UZUNLIK MUALLIM: “BU HALI BOSHLANISHI!”
Kitobxonlik
56
Hayot insonni ba’zan kutilgan, ba’zan kutilmagan manzillar aro tortqilaydi. Birda quvonch-u baxtning mayidan sarxush bo‘lsak, birda armon, yo‘qotishlar sabrimizni sayqallaydi go‘yo. Baxtning-ku sherigi topiladi, ammo qayg‘uli onlar, yo‘qotish, g‘am insonni suyashi mumkin bo‘lgan bor taskinlarni-da saralaydi. Bunday kezlarda kimdir odamlar orasidan, kimdir vaqtning o‘tishidan najot kutadi. Yana kimdir kitob varaqlari oralab dardiga malham, yashash uchun kuch topadi…
− Kitob meni hayotga qaytardi, – deydi “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichi g‘olibi Fazilat Diyorova. – 2022-yil men uchun juda og‘ir kechdi, turmush oʻrtogʻim baxtsiz hodisa sabab vafot etdi. Bagʻrimda 4 yosh va 9 oylik ikki goʻdagim, ancha payt o‘zimga kelolmadim. Ota-onam, oilam, yaqinlarim, hamkasblarim yelkamdan tutib, qulashimga yoʻl qoʻymadi. Asta-sekin barini unutib, hayotga qayta tutunishga urindim. Bu yo‘lda eng katta kuch, qalbimga taskinni kitoblardan oldim; mutolaa azob-u hijronlarimga malham bo‘lib, og‘riqlarimni davolayotganday his qilardim. Kunlarning birida miyamga shu tanlovda qatnashish fikri oʻrnashib oldi-yu, hech chiqay demadi. Ammo vujudim uzra qoʻrquv ham bor edi: uddalay olamanmi? Kuchim yetadimi?
Telekanallarda Yurtboshimizning biz yoshlarga qarata aytgan gaplari, ishonchi, qoʻllab-quvvatlashi, maʼnaviy kuch berayotgan oʻtkir nutqlari meni uygʻotdi. Hali koʻp ishlar qilishim kerakligi, to‘xtab qolish, maqsadlarimdan kechish, ikkilanish xatoligini angladim. Oʻsha kundan e’tiboran oʻquvchilarimni oliy taʼlimga sifatli tayyorlash va oʻz ustimda ishlash uchun bor imkoniyatimni ishga soldim. Toʻgʻri, uyqusiz tunlar, vaqt yetishmasligi muammolari koʻp boʻldi, lekin mutolaa uchun albatta vaqt topdim!
Bugun yoshlar orasida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, mutolaaga mehr uyg‘otish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani bejiz emas. Mutolaa qilganingiz, yuqoridagi hayotiy hikoya esa bu siyosatning naqadar teranligini yana bir karra isbotlaydi. Yoshlar ishlari agentligi tomonidan an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi ana shunday ezgu maqsadga xizmat qilayotgan nufuzli loyihalardan biri desak, yanglishmaymiz. Bu yil mazkur tanlovda surxondaryolik yosh kitobxon – Fazilat Diyorova (20–30 yoshlilar orasida) respublika bosqichida faxrli 1-o‘rinni egallab, voha yoshlari uchun tarixiy natijani qayd etdi.
1997-yil 9-fevralda Uzun tumanidagi Oqmachit qishlog‘ida tug‘ilgan Fazilat Diyorova bugun nafaqat bilimli kitobxon, balki matonat timsoli sifatida ham ko‘pchilikka o‘rnak bo‘lmoqda. U Denov tadbirkorlik va pedagogika institutining boshlang‘ich ta’lim fakultetini tamomlagan. Hozir esa Termiz davlat universiteti O‘zbek filologiyasi fakultetida ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha tahsil olib, bitiruv arafasida turibdi. Shu bilan birga, Uzun tumanidagi 34-maktabda ona tili va adabiyot hamda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi sifatida faoliyat yuritadi.
Ikki nafar farzandning mehribon onasi bo‘lgan Fazilat Diyorovaning hayotiga tub burilish yasagan onlar haqida yuqorida yozdik. G‘alaba va unga eltgan yo‘llar, g‘oliblik nash’asi, umuman olganda, uning hayotiga kitob olib kirgan yorug‘lik, quvonchli damlarni-da siz-la bo‘lishgimiz keldi.
– Kitobga boʻlgan muhabbat ota-onam orqali kichik yoshlarimdan uygʻongandi, − deydi suhbatdoshimiz. – Oʻqituvchilar oilasida tugʻilganman. Kitoblar tahlili, ilm bahslari doimiy boʻlib turadigan oilaviy muhitimiz, albatta, oʻz taʼsirini koʻrsatgan. Bugungacha taxminan 700 ga yaqin kitob mutolaa qilganman. Ulardagi turfa taqdirlar ba’zan yangi og‘riqlarni his ettirsa, ba’zan hayotimga yaqin hikoyani so‘zlaganday bo‘lar edi. Xususan, Rashod Nuri Guntekinning “Choliqushi” romani, Chingiz Aytmatovning “Birinchi muallim” qissasi qahramonlari ruhimga yaqin bo‘lsa, qissadagi oddiy ovul qizi, ya’ni Oltinoy Sulaymonovaning Moskvadek ulkan shaharda akademik unvoniga sazovor boʻlishi menga katta ibrat boʻlgan.
“Kitobxonlik tanlovida vohamizdan hali biror birinchi o‘rin sohibi chiqmadi, sen birinchilardan boʻlishing kerak!”
4 yildan buyon mazkur tanlovda qatnashaman. O‘tgan yili respublika bosqichida 3-o‘rinni egallagandim, bu yil 1-o‘rin sohibi bo‘lib, Prezident sovg‘asi “BYD Chazor” elektromobilini qo‘lga kiritdim.
Tanlovga tayyorgarlik jarayoni juda shiddatli boʻlgan deyolmayman. Chunki men kun boʻyi, yoki tun boʻyi kitob bilan mashgʻul boʻla olmas edim. Maktabda qoʻrakoʻzlarga dars berish, uyda farzandlarim tarbiyasi, ota-onamga gʻamxoʻrlik va uy yumushlaridan ortib, asosan tunlari kitob oʻqishga imkonim bo‘lardi. Ishga ketayotganda, ishdan uyga qaytayotgan mahalim kitoblarning audio shaklini tinglardim. Tanlovning so‘nggi bosqichi yaqinlashgani sayin majburiyat, mas’uliyat meni tamomila uyqusiz qilib qoʻydi. Boisi, yurtdoshlarim ishonchini yelkamga ortib borayotgan edim. Bu jarayon men uchun shunchaki majburiyat emasdi; “Kitobxonlik tanlovida vohamizdan hali biror birinchi o‘rin sohibi chiqmadi, sen birinchilardan boʻlishing kerak!” degan chorlov, talabni oʻzimga oʻzim qoʻyib, xonam devorlari, muzlatkich, telefonim yuziga ham shu soʻzlarni yozib qoʻydim…
Tanlovning yakuniy bosqichi haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, hammasi ko‘ngildagidek ketayotgan edi. Faqat 2-bosqich – tezkor savol-javob shartida biroz o‘ng‘aysizlanganday bo‘ldim. Chunki savolga tez, aniq va to‘g‘ri javob berish kerak, soniyalar ichida qaror qabul qilishga to‘g‘ri keladi. Ammo uddaladim! Yakuniy natijalar hisoblanib, e’lon qilinar ekan, qilgan mehnatlarim, uyqusiz tunlarim birma-bir xayolimdan kechardi. Ism-familiyam va tanlovdagi natijamni aytishdi. Beixtiyor “Haqiqat bor ekan-ku!” deb yuboribman. Otajonimga qo‘ng‘iroq qildim, xursandligidan yigʻlardi, ovozi titragancha uzoq duo qildi… Albatta, bu muvaffaqiyat hali boshlanishi!
“Duoga qo‘l ochsam, Ollohdan unga quvonch so‘rardim…”
Albatta, ota-ona farzandining quvonchidan quvonadi, kulgusidan hayotiga ma’no, huzur topadi. U nimagadir erishsa, undan ko‘proq quvonadi – suhbatdoshimizning otasi mana shunday quvonchli lahzalardagi kechinmalarini biz bilan bo‘lishdi.
– Qizim bolaligidan kitobni yaxshi ko‘rardi, – deydi Muhammadsaid Diyorov. – Har qanday qiyinchilikda ham mutolaadan uzoqlashmadi. Bilasizmi, hozir o‘zim bir dovondan o‘tganday, katta bir yutuqqa erishganday quvonib yuribman.
Duoga qo‘l ochsam, Ollohdan unga quvonch so‘rardim, uni avvalgidek baxtli ko‘rishni, mashaqqatlari ortda qolishini istardim, ming shukur. G‘olib bo‘lganini aytib, qo‘ng‘iroq qilganida hayajondan ko‘zlarimga yosh keldi. Bu nafaqat Fazilatning, balki butun Surxondaryoning yutug‘i bo‘ldi. Men u bilan faxrlanaman!
Fazilat Diyorovaning “Bu muvaffaqiyat hali boshlanishi!”, degan qat’iy ishonchi ortida hali zabt etmoqchi bo‘lgan ulkan marralari ko‘pligini angladik. Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘lish, she’rlari orqali insonlar qalbiga malham topish, ko‘plab kitoblar yozish va adabiyotda o‘z o‘rnini topish haqidagi orzular uning qalbida allaqachon katta maqsadga aylangan. Eng muhimi, u endi bu orzularga yetish yo‘lida qiyinchiliklardan qo‘rqmaydi. Chunki hayotning eng og‘ir sinovlarini yenggan inson uchun endi hech bir mashaqqat ortga qaytishga sabab bo‘la olmaydi.
Bugun Surxondaryoda porlagan bu yulduz vohalik ko‘plab yoshlarning qalbida orzu va ishonch uyg‘otgani shubhasiz. Zero, kitobga oshno qalblar bor ekan, ma’rifat chirog‘i hech qachon so‘nmaydi.
Shahnoza YANGIBOYEVA,
“Ma’rifat” muxbiri
Shu kecha va kunduzda
UZUNLIK MUALLIM: “BU HALI BOSHLANISHI!”
Kitobxonlik
UNUTILGAN BAYRAM
Jarayon
MENI KIM ESHITADI?
Daxldorlik
“ILK MAQOLAM CHIQQAN KUN”…
Muallim – millat yulduzi
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank