BOLAMNI BAG‘RINGIZGA BOSIB O‘QITING!

Siz nima deysiz? BOLAMNI BAG‘RINGIZGA BOSIB O‘QITING!
44


Ba’zan ota-onalar farzandiga dars berayotgan o‘qituvchining bilimsizligi, tajribasizligidan shikoyat qilishadi. O‘qituvchilar esa ahyon-ahyonda o‘quvchilarining intilishi, ota-onalarning farzandi kelajagi, o‘qishiga beparvoligidan nolishadi. Aslida-chi? Qars ikki qo‘ldan...


Aslida bolaning yomoni, ota-onalar­ning o‘g‘il-qizlari taqdiriga befarqlari bo‘lmaydi. O‘qituvchining malakasizligi, maktab jamoasi bilan ota-onalar o‘rtasida bog‘liqlikning yo‘qligi farzandlari­mizning ilmsizlik, harakatsizlik, bepar­volik bot­qog‘iga botishiga sabab bo‘l­moqda. Maq­sadimiz ta’lim sohasida yuqori natijalarga erishish ekan, avvalo, o‘qituvchilarni bilimli, tajribali, odob-axloqli qilishimiz shart. Bilim yoki ilm dega­nimiz faqat kitob-daftardagilardan iborat emas. U ustoz-muallimlarning izlanishlari, intilishlari, ichki madaniyati, mahorati-yu tajribasi, qolaversa, qadr-qimmatini ham o‘z ichiga oladi. O‘qituvchi maktabga ilk bor qadam qo‘ygan bola uchun dastlab har qanday savolga javob topa oladigan zukko olim, hech kim chiqolmaydigan va qo‘l yetmas baland cho‘qqi bo‘lib ko‘rinadi. O‘z o‘rnida qaysi maktabda xuddi shunday o‘qituvchilar ko‘p bo‘lsa, bu dargohda no‘noq, dangasa o‘quvchilar soni kundan kunga kamayib boraveradi. Puxta bilim olish uchun qulay muhit shakllanadi. Tabiiyki,  ota-onalarning shuurida ham maktabga nisbatan jiddiy munosabat yuzaga keladi. O‘qituvchini ko‘rsa, albatta, farzandining bilimi, intilishi, qiziqishlari haqida so‘raydi. Alaloqibat bolaning o‘qishi, fe’li yaxshi tomonga o‘zgarmasdan qolmaydi. Bunday ta’lim-tarbiyaning qud­rati oldida hamma narsa chekinadi.


Ayni pallada maktablarimizda shunday muhit hukmronki, ba’zan bola o‘qituv­chidan cho‘chiydi. Nima uchun? Chunki ta’lim tizimida o‘quvchining bilimini baholash mezoni bor. Darsda ikki baho olgan bola baribir uyaladi, qizarib-bo‘zaradi. No‘noq ekanligidan qalbi ozorlanadi.


Buning ustiga o‘zlashtirishga qiynalayotgan o‘quvchilarni gohida o‘qituvchilar keragidan ortiq kamsitib yuborishadi. Endigina xat-savodini chiqara bosh­lagan go‘dakning qalbi shunchalar beg‘ubor bo‘ladiki, u muallimining dakkisi, sinfdoshlarining kamsitishidan ho‘ngrab yig‘lab yuborishi ham ehtimoldan xoli emas. Tezroq oldi olinmasa yig‘i, uyat asta-sekinlik bilan tortinchoqlik, qo‘rquv va oxiri ko‘nikmaga aylanadi. Tabiiyki, ko‘nikkan bolaning beti “qattiqlashadi”. Maktabga borishni istamay qoladi. Sinfdoshlari va o‘qituvchisi oldida bilganini ham aytib berishga jur’at topolmaydi. Oqibatda tuzukkina o‘g‘il-qizlarimiz o‘zini, o‘zligini yo‘qotib qo‘yadi. Ruhan sinadi. O‘nglanishi juda qiyin kechadi. 


Xo‘sh, maktab va bola o‘rtasidagi bunday nomutanosib muhitdan qutulishning yo‘li bormi? Bor, albatta. Buning uchun har bir maktab, sinfda psixologlar­ning ishini talab darajasida yo‘lga qo‘yish kerak. O‘qituvchi zarur payti maktab psixo­logi oldida hisobdor bo‘lishi lozim. Shu­ningdek,  psixologlarimiz maktab jamoasi va ota-onalarga yiliga besh-olti marta qilgan va qilolmagan ishlari haqida ma’lumot berishga majbur bo‘lsa maktab muhiti yaxshilanib boraveradi. Yaxshi maktabdan bilimi, saviyasi durust o‘quvchilar chiqadi. O‘qituvchining hurmat-obro‘si ham ortib ketaverishi shubhasiz. Maqsadimiz kelajak avlodga mukammal ta’lim-tarbiya berish ekan, avvalo maktab muhiti bilan oilalar muhitini yaqinlashtirishga erishishimiz lozim. Buning uchun maktab ma’muriyati va sinf rahbarlari hech bo‘lmaganda oyiga bir-ikki marta onlayn bo‘lsa ham ota-ona­lar bilan muloqotga kirishishi, fikr-mulohazalarini o‘rtoqlashishi muhim. Mana shunday ochiq muloqotga erishish o‘quvchi, o‘qituvchi, maktab va ota-onalar o‘rtasida shaffoflikni ta’minlaydi.


Darvoqe, o‘qituvchilarning darsdan tashqari paytlari o‘quvchilar yonida ko‘proq bo‘lishi va hayotiy mavzularda tez-tez muloqot qilib turishi ham bola bilan muallim orasidagi katta bo‘shliqni to‘l­dirishga, o‘rtadagi masofa qisqarishiga xiz­mat qiladi. O‘quvchi bilan o‘qituvchi­ning qalban yaqinlashuvi o‘rtada mehr-oqibat, hurmat, do‘stlik va ishonch rishtalarini paydo qiladi. Natijada bola ruhiyatidagi begonalik yoki tortinish, qo‘rqish hissi butunlay yo‘qoladi. Onasi bag‘riga bosib ulg‘aytirgan bolaga o‘qituvchi ham bag‘rini ochishi, ota-onasidan ko‘proq darajada mehr bera olishi lozim. Bunday o‘qituvchi topiladimi, deyishingiz mumkin? Bo‘lmasa, topish kerak! Bu jarayon pedagoglar tayyorlaydigan oliy ta’lim tizimida ham qanaqadir yangilanish, o‘zgarishlar qilinishini talab etadi.


Maktablarimizda o‘qitish va o‘qish tartibini tubdan takomillashtirish, tizim salohiyatini yuksaltirish yanada jiddiy e’tibor talab qiladi. Yuqori sinf o‘quv­chilariga biroz erkinlik berish, ularning fikr-mulohazalari, istaklariga asoslangan holda ta’lim yo‘nalishini tanlash o‘qituv­chiga ham, o‘quvchiga ham foydali bo‘lishi aniq. Shuningdek, 9-sinfdan keyin maktabda o‘qishni davom ettirish yoki birorta kasb-hunarni egallash mumkinligi o‘quvchilarning, ota-onalarning ixtiyorida qoldirilishi ham yaxshi natija beradi. Agarda o‘quvchi 9-sinfdan so‘ng biror kasb yo hunarni tanlasa va shu maqsadda maktabdan ixtiyoriy ketsa to‘g‘ri tushu­nishimiz lozim. Buning maktab uchun foydali tomoni shundaki, sinfda o‘quvchilar soni kamayib o‘qituvchining nazorat qilish imkoniyatlari kengayadi. O‘tilgan darslar va berilgan vazifalar tez-tez so‘ralishi, takrorlanishi jarayonida o‘quvchining fikrlash doirasi kengayib boraveradi. Bola mustaqillikka o‘rganadi. Zarur paytda moddiy jihatdan ota-onasiga yordam berish imkoniyati paydo bo‘lganidan zavqlanib, tanlagan sohasiga yanada chuqurroq kirib borishga intiladi. Shu bilan ba’zi zamondoshlarimiz shuurida allaqachon paydo bo‘lgan “9-sinfni bitirganlar kelajakda hech kim bo‘lolmaydi” degan eskicha dunyoqarash butunlay o‘zgaradi.


Ta’lim tizimimizda uchraydigan katta muammolardan yana biri − darsliklar masalasi. Birinchidan, darsliklarimizda xatolar, noto‘g‘ri yechimlar, ta’riflar juda ko‘p. Ikkinchidan, ushbu xom-xatala darsliklar maktablarimizdagi hamma o‘quvchi­ga bab-barobar yetmaydi. Uchinchidan, o‘z ustida ishlamaydigan, nomigagina malaka oshirib keladigan, maktab ta’limi talablariga javob berolmaydigan o‘qituv­chilar ham borki, ularning muammosi obdan o‘ylab ko‘riladigan masala. Bu muam­molar  birlashsa bormi, ko‘z oldingizda ta’lim tizimining shunday katta, yechimini kutayotgan tashvishlari paydo bo‘ladiki, undan tezda eson-omon  o‘ta olishimizga ishongingiz kelmaydi. Ana endi tasavvur qiling, shunday katta muammo va kam­chiliklar girdobida qolgan maktablardan bolalar nimani o‘rganishi mumkin? Ota-onalar nimadan rozi bo‘lishsin? Bir gap bilan aytganda, tizimga jiddiy islohotlar zarur. Islohotlarki, sohaga beminnat va uzoq yillar davomida munosib xizmat qilsin. Maktablarimiz nufuzini oshirib, o‘qituvchilarimizning qadr-qimmatini yuqoriga ko‘tarsin. Hurmat-izzatini munosib himoya qila bilsin.


Ta’kidlash joiz, qishloq maktablarida vaziyat yanada chigal. O‘qituvchilarning yarmidan ko‘pi uy-ro‘zg‘or tashvishlaridan bo‘shamaydi. Tasavvur qiling, oilada faqat bir kishi ishlaydi. U ham  o‘qituvchi ona yoki ota. Qolganlar ishsiz. Oilaning daromadi kam-ko‘stini bitirish, odmiroq kiyinish, bundayroq yeb-ichishga yet­maydi. Ro‘zg‘orning xuddi shunday tashvishlariga botib qolgan muallim,  tabiiyki, o‘zganing bolasidan ko‘ra o‘z bolasi uchun ko‘proq qayg‘uradi. Albatta, buning uchun ularni ayblash noo‘rin. Hammada orzu-havas bor. Bunday muam­mo va tashvishlarning yechimi bevosita jamiyatda ishsizlikni tugatish, xalqimiz ma’naviy-ma’rifiy salohiyatini yuksaltirish, maktablarga eng munosib pedagog hamda rahbarlarni tanlay bilish, talab va barcha tashabbuslarni bugungi kunga mos­lashtirish, o‘qituvchilarning oylik maosh­larini oshirish bilan bog‘liq. Umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, ta’lim tizimida yaxshi tomonga siljish uchun shunday qilish kerakki, toki muallimlarning, o‘quv­chilarning, ota-onalarning fikri-zikri, xayoli faqat maktab hayoti va dars jara­yonlari bilan bog‘liq bo‘lsin.


Aslida maktab va o‘qituvchilar, o‘quv­chilarning xulqi va qobiliyati, ota-onalar­ning farzand tarbiyasiga munosabati haqida yanada ko‘p gapirish mumkin. Alqissa, ushbu fikr-mulohazalarimdan ta’lim tizimi mutlaqo yaroqsiz ekanda degan to‘xtamga kelish ham nojoiz. Bizning ta’limda o‘nglanish, davrga moslashish, xorijiy zamondoshlarga tenglashish masalalari boshlanganiga yetti-sakkiz yilcha bo‘ldi. Bu borada yutuqlarimiz  ham ko‘paydi. Buni o‘quvchi va o‘qituvchilarimizning xalqaro nufuzli tanlovlarda g‘olib bo‘layotganidan ham anglash mumkin.


Ha, nafaqat maktablarimizda, balki hayotning har bir jabhasida o‘ziga xos muam­molar bor. Ta’lim yo‘nalishiga qaratilgan samarali islohotlar esa bu muammolarning hammasiga yechim bo‘ladi, albatta. Eng muhimi, bugungi muallimlar oldida bitta eng muhim vazifa turibdi. Vazifaki, bolani xuddi uning ota-onasi kabi hamisha bag‘ringizga bosib o‘qiting...


Munojat RASULOVA,

Narpay tumanidagi

46-maktab direktori


Maqola muallifi

O‘qituvchi

O‘qituvchi

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta
  • #Maktab
  • #Og‘riq

Ulashish