VATAN UCHUN, MILLAT UCHUN, XALQ UCHUN!

Mulohaza, taklif VATAN UCHUN, MILLAT UCHUN, XALQ UCHUN!
143


Fan yutuqlari, jumladan, raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellektning ishlab chiqarishga joriy qilinishi natijasida yangi ta’lim tizimini yaratish ehtiyoji vujudga keldi. Undan ijodiy fikrlash ko‘nikmalariga ega, muammolarni kreativ hal etishni biladigan, kelajakda ro‘y berishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlarga moslashadigan muta­xassislarni tayyorlash talab qilinadi. XX asrda dunyodagi ilmlar hajmi ikki marta ortishi uchun 50 yil, 1980-yillarda 10–15 yil kerak bo‘lgan bo‘lsa, bugun 12-13 oy yetarli bo‘lmoqda.


Yaqin kelajakda bu muddat 2-3 oygacha qisqarishi mumkin. Agar buyuk daholarning avlodlari ekanligimizni esga olsak, bunday sharoitda ham dunyo hamjamiyatida munosib oʻringa ega boʻlishimiz lozim. Bugun oʻquvchilarimizning bilimlari buyuk ajdodlarimiz va zamon talablariga munosibmi?


2022-yili Oʻzbekistonning 202 ta maktabidan 7200 nafar oʻquvchi PISA xalqaro baholash tadqiqotlarida ishtirok etdi. Sinovlarda 81 mamlakatdan 690 ming 15 yoshli oʻquvchi ishtirok etib, singapurlik oʻquvchilar barcha yoʻnalishlarda eng yuqori, Oʻzbekiston oʻquvchilari esa matematik savodxonlikdan 72-oʻrin, oʻqish savod­xonligi va tabiiy-ilmiy fanlar savodxonligidan 80-oʻrinni egallashdi. Bizdan pastda faqat Kambodja turibdi xolos.


Sinovlarda har bir yoʻnalish boʻyicha savodxonlikning 6 ta darajasi ajratilgan boʻlib, 2-darajasi bazaviy, kundalik oddiy masalalarni yechishga moʻljallangan edi. Oʻquvchilarimizning 80 foizi minimal ikkinchi darajaga ham erisha olmagan. Oʻzbekistonlik oʻquvchilarning birortasi biror yoʻnalishdan beshinchi, oltinchi darajaga erisha olmagan. 


Ta’lim yutuqlarini baholash xalqaro assotsiatsiyasi (TEA) matematika va tabiiy fanlar boʻyicha har toʻrt yilda maktab ta’limi sifati(TIMSS – Trends in Mathematics and Sciencs Study)ni oʻrganadi. U 2023-yili oʻtkazilgan oʻrganish natijalarini ma’lum qildi. Oʻrganishdan asosiy maqsad boshlangʻich va asosiy sinf oʻquvchilarining (4 va 8-sinflar) matematika va tabiiy fanlardan olgan bilimlari sifatini solishtirma baholashdan iborat.


Oʻzbekistonlik oʻquvchilar oʻrganilgan yoʻnalishlar­ning birortasidan ham hattoki oʻrta darajaga yetolmadi. Bu Oʻzbekistondagi ta’lim sifatiga yana bir bor baho berdi. Yetakchilar esa Osiyo mamlakatlari – Singapur, Tayvan, Janubiy Koreya, Gonkong va yaponiyalik oʻquvchilardir.


Nega buyuk allomalar avlodlarining koʻrsatkichlari bu qadar yomon? Agar tomirimizda ularning qoni oqayotgan, bolalarimizning intellektual imkoniyatlari yuqori boʻlsa, bilim koʻrsatkichlari nega past? Masalliq zoʻr, lekin taom yomon. Demak, oshpaz g‘oʻr. Natijada buyuk boʻlishi mumkin boʻlgan bolalarimizning asosiy qismi malakasiz mutaxassislar boʻlib qolmoqda.


Oʻqituvchi tayyorlashga katta e’tibor berish ta’lim sifati, kelajak avlod shakllanishida muhim rol oʻynaydi. Singapur, Finlandiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Yaponiya kabi mamlakatlarda oʻqituvchi tayyorlash tizimi sifati va ular hurmatining yuqoriligi oʻquvchilarining xalqaro sinovlarda muvaffaqiyatlarga erishishini ta’minlamoqda.

2022-yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Pedagogik ta’lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalarining faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unda:

•  Ilg‘or xorijiy tajriba asosida ta’lim jarayon­lariga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilsin;

•  Pedagogika yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv dasturlari qayta ko‘rib chiqilsin va ilg‘or pedagogik yondashuv­lar asosida yangilansin − deb koʻrsatilgan.

Ushbu qarordan asosiy maqsad mustaqil fikrlovchi, muammoni hal qila oladigan, amaliyotga tayyor kadrlar tayyorlashdan iborat edi. Qaror ijrosi uchun asosiy mas’ul – O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi. Nazorat qiluvchi organ O‘zbekiston Res­publikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi deb belgilangan.


Prezidentimiz 2025-yil 15-mayda “Maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar”ga bag‘ishlangan selektor yig‘ilishida quyidagilarni ta’kidladi:

•  Muallimlarning yangi metodikalarni o‘zlashtirishi va ta’lim sifatini ta’minlashi qay darajada ekani savol ostida.
•  Ta’limda sifat bo‘lishi uchun, eng avvalo, peda­goglarni tayyorlash va malakasini oshirish tizimi bunga tayyor bo‘lishi kerak.
•  Ishga qabul qilishda diplomga qarab emas, bilim va malakani baholash tizimiga o‘tildi. Bu yangi tizim orqali imtihon qilingan 13 ming nomzoddan 6 mingining bilimi qoniqarsiz bo‘lgani uchun ishga kira olmadi.


Prezidentimiz tomonidan keltirilgan bu asoslar yuqorida ta’kidlangan qarorning ijrosi qoniqarsiz bajarilganini ko‘rsatib turibdi. Belgilangan mas’ullar xizmat vazifalari ijrosini ta’minlay olmaganliklari uchun tegishli “baho” olishlari kerak. Aks holda bu holat Prezidentning keyingi farmonlari va qarorlari ijrosiga ham salbiy ta’sir koʻrsatishi mumkin. Ishga qabul qilinmagan 6 ming nomzodni tayyorlash uchun ketgan mablag‘ besamar sarf­langan. Soliq toʻlovchilarning behuda sarf­langan mablag‘lari esa Hisob palatasi nazorati ostida davlat xazinasiga qaytarilishi lozim. 


Umuman olganda, bilimi qoniqarsiz deb topilgan da’vogarlar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, oliy ta’lim muassasalari rektorlari va mos fanlardan ularga ijobiy baho qo‘ygan professor-o‘qituvchilarni sudga berib to‘lagan mablag‘lari va koʻrgan ma’naviy zarar­larini qoplashni talab qilishlari mumkin. 


M.Lomonosov nomidagi MDUda aspiranturada o‘qib yurgan davrimizda ma’ruza o‘qish uchun kelgan Garvard universiteti professori bilan ta’lim tizimini tashkil etish haqida suhbatlashgan edik. U agar Garvard universiteti bitiruvchisining ish faoliyatida biror fandan bilimi yetarli emasligi ko‘rsatilsa, universitet va unga ijobiy baho qo‘ygan professor-o‘qituvchi sudga berilib, ma’naviy va moddiy zarar qoplatib olinadi, degan edi. Mana, nima uchun Garvard dunyodagi eng ilgʻor oliy ta’lim muassasalaridan biriga aylangan. Yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash uchun xorijiy oliy ta’lim muassasalarining metodlarini qo‘llash yetarli emas, bu metodlar yordamida ta’lim jarayonini tashkil qilish usullarini ham qo‘llashi­miz kerak. Ana shunda ta’lim tizimimiz Finlandiyanikidan kam bo‘lmaydi. Hozircha xorijdan keltirilgan usullar yaxshi ishlamayapti. Chunki ta’lim tizimimiz ularga moslashmagan. Bu usullar ishlashi uchun eng zarur boʻlgan unsur − ta’lim muassasalari mustaqilligi yetishmaydi. Natijada xorijdan keltirilgan eng yaxshi “detal” ham “ta’lim mashinamiz” samaradorligini oshirolmayapti.


Prezidentning “Pedagogik ta’lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassa­salari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini turli tadbirlar bilan bezab haqiqiy holat yashirib kelingan. Prezidentimiz selektorda keltirilgan asoslar bilan uning ijrosiga tegishli bahoni berib “aslini” namoyon qildi. Oqibatda O‘zbekiston Res­publikasi Prezidentining 2025-yil 24-apreldagi “Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonini qabul qilishga ehtiyoj tugʻildi. U: Mamlakatimizda pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yagona yondashuv asosida tubdan takomillashtirish, mazkur yo‘nalishda oliy ta’lim dasturlarini xalqaro tajriba asosida transformatsiya qilish, shuningdek, ta’lim sohasida uzviylik va uzluksizlikni hamda ilm-fan va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.


Bu pedagogika oliy ta’lim muassasalarining mavjud dasturlari zamon talablaridan orqada qolganligi natijasi. Umuman olganda, texnika va texnologiya yoʻna­lishidagi OTMlarda amaliy mashgʻulotlar bazasi ishlab chiqarishdan oʻrtacha oʻn yil oldinda boʻlishi lozim. Pedagogika institutlarida esa pedagoglar 15−20 yildan keyingi texnologiyalar haqida tasavvurga ega boʻlishi va talabalarga shunday texnologiyalarni joriy qilish metodikalarini oʻrgatishlari lozim. Ular esa oʻz navbatida oʻquvchilarda mos izlanish, fikrlash koʻnikmalarini rivojlantira oladi.


Prezidentimiz 30-iyunda yoshlar bilan uchrashuvda “Ta’lim – kelajak sarmoyasi” degan ezgu g‘oya jamiyatimizda katta harakatga aylanmagan. Aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha pedagoglarni ko‘paytirmasak AT, yashil energetika, sun’iy intellekt, yangi materiallar kabi dolzarb sohalarga minglab kadrlarni qayerdan olamiz?”, degan savolni o‘rtaga tashladi. Afsuski, bizda muhtaram Prezidentimiz 15-maydagi selektor yig‘ili­shida ta’kidlaganlaridek, kimyo, biologiya va fizika bo‘yicha muallimlar kam tayyorlanadi. Buning ustiga bu fanlarni o‘qitishning zamonaviy metodlarini yaratish va shu maqsaddagi ilmiy izlanishlarga yetarli e’tibor berilmaydi. 


Zamonaviy texnologiyalar fizika, biologiya, kimyo va informatika fanlari asosida yaratiladi. Dunyodagi eng boy 10 milliarderning 8 nafari shu fanlar vakilidir. Ular­ning eng kambag‘alining shaxsiy boyligi O‘zbekistonning bir yillik yalpi ichki mahsuloti hajmi qiymatidan kam emas. 


Prezidentimiz yoshlar bilan uchrashuvda “Yangi texnologiyalar asrida kim yutadi?” deb savol qo‘ydi va unga “Faqat kreativ fikrlaydigan, zamonaviy bilim va kasblarni egallagan mutaxassislar”, deb javob berdi. Bu kreativ fikrlaydigan mutaxassislarni tayyorlash pedagogik neyrotexnologiyalarni yaratish uchun grantlar ajratilishi, sohadagi ilmiy izlanishlarning olib borilishi va himoyalarini ragʻbatlantirishga koʻrsatma emasmi?


Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi innovatsion loyihalarga grantlar ajratuvchi yagona tashkilot sifatida ilm-fanning istiqbolli yoʻna­lishlarini oldindan koʻra bilishi va aynan shu yoʻnalishlarga zarur boʻlgan mutaxassislarni tayyorlash, ta’lim texnologiyalarini yaratish uchun grantlar ajratishi lozim. O‘zbekistonda ko‘pincha bevosita natijalar uchun grantlar ajratiladi. Lekin daraxt serhosil bo‘lishi uchun uni niholligidan parvarish qilish, tegishli oziqalar berish, zararkunandalardan himoya qilish usullarini ishlab chi­qish va ularni amalda qo‘llaganda yaxshi hosil olish mumkinligi unutib qo‘yiladi. Yurtimiz istiqbolini ta’minlaydigan, zamonaviy texnologiyalarni yaratadigan yuqori eruditsiyali avlodni tarbiyalash uchun maktabgacha ta’lim tashkilotlari(5-6 yosh), boshlang‘ich(7−11 yosh), o‘rta sinflarda(11−15 yosh.) matematika, tabiiy fanlarni o‘qitish jarayonida o‘quvchilarning tasavvurlari va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish bilan yuqori eruditsiyali avlodni tarbiyalash metodlarini yaratish va ularni amaliyotga joriy qilishga mablag‘larni ayamaslik kerak. Bu mablag‘lar tez orada o‘nlab marta ko‘proq foyda keltiradi.


Pedagogika sohasida ilmiy izlanishlar koʻpligi tabiiy hol. Pedagogikadan koʻra veterinariyadan koʻproq boʻlsa ajablanarli boʻlardi. Mamlakatimiz istiqbolini farzandlarimiz bilimi va axloqi belgilaydi. Albatta, ilmiy ishlardan ayrimlari saviyasi pastligi yomon. Buning asosiy sababi dissertatsiyalar himoyasidagi byurokratik toʻsiqlar koʻpligidir. Yaxshi bilim va mahoratga ega izlanuv­chilarning aksariyati aynan shu toʻsiqlardan oʻtishdagi “iztiroblar”dan qochib dissertatsiya himoyasiga chiqmaydi. Shu bilan birga, yetarli bilimga ega boʻlmasa ham moslashuvchanlar mansabga ilinish ishtiyoqida himoya qila oladi. Bu holni tuzatishning yagona yoʻli pedagogika sohasidagi himoyalarga toʻla erkinlik berish, lekin uning amaliyotda qoʻllanganligini qat’iy nazorat qilishdir. Faqat ta’limdagi haqiqiy samaradorlikkina himoyaga yoʻl ochishi lozim.


Kembrij ta’lim tizimi markazida talabani firkrlashga yo‘naltirilgan dialogik ta’lim yotadi. Darsliklardagi ma’lumotlarni yodlashga emas, mavzular mazmunini tushunishga e’tibor qaratiladi. Sinovlar yozma ish, esse, loyihalar ko‘rinishida olinib, ball emas daraja beriladi. Shuningdek, mazkur universitetda Yevropa ittifoqi ta’lim standartlari(ECTS) emas, o‘ziga xos CATS(Credit Accumulate and Transfer Science)dan foydalaniladi. Kredit modul tizimi ham oʻziga xos boʻlib HEMISdan foydalanilmaydi.


Kembrij ta’lim tizimining kuchli tomoni talabalarni mustaqil bilim olishga oʻrgatishdir. Shu maqsadda tyutorlar tizimi joriy qilingan. Tyutor Britaniya ta’lim mode­lida talabalar bilan mustaqil ishlovchi, ularga fanlarni chuqur oʻzlashtirish, fikrlashga oʻrgatuvchi mutaxassis. Oʻzbekistonda ham bu tizim 2021-2022-oʻquv yilidan joriy qilindi. Lekin u bizda qoʻlida pasporti bor, mustaqil fikrlashni oʻrganishi lozim boʻlgan talabalarga tarbiyachi, nazoratchi, davomatni tekshiruvchi, tadbirlarga maj­buriy jalb qiluvchi, aniqrogʻi, rektorlar “yugurdaklari” sifatida joriy qilingan. Buyuk Britaniyada ta’lim tizimiga muvaffaqiyat bilan xizmat qilib kelgan bu tizim – Oʻzbekistonda uning mohiyati tushunilmay, PRchilik bilan joriy qilinishi natijasida, tyutorlar sifatli ta’limga zarar keltiruvchi, talabalar reytingini sun’iy oshirish muammolari bilan shugʻullanuvchilarga aylantirildi. 


Prezidentimiz qayd etgan holatlarning vujudga kelishi asosiy sababi farmon va qarorlarning ijrosini ta’minlash, pedagogika sohasiga aloqasi boʻlmagan mulozimlarga topshirilganligidir. Xalqimizda “Chumchuq soʻysa ham qassob soʻysin” degan maqol bor. Ta’lim va tarbiya eng murakkab ish hisoblanadi. Bejiz “Ketmon chopmoq olmoq-solmoq, oʻroq oʻrmoq bormoq-kelmoq, oh-oh bola boqmoq” deyilmagan. Bizda esa oʻz sohasini qoyillata olmaganlar pedagoglarga aql oʻrgatadi, yoki pedagogika ta’lim muassasalarini boshqaradi. 


Prezidentning “Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ta’lim dasturlarini transformatsiya qilish, pedagoglar tayyorlash tizimining “yuragini” almashtirish vazifasi qoʻyilgan. “Konsilium” tarkibida kimlar bor? Qoʻli koʻksida, koʻzi qayerlargadir qadalgan maddohlar, injenerlar, iqtisodchilar, arxeologlar, sportchilar, ginekologlar, proktologlar, veterinarlar va hokazolar. Lekin “kardiologlar” va “jarrohlar” yoʻq. Farzandiga zarracha mehri boʻlgan ota-ona uning “yuragini koʻchirishni” shunday “konsilium”ga topshirib qoʻyarmikan?! Bunday amaliyot oqibatini bashorat qilish uchun yuksak aql shart emas.


Hatto fikrlash koʻnikmasiga ham ega boʻlmagan mulozimlar qanday qilib “tanqidiy fikrlash” koʻnikmalari, kreativlikni shakllantirish va rivojlantirish metodlarini ta’lim jarayoniga joriy qilishga rahbarlik qiladi? Yana majlisbozlik va soxtakorlikka kuch beriladimi? Bu usullar bilan ta’lim sifatini oshirish mumkin emasligini koʻrdik-ku! Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” hamda “Ta’lim sifatini ta’minlash va ta’lim xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonlari, “Maktab ta’lim tizimida islohotlar samaradorligini yanada oshirish hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar”ga bagʻishlangan videoselektor yig‘ilishidagi koʻrsatmalari, 30-iyun − Yoshlar kunidagi uchrashuvda bildirgan koʻrsatmalari va ezgu tilaklarini amalga oshirish uchun quyidagilarga e’tibor berishni taklif qilamiz:

  Pedagogika oliy ta’lim muassasalari rahbarlari zamonaviy pedagogik texnologiyalar bilan yaxshi tanish boʻlgan pedagogika sohasidagi olimlardan, jamoaning fikri asosida tayinlanishi maqsadga muvofiq.

  Baholash tizimidan oʻtolmagan bitiruvchilar uchun sarflangan mablagʻlarni – institut rahbarlari, ular bilimini ijobiy baholagan professor-oʻqituvchilar maoshidan qaytarish mexanizmini joriy qilish lozim. Bu ins­titutlarda korrupsiyani tugatishning kuchli omili boʻladi.

  Kembrij universiteti ta’lim texnologiyalarini ta’limga oʻzbek xalqining milliy qadriyatlari, xalq ertaklari, urf-odatlari, san’ati va badiiy adabiyoti, madaniy merosi va tarixini singdirish orqali joriy qilish kelajak avlodning yot gʻoyalardan himoya qilinishini ta’minlaydi. Uning natijasi soxtakorlik bilan xoʻjakoʻrsinga oʻtkazilayotgan koʻplab tadbirlardan samaraliroq boʻladi. Buni e’tiborga olib bu sohadagi ilmiy izlanishlarga alohida e’tibor qaratish va grantlar ajratish lozim.

  Zamonaviy texnologiyalarni yaratish va ularning ishlab chiqarishga joriy qilinishini ta’minlash, avlodlarimizning sun’iy intellektli robotlar bilan uygʻunlikda yashash koʻnikmalariga ega boʻlishlari uchun tabiiy fanlar – fizika, biologiya, kimyo, informatika fanlarini oʻqi­tishning ilgʻor metodlarini yaratishga grantlar ajratilishi lozim.

  Pedagogika institutlarida “pedagogika sohasi”dagi dissertatsiyalar himoyasini amalga oshirish uchun “ilmiy kengash”lar ochilishi maqsadga muvofiq.

  Pedagogika institutlarida “tyutorlar” faoliyatini qayta tashkil qilish va uni Kembrij universiteti modeliga moslashtirish lozim.

Muhtaram Prezidentimiz Oʻzbekiston ta’lim tizimini sogʻlomlashtirishga yoʻnaltirilgan(PF-73, PF-76) farmonlarni qabul qildi, ta’limga bagʻishlangan videoselektor yig‘ilishlari oʻtkazdi va yoshlar bilan uchrashuvda ta’lim tizimini takomillashtirish uchun koʻplab koʻrsatmalar berdi. Ularning ijrosini ta’minlash, Prezidentimiz ishonchini oqlab, Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun munosib xizmat qilish uning ijrochilari kelajak avlod qalbida yuksak hurmat bilan saqlanishini ta’minlaydi. Aks holda ularning sun’iy intellektli robotlar xizmatida boʻlishiga sabab boʻlamiz. Buning uchun avlodlarimiz bizni kechirmaydi.

  Abduqahhor G‘ANIYEV,

Shahrisabz davlat pedagogika instituti 

“Tabiiy fanlar” kafedrasi professori,

fizika-matematika fanlari nomzodi,

pedagogika fanlari doktori(DSc)

Maqola muallifi

Abduqahhor G‘ANIYEV

Abduqahhor G‘ANIYEV

Pedagogika fanlari doktori

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta
  • #Maktab
  • #"Ma'rifat" gazetasi

Ulashish