“Qizlaringni o‘qit – mana isboti”

Shunday edi doim bilim tavozu,
Ustoz ta’limidan yashnadi orzu.
Bir kishi dediki: “Bunda ne sir bor,
Otadek ustozga ta’ziming bisyor?”
Dedi: u qormishdi suv bilan loyim,
Bunisi jon-dilim o‘stirdi doim.
Bundan tanam bo‘ldi jonimga mezbon,
Undan abadiylik topdi ushbu jon.
Abdurahmon Jomiy
Ustoz nomi hamisha ulug‘. Murg‘aklikdan qariguncha o‘rgatadi. U bilan olam go‘zal va yorug‘. Hayotda erishgan ko‘plab muvaffaqiyatlarimiz sababchisi, to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi posbon, ota-onamizdek qadrdon qalqon, hayot yo‘limizda o‘rnak qahramon.
Ayni paytda yurtimizda o‘qituvchilarga ko‘rsatilayotgan hurmat-e’tibor, qo‘llab-quvvatlash yo‘lida olib borilayotgan sa’y-harakatlar qachonlardir bir orzu edi. So‘nggi besh yil ichida o‘tkazilgan islohotlarga nazar tashlasak, yildan yilga o‘qituvchilarga bo‘lgan munosabat yaxshilanganiga guvoh bo‘lamiz. 2024-yil 1-iyundan maktabgacha ta’lim tashkilotlarining oliy ma’lumotli pedagog xodimlarining bazaviy tarif stavkalari umumiy o‘rta ta’lim muassasalaridagi pedagog xodimlarning tegishli stavkalariga tenglashtirildi. 2024-yil 1-fevraldan esa “O‘qituvchining maqomi to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi. Bu qonun o‘qituvchining kasbiy faoliyatini kafolatlash, ijtimoiy himoya, huquqiy va tashkiliy sharoitlarni belgilaydi. Masalan, o‘qituvchilarning hurmati, ularning professional faoliyatiga asossiz aralashuvning oldini olish, obro‘-e’tiboriga putur yetkazilmasligi kabi jihatlar kafolatlanadi. O‘qituvchilarning malaka oshirish kurslari kuchaytirildi, attestatsiya jarayoni yangilanib, pedagoglar muntazam ravishda malaka oshirish kurslariga jalb qilinmoqda.
2020–2024-yillar davomida pedagoglar o‘rtacha ish haqi atigi 1 mln 545 ming so‘m bo‘lib, bunda bank, sug‘urta, lizing va vositachilik faoliyati xodimlari ish haqi 8 mln 674 ming so‘mgacha oshirilgan. 2024-yilning III chorak yakuni bo‘yicha pedagoglar oylik maoshi 3 mln 484,7 ming so‘mni tashkil etgan. 2025-yil 1-avgustdan oylik maosh 10 foizga oshirildi. Oshirilgan maoshlar bo‘yicha hisoblaganda, umumta’lim maktabi o‘qituvchilari quyidagicha maosh oladi:
2025-yil
O‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchi – 3 mln 468 ming 585 so‘m;
Oliy ma’lumotli o‘qituvchi – 3 mln 729 ming 906 so‘m;
Ikkinchi toifali o‘qituvchi – 4 mln 175 ming 834 so‘m;
Birinchi toifali o‘qituvchi – 4 mln 653 ming 151 so‘m;
Oliy toifali o‘qituvchi – 5 mln 142 ming 053 so‘m.
O‘tgan yillar bilan solishtirsak, 2024-yil
O‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchi – 3 mln 169 ming 623 so‘m;
Oliy ma’lumotli o‘qituvchi – 3 mln 390 ming 824 so‘m;
Ikkinchi toifali o‘qituvchi –3 mln 796 ming 213 so‘m;
Birinchi toifali o‘qituvchi – 4 mln 230 ming 138 so‘m;
Oliy toifali o‘qituvchi – 4 mln 674 ming 594 so‘m.
2023-yil
O‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchi – 2 mln 575 ming 884 so‘m;
Oliy ma’lumotli o‘qituvchi – 2 mln 755 ming 648 so‘m;
Ikkinchi toifali o‘qituvchi –3 mln 085 ming 100 so‘m;
Birinchi toifali o‘qituvchi – 3 mln 437 ming 741 so‘m;
Oliy toifali o‘qituvchi – 3 mln 798 ming 941 so‘m.
Joriy yil O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’lim sohasi vakillari bilan muloqotda yosh ustozlarning yuksak sa’y-harakatlarini alohida e’tirof etdi. Mamlakatimiz rivoji yo‘lidagi kamtarona mehnatini rag‘batlantirdi. Ulardan biri To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 37-maktab o‘qituvchisi, iqtidorli muallima Nodira Nabiyevaga Prezident sovg‘asi – BYD CHAZOR avtomobili tantanali tarzda topshirildi.
– Kuni kecha Yurtboshimizning tashabbusi bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligida ham o‘z ish faoliyatimni boshladim, – deydi ingliz tili fani o‘qituvchisi Nodira Nabiyeva. – Kichkinaligimdan kitob o‘qishni yaxshi ko‘rganman. Olima bo‘lish orzum edi. Ota-onam mendan umidlari kattaligini ko‘p aytishgan. O‘qituvchi bo‘lishni ham yoshligimdan tanlaganman. Qo‘g‘irchoqlarimni qo‘yib ularga dars o‘tardim. Adabiyot ko‘p o‘qirdim. Navoiy, Lutfiy, Boburni olasizmi, o‘qib, men ham dunyodan o‘tganimda kitoblarda rasmim, asarlarim qoladi, avlodlarim ko‘radi derdim. Avlodlar xotirasida, kitoblarda qolish yo‘lida harakatdaman.
Kichik-kichik orzularim keyinchalik ilmiy faoliyatga qiziqtirdi, tanlovlarda qatnashdim. Lekin eng muhimi, ilm o‘rganish menga yoqadi. Maktabda faqat a’lo baholarga o‘qish bilan chegaralanib qolmay, ijtimoiy loyihalarda qatnashardim, “Kamalak” bolalar tashkilotining tuman sardori bo‘lganman. “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining viloyat kengashi matbuot kotibi, viloyat sardori bo‘lganman. Yoshlar ittifoqi bo‘lgach, “Munozara” respublika klubining Namangan viloyati koordinatori vazifasida ishladim. Namangan davlat universitetida o‘qish chog‘ida rektorimiz Sobitxon Turg‘unov rahbarligida har bir bo‘limda talaba rektor lavozimi joriy etilib, unda asosiy dekandan tashqari talaba dekan bo‘lishi kerak edi. Birinchi bo‘lib ingliz filologiyasi fakulteti talaba dekan lavozimida 3500 mingdan ortiq talabaga javobgar shaxs bo‘lganman.
Tanlovlarda qatnashish, musobaqalashish yoqadi. Yoshligimda Zulfiya nomidagi davlat mukofotini olgim kelgan. “Zulfiyachi qiz” rasmini gazetadan qirqib olib, ular nima qilyapti deb qiziqqanman. Bilimim oshgani sari tushunib yetdimki, bu tanlovlar menga o‘xshagan Nodiralarni tarbiyalash uchun ekan. Shu mukofotga mehrim ko‘proq o‘z ustimda ishlashga undadi. Asosiy maqsad mukofot emas, bilim, ungacha bo‘lgan yo‘l muhimligini tushundim.
Ota-onam ham oliy ma’lumotli insonlar. Onam boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lgan, doim meni qo‘llab-quvvatlagan. “Bu ishni qilolmaysan, oddiy oiladansan, tanishing yo‘q” deyishganida ham onam “Bir narsani xohladingmi, Olloh xohlagani uchun qalbingga solgan. Oxirigacha bor, kuching yetganicha qil, qolganini Yaratganga tavakkal qil” der edi. Onamning hayotimda roli katta, motivatsiya, energiya, ruh beradi. 1-sinfga chiqqanimda o‘qish, yozishni bilardim, alifbe kitoblarni tugatgandim. Shuning uchun boshlang‘ich sinfda zerikkanman. Sentabrda yuqori sinf darslik kitoblarini oldindan olib, o‘qib tugatib chiqardim. 14 yoshimdan beri repetitorlik qilaman. 500 dan ortiq o‘quvchilarim o‘qishga kirgan. Ingliz tili va ona tilidan dars berardim. Hozir maktabimizda 10 nafar ingliz tili fani o‘qituvchisi bo‘lsa, ularning 4 nafari shogirdlarimdir. Har darsda yangi metodikalar bilan dars o‘tishga harakat qilaman. Yangi narsalar kashf qilib, qalam, oddiy baklashka qopqog‘idan ham bir nimalar o‘ylab topib yasayman.
– “Inglizcha-o‘zbekcha surdo lug‘at” tuzishingizga nima turtki bo‘ldi?
– Bu lug‘atda chet el (ingliz tili)dagi surdo til bilan O‘zbekistondagi gaplashiladigan surdo – imo-ishora tilini moslashtirib tartiblab chiqqanman. U 1000 ta so‘zni o‘z ichiga oladi. O‘zbekistonda sog‘lom bolalar til o‘rganishiga barcha imkoniyat yetarli. Biroq 2019-yili Ichan-qal’ada o‘tkazilgan “O‘zbekiston bahor ijodiyoti” festivaliga borganimda, eshitmaydigan, gapirmaydigan rassom qizga tarjimonlik qilganimda imkoniyati cheklangan bolalarga ingliz tili darsi o‘tilmasligini bildim. U qizning aqli butun, tafakkuri teran, sog‘lom fikrli edi. Shunda bu sohaga qiziqib qolganman. Magistrlik ishimni shu mavzuda qilishimga ko‘p qarshiliklar bo‘lgan. Tirishib, oxirigacha boraman deganimdan so‘ng ustozim professor Botirjon Jafarov ilmiy rahbarlik qilgan. Boshida rostdan natija chiqarishga qiynalganmiz, lekin sekin-asta o‘z mevasini berib kelmoqda.
– Ayni damda o‘qituvchilik kasbi mavqeyini qanday baholaysiz?
– Bugungi kunda O‘zbekistonda eng rivojlangan kasblardan biri pedagoglik. Sababi, o‘qimasdan hech narsaga erishib bo‘lmasligini hamma tushunib yetdi. Tadbirkorlik uchun ham o‘qish muhimligini tushunishdi. Atrofimizga qarasak, har bir oila farzandini yaxshi bog‘cha, kuchli maktab, AT, til kurslarida o‘qitgisi keladi. Najot – ta’limda ekanligini anglayapmiz. Bo‘lib o‘tgan selektorda Prezidentimiz jamiyatimizda o‘qituvchilar darajasini 5–10 baravarga ko‘tarib qo‘ydi.
– Prezidentimiz bilan uchrashuvdan olgan taassurotlaringiz?
– Uchrashuvda meni yig‘latgan eng ta’sirli holat oddiy qishloq qizi – ismimning keltirilishi, davlat rahbari o‘z nutqida men bilan faxrlanishi, ota-onamga rahmat aytishi bo‘ldi. Buni o‘sha joyda mening holatimga tushgan insongina biladi. Sababi, qishlog‘imizda qiz bolani haligacha ko‘pchilik o‘qitmaydi. Yigitlardan ham o‘qiganlari kam. Dadamga ham ko‘p qarshilik bo‘lgan. “Qiz bolani o‘qitib nima qilasan, ertaga turmushga berib yuborasan. Undan ko‘ra mashina ol, uyingga qara” degan gap-so‘zlar ko‘p bo‘lgan. Lekin dadam orzu-havasli inson edi. Bizni musiqa, gimnastika to‘garaklari, kurslarga olib borgan. Uch opa-singil yoz bo‘yi turli viloyatdagi lagerlarga borib, o‘qimishli, o‘zimiz tengi yoshlar bilan suhbatlashardik. Dadam yutuqqa erishgan qizlarga havas qilgan. Uchalamizda ham ota-onamga munosib farzand bo‘lib, imkoniyatning qadriga yetib, shuni qaytara olish mas’uliyati bo‘lgan. Dadam: “Mening qizlarim hali Prezidentimiz oldida yuradigan qizlar bo‘lishadi”, derdi. Shu narsa meni yig‘latdi.
Mashinaning missiyasi bor ekan. Qishloqqa xursand bo‘lib, suyunchilab, signalini chalib bordik. Mashina signali har bir xonadonga chaqiriq bo‘ldi: “Sen farzandingni o‘qit, qizlaringni o‘qit – mana isboti” degandek bordi. Dadam yig‘ladi… Ota-onangizning sizdan minnatdorligini his qilish – katta baxt. Tushga o‘xshaydi. Prezidentimizning birgina e’tibori ham o‘qituvchilarning hurmati, ham qizlarning obro‘yini oshirdi. Endi qiz bola tug‘ilsa otalar uyalmaydi, xafa bo‘lmaydi. Otalar qiz bola ham eplay olishini ko‘rishdi. Bu faqat mening yutug‘im emas, Namangan viloyati ta’lim sohasining yutug‘i bo‘ldi.
O‘qituvchilar uchun xushxabar
Prezident Shavkat Mirziyoyev pedagoglarni yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Unga ko‘ra:
kelgusi o‘quv yilida davlat OTMlariga o‘qishga kirgan pedagoglar farzandlarining kontrakt summasiga 30 foiz chegirma beriladi;
boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun ham milliy sertifikat berish tizimi joriy qilinadi. Sertifikat olganlarga har oyda 15 foiz ustama to‘lanadi;
bakalavr bosqichini imtiyozli diplom bilan bitirib, maktabga ishga kirganlarga avtomatik ravishda 2-malaka toifasi, magistrlarga esa 1-malaka toifasi beriladi;
dunyodagi TOP-300 talik OTM-
larga o‘qishga kirgan pedagoglarga 20 ming dollargacha imtiyozli ta’lim krediti ajratiladi;
reytingda 100 talikka kirgan maktab va bog‘cha, 20 talikdagi texnikum, TOP-10 ta OTM pedagoglariga yiliga bir marta O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish uchun samolyot va poyezdlar chipta narxlariga 15–20 foiz chegirma beriladi;
yangi yildan boshlab kamida 15 yil stajga ega bo‘lgan oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi qoplab beriladi;
o‘qituvchilar yangi ta’lim texnologiyalarini keng qo‘llashi uchun kompyuter xaridiga 10 million so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi;
kelasi yildan pedagoglar uchun davlat xizmatlari to‘lovi 2 karra kamaytiriladi.
Munosabat
– 15-sentabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning pedagoglar bilan o‘tkazgan samimiy muloqoti quvonchli yangiliklarga boy o‘tdi, – deydi Xalq deputatlari Forish tuman kengashi deputati, boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi Guljahon Egamqulova. – Ayniqsa, boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun milliy sertifikatlar joriy etilishi haqidagi yangilik biz, ustozlar, uchun katta tuhfa bo‘ldi. Shu paytgacha boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari fanlar kesimida(matematika va ona tili) sertifikat olib, ustama olish imkoniyatiga ega edi. Endi esa aynan o‘z yo‘nalishimiz bo‘yicha – boshlang‘ich ta’lim milliy sertifikati joriy etilishi mehnatimizga berilayotgan yuksak e’tibor. Milliy sertifikatga ega ustozlar oylik maoshiga qo‘shimcha 15 foiz ustama to‘lanishi ham pedagoglarning o‘z ustida yanada ko‘proq ishlashiga rag‘bat beradi. Bunday islohotlar ta’lim sifatini oshirish, ustozlarni qo‘llab-quvvatlash va yosh avlodni tarbiyalashda yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Bu nafaqat men, balki respublika boʻyicha 125 ming boshlangʻich taʼlim oʻqituvchilari uchun bayram tuhfasidir.
Dilafro‘z ABDURAJABOVA,
“Ma’rifat” muxbiri
Shu kecha va kunduzda
Malaka sinovlari oʻtkaziladigan joy manzillari belgilandi
“MAKTABGA BORISHDAN QO‘RQAMAN”
Samarqand qog‘ozi — dunyoni lol qoldirgan sir
SSV: O‘zbek shifokorlari siam egizaklarini shoshilinch ravishda noyob operatsiya orqali ajratib oldi
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank
Mavzuga doir

Malaka sinovlari oʻtkaziladigan joy manzillari belgilandi

“MAKTABGA BORISHDAN QO‘RQAMAN”

Samarqand qog‘ozi — dunyoni lol qoldirgan sir
