Ulug'bek Hamdam: Ota
“OTA” asari qahramonlari psixologiyasi
Ulug‘bek Hamdamning “Ota” romani kitobxonlar orasida ko‘pgina muhokamalarga sabab bo‘lgan asar hisoblanadi. Insoniyat taqdiri bunchalar chigal bo‘lmasa? Asarni o‘qishimdan avval undagi voqealardan qisman xabarim bor edi. O‘qimasdan turib, albatta ota haqli, u to‘g‘ri yo‘l tutgan degan fikrda edim. Lekin asarni o‘qigach, fikrim o‘zgardi, balki qizni ham tushunishga harakat qilish kerakdir. Bu esa bevosita yozuvchining kitobxon fikriga o‘z ta’sirini o‘tkaza olganligi, uning yozuvchilik mahorati qay darajada yuksak ekanligidan dalolat beradi. Ota haqmi yoki qiz? Asarning butun mazmunini ochib berishi mumkin bo‘lgan savol bu.
Ulug‘bek Hamdamning o‘zi bu borada: “Men aynan otaning yoki qizning tarafini olmayman. Birining qilmishini qoralab, birinikini oqlay olmayman ham. Men bu borada betarafman...” degan edi. Bu holatni tarozining ikki pallasi kabi kitobxonning ixtiyoriga havola etadi. Xulosa chiqarishni o‘ziga qo‘yib beradi. Ayrimlar: “Ota haq, u haqiqiy musulmon ekan, or-nomusli, g‘ururli, qat’iyatli erkak aslida mana shunday bo‘lmog‘i darkor”, deyishdi. Ba’zilar esa qizning qilgan ishini bu qadar jazoga loyiq ko‘rmay, uni oqlashdi: “Axir u ham ayol, farzand atalmish ne’matdan bahramand bo‘lishga haqli, ota-onasidan boshqa hech kimi yo‘q, ertaga ota-onasidan keyin kimga suyanadi, kim bilan hamdard bo‘ladi?!” Men ham birinchi toifa insonlar qatorida edim. Nomusli erkak hech qachon bunday isnodga chidolmaydi, u haqli derdim. Lekin asarni o‘qigach, qizning ahvolini, u tutgan yo‘lni tushunishga harakat qilish kerak deya o‘ylay boshladim. Ayol kishining baxti farzand bilan o‘lchanadi. U farzandsiz BAXT tushunchasini to‘laqonli his qila olmaydi. Bir chetdan turib fikr bildirish oson, ammo hamma o‘zidan o‘tganini o‘zi biladi. Uning o‘rnida men yoki siz bo‘lganimizda qanday yo‘l tutar edik, nima qilar edik, Xudo biladi! Yozuvchi asar davomida bevosita qizning tarafini olgandek go‘yo. Chunki ota qamoqxonada tush ko‘rganida, o‘zi bilan o‘zi suhbatlashadi: “Sen o‘zingni o‘ylab, o‘z manfaating uchun shu ishni qilding, odamlarga qay yuz bilan qarayman, ularning oldida kim degan odam bo‘laman deb, o‘z oxiratingni, narigi dunyongni o‘ylab, qotillik qilding...”. Darhaqiqat, u xalq orasida bosh ko‘tarib yurishini o‘ylab, shu ishga qo‘l urdi. Sevinchni tinglamadi, tinglashni-da xohlamadi. Uning o‘rniga o‘zini qo‘yib ko‘rmadi. Biz-ku o‘tib ketarmiz, bizdan keyin u kim bilan qoladi, kimga suyanadi, yolg‘izlanib qolmaydimi deb o‘ylamadi. Erboyning gapidan so‘ng o‘zini bosib tura olmadi, shoshmashosharlik, qiziqqonlik qildi, g‘azabini jilovlay olmadi. Jahl kelganda, aql ketadi, axir. To‘g‘ri, u juda oriyatli inson, lekin baribir qiziga bir imkon berishi kerak edi. U esa eshitishni ham xohlamadi, xayoliga kelgan birinchi ishni qildi... Balki, shoshilmasdan, avval Yog‘du onani, keyin Sevinchni tinglaganida o‘rtada nikoh borligini, munosabatlar harom emas, halol ekanligini kech bo‘lmasidan bilgan bo‘larmidi?.. Axir, uning ortidan qichqirib va oxir- oqibat havoda muallaq qolib ketgan xokisor onaning aytmoqchi bo‘lgan gapi shu emasmidi: “O‘rtada nikoh bor edi...”. Jahl ustida qo‘lida pichoq bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri tug‘ruqxonaga bostirib borganida, Sevinchning nimadir demoqchi ekanligi ko‘zlaridan ma’lum emasmidi?! U aytmoqchi bo‘lgan gap ham, ehtimol, aynan mana shudir. Hatto asardagi qahramonlarning o‘zi ham ikki taraf. Tashqaridagilar: “U ham otami, vahshiy qotil, o‘z farzandiga joni achimagan jallod”, deyishsa, ichkaridagilar, ya‘ni qamoqxonadagilar: “Ofarin! Haqiqiy g‘ururli erkak mana shunday bo‘lishi kerak. To‘g‘ri qildingiz, toki bundan keyin qizlarimiz bu xatoni qaytib takrorlamasin, yuzimizga oyoq qo‘yishmasin. Bu ularga saboq bo‘ladi”, deya uni ko‘klarga ko‘tarishadi. Bu orada ona bechora ikki o‘t orasida qolib, bu o‘tkinchi dunyoni tark etadi. Turmush o‘rtog‘i Po‘lat ota esa janozasiga bormadi ham. Uning aynan mana shu qilmishini mutlaqo oqlay olmayman. Har ne bo‘lganda ham shuncha yil bir yostiqqa bosh qo‘ygan jufti halolini so‘nggi manzilga o‘zi kuzatishi kerak edi. Axir, u mushtipar onayizorda nima gunoh? U ham hamma onalar kabi o‘z farzandining baxt-u kamolini o‘ylagandi xolos. Po‘lat ota esa buni tushunmadi, tushunishni istamadi. Qaysidir ma’noda u ham haqdir, shuncha yil, 37 yil ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylagan yer-u ko‘kka ishonmagan, butun hayotining ma’no-mazmuni bo‘lgan yolg‘izgina farzandi yuziga oyoq qo‘ydi (uning fikricha). Bizga munosib farzand bo‘ladi deya ishongandi, umid bog‘lagandi... Bechora Sevinch... baxtiqaro qiz... U yorug‘ dunyoga kelib, qanday ro‘shnolik ko‘rdi? Nega keldi-yu, yana bemahalda nega bu shafqatsiz dunyoni tark etdi? Po‘lat va Yog‘duning, O‘tkir va Oychechak opaning yer-u ko‘kka ishonmas dilbandi. Bolaligidan aytgani aytgan-u, degani degan. Yong‘in tufayli yuzi kuyib qolganidan keyin, unga bo‘lgan diqqat-e‘tibor yanayam ortdi. Imkon qadar uning ko‘ngliga qarashga harakat qilishdi. Avval ko‘chada bolalar davrasida, keyin maktabda, keyin universitetda u o‘zini shunchalar keraksiz sanaydiki, shunchalar ko‘ngli o‘ksiydiki... Qiz bola boshi bilan bu zarbalarga, qiyinchiliklarga bardosh berib yashaydi. Ayniqsa, 18-19 yoshda balog‘atga yetganida, yigitlar undan o‘zini olib qochishlari va hattoki “Ujaas” deb baqirishlari... Bu juda yomon holat va tabiiyki, bu Sevinchning ruhiyatiga katta salbiy ta’sir qilgan (Bunday vaziyatlarda sabrli bo‘lish ham oson emas, ayniqsa qiz bola uchun). Axir, uning ham o‘z orzu-havaslari bor edi-ku... Nimalarni xayol qilmagan edi qiz bechora... Hayot naqadar beshafqat! Men Po‘lat otaning qotillik qilishida, Sevinchning yuzi kuyib, qo‘rqinchli holga kelib qolishida va yong‘in chiqishida kimnidir aybdor sanamayman. Shunday bo‘lishi kerak bo‘lgan, shunday bo‘lgan va bunga Erboy shunchaki sababchi bo‘ldi xolos. Bu taqdir hukmi, taqdiri azaldir... Taqdir hukmi oldida inson zoti ojiz, peshonada nimaiki yozilgan bo‘lsa, o‘sha bo‘ladi. Buni o‘zgartira olishga hech bir kas qodir emas. Biroq har ne bo‘lganda ham odam o‘ldirish katta gunoh. U xoh o‘z qizi bo‘lsin, xoh bir begona kishi, buning ahamiyati yo‘q! Or-nomusi juda kuchli bo‘lganligi uchun ko‘tara olmagandir. Lekin tanganing ikkinchi tomoni borligini ham e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak. Uning keyinchalik nabirasi bolalar uyida ekanligidan xabar topib, garchand qiynalib bo‘lsa-da nabiram deya tan olib, uyiga olib kelganligi tahsinga loyiq! Axir, bola begunoh... Sevinchda ham ayb bor, oldinroq otasini bu yashirincha nikohdan xabardor qilishi kerak edi. Shunda hamma-hammasi o‘z o‘rnida bo‘lgan bo‘larmidi?.. Har holda “Ota rozi – Xudo rozi” degan gap ham bejiz aytilmagan. Biroq Fakil og‘a yoshi ancha katta, oilali erkak bo‘lganligi uchun ham ayta olmagandir. Shu kabi bisyor sabablarga ko‘ra, muallifning fikriga qo‘shilgan holda men ham bu borada betarafman. Ikkala taraf ham oppoq emas! Ularning o‘sha paytdagi holatini esa aynan o‘sha holatga tushib ko‘rgan odamgina anglay oladi. Har kimning o‘z holi yolg‘iz o‘ziga ayon... Yozuvchi bir o‘rinda ushbu roman real voqeaga asoslangan ekanligini, bolaligida buvisidan eshitib, shundan ta’sirlangan holda yozganligini ham ta’kidlab o‘tadi. Balki shuning uchun ham uning kitobxon uchun ta’sir kuchi shu qadar kattadir…
Sevinch ESHQUVVATOVA,
ToshDO‘TAU talabasi
Shu kecha va kunduzda
SUN’IY INTELLEKT: TILSHUNOSLAR ENDI NIMA QILADI?
GENERAL VA YOSHLAR UCHRASHUVI
Robot fikrlay oladimi? Yoxud fizikadan 2024-yilgi Nobel mukofoti neyroto‘r kashfiyotchilariga berilgani haqida
XO‘JALIK MUDIRI EKANIMDAN FAXRLANAMAN! yoxud shu maoshga roziman!
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank