TURTKI yoxud milliy sertifikat olish muammo emas!

Dolzarb mavzu TURTKI yoxud milliy sertifikat olish muammo emas!
135



Endi yoshim o‘tdi, xotira sustlashdi, vaqtim yo‘q, ishim ko‘p, qolaversa bu testlar qiyin, biz  o‘rgangan testlardek emas, juda murakkab, chalkash, bari bir-biriga o‘xshash. 40 asar o‘qish osonmi, g‘azal tahlili dahshat, ilmiy matn rasvo, mantiq faniga balo bormi... ala-bala-vala...deyapsizmi? To‘xtang!


Shoshmang! Hech qachon hech qachon demang! Agar qattiq xohlasangiz uddalab bo‘lmas ish, erishib bo‘lmas cho‘qqi yo‘q! Niyatni butun qiling va o‘z  ustingizda ishlang!


Yuqoridagi qo‘rquv, xavotir, norozilik, kibr menda yo‘qmidi deysiz? Men bu sertifikatni qanday qo‘lga kiritdim?


Ollohga shukur, toifam oliy. Ish stajim 26 yil. Shuncha yil mobaynida nimaiki imtihon, nimaiki test bo‘lsa, barini yengil va oson topshirganman. Hech qachon mag‘lubiyat mayini totmaganman. Ijod qilib turaman. Ommaviy axborot vositalarida hikoya va maqola­larim muntazam bosilib turadi. Shogirdlarim olimpiadalarda muvaffaqiyatli qatnashadi, oliy o‘quv yurtlariga kirishadi. Obro‘yim ham, ilmim ham, ishim ham joyi­da. Lekin shu milliy sertifikat(MS) chiqdi-yu, oromim yo‘qoldi. Tabiatan konservativ odammanmi, bu xildagi testlarga moslashishim qiyin kechdi. Boshini boshlayman, tashlab qo‘yaman. Ilmiy matn shu darajada asabiy­lashtiradiki, iloji bo‘lsa o‘qigim kelmaydi. G‘azal... O! G‘azallarni azaldan sevaman, shiddat bilan rasmlar chizib, go‘zal tashbehlari, she’riy san’atlarini shunday to‘lqinlanib tushuntiramanki, o‘quvchilarim ham, o‘zim ham mazza qilaman. Lekin MSning g‘azal testlariga sunnikaverib(turtinaverib) jig‘ibiyronim chiqadi. E, o‘rgildim-a! Shunaqayam malamijir, chalkash-chulkash testlar bo‘ladimi-ya? 


“Esse yozish sizga ish emas! Rosa qoyillatasiz”, deb havas qilishardi. Ha, “qoyillatardim!”. Hammada so‘z topish 200–250 so‘zga yetkazish muammo bo‘lsa, menda 650–700 so‘z bo‘lib ketadi. Esselarim publitsistik emas, badiiy uslubga tortib ketaverardi. Tabiiyki, bu nizomga ko‘ra past baholanishi kerak. Hafsalam pir bo‘ldi oxiri. Qo‘lni yuvib qo‘ltiqqa urdim.


“Bu testlar men uchun emas ekan”, degan qarorga kelib, 2-3 yilni ham o‘tkazib yubordim. Bir kuni qarasam mendan hijjalab grammatikani o‘rgangan, oddiy testlarni yecha olmay yordam so‘raydigan ustozlar MS olyapti!


“Unda men ham olishim aniq”, dedim-u tayyorlanmasdim shartta MSga topshirdim-keldim. “Savollar­ning bariga tishim o‘tyapti, o‘zimcha “gulini”  chiqarib ishladim. Esseni ham go‘zal yozdim. Endi, albatta, o‘taman. Axir falonchi va pistonchilardan kam joyim yo‘q-ku”, deb natijani kuta boshladim.


Kibr qursin. Kibr insonni g‘aflatda qoldiradi. Biron marta “shoxi sinmagan”, doim yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan, chuqur hurmatga, doimiy maqtov va e’zozlarga o‘rganib qolgan menday inson umrimda birinchi marta “yiqildim!”.


Yiqilish?! Aslida buni “yiqilish” deb ham bo‘lmasdi. Balim yaxshigina – B daraja olibman. B+ ga 2,7 ball (Bu darajaga havasmandlar ham talaygina-ku, deb n o‘ylamabman o‘shanda).


“E, kerakmas!” deb o‘zimcha arazlagan bo‘ldim(Kimga foyda, kimga ziyon?!). 


Qayta topshirmay, tayyorlanmay, dunyodan xafa bo‘lib yuraverdim-u... ichimda nimadir g‘imirlayverardi. Nimaga? Nimaga endi men ola olmadim?


Ilmim kammi? Irodam sustmi? 25 soat dars, uy ishlari, mol-hol, bola-chaqa, to‘y-tomoshadan ortib vaqt topa olmayapmanmi? E, yo‘q! Shunchaki men aniq maqsad qo‘ymadim va maqsadim yo‘lida qattiq mehnat qilma­yapman xolos. Ilmim poydevori mustahkam, shunchaki bu testlarga moslashishim va o‘z ustimda qattiq ishlashim kerak! Shu qarorga kelgan paytim hayotimdagi sinovli davrni boshdan kechirayotgan edim. Mashina urib yuborib yotib qolgan paytim edi. O‘ng qo‘lim gipsda, o‘ng oyog‘im ezilgan. Qattiq og‘riq va uzluksiz davolanish. Kunda-kunora mehmon-izlom. Har narsada bir xayr bor ekanki, o‘sha og‘ir ikki oy davomida men izlagan, istagan “turtki” – avvaldan kuzatib kelayotgan, munosib ko‘rib, hammaga tavsiya qiladigan Haydarovlar kursiga yozilib qoldim. Umrim davomida pul to‘lab ilm olmaganman. Uncha-muncha ustozlardan ko‘nglim to‘lmagan. Bular bilgan narsani men ham a’lo darajada bilaman deb hisoblardim. Lekin ich-ichimdan adashganimni his qilardim. Chunki har kuni o‘z  ustingda ishlashga majbur qiladigan, tinmay topshiriq beradigan, nazorat qiladigan, kerak bo‘lsa tanbeh,  kerak bo‘lsa motivatsiya beradigan bir ustozga yoki tizimga ehtiyojim bor ekanligi yaqqol ayon bo‘lgan edi. Xullas, tavakkaliga bu kursga yozildim-u, “bekor qildimov”, deb o‘yladim. Pulimga ichim achidimi, mehnat qilgim kelmayotganmidi, “nima zaril edi-ya?!” derdim o‘zimga-o‘zim. Nachora? Boshlab qo‘ydim. Davom  ettirishim kerak.


...Bu jamoa shunday shiddat bilan ishlashar, tinmay topshiriq berishardiki, ba’zan jahlim chiqardi. Nima, biz avtomatmizmi? O‘ylanib topshiriq bermaydimi odam degan? Shuncha asar, shuncha test! Qaysi biriga ulguramiz? Vaqt masalasini hisobga olishadimi, yo‘qmi?


“Bu asarni o‘qiganman!” deyman qaysarlik bilan. “Qayta o‘qing!” deyishadi. Qayta o‘qiyman. “Tahlil tinglang!”, tahlillardan gohi ko‘nglim to‘lsa, gohi to‘lmaydi. Chunki fikr odamiman. O‘zimcha tushunib, o‘zimcha xulosa chiqarib o‘rganganman.


“Test yeching!”, testlarim birda baland, birda past­roq chiqadi. Topshiriqlarning biriga ulgursam, boshqasiga ulgurmayman. Ora-orada tanqidiy fikrlar bildirib qolaman, testlarni tahlil qilib kimlar bilandir tortishib qolaman.


“To‘xta! – dedim shunda o‘zimga-o‘zim. Maqsa­ding MS olishmi, maqsaddan og‘ishma! Imkon qadar o‘qi va harakat qil, mehnat qil, natijasini Ollohga havola qil. Boshqasi bekor”.


100 % vazifalarni bajardim deya olmayman, namunali o‘quvchi ham bo‘la olganim yo‘q, lekin aziz­lar, mana ko‘rib turibsiz ko‘zlagan natijaga erishdim.


Uddaladim! B+ga 50 % ustama to‘lashadi. Men esa undan ham o‘tib A daraja oldim!


 A+ ga salginagina(0,1 balmi?) yetmay qolibman-a? Bu esa quntim kamligi, dangasalik qilganimdan, albatta.


Haydarovlar jamoasi o‘sha men kutgan sehrli “turt­ki” vazifasini o‘tay oldi. Tizimlashgan dasturi bilan meni o‘z ustimda ishlashga majbur qildi. O‘sha men “rasvo” hisoblagan ilmiy matnning testlarini oddiy va oson yechish yo‘llarini, chalkash tuyilgan g‘azal testlarining nozik nuqtalarini, yoqimsiz ko‘ringan mantiqiy testlarning mohiyatini anglata oldi.


Buning uchun jamoadagi barcha ustozlardan minnatdorman! Rahmat, rahmat, rahmat!


Ilmingiz ziyoda bo‘lsin! Men kabi MSning ichiga kirmay, eshigidan mo‘ralab “qiyin” ekan deb cho‘chib yurganlarga tavsiyam: belni mahkam bog‘lang va o‘quv kurslariga yoziling!


To‘g‘ri tanlov, iroda va mehnat sizni yuksaltiradi. Intilganga tole yor! Shu yergacha erinmay o‘qiganlarga tashakkur. Yorug‘ yuz bilan nurli manzillarda ko‘rishguncha omon bo‘ling.

Salomat ESHIMBETOVA,

Beruniy tumanidagi

47-maktabning ona tili va adabiyot 

fani o‘qituvchisi

Maqola muallifi

Salomat ESHIMBETOVA

Salomat ESHIMBETOVA

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ona tili
  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish