Til – millatlararo do‘stlik va hamjihatlik omili

Millat mulki Til – millatlararo do‘stlik va hamjihatlik omili
49


O‘zbekiston kabi ko‘p millatli mamlakatda til nafaqat milliy o‘zlikni anglash vositasi, balki turli elat vakillarini o‘zaro bog‘lovchi, ularni yagona va ahil oilaga birlashtiruvchi muhim ko‘prik hamdir. O‘zbek tilini o‘qitish va o‘rganish esa bugun millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashning asosiy omiliga aylanmoqda.


O‘zbek tili mamlakat hududida yashov­chi barcha fuqarolarning millatidan qat’i nazar, o‘z huquqlarini amalga oshirishi, davlat va jamiyat ishlarida faol ishtirok etishi uchun yagona kommunikativ makon yaratadi. Xususan, Angren shahridagi 17-maktabda ham turli millatga mansub o‘quvchilar tahsil oladi. O‘zbek tilini sifatli o‘qitish jarayonida shunga amin bo‘la­mizki, o‘zbek tilini puxta o‘zlashtirish:

1. O‘zaro tushunishni kengaytiradi: bir tilda so‘zlashgan insonlarning muam­molari, orzu-istaklari va madaniyati bir-biriga yaqinlashadi. 
2. Ijtimoiy integratsiyani kuchaytiradi: o‘zbek tilini bilgan yoshlar jamiyat hayotiga tezroq kirishib ketadi, ta’lim, mehnat va ijtimoiy munosabatlarda hech qanday to‘siqsiz faoliyat yurita oladi. 
3. Madaniy almashinuvni boyitadi: o‘zbek tili – buyuk adabiyot, musiqa va san’at tilidir. Tilni o‘rganish orqali boshqa millat vakillari ham o‘zbek xalqining boy madaniy merosidan bahramand bo‘ladi.


O‘zbek tili darslarida biz nafaqat grammatika va so‘z boyligini o‘rgatamiz, balki do‘stlik va bag‘rikenglik g‘oyalari, Vatanni sevish, uning taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini ham singdiramiz. Alisher Navoiyning go‘zal she’riyati, Zahiriddin Muhammad Boburning yuksak so‘z san’ati, Abdulla Qodiriyning asarlaridagi insoniy qadriyatlar barcha millat vakillari uchun umumiy ma’naviy ozuqa bo‘lib xizmat qiladi. “O‘zbekiston – yagona va ahil oila” degan tushuncha aynan davlat tili orqali barchaning ongiga yetkaziladi. Darslardagi “O‘zbekiston – umumiy uyimiz”, “Millatlararo totuvlik – taraqqiyot kafolati” kabi mavzular turli millat vakillari bo‘lgan o‘quvchilarni bir-biriga hurmat bilan qarash, yagona Vatan taqdiri uchun mas’uliyat his etishga o‘rgatadi. Biz­ning maktabimiz bu borada haqiqiy do‘stlik maskani hisoblanadi.


Bugun davlatimiz rahbari tomonidan til siyosatini takomillashtirish, o‘zbek tili­ning jahon miqyosidagi nufuzini oshirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar bizga katta ilhom bermoq­da. Zamonaviy kommunikativ metodlardan foydalanib, o‘zbek tilini hayotiy muloqot vositasi sifatida o‘rgatish, har bir darsni do‘stlik, birodarlik va bag‘rikenglik darsiga aylantirish – kasbiy burchimizdir. Shu nuqtayi nazardan o‘zbek tili o‘qituv­chisi sifatida oldimizda turgan asosiy vazifalar quyidagilar deb hisoblayman:
kommunikativ yondashuvni kuchaytirish: o‘quvchilarni ko‘proq gaplashish, fikr almashishga undash;
darslarda zamonaviy metodlarni qo‘llash: o‘yinlar, interaktiv mashg‘ulotlar, mediatexnologiyalardan foydalanish orqali o‘zbek tiliga bo‘lgan qiziqishni oshi­rish;
til va madaniyat birligini ko‘rsatish: til o‘rgatish barobarida o‘zbek xalqining urf-odatlari, bayramlari va madaniyati haqida ham tushunchalar berish.


O‘zbek tilini mukammal o‘rganish – bu millatlararo do‘stlik kaliti, hamjihatlikning mustahkam poydevoridir. Maqsadimiz – o‘zbek tilining nafaqat rasmiy doiralarda, balki har bir xonadonda, har bir fuqaro­ning qalbida yuksak qadrlanishiga erishishdir. Shu bilan birga, har birimiz millatimiz va kasbimizdan qat’i nazar, o‘zbek tilini ardoq­lab, uning sofligini saqlash, jamiyatning har bir sohasida to‘laqonli joriy etish va millatlararo hamjihatlikdagi o‘rnini mustahkamlashga mas’ulligimizni unutmasligimiz lozim.

Gulchehraxon AHMEDOVA,

Angren shahridagi

17-maktabning o‘zbek tili fani

o‘qituvchisi


Maqola muallifi

O‘qituvchi

O‘qituvchi

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish