O‘qituvchi nega hamon obro‘li shaxsga aylana olmadi?

Dolzarb mavzu O‘qituvchi nega hamon obro‘li shaxsga aylana olmadi?
54


Joriy yilning 15-may kuni Prezident Sh.Mirziyoyev maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirishning ustuvor vazifalari mavzusida videoselektr yig‘ilishi o‘tkazdi. Prezidentning nutqi maktab ta’limining hech bir xodimini befarq qoldirmadi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Respublikamizda bugungi kunda ta’lim sifatini oshirish masalasi yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakka-yu yagona to‘g‘ri yo‘li ekanligi tan olindi. 


Najot ta’limda. Ulug‘ jadid bobolarimiz aytgan bu hikmat hamon ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q va yo‘qotmaydi ham.  Jadid bobolarimiz eskirgan o‘rta asr ta’lim tizimi o‘rniga ilg‘or Yevropa andazasi asosida yangi usul maktablari faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali yurtimizni  savodxon o‘lkaga aylantirish, yuqori malakali zamonaviy mutaxassislarni tayyorlash va ularning sa’y-harakati bilan Turkistonni dunyoning ilg‘or davlatlari qatoriga ko‘tarishni maqsad qilishgan edi. 


Afsuski, ularning maqsadi ro‘yobga chiqmadi. Sovet hokimiyati ularni qatag‘on qildi. Bugungi avlod Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida jadid bobolarimizning orzularini, maq­sadlarini ro‘yobga chiqarish va shu orqali О‘zbekistonni taraqqiy etgan davlatga, aholisi esa boshqalardan kam bo‘lmagan darajada munosib turmush kechirishi uchun barcha shart-sharoitni yaratishga harakat qilmoqda. Maq­sadning ro‘yobga chiqishi kaliti esa  zamonaviy ta’limdir. 


Zamonaviy ta’limning bosh harakatlantiruvchi kuchi esa ilg‘or, zamon bilan tengma-teng qadam tashlashi lozim bo‘lgan muallimdir. Shuning uchun О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2023-yil 20-aprelda “Ilmiy-metodik va tadqiqot ishlari sifatini oshirish orqali ta’lim tizimini kompleks rivojlantirishni jadallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Qaror bilan О‘zbekistonda “Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi” tashkil etildi. 


Uning asosiy vazifasi – ta’lim jarayoniga innovatsion pedagogik texnologiyalarni, o‘qitishning samarali shakl va usullarini, ta’lim sifatini baholash va monitoring qilishning zamonaviy tizimini joriy qilish; ta’lim tashkilotlarida o‘qitish metodikasini takomillashtirish, zamonaviy talablar va ilg‘or xorijiy tajriba asosida yangi darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni nashr qilish ekanligi belgilab qo‘yildi. Binobarin, ko‘zlangan maqsadning markazida o‘qitishning ilg‘or metodlari bilan qurollantirilgan o‘qituvchi shaxsi yotibdi. Bunday o‘qituvchilarsiz ta’limda islohotlarni amalga oshirib bo‘lmaydi. 


Mamlakatimizda muallimning mavqeini ko‘tarish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan bo‘lsa-da, u jamiyatda obro‘li kishiga aylanganicha yo‘q. Nega?  

Birinchidan, davlat o‘qituvchi obro‘si va maqomini ko‘tarish haqida hujjatlar qabul qildi, biroq ular hozircha hujjatligicha, muallimlar va maktab rahbarlari esa bezori o‘quvchilarning chalasavod ota-onalari oldida “qo‘l-oyog‘i bog‘langanicha” qolmoqda. 


Ikkinchidan, 30 yil davomida ta’limda o‘z yo‘limizni topa olmaganimizda, hali u davlatning, hali bu davlatning tajribasiga mahliyo bo‘ldig-u, ularni qo‘llashga kelganida izchillik yetishmadi. Nihoyat, Finlandiya, Singapur, XXR (Shanxay), Kanada, Estoniya kabi ta’lim sohasida ilg‘or davlatlarning tajribasini o‘rgana boshladik. Bu bejiz emas. Chunki bu davlatlarning  yuksak taraqqiyotini ta’minlagan asosiy omil ta’lim bo‘lganligiga ishonch hosil qildik. 


Bu davlatlar o‘quvchilarining xalqaro PISA va boshqa sinovlarda egallagan o‘rinlari doimo yuqori. Xususan, Singapur maktablari o‘quvchilari xalqaro PISA  sinovlarida  2022-yilda  dunyoda 1-o‘rinni (81 davlat orasida) egalladi.


Bu yutuqlar asosida mazkur davlatlar hukumatlarining  o‘qituvchi mehnatiga munosabati  yotibdi. Chunonchi, Finlandiyada maktab o‘qituvchisining ish haqi miqdori mamlakatda 5-o‘rinda turadi  va u o‘qituvchini kun bo‘yi maktabda ishlashga rag‘batlantiradi. Singapurda esa undan ham yuqori. Bizda-chi?..  Modomiki, biz ilg‘or davlatlar ta’lim tizimini andoza qilib olar ekanmiz,  o‘qituvchi ish haqi arzimas foizlarga oshirilganligi bilan maqtanishni to‘xtatib, o‘qituvchining hozirgi maoshi miqdorini yangi o‘quv yilidan 50 foizga oshirish lozim.  


О‘qituvchi o‘z kasbi orqali o‘rta tabaqaga aylanmas ekan, jamiyatning orzu-umidlari amalga oshishi juda qiyin kechadi.   


Uchinchidan, jamiyat a’zolarining aksariyati savodsiz. Jamiyat a’zolarining  savodsizligi deyilganda,  o‘qish va yozishni, 4 amalni bilmaslik darajasidagi savodsizlikni emas, umumiy dunyoqarash, bugungi davlat siyosati­ning mazmun-mohiyatini tushunish, pedagogik va psixo­logik bilimlardan xabardorlik darajasidagi savodsizlikni tushunmoq zarur. Savodsiz jamiyat hech qachon o‘qituvchi mehnati qadriga yetmaydi.


To‘rtinchidan, o‘qituvchi jamiyatda eng savodli qatlamga aylanmagan. Sababi, ijroiya hokimiyatining aybi bilan  o‘qituvchida eng savodli shaxs bo‘lish uchun intilish rag‘bati so‘ndirildi. Bir vaqtlar o‘qituvchi mahallada eng savodli  shaxs bo‘lgan. Bugun o‘qituvchi mahallada savodxonlik jihatidan boshqa ulardan bir pog‘ona ustun bo‘lmas ekan, uning obro‘si pastligicha qolaveradi. Hukumat siyosatidagi kemtiklik o‘qituvchi mehnatining rag‘batlantirilmaganida o‘z ifodasini topdi.   


Singapur sobiq bosh vaziri Li Kun Yu Singapurning Osiyo yo‘lbarsiga aylanishida o‘qituvchining hissasi haqida bunday degan edi: “Mamlakatni rivojlantirish uchun men hech qanday mo‘jiza yaratmadim. Men o‘qituvchining obro‘si va mavqeyini yuqori darajaga ko‘tardim. Uning oylik maoshini mamlakatda eng yuqori maosh darajasiga olib chiqdim, xolos. 


Natijada o‘qituvchilar mamlakatni rivojlantirdilar. Buning uchun ulardan minnatdorman”.


Beshinchidan, bizda  o‘qituvchining oylik ish haqi hamon ko‘chada pista, tamaki, xonim  sotuvchisining daromadidan ham kamligicha qolmoqda. Bu esa o‘qituv­chini qo‘shimcha daromad topish bilan shug‘ullanishga majbur etmoqda.


О‘qituvchiga  uzoq yillar davomida tekin ishchi kuchi deb qarab kelindi. О‘qituvchi ijroiya hokimiyatning o‘zboshimchaligi tufayli majburiy mehnatga tortilib kelindi(pilla boqish, paxta chopish, chekanka qilish, ko‘cha tozalash, erkak o‘qituvchilar esa bug‘doy doni ortilgan tirkamalarni g‘alla qabul qilish maskaniga kuzatib  borish va h.k.). Maktablar 15–20-sentabrdan boshlab paxta terimi munosabati bilan yopildi. Maktab binolariga hasharchilar joylashtirildi. Hasharchilar o‘qituvchilarning butun avgust oyida maktab xonalarini  ta’mirlash uchun sarflangan mehnati va mablag‘ini  oyoqosti qilishdi. Yopilmagan quyi sinflar bolalari va ularning  o‘qituvchilari ertalab maktabga kelganlarida hasharchilar tuni bilan maktab hovlisini chiqindiga to‘ldirib tashlaganiga guvoh bo‘lardilar va ular ustidan sakrab  o‘tib o‘quv binosiga  kirardilar. Bu hodisa aslida o‘qituvchini tahqirlash bilan barobar edi. 


Bu yog‘i esa undan-da haqoratli bo‘lgan. Ma’lumki, 2013-yildan boshlab o‘quvchilarni paxta terimiga jalb etish to‘xtatildi. Tabiiyki,   o‘qituvchilar ham paxtaga jalb etilmasligi kerak edi. Biroq ijroiya hokimiyati  o‘qituvchi mehnatidan voz kecha olmadi. Shuning uchun ham u antiqa usul o‘ylab topdi. Unga ko‘ra o‘qituvchi maktabda darsini o‘taveradi, lekin qanday bo‘lmasin, kuniga 50 kg- lik paxta terish normasini bajarishi shart edi.


Bechora o‘qituvchi buning ham ilojini topishga maj­bur bo‘ldi. Endi u o‘rniga paxta terish uchun mahalladan terimchi yolladi va unga kuniga 20 ming so‘mdan haq to‘ladi. Terimchi mahalladosh o‘qituvchi nomiga tergan paxtasi uchun fermer xo‘jaligi rahbari to‘laydigan haqni ham, o‘qituvchi kuniga beradigan 20 000 so‘mni ham oldi.  Bu holatlar  ota-onalar va o‘quvchilar ko‘z o‘ngida sodir etildi. Bunday vaziyatda o‘qituvchining jamiyatdagi nufuzi haqida gap bo‘lishi mumkinmi?


Hatto mustaqillik yillarida ham to‘xtamagan bu hodisa o‘qituvchilarning qalbida, yuragida ijroiya hokimiyatiga nisbatan ichki norozilik kayfiyatini shakllantirdi. Bu esa o‘z navbatida o‘qituvchida o‘z kasbiga nisbatan loqaydlik, befarqlikni qaror toptirdi.  Yillar davomida  o‘qituvchi davlatning qo‘liga qaram bo‘lib kelayotgan edi. Bugun bunga fermer xo‘jaligi rahbariga qaramlik ham qo‘shildi. Qanday qilib? 


О‘qituvchi ham inson, u ham uy-joy quradi, to‘y qiladi. Shuning uchun uyida 3-4 ta chorva moli saqlaydi. Lekin molini boqadigan yoki arqonlab qo‘yadigan yaylovlar ijroiya hokimiyat tomonidan  kimoshdi savdosiga qo‘yilib sotib yuborildi. Oqibatda, endi o‘qituvchi  molini arqonlash uchun fermerdan joy so‘rashga majbur. Fermer esa yaylov evaziga o‘qituvchi oldiga  1-2 gektar g‘o‘zaga ishlov berish shartini qo‘ydi. О‘qituvchi noiloj bunga rozi bo‘ldi. Aks holda hayoti o‘xshamay qoladi. Shu tariqa, bugungi kunda o‘qituvchi turmushining qanday kechishi  nafaqat davlatga,  ayni paytda fermer xo‘jaligi rahbariga ham bog‘liq holat vujudga keltirildi. Ayting-chi, jamiyatda aslida kimning nufuzi  ustun bo‘lishi kerak edi?


Qolaversa, maktablarda  o‘quvchi-o‘qituvchi munosa­bati tobora taranglashib bormoqda. Ha, bugun o‘qituv­chiga oson emas. Aslida bunday holat vujudga kelishi­ning ham  o‘z tarixi  bor. U shundan iboratki, bizda yurt oydinlarimiz ilm-fandan shu darajada uzoqlashgan ediki, oqibatda maktablarda erkak o‘qituvchilar sonining keskin kamayib ketishi qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini hatto tasavvur ham qila olmadilar. О‘ylab ko‘rganlarning o‘z vaqtida bildirgan ogohlantirishlariga esa quloq solmadilar. Oqibat nima bo‘ldi? Oqibatda   jamiyatda feminizatsiya yuz berdi. Buning sababi – maktablardagi ta’lim-tarbiya ishi asosan ayol o‘qituv­chilar qo‘liga o‘tib ketganligidir. Yurt oydinlarimiz esa yuksak minbarlardan turib pedagoglarimizning 70–80 foizini ayollar tashkil etadi, deb  ko‘krak kerib maqtanishdi. Feminizatsiya o‘ta og‘ir oqibatlarga olib kelayotganligini juda kech tushunishdi. Tushunishdi-yu,  lekin maktablarda erkak o‘qituvchilar sonini ko‘pay­tirish borasida hozircha biror jiddiy chora ko‘rganlari yo‘q.


Feminizatsiya – bu o‘g‘il bolalar xarakterining ayollashuvi  deganidir. Bu jarayon oqibatida maktabda ta’lim olgan o‘g‘il bolada ayol o‘qituvchilar ta’sirida ayollarga xos  xususiyatlar shakllandi. Bu esa  maydagap, buyum­parast, oilali bo‘lgach  oila mas’uliyatini bo‘yniga ololmaydigan,  dunyoqarashi  turmush o‘rtog‘iga “otang menga u narsani olib kelmadi, bu narsani olib kelmadi”, degan xotinchalish iddaolar bilan to‘lgan boqimanda avlod shakllandi. Agar bugungi holat davom etaveradigan bo‘lsa, maktablarda ishlayotgan pedagoglar nisbatida hali-beri erkak o‘qituvchilarning ulushi ortmaydi. Bir vaqtlar Shvetsiyada maktabda ishlayotgan ayol o‘qituv­chilarning ulushi 17 foizdan 19 foizga ko‘tarilganda, mamlakat parlamenti buni davlatning kelajagi uchun xavf  deb  bong urdi va o‘qituvchining oylik maoshini ko‘tarish orqali vaziyatni o‘ngladi.


Mashoyixlardan biri “Har qanday muvaffaqiyatli ta’lim islohotlari ota-onalarning ko‘magi bilan amalga oshiriladi, agar  farzandingiz olim bo‘lishini istasangiz, o‘zingiz hech yo‘qsa tolibi ilm bo‘ling”,  degan ekan. 


О‘zgalar tajribasini o‘rganish, ilg‘or jihatlarini  ijodiy  qabul qilish asosida nihoyat ta’limni rivojlan­tirishning Milliy dasturi ishlab chiqildi va u 2022-yilning 11-mayida Prezidentning “2022–2026-yillarda xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha Milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonida va “Xalq ta’limini rivojlan­tirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida o‘z ifodasini topdi.


Pedagogikada  ta’limning sifati o‘qituvchining sifatidan ustun bo‘la olmaydi degan oltin qoida bor. Bugun maktablarimiz saviyali, mohir o‘qituvchilarga muhtoj. Ularni tayyorlash esa avvalo  pedagogika OTMlarining vazifasidir.


Xo‘sh, saviyali o‘qituvchi kim o‘zi? О‘zbek tili­ning izohli lug‘atida saviya so‘ziga “shaxs, narsa yoki hodi­saning sifat, taraqqiyot darajasi”, deb izoh berilgan. Binobarin, saviyali o‘qituvchi bu  ilmiy va madaniy salohiyati  jamiyat talab etadigan darajada yuqori bo‘lishi lozim bo‘lgan shaxs. Yuqori saviyali pedagog kadrlar tayyorlashga mas’ul OTMlarda bu boradagi ishlar ko‘ngildagidekmi? Afsuski, yo‘q. Nizomiy nomidagi О‘zbekiston Milliy pedagogika universtiteti va Chirchiq davlat pedagogika universiteti misolida olsak, ular hozircha bu vazifaning uddasidan chiqa olganlari yo‘q. Buning asosiy sabablaridan biri – bu OTM talabalarining  pedagogik amaliyotini zamon talabida yo‘lga qo‘ya olmaganliklaridadir. Mazkur oliy o‘quv yurtlari rahbariyatida e’tiborsizlik, loqaydlik shu darajada kuchliki, buni talaba o‘zi o‘qigan maktabiga amaliyotga kelgan talabasi qo‘liga berilgan yo‘llanma varaqasi ham tasdiqlaydi. Varaqada oliy o‘quv yurti  rektori imzosi(agar haqiqatdan ham uniki bo‘lsa) va OTM muhri bo‘ladi xolos. Yo‘llanma varaqasida talabaning na ism-familiyasi, na fakulteti, na nechanchi kurs ekanligi yozilgan. Amaliyotga yuborilayotgan talabaning nima maqsadda yuborilayotganligi, OTM tomonidan mazkur talabaning amaliyot rahbari etib kim tayinlanganligi yozilmaganligi haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Bir oylik amaliyot davrida OО‘Yudan hech kim kelib talabasi amaliyotni qanday o‘tkazayotganligidan xabar  olmaydi. 


Biz ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni qancha serjilo raqamlar bilan tasvirlamaylik, maktablarimizning, ayniqsa qishloq maktablarining moddiy-texnik bazasi  nochor ahvolda qolmoqda.   Yana bir muhim masala bu, ta’lim tizimining qanday boshqarilishi, unga kim rahbarlik qilishiga ko‘p jihatdan bog‘liq.

Men  1991-yildan keyin necha kishi Xalq ta’limi vaziri lavozimida ishlaganligini o‘rganib chiqdim. Ular­ning soni hozirgi vazirimiz bilan 10 nafar ekan. Lekin ularning birortasi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ishlab ko‘rmagan(rahmatli Jo‘ra Yo‘ldoshevning ma’lum muddat maktabda ishlagani hisobga olinmaganda). Binobarin,  maktabda ishlab ko‘rmagan  vazir oddiy maktablardagi real ahvoldan xabarsiz  kishidir. Bugungi maktablarimizdagi asosiy qusurlarning ildizini  ana shu omildan ham izlamog‘imiz kerak. 


Sh.Mirziyoyev yig‘ilishda endi muallimlar yangi metodikalarni o‘zlashtirib, bolalarga sifatli ta’lim berishlari  zarurligini uqtirdi. Afsuski, pedagogika OTMning birortasi biror-bir fan bo‘yicha yangi metodika bo‘yicha qo‘llanma yaratgani yo‘q.  Bu holatni “Milliy tiklanish” gazetasida (30.04.2025) Jizzax davlat pedagogika universiteti­ning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori F.Jo‘raqulovning “Metodika o‘zgarmasa, ta’lim sifati ham, mazmuni-yu muhit ham o‘zgarmaydi” nomli maqolasi ham tasdiqlaydi. Professor F.Jo‘raqulov salkam bir betlik maqolasida har xil fikrlarni yozgan-u, lekin Metodika haqida deyarli hech narsa yozmagan. Chunki F.Jo‘raqulov  pedagog emas, siyosiy fanlar doktori. Shuning uchun ham u metodika haqida yoza olmaydi. Shuning o‘ziyoq  uning  egallab turgan lavozimiga mos emasligi­ni tasdiqlab turibdi. Afsuski, F.Jo‘raqulovga o‘xshagan “doktorlar” bitta-ikkita emas. 


Xo‘sh sifatli ta’lim deganda nimani tushuniladi? 


Sifatli ta’lim – bu o‘quvchining har bir fan bo‘yicha Milliy o‘quv dasturida belgilangan bilimlar minimumini dars davomida puxta o‘zlashtirib olishini ta’minlaydigan va o‘quvchilarda jamoa bo‘lib ishlay olish(kollaboratsiya); o‘qituvchi bilan muloqot qila olish(kommunikativlik): o‘zining mustaqil fikriga ega bo‘lish hamda bu fikrni ifodalay olish,(tanqidiy – kritik fikrlash) yangiliklarga qo‘l ura oladigan, yangi g‘oyalar o‘ylab topadigan, ixtirochilik, muammolarni mustaqil hal eta oladigan (kreativlik) ko‘nikmalarini shakllantiradigan ta’limdir.


Ta’lim sifatiga qo‘yilayotgan bu talablar o‘qituvchidan katta mehnat talab etadi. О‘qituvchi esa og‘ir mehnatiga yarasha haq olishi lozim, albatta. Shubha yo‘q, bu kunlar ham keladi.

Usmon JО‘RAYEV,

Bo‘ka tumanidagi

8-maktab o‘qituvchisi,

Turon FA akademigi, О‘zbekistonda xizmat

 ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi; 

“Sog‘lom avlod uchun” va

 “El-yurt hurmati” ordenlari nishondori

Maqola muallifi

Usmon JO‘RAYEV

Usmon JO‘RAYEV

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta
  • #Maktab

Ulashish