O‘zbekiston va Fransiya oliy ta’limi istiqbollari muhokama qilinmoqda

Jarayon O‘zbekiston va Fransiya oliy ta’limi istiqbollari muhokama qilinmoqda
47

Bugun “O‘zbek-Fransuz universiteti: istiqbollari va taraqqiyoti” mavzusidagi oliy ta’lim forumi boshlandi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Fransiyaning Yevropa va tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston va Fransiya oliy ta’lim muassasalari hamkorligidagi tadbir O‘zbekiston Milliy universitetida o‘tkazilmoqda. 


Unda Fransiya Respublikasi Yevropa va tashqi ishlar vazirligi Bosh kotibi Ann-Mari Deskot boshchiligidagi delegatsiya a’zolari, Fransiya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Aureliya Bushez, Puate, Renn, Lion 2, Le Gavr Normandiya kabi nufuzli fransuz universitetlari rahbarlari, Oliy ta’lim, fan va  innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev va mutasaddilar, O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlari va olimlari ishtirok etishmoqda.


 Anjuman, asosan, O‘zbekistonda tashkil etilayotgan O‘zbek-fransuz universiteti konsepsiyasini muhokama qilish, o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalariga bag‘ishlangan. Ta’kidlanishicha, mazkur oliygohda dastlab gumanitar fanlar fakultetida kadrlar tayyorlanadi va “Fransuz tili va fransuz adabiyoti” (fransuz tilini chet tili sifatida o‘qitish) mutaxassisligi bo‘yicha magistrlarni o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Kelgusida esa bioinformatika va qayta tiklanadigan energiya manbalariga ixtisoslashgan muhandislik fakulteti hamda intellektual transport logistikasi va tizimlariga ixtisoslashgan transport fakulteti ham tashkil etiladi.


Shuningdek, muzokaralar asnosida fransuz ish beruvchi kompaniyalari universitet bilan amaliy o‘quv dasturlarini yaratishda hamkorlik o‘rnatishi, “Dual ta’lim” modelini tatbiq etish bo‘yicha sinov loyihalarini ishlab chiqish, ta’lim jarayonida yashil energetika, raqamlashtirish, sun’iy intellekt, BIM texnologiyalari kabi sohalar ustuvorligini ta’minlash masalalari muhokama qilinmoqda.

Maqola muallifi

Muxbirlarimiz

Muxbirlarimiz

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim

Ulashish