XATARLI GIRDOB

Keksalar: “Dunyo har yuz yilda bir yangilanib turadi”, deyishardi. Haqiqatan ham, XXI asr boshlanishi bilan, aytish mumkinki, inqilobiy voqealar yuz bera boshladi. Ko‘p anʼanalar, tushunchalar va qadriyatlar ostin-ustin bo‘lib ketdi. Oradan parda ko‘tarilib, jamiyat, odamlarning asl qiyofasi namoyon bo‘la boshladi. Yaqinda Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin shu paytgacha pinhon saqlab kelingan bir sirni beixtiyor oshkor qilib qo‘ydi. U navbatdagi chiqishlaridan birida: “Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi ziddiyatlar asosida ayrimlar o‘ylaganidek “SSSR mafkurasi” emas, balki geosiyosat yotadi”, deya ochiq tan oldi. Uning aytishicha, “SSSRning parchalanib ketishi – XXI asrning eng katta geosiyosiy halokati”. Ana shu nuqtada o‘tgan asr oxirida mustaqillikka erishgan sobiq ittifoqdosh respublikalar bilan rus dunyosi orasida chuqur ziddiyat jarligi paydo qilindi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring: ozod bo‘lgan 14 ta yangi mustaqil davlatlarda Istiqlol bayrami keng nishonlanadigan sanalar Moskva uchun qayg‘uli motam kunlari deya qabul qilindi. Keyingi yillarda sobiq markaz bilan yangi mustaqil davlatlar o‘rtasida vujudga kelayotgan har turli mojarolarning sababi ana shu tub omilga borib taqalmoqda. Endi Putinning “SSSR mafkurasi” haqidagi safsatasi ustida to‘xtaladigan bo‘lsak, u o‘z vaqtida insoniyat ongi va ruhiga g‘oyat chuqur taʼsir o‘tkazgan ideologiya edi. Bundan bir necha ming yillar oldin qadimiy Falastin tuprog‘ida nish urib, unib chiqqan yesseylarning odil va farovon jamiyat haqidagi xayoliy orzularini o‘ziga bayroq qilib olgan markschi bolsheviklar populistik tashabbuslari bilan adolat izlagan insonlarning ong-shuuriga kirib bordilar. Dastlab siyosiy havaskorlik darajasida bo‘lgan marksistik to‘garaklar keyinchalik to‘laqonli siyosiy firqaga aylandi. Rossiyada paydo bo‘lgan sotsial-demokratik ishchi partiyasi xalq, ayniqsa, yoshlar orasida tez ommalashib yirik siyosiy kuchga aylandi. Bundan foydalangan Rossiya imperiyasining tashqi raqiblari sotsialistlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, oxir-oqibat podshoh hokimiyatini ag‘darib dunyodagi yirik bir saltanatning tagiga suv quydilar. Yangi inqilobiy populistik g‘oyalar bilan qurollangan rus jamiyati qo‘shni xalqlarni atrofida birlashtirib, yangi, hali dunyo tarixida misoli ko‘rilmagan kommunistik manzillar tomon harakatlana boshladi. Uning kelajakda qanaqa oqibatlarga olib kelishidan qatʼi nazar, million, balki milliardlab kishilar markschilarga ergashdi, ularning utopik g‘oyalariga ishondi. Sovet ittifoqi deya nomlangan yirik qudratli davlat qurildi, baynalmilal mafkura taʼsirida ulg‘aygan yoshlar uni gitlerchi fashistlar bosqinidan himoya qildi. Ilm-fanni chanqoqlik bilan o‘rgangan yangi avlod dunyoda birinchi bo‘lib insonni koinotga olib chiqdi. Qaysidir maʼnoda, vaʼda qilingan adolat, tenglik va farovonlik tamoyillari ham qisman qaror topdi. Afsuski, sho‘ro hokimiyatining oxirgi davrlarida jahon jamiyatlarini azal-azaldan buzib kelgan korrupsiya, millatchilik, munofiqlik, mahalliychilik, xudbinlik illatlari sovet davlatining tayanch asoslarini ham qurtdek kemira boshladi. Oqibat shu bo‘ldiki, bir paytlar bo‘sh joyda buyuk bir davlat barpo etgan siyosiy kuch – kommunistik partiya XX asr oxirlariga kelib, mo‘rt bir byurokratik apparatga aylanib qoldi. Buni shundan bilib olish mumkinki, sho‘ro mamlakati tanazzulga yuz tutgan kunlarda birorta ham partiya amaldori yoki aʼzosi uni qutqarib qolishni o‘ylamadi. Aksincha, sovet davrida yaratilgan moddiy boyliklarni talon-toroj qilish avj oldi. Sho‘ro davlatining taniqli arboblari va amaldorlari keyinchalik yangi jamiyatning millionerlariga aylanishdi. Shu o‘rinda adolat yuzasidan aytib o‘tish kerakki, “SSSR mafkurasi” o‘z davrida g‘arb dunyosiga jiddiy raqobatchi bo‘lib chiqib, uni cho‘chitib qo‘yganligi ayni haqiqat. Inqilob samaralarini keyinchalik Putinga o‘xshagan tullak siyosatchilar o‘ziga xos geosiyosiy qurolga aylantirishdi, xolos. Agar biz buni tan olmasak, o‘tmish ajdodlarimiz ruhiga tuhmat va xiyonat qilgan bo‘lamiz.
NIQOBLAR OLIB TASHLANGANDA
Shu o‘rinda bir nozik masala ustida o‘z fikrimni bildirib o‘tmoqchiman. Keyingi yillarda o‘tmishda yashab o‘tgan ayrim siyosiy arboblar, ziyolilar va ijodkorlarga baho berilganda, ularni beixtiyor ravishda ikkiyuzlamachi qilib ko‘rsatish holatlari avj olmoqda. Go‘yo ular istiqlolchi insonlar bo‘lganlar-u, zamona zayliga qarab ish tutishgan degan qarashlar mavjud. To‘g‘ri, ular orasida chinakam milliyatchi, mustaqillik tarafdorlari son mingta, balki bundan ham ziyod bo‘lishi mumkin. Ammo hurfikrlilar o‘z vaqtida hukmron mafkura tarafdorlarining g‘azabiga uchrab qattiq qatag‘on qilingan va ko‘plari bu dunyodan bevaqt ko‘z yumib ketishgan. Biroq biz ularning tirik qolgan safdoshlarini munofiqlikda ayblab baho berishimiz mutlaqo noto‘g‘ri. Ular kim bo‘lishlaridan qatʼi nazar, o‘z davrining farzandi edilar va o‘sha utopik mafkuraga sidqidildan samimiy xizmat qildilar. Axir, hali u paytda laʼnati Gitlerning geosiyosiy qarashlari va Gebbelsning ommaviy tashviqot haqidagi taʼlimoti endi-endi paydo bo‘lib, yuz ko‘rsatayotgan edi-da. Ushbu nazariyalarni bugungi kunda Gitlerning shogirdlari qayta ishlab chiqib, zamonaga moslab talqin qilmoqdalar. Putin iborasi bilan aytganda: “Gitler o‘lib ketgan bo‘lsa ham, uning ishi yashamoqda”. Bu esa dunyo hamjamiyatini yana qonli urush girdobiga tortmoqda. Katta yoshli avlod vakillari Yulian Semyonovning “G‘alaba” romanidagi voqealarni yaxshi eslasalar kerak. Unda Ikkinchi jahon urushidan keyin boshlanib ketgan diplomatik janglar haqida gap boradi. Dunyoni qayta taqsimlash ustida ketgan dahanaki bahslar urushdan keyin ham juda uzoq muddat cho‘zildi va tortishuvlar SSSR parchalanib ketgach, o‘z nihoyasiga yetgandek bo‘ldi. Ammo XXI asr boshlanishi bilan bahstalab eski muammolar yana qalqib chiqdi. Endi dunyo taqsimotiga uchinchi bir tomon ham jiddiy qo‘shildi. G‘arb texnologiyalari va ko‘magi bilan oyoqqa mustahkam turib olgan xitoylik o‘rtoqlar ham o‘z ulushlarini talab qila boshladilar. Biroq ular bu borada Gitler, Stalin va Putinga o‘xshab harbiy yo‘l bilan emas, balki yumshoq, iqtisodiy usullar bilan dunyoni zabt etishga kirishdilar. Hindiston, Braziliya, Eron, Turkiya singari yirik davlatlar hozircha vazminlik saqlab turgan bo‘lsalar-da, ertami-kechmi ular ham dunyo sahnasiga o‘z rollari bilan chiqishlari shubhasiz. Chunki buyuklik kasali o‘ta yuqumli va tez tarqaladigan illatdir. Buni biz dunyoda bugun kechayotgan voqealar misolida yaqqol ko‘rib turibmiz. Hozir yadro-raketa quroliga ega bo‘lgan davlatlar jahon miqyosida oqsoqollik qilishmoqda yoki shunga urinishmoqda. Vladimir Putin atom quroli bilan g‘arb dunyosini qo‘rqitib turgan bo‘lsa, Donald Tramp harbiy qudrati bilan butun dunyoga dahshat solmoqda. Endi maqolamiz boshidagi Putinning geosiyosat haqidagi gaplariga kelsak, haqiqatan ham kommunistik arboblar yo‘qsillarni dunyo inqilobi haqidagi safsata bilan chalg‘itib, o‘zlari imperialistik katta siyosat bilan mashg‘ul bo‘lganlari ayon bo‘lib qoladi. Masalan, kommunistik dunyoning avangardi bo‘lmish SSSR qo‘shinlari 1939-yili gitlerchilar Germaniyasi bilan maxfiy tuzilgan Molotov-Ribbentrop shartnomasi asosida G‘arbiy Belorussiya, G‘arbiy Ukraina, Latviya, Litva, Estoniya, Bessarabiya, Shimoliy Bukovina hamda Kareliyani bosib olishdi. Ushbu siyosat Ikkinchi jahon urushidan keyin ham davom ettirilib, Sharqiy Yevropadagi mustaqil davlatlar SSSRga qaram xalq – demokratik respublikalarga aylantirildi. Milliarddan ortiq aholiga ega bo‘lgan sharqiy yarimshardagi mamlakatlar sotsialistik dunyo deya eʼlon qilindi. Biroq o‘tgan asrning 60-yillarida paydo bo‘lgan ziddiyatlar oqibatida sotsialistik lagerda bo‘linish yuz berdi va Xitoy Xalq Respublikasi, Albaniya, Ruminiya hamda Yugoslaviya Moskvadan asta-sekin uzoqlasha boshladi. Bu, aslida, SSSRning tanazzulini boshlab bergan ahamiyatli voqealar edi. 1948-yili Sharqiy Germaniyada, 1956-yili Vengriyada, 1968-yili Chexoslovakiyada, 1980-yillarda Polshada sodir bo‘lgan xalq isyonlarining qurol kuchi bilan bostirilishi ham ushbu inqirozning oldini ololmadi. Oxir-oqibat, 1991-yili yarim dunyoga oqsoqollik qilib turgan sho‘ro imperiyasi kartondan yasalgan uychadek qulab tushdi.
“O‘TKIR KO‘ZLI BURGUT”NING PARVOZI
Biz yuqorida qalamga olgan noxush jarayonlar faqat birgina rus saltanatida emas, balki, dunyoning boshqa chekkalarida ham kuzatilmoqda. Bugun buyuklik kasaliga yo‘liqqan barcha davlatlar o‘z mintaqalarida mutlaq gegemonlik daʼvosi bilan chiqishmoqda. AQSH bilan Xitoy Tinch okeani havzasida kim xo‘jayin ekanligi borasida tortishayotgan bo‘lsa, Isroil bilan Eron Yaqin Sharqda, Rossiya bilan Yevropa esa Shimoliy yarim sharda kim ustun ekanligi ustida ham iqtisodiy, ham harbiy raqobatga kirishmoqda. Dunyo oqsoqoli – Amerika Qo‘shma Shtatlari esa buyuklik iddaosi bilan bosh ko‘tarib chiqayotgan yangi yirik mamlakatlarning piligini pasaytirish bilan ovora. “Amerikani qaytadan eng buyuk qilaman”, deb o‘z oldiga katta maqsad qo‘ygan prezident Donald Tramp ajabtovur qiliqlari bilan dunyoga dag‘dag‘a qilmoqda. U bu bilan xuddi Putin Pyotr birinchi va Yekaterina ikkinchiga taqlid qilayotganidek, Avram Linkoln, Jorj Vashington kabi buyuk Amerika asoschilarining shon-shuhratiga havas qilmoqda. Shu o‘rinda bir narsani eʼtibordan soqit qilmaslik kerakki, AQSH otaxonlari o‘z faoliyatlarini inson erki, ozodligi va huquqlari himoyasiga qaratgan va bu bilan xalq orasida katta obro‘ qozongan edilar. Tramp esa hokimiyat tepasiga kelishi bilanoq faoliyatini Amerikada demokratiyani cheklash bilan boshladi.
Tarixdan maʼlumki, Buyuk Pyotr va Yekaterinaxonim aqlli siyosatchilar bo‘lib, Rossiyani qoloqlik botqog‘idan olib chiqish uchun g‘arb dunyosi bilan keng hamkorlikka kirishib, “Yevropaga darcha” ochgandilar. Putin esa bugun o‘tmishdoshlari ochgan darchani yopib, batamom mixlab tashladi. Shu maʼnoda, Putin ham, Tramp ham hech qachon o‘z orzulariga erisha olmaydilar. Chunki ularning biri o‘ta makkor va dog‘uli siyosatchi bo‘lsa, ikkinchisi o‘zini juda yaxshi ko‘radigan xudbin bir nusxadir. Ammo ularni bir-biriga bog‘lab turadigan bitta umumiy xususiyat mavjud: ikkalasida ham rahm va shafqat, oddiy insoniy hamdardlik hissiyotlari yo‘q darajada. Tramp ham, Putin ham o‘zlarining tor xudbinlik manfaatlari yo‘lida millionlab nochor, begunoh insonlarning yostig‘ini quritishdan tap tortmaydigan kimsalardir. Balki shuning uchun ham ular tez til topishib, apoq-chapoq bo‘lgandirlar?! Tarixning qaltis hazili shundaki, ularning hokimiyat tepasiga chiqib, hukmfarmolik qilishlariga oddiy odamlarning o‘zlari sababchi bo‘ldilar. Nega desangiz, Amerikada ham, Rossiyada ham rahbarlar siyosatini qo‘llab-quvvatlovchi millionlab saylovchi muxlislari mavjud. Ana shu o‘rinda demokratiyaning eng katta nuqsoni ko‘zga tashlanib qoladi. Bunday holatlar dunyo tarixida avval ham ko‘p marta kuzatilgan. Masalan, Adolf Gitler hokimiyat tepasiga batamom demokratik yo‘l bilan chiqib olganligi tarixdan yaxshi maʼlum. Biroq ulug‘ siyosatchi Uinston Cherchill iborasi bilan aytganda: “Demokratiya bo‘lmag‘ur boshqaruv usuli, ammo insoniyat hali undan yaxshirog‘ini o‘ylab topganicha yo‘q”. Aytaylik, demokratiya barcha qusur va kamchiliklariga qaramasdan, jamiyatda raqobat hamda saylov yo‘li bilan saralash funksiyasini benuqson bajaradi. Shu asosda jamiyat o‘sadi va rivojlanadi. Bundoq qaraganda, avtokratik usul ham yomonga o‘xshamaydi, ammo unda biz yuqorida tilga olgan saralash mexanizmi mavjud emas. Avtokratik tizim ko‘proq korrupsiya, shaxsiy sadoqat, mahalliychilik, oshna-og‘aynigarchilik va qarindosh-urug‘chilik tamoyillari asosida ishlaydi. Bu esa vaqt o‘tishi bilan jamiyatni muqarrar qoloqlik va tanazzul girdobi sari torta boradi. Biz bugun ana shu noxush jarayonga guvoh bo‘lib turibmiz.
Odamlarga turli ajabtovur nom qo‘yishga ustasi farang amerikalik hindular Trampga istehzo bilan “O‘tkir ko‘zli burgut” deb laqab qo‘yishibdi. Endi dunyoning keyingi taqdiri “Otkir ko‘zli burgut” bilan “Ikki boshli quzg‘un”ning jangi natijasiga bog‘liq ko‘rinadi.
Xudoyberdi KOMILOV,
siyosiy sharhlovchi
Shu kecha va kunduzda
STRESS ASRIDA O‘SIB KELAYOTGAN AVLOD: bolalar, axborot va mental bosim
“Prezident sovg‘alari” karvoni
XATARLI GIRDOB
Ilgʻor pedagoglar hamda iqtidorli oʻquvchilarga dam olish maskanlariga bepul yoʻllanma beriladi
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank