Xalqona iboralarimiz — ma’naviyatimiz mulki

Talqin Xalqona iboralarimiz — ma’naviyatimiz mulki
219


Milliy hamiyat va umuminsoniy qadriyat, milliy o‘zlik idrokining ustuvorligi, milliy g‘urur va iftixor, Vatanga muhabbat va mustaqillik mafkurasiga sadoqat kabi ma’naviy kamolotning o‘zagini tashkil etuvchi tushunchalarni ona tilidan ayro holda tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu bilan birga, taniqli olim G‘aybulloh as-Salom bu masalada: “Oʻzbek tili haqida yozuvchi kishi yozuvchi boʻlishi kerak. Bu bilan til haqida… roman yozilsin, demoqchi emasman. Demoqchimanki,  oʻzbek tili haqida oʻzbek tilida yozish zarur. Toki bizning yozganlarimizni “tarjima” qilishga toʻgʻri kelmasin”, deydi. 

Har bir inson oʻzi mansub boʻlgan tilning egasi sifatida atrofida sodir boʻlayotgan voqea-hodisalarga nisbatan befarq qarab tura olmaydi, muttassil ravish­da ularga oʻz munosabatini bildirib turadi. Ayniqsa, bu narsa buyuk evrilishlar, oʻzgarishlar davrida yashagan insonlarning hayotida yaqqol namoyon boʻladi. Betakror iqtidor egasi Oʻlmas Umarbekovning “Odam boʻlish qiyin” romani yoshlar hayotining ma’naviy-axloqiy muammolari, insonlarning murakkab munosabatlari haqidagi romandir. Adib bunda bolalarning bepoyon orzular olami, yoshlarning lazzatli va ehtirosli muhabbatini vafo, xiyonat, umuman kishilik jamiyatidagi turfa munosabatlarni gʻoyat chuqur va samimiy tasvirlagan.
Maʼlumki, til badiiy asarning asosiy quroli sanaladi. Har qanday fikr soʻzlar orqali roʻyobga chiqariladi.  Asarda qoʻllangan barqaror birikmalar:
“– Aytganing bo‘lsin… – dedi o‘pkasi to‘lib, – omin! Nevaramning umri uzoq bo‘lsin, boshi toshdan bo‘lsin!...”
Bu o‘rinda ijodkor yangi tug‘ilgan chaqaloqni nazarda tutadi va kampir tilidan keltirilgan “boshi toshdan bo‘lsin” barqaror birikmasi uzoq umr ko‘rsin, yomon kun ko‘rmasin degan ma’nolarda qo‘llanilgan. 
“– O‘zida bitta emas – to‘rtta iti bor. Ko‘p bo‘lsa, ko‘z to‘ymas ekan-da”. 
Asarda qo‘llangan bu ibora inson boyligi qancha ko‘p bo‘lsa ham shunchalik to‘ymaydi ma’nosini 
beradi. 
“Front uni shunday qilib qo‘ydimi yo bola-chaqa tashvishi ko‘payib quyilib qoldimi, har holda, u juda mo‘min-qobil bo‘lib qoldi”. 
Quyilib qolmoq iborasi bu yerda ijobiy tomonga o‘zgargan va oila tashvishiga berilgan yoki turmushdagi xatolaridan xulosa chiqarib, insofga kirib qolgan insonga nisbatan aytilayapti. 
“– Mana bu ishlaring chakki bo‘pti, – dedi u hamma narsaga tushunib. – Ko‘r odam hassasiz yurolmaydi. Bu burgut ham ko‘r, ham qari”. 
Bu o‘rinda keltirilgan Ko‘r odam hassasiz yurolmaydi barqaror birikmasi xuddiki, o‘zbek xalq maqollarida keltirilgan Ko‘r ham hassasini bir marta yo‘qotadi maqoliga o‘xshab ketadi. Ammo bu o‘rinda ko‘rdan hassasini olib qo‘yilsa, yurolmasligi nazarda tutilayapti. Maqolda esa, ehtiyotsizlik nazarda tutilgan. 
“Abdulla bu gapdan ensasi qotib, o‘zini chetga olmoqchi bo‘ldi, lekin Qosimjon uni qo‘lidan mahkam ushlaganicha, dasturxonning to‘riga tortdi”. 

Ensa qotirmoq birikmasi nutq jarayoniga qadar ham tayyor holda barqaror birikma sifatida mavjud va mazmunan bazo‘r, o‘zini majburlab, g‘ashi kelib so‘zlari ifodalagan ma’noga teng keladi. “Gulchehra boshini ko‘tardi, ikkala qo‘lini Abdullaning yelkalariga tashladi-da, tovusdek suzib ketdi”. O‘zbek tilimizda tovusdek suzib ketmoq – yengil harakatlar bilan yurmoq degan ma’noni beradi. Aslida tovus ham qush, u ham suzmaydi. Ammo tovusning husni-tarovati Gulchehraning harakatlari­ga qiyoslangan. Bu o‘rinda ijodkor mazkur iborani mahorat bilan qo‘llab, asar ta’sirchanligini oshiradi va o‘quvchi benihoya raqsga sho‘ng‘ib ketadi, go‘yoki qahramonlardan birining o‘rnida o‘zini tasavvur qila boshlaydi. Bu esa ijodkorning badiiy mahoratiga yana bir dalildir. “Mingbuloq osuda tun qo‘ynida orom olar edi”.

Mingbuloq – bu qishloq nomi. Osuda tun qo‘ynida qishloqning orom olishi ham bir lirik o‘xshatishdir. Ijodkor bu o‘rinda asar sujetini chizar ekan, aynan ekin ekilaverib, xuddi tolib qolgan yerlar, shamollarda halak bo‘lgan tol-teraklar, kuni bilan shovullab oqib, go‘yo tunda sokin bo‘lib qolgan anhor, uzoqlardan bitta-yarimta itlarning hurishi – bular aynan osuda tun qo‘yniga sho‘ng‘igan qishloq manzarasini ko‘z oldi­mizda gavdalantiradi. Mingbuloq osuda tun qo‘ynida orom olar edi, degan fikrning o‘ziyoq bizni o‘sha chigirtkalar chirillab turgan, teraklar bargi sekin shivirlab bir nimalar so‘zlayotgan, anhorlari sokin oqqan Mingbuloqqa olib kiradi. Yangi yetilgan kungaboqardek sarg‘ayib turgan oyning nim rang shu’lalaridan olmazor hisobsiz kumush isirg‘a taqqan edi. Bu o‘rinda esa ijodkor olmazorga olma daraxtlari barglari ora-orasidan tushayotgan oyning nurini kumush sirg‘a taqqanga qiyoslaydi.  U Abdullaga qaradi, uning ko‘zlari yonar edi.  Bu yerda qizning otashin nigohi yigitga tushgani tasvirlanadi, ko‘zlari quvonchdanmi, muhabbatdanmi yoki uyatdanmi porlab turar ekan, adib shu o‘rinda unga ko‘zlari yonar edi deya ta’rif berib o‘tadi. Aksincha, tepadan turib, u bilan birgalikda dimog‘ini qitiqlagan yalpizni axtara boshladi. Dimog‘ini qitiqlamoq bu o‘rinda yalpizning hidi uning dimog‘iga xush yoqqanini bildiradi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, u yalpizni hididan topib olishga muyassar bo‘ladi. Shu paytgacha hech kim uning istagini anglab, ko‘nglini olmagan edi.
 
Adib voqealar rivojida aynan mana shunday iboralarni qo‘llar ekan, kitobxonni qiziqarli sarguzashtlar kutayotganiga ishora beradi va shu o‘rinda ko‘ngilni olmoqni o‘z vaqtida va o‘z o‘rnida juda to‘g‘ri qo‘llaydi. 
O‘sha paytda Gulchehraning xayollari g‘amgin, kelajagi qorong‘u xayollar edi. 
Ayni damda o‘quvchida savol tug‘ilishi mumkin: xayollarning ham kelajagi bo‘ladimi? Adib bir ijod kishisi sifatida bu o‘rinda so‘zni shu qadar mohirlik bilan qo‘llaydiki, natijada qizning o‘y surishlaridagi dardni va umidsizlikni yaqqol tasvirlaydi. 

Ammo ular qancha o‘ylashmasin, aniq bir fikr yiltillab ko‘rinmas, kelajak go‘zal bo‘lsa ham, tundek qorong‘u edi. 
Fikr bu ko‘rinadigan narsa yoki buyum emas, uni faqat o‘ylash, so‘zlash yoki his qilish mumkin. Fikr­ning yiltillab ko‘rinishi deganda bu yerda asar qahramonlarining miyasiga kelgan fikri tushuniladi, kelajakning go‘zal bo‘lish ham, tundek qorong‘u bo‘lishi ham o‘z navbatida mavhumdir. Chunki kelajak – bu ertangi kunlar, u kunlar qanday go‘zal yoki qanday qorong‘u bo‘lishi mumkin? Demak, adib bu so‘zlar bilan kelajak yoki ajoyib kunlardan iborat bo‘ladi, ammo bu hali aniq emas, ya’ni qorong‘u deydi. 

Zavod ayaga og‘ir, yetti o‘lchab, bir kesadigan G‘afurjon aka yoqib qoldi. Badiiy asarni boyitish va o‘quvchini imkon qadar sarguzashtlarga boshlash, uni qiziqtirish, o‘ylantirish uchun albatta ijodkor unga har tomonlama bezak beradi va maqol, ibratli so‘zlar, iboralar bilan boyitadi. Yetti o‘lchab, bir kesadigan birikmasi ham aynan o‘zbek xalq maqollaridan kelib chiqib asarga singdirilgan. Ya’ni Yetti o‘lchab, bir kes,  deydi dono xalqimiz. – E, aya, – derdi shunda G‘afurjon aka. – yaxshi bisotdan yaxshi ot qolgani yaxshi. Qozon qaynab turibdimi, shuning o‘zi katta davlat.  Aynan mana shu joyda ham adib o‘zbek xalq maqollariga murojaat qilgan.  Yaxshidan bog‘ qoladi, degan maqol bor xalqimizda. 

– Agar, – derdi G‘afurjon aka ertakni aytib bo‘lib, – fir’avnning hunari bo‘lmaganda, shu gilamni bir kechada to‘qimaganda sog‘ qolmasdi. Hunarsiz odamning hassasiz ko‘rdan farqi yo‘q. Albatta, bu o‘rinda ham maqollarga murojaat qilsak, “Hunarli
kishi xor bo‘lmas”, “Hunar, hunardan unar” va hokazo maqollarni qo‘llash mumkin asarda. 
– Ko‘rdingmi, o‘g‘lim, yaxshilik qilsang yaxshilik qaytadi jumlasida ko‘rdingmi, o‘g‘lim birikmasi tarkibidagi so‘zlar o‘zaro erkin bog‘langan bo‘lsa, undan keyingi so‘zlar so‘zlovchining nutqiga qadar xalqimiz tomonidan yaratilgan, tilimizda tayyor holda so‘zlarning xuddi shunday tarkibini doimiy saqlagan holda mavjuddir.
– Jon-dilim bilan berdim, eskicha aytganda: suya­gi bizniki, eti sizniki. Bu jarayonda ham adib fikrini bayon qilish uchun so‘zlar yordamidagina emas, balki bir necha so‘zlarning barqaror bog‘lanishidan hosil bo‘lgan birikmalardan ham foydalanadi. Va shu o‘rinda aslida tilimizda mavjud bo‘lgan suyagi bizniki, eti sizniki birikmasi so‘zlovchi tomonidan nutqqa tayyor holda olib kiritilgan. 

Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, bugunga qadar yozilgan badiiy qimmatga ega bo‘lgan asarlarda barqaror birliklar keng va xalqona uslubda kiritib kelingan. Xalq maqollari, ibratli so‘zlar va iboralar asarga singdirib yuborilgan va bu bilan kitobxonning milliy urf-odatlarimizga va o‘zbekchiligimizga bo‘lgan hurmati, e’tiborini oshirgan. Asrlar davomida sayqallanib kelayotgan o‘zbek tilimizdagi go‘zal iboralar,  ibratli so‘z va maqollar o‘zbek adabiyotini hamisha boyitib yashayveradi. 

Dilobar JO‘RAEVA, 
Respublika Ma’naviyat va 
ma’rifat markazi Olot tuman 
bo‘linmasi bosh mutaxassisi

Maqola muallifi

Dilobar JO'RAYEVA

Dilobar JO'RAYEVA

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ona tili
  • #Jarima
  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Maktab

Ulashish