ichra senga pahlavonliq dog‘i”, “Umid ulki, bo‘lg‘ay muyassar sanga”, deya katta umid beradi. Uchinchidan, Navoiy uyi Unsiyaga qaytar ekan, “Saddi Iskandariy”ning xotimasini yozishga kirishadi hamda qog‘oz, qalam va dovotini tayyorlaydi, besh doston nomini sifatlab, navbatma-navbat tilga olgan va ma’lum ma’noda ijodiy laboratoriyadan xabardor qilgan:
Chu “Hayrat”qa soldim ko‘ngul rag‘batin,
Anga g‘olib ettim ulus hayratin.
Chu “Farhod”g‘a bo‘ldum andeshavar,
Tuz ettim base tog‘ – o‘lub teshavar.
Chu “Majnun” hadisig‘a tuzdum funun.
Base xalqni qildi shaydo junun.
Yana “Sab’a”g‘a tab’im o‘lg‘och qarin,
Eshittim yeti charxdin ofarin.
Skandarga til tortib ozar kibi,
Dedim oni “Saddi Skandar” kibi.
Tanosub bila aql nomovari
Dedi otini “Saddi Iskandariy”.
To‘rtinchidan, Navoiy yakunlangan “Xamsa” qoralamasini g‘ilofga solib, ya’ni “Savodin solib juzvdonim aro”, deya Jomiy huzuriga ravona bo‘ladi. Unga “Xamsa” xotimasi xususidagi xushxabarni aytadi va ko‘ngli to‘lib ustozini “...madadkor aning himmati”, “Ne ish tushsa, g‘avrumg‘a yetguchi ul” deya to‘lqinlanib olqishlaydi. Beshinchidan, ma’lum ma’noda Navoiy o‘zini rostlab olgach, “Uzun umrlar anda sarf ettilar” degan yuksak e’tirof bilan Nizomiy Ganjaviyni “Nizomiyki, nazm ahli ustodidur” yoki Xusrav Dehlaviyni esa “Ki, so‘z birla oldi Ajam to Arab” deb ulug‘laydi. Sharq mumtoz adabiyotining Sa’diy Sheroziy, Abulqosim Firdavsiy, Ahmad Unsuriy, Sanoiy, Xoqoniy, Anvariy kabi buyuk so‘z Ustalarini, hatto unga ruboiy yozib “So‘z mulkining Sohibqironi, qahramoni” deya sharaflagan munaqqidi Sulton Husayn Boyqaroni talmeh san’ati vositasida yodga olgan. Ularning boy ijodiy merosiga o‘zining qiziqishi balandligini eslatgan. Oltinchidan, Navoiy faxriya usulidan unumli foydalanib, endi gap va fikrni “Xamsa” muallifi sifatida o‘ziga qaratadi va o‘zining davlat, xalq, vatan xizmatidan ortib, ikki yillik muddatda “Xamsa”ni yozib tugatganini aytadi, biroq ijod qilgan daqiqa, damlarini jamlasa, olti oy vaqt sarflaganini faxr tuyg‘usi bilan tushuntirib bergan:
O‘zung tinmayin xalq g‘avg‘osidin,
Qulog‘ing xaloyiq alolosidin.
Bu mehnatlar ichra chekib so‘zga til,
Zamondin kamo besh o‘tub iki yil.
Deyilgan zamonin hisob aylasa.
Yig‘ishtursa bo‘lmas bori olti oy.
Yettinchidan, asarlari matnida ramziy ma’noda so‘zni doimo farzand deb qadrlagan Navoiy, mazkur bobda ham so‘zni, xususan, “Xamsa”ni misli farzand deya sharaflaydi:
Ki, so‘z zodayi tab’-u farzand erur,
Chu farzand erur, jong‘a payvand erur.
Sakkizinchidan, Jomiy uning xamsanavislar qatoridan joy olganini zavqi hol bilan goh duo, goh maqtov aytib e’zozlaganini “Qilib goh tahsin-u gohi duo” deb tasvirlaydi. O‘zining mamnuniyat, shukronaga yo‘g‘rilgan yaxshi kayfiyatini shunday bayon qiladi:
O‘zumdin hamul damki g‘oyib bo‘lub,
Manga jilvagar ko‘p g‘aroyib bo‘lub...
Ko‘rub o‘zni bir toza bo‘ston aro,
Qilib gasht bog‘-u guliston aro.
Manga “Xamsa” takmili bir yon edi,
Bu maqsud tahsili bir yon edi.
Ne til birla dey shukr Ma’buduma
Ki, yetkurdi oxir bu maqsuduma.
To‘qqizinchidan, muallif “Bu damkim, beribtur murodimni Haq”, deya boshqa dostonlari xotimasiga xos usulda ushbu doston xotimasini ham mug‘anniyga murojaat shaklida yakunlaydi va undan orom topishi uchun hazin kuy chalishini so‘raydi:
Mug‘anniy, so‘zum tingla oxir gahi,
Hazin nag‘maye soz qil xirgahi.
Bir ohang ila aylagil romishi
Ki, yetgay manga bir dam oromishi.
O‘ninchidan, “Xamsa”ni basmala bilan boshlagan Navoiy asar xotimasida o‘ziga murojaat qilib, Tangrining karami, marhamati, inoyati bilan oliy maqsadi ravo bo‘lganiga olam-olam shukronalar aytishini izhor qiladi:
Navoiy, qilib Tengri koming ravo,
Sanga ro‘zi etti ajoyib navo.
Uzot Tengri shukri navosig‘a til,
Navo ortuq istar esang, shukr qil!
Xulosa shuki, qalam ahli qatnashgan majlisda munozaraga sabab bo‘lgan dur, xun va Navoiy qo‘llagan arzoniy so‘zlari, birinchidan, badiiy so‘z qudrati va ta’siridan, ikkinchidan, Navoiy, Jomiy, Lutfiy, Boburning buyuk shaxsiyatidan, so‘zni topib qo‘llashdagi mahoratidan, uchinchidan, yaratgan tasviriy va obrazli ifodalardan, to‘rtinchidan, tarixiy, hayotiy voqealardan bizga xabar beradi. Beshinchidan esa “Saddi Iskandariy”ning mazkur bobi tasviri, talqini sabab, buyuk mutafakkir shoirning ijod olamiga oshno qiladi.
Burobiya RAJABOVA,
O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori
instituti yetakchi ilmiy xodimi,
filologiya fanlari nomzodi
Shu kecha va kunduzda
O‘zbekiston va Fransiya oliy ta’limi istiqbollari muhokama qilinmoqda
🚀“Kichik akademiya” – iqtidorlilar uyushmasi
FVV AKADEMIYASIDA “O‘ZBEKISTON-KITOBXONLAR YURTI” SHIORI OSTIDA “LIDERLAR KITOBI” TAQDIMOTI O‘TKAZILDI
“El-yurt umidi” stipendiyasi taʼsis etildi.
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank
Mavzuga doir

Yurtimizning noyob metallari salohiyatini kashf etmoqda

Hilola Umarova “Tashabbusli byudjet“ uchun pul yig‘ish holatlari haqida xabar berishga chaqirdi
889.jpg)
Qaysi o‘qituvchilar attestatsiyadan ozod qilinadi
