XXI asr kasalligi

Bugunning gapi XXI asr kasalligi
48



Bugun “stressdaman” deydiganlar ko‘payib qoldi. Ishdagi muammo, oiladagi tashvish, pul yetishmasligi yoki shunchaki kundalik hayotdagi mayda gaplar odamni siqib qo‘yadi. Lekin stressni oddiy charchoq deb qarash noto‘g‘ri – u salomatlikka jiddiy zarar yetkazishi mumkin.


Stress nafaqat psixologik jihatdan, balki jismoniy salomatlik va shaxsning ijtimoiy­lashuviga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Stressning ruhiy salomatlikka ta’siri turlicha: odamni asabiy, jahldor va tez ranjiydigan qilib qo‘yadi. Uyqusizlik kuchayadi, diqqatni jamlash qiyinlashadi, xotira susaya boshlaydi va surunkali stress depressiyaga ham sabab bo‘ladi. Natijada odam o‘zini charchagan, hayotdan zerikkan his qiladi. Ijtimoiy munosabatlarga ham o‘z ta’sirini ko‘rsa­tib, insonlararo munosabat­larida keskinlik paydo bo‘ladi, yaqinlar bilan janjal ko‘payadi. Ish joyida samaradorlik pasa­yadi, jamoada nizolar ortadi. Shaxs o‘z qobig‘iga asta-sekin o‘ralib boradi va jamiyatga qo‘shi­lishdan bosh tortadi. 


Stressning yana bir salbiy jihati – jismoniy salomatlikka ta’siridir.  Stress organizmda kortizol va adrenalin kabi gormonlarning haddan tashqari ko‘payishiga olib keladi. Bu vaqtda yurak tez uradi, qon bosimi ko‘tariladi. Immunitet susayadi, tez-tez shamol­lash, bosh, bel og‘rig‘i, oshqozon bezovtaligi ham ko‘payadi. Agar uzoq davom etsa, yurak kasalliklari, qandli diabet va hatto saraton kabi og‘ir xastaliklarning rivojlanishida ham muhim omil hisoblanadi. Shuning uchun stressni “ko‘rinmas dushman” deb atashadi. Hozirgi kunga kelib jahon psixo­loglari tomonidan stressni kamaytirishning bir qancha yo‘llari ishlab chiqilgan: 


Stressni butunlay yo‘qotish qiyin, lekin uni kamaytirish mumkin:

1. Sport va jismoniy faollik – yugurish, yoga mashq­lari, suzish yoki oddiy piyoda yurish
stress gormonlarini kamaytiradi. Toza havoga chiqing, tabiat bag‘rida sayr qiling.
2. To‘g‘ri ovqatlanish – meva-sabzavotlarga boy, vitaminli va balanslangan taomlar iste’mol qilish kerak.
3. Uyqu gigiyenasi – yetarli uyqu (7-8 soat) asab tizimining tiklanishi uchun zarur.
4. Dam olish va hordiq chiqarish – kitob o‘qish, sevim­li mashg‘ulot bilan shug‘ul­-
lanish, sayohat qilish ruhiy sokinlik beradi.
5. Ijobiy fikrlash va meditatsiya – nafas mashqlari, ijobiy fikrlar stressni yengishga yordam beradi.


Stress hayotimizning bir qismi, undan qochishning iloji yo‘q. Ammo uni nazorat qilish, sog‘lom turmush tarziga amal qilish orqali ruhiy va jismoniy salomatlikni asrab qolish mumkin. Eng muhimi, o‘zi­ngizni qiynab qo‘ymang, imkon boricha xotirjam yashashga harakat qiling.

Nozima G‘IYOSOVA,

ToshDO‘TAU psixologi


Maqola muallifi

O‘qituvchi

O‘qituvchi

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish