Til bor ekan, millat barhayot

Daxldorlik Til bor ekan, millat barhayot
69

Inson borki, ona allasi bilan qalbidan joy olgan, olamni uning tasvir imkoniyatlari bilan tanigan tili bilan faxrlanib yashaydi. Ilk bor maktub yozgan, hayajoni, quvonch-u istirobini tiliga ko‘chirgan til ham o‘sha. Darhaqiqat, til ‒ millat ko‘zgusi. Uning qiymatini oshirish, qadrini yuksaltirish albatta, shu tilda so‘zlashuvchilarning zimmasida. Xuddi shu ma’noda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Til bor ekan, millat barhayot” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri o‘tkazildi.



Jarayonda tilimizni e’zozlash, uning davlat tili sifatidagi maqomi, jamiyatdagi mavqeyini yuksaltirish, yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash xususida so‘z bordi. Alohida ta’kidlash joizki, bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham davlat tilida ish yuritilishini ta’minlash, o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini oshirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, akademiyadagi barcha rasmiy hujjatlari, kitob va to‘plamlar hamda internet saytida e’lon qilinayotgan ma’lumotlar davlat tili me’yorlariga muvofiq tayyorlanmoqda. Akademiyada faoliyat yuritayotgan “O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi tomonidan esa talaba-yoshlarni o‘zbek tili, madaniyati, ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz merosini chuqur o‘rganish, Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash borasida darslar va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etib kelinmoqda. (Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida) Kuni kecha o‘tkazilgan oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan xorijlik talaba-yoshlar o‘rtasida “O‘zbek tili – qalbim tarjimoni” ko‘rik-tanlovining akademiya bosqichi shular jumlasidan.



Tadbir davomida shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi bakalavr va magistrlari uchun ta’sis etilgan Mahmudxo‘ja Behbudiy maxsus stipendiyasi 2025-yilgi tanlovi g‘oliblariga guvohnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi. Akademiya talabalari teatr studiyasi tomonidan yosh yozuvchi Javlon Jovliyevning “Qo‘rqma” asari asosida sahnalashtirilgan “Millat fidoyilari” nomli spektakl namoyish etildi.
Darhaqiqat, til bor ekan millat barhayot. Uni asrash, keng yoyilishi va kelgusi avlodlarga bus-butunicha yetkazish siz-u bizning qo‘limizda!

Maqola muallifi

Muxbirlarimiz

Muxbirlarimiz

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ona tili
  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Filologiya

Ulashish