2025-YILI O‘ZBEKISTON TA’LIMIDA NIMALAR O‘ZGARDI?

Iqtidorli yoshlar – yurt kelajagi 2025-YILI O‘ZBEKISTON TA’LIMIDA NIMALAR O‘ZGARDI?
2.80k

2025-yil O‘zbekiston ta’lim tizimi uchun burilish nuqtasi bo‘ldi. So‘nggi yillarda boshlangan islohotlar aynan shu davrda tizimli, raqamli va inklyuziv yo‘nalishda aniq natijalar bera boshladi. Maktabgacha ta’limdan tortib oliy ta’limgacha, pedagog kadrlar siyosatidan ilm-fan va innovatsiyalargacha bo‘lgan jarayonlar xalqaro standartlarga moslashish bosqichiga kirdi.

 

Bugun bog‘chada bo‘lgan bola –
ertaga jamiyat markazida!

 

Ma’lumki, maktabgacha ta’lim bolaning keyingi o‘qishidagi muvaffaqiyati, ijtimoiy moslashuvi va fikrlash salohiyatini belgilab beradi. Shu bois, ota-ona­lar farzandlarini kichik yoshidayoq ta’lim-tarbiyaga yo‘naltirishga harakat qilishadi. Bu oldinlari turli sabablarga ko‘ra uyda ona zimmasiga yuklangan bo‘lsa, bugun u butunlay boshqacha manzara kasb etmoqda. Ya’ni O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim tizimi tubdan takomillashmoqda.




Xususan, 2025-yili maktabgacha ta’lim qamrovi darajasi 78 foiz, 6 yoshli bolalar qamrovi esa 98 foizga yetdi. 13 ta viloyatda 135 ta yangi davlat MTT foydalanishga topshirilib, qo‘shimcha 16 820 ta bola o‘rni yaratildi. 60 ta mahallada “Aqlvoy” avtobuslari negizida 60 ta o‘yin maydonchasi va 142 ta mobil guruh tashkil etildi. 325 ta tayanch MTT faoliyati yoʻlga qoʻyildi hamda elektron doska va planshetlar bilan toʻliq taʼminlandi.




Singapurning Marshall Cavendish Education tashkiloti bilan hamkorlikda “Quvnoq matematika” va “Bilagʻon bolajon” nomli oʻquv-metodik majmualar (katta guruh tarbiyalanuv­chilari uchun 713 224 ta, pedagoglari uchun 12 622 ta, tayyorlov guruhi tarbiyalanuvchilari uchun 903 292 ta, pedagoglari uchun 16 654 ta nusxada) nashr etildi. 208 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida tajriba-sinov tariqasida 434 ta inklyuziv taʼlim guruhi tashkil etildi va ularga 1 223 nafar nogironligi boʻlgan bola jalb etildi.

Bir yil ichida bu tizimda amalga oshirilgan islohotlarni yana uzoq davom ettirish mumkinligi kishini quvontiradi. Raqamlarni qo‘ya turing, bu yerda katta mantiq bor: endi bola tarbiyasi faqat oila doirasidagi mas’uliyat emas, davlat siyosatining markaziy yo‘na­lishiga aylandi. Yangi ochilgan muassasalar, mobil guruhlar va zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan MTTlar orqali ta’lim imkoniyatlari har bir hudud, har bir mahallaga kirib bormoqda. Eng muhimi, inklyuziv ta’lim orqali “har bir bola jamiyat uchun muhim” degan tamoyil amalda o‘z tasdig‘ini topmoqda.

 

Endi maktabga kechikmay
boraman!

 

2025-yili O‘zbekistonda 59 ta yangi maktab ish boshladi. Natijada maktablar soni 10 193 taga yetib, mamlakatimiz Markaziy Osiyoda maktab ta’limi qam­rovi bo‘yicha peshqadam bo‘ldi.


 Markaziy Osiyo mamlakatlari umumta’lim maktablari statistikasi(2024-2025-o‘quv yili)


Mamlakat

Maktablar soni

O‘quv­chilar
soni

Pedagoglar soni

O‘zbekiston

10 193

6,5 mln

538 000

Qozog‘iston

8 000

3,90 mln

406 000

Tojikiston

3 900

2,10 mln

128 000

Qirg‘iziston

2 350

1,50 mln

82 000

Turkmaniston

1 900

1,20 mln

110 000

 

Asosiy tahlillar va tendensiyalar:

●   O‘zbekiston. Mintaqadagi eng katta ta’lim tizimiga ega. So‘nggi 5 yil ichida o‘quvchilar soni 1 milliondan ko‘proqqa oshgan. Xususiy maktablar ulushi sezilarli darajada(4,5 barobarga) o‘smoqda.

●    Qozog‘iston. Ta’limda raqamlashtirish bo‘yicha yetakchi. 2024-yili Starlink sun’iy yo‘ldosh internetiga ulangan maktablar soni 1 700 dan oshdi. Pedagoglar maoshi so‘nggi 4 yilda 100 foiz oshirilgan.

●   Tojikiston. Demografik bosim yuqori bo‘lgani sababli hukumat har yili 400 tagacha yangi maktab qurishni maqsad qilgan. 2024-yildan boshlab 11 yillik majburiy ta’lim tizimi qat’iy joriy etildi.

●   Qirg‘iziston va Turkmaniston. Bu davlatlarda ham maktab yoshidagi bolalar soni ortib bormoqda, biroq Turkmaniston bo‘yicha aniq statistik ma’lumotlar xalqaro tashkilotlar(UNICEF, UNESCO) tomonidan modellashtirilgan hisob-kitoblarga asoslanadi.

(Eslatma! Ushbu ma’lumotlar davlat statistika qo‘mitalari va xalqaro ta’lim hisobotlari(2024-2025) asosida tayyorlandi. Ayrim mamlakatlar ko‘rsatkichlarida kichik o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin, chunki yangi o‘quv muassasalari yil davomida ishga tushiriladi).

“Uyda ta’lim.uz” platformasi ishga tushirilib, uyda ta’lim olayotgan bolalar uchun raqamli tenglik ta’minlanishi bu yilda erishilgan eng yaxshi natijalardan biri deyish mumkin. Shuningdek, umumta’lim maktablaridagi turli og‘riqli masalalar ham qisman bo‘lsa-da aynan shu yili o‘z yechimini topdi. Xususan, Prezidentimizning 2025-yil 30-yanvarda “O‘zbekiston−2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”dagi farmoni bilan Samarqand va Jizzax viloyati hokimliklari, Transport vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi mas’ulligida “Chekka va olis hududlarda istiqomat qiluvchi o‘quvchilarni ta’lim muassasalariga bepul, xavfsiz va muntazam transport xizmati bilan qam­rab olish topshirig‘i berildi. Natijada Qo‘shrabot tumanining olis hududlarida joylashgan 20 ta maktab o‘quvchilari uchun “ISUZI” rusumli, 16 o‘rindiqli 17 ta avtobus qatnovi joriy etildi(Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining iqtisod qilingan mablag‘lari hisobidan xarid qilingan).




Mazkur avtobuslar Qo‘shrabot tumanidagi olis maktablarda tahsil olayotgan 750 nafardan ziyod o‘quv­chiga maktabga oson va xavfsiz yetib borish imkonini beradi, − deydi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova. − Avtobus o‘quvchilarning xavfsizligini ta’minlash uchun yo‘l belgilari, kuzatuv kameralari, tibbiyot qutisi bilan jihozlangan. Mablag‘ ajratishda avtobus haydovchilariga oylik ish haqi to‘lash, yonilg‘i bilan ta’minlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlari ham inobatga olingan. Bu hali boshlanishi! Chekka hududlardagi o‘quvchilar uchun bosqichma-bosqich imkoniyatlar yaratishda davom etamiz. Ma’lumot o‘rnida, 2024-yilgi Davlat dasturi asosida Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatining olis va chekka hududlaridagi 100 ta maktab uchun avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan edi.
Misol tariqasida keltirib o‘tish joiz, ilgari tumandagi Do‘stlik mahallasi o‘quvchilari maktabga borish uchun uch kilometr masofani bosib o‘tishgan. Bu, ayniqsa noqulay ob-havo sharoitlarida ancha qiyinchilik tug‘dirardi. Yo‘lga qo‘yilgan avtobuslar orqali bu muammo bartaraf etildi.


Yangi tashkil etilgan maktablarga pedagoglarni pedagog.uzedu.uz platformasi orqali tanlov asosida qabul qilishning yo‘lga qo‘yilishi ham ta’lim sifatini oshirish uchun muhim qadamlardan biri bo‘ldi. 2025-yili ushbu platforma orqali 13 475 nafar nomzod ro‘yxatdan o‘tib, ishlash istagini bildirgan. Ular orasidan 2 500 nafardan ortiq o‘qituvchi saralab olingan. Bu har 5 nomzoddan bittasi tanlanganini anglatadi, ya’ni ta’lim tizimida ishlash uchun raqobat kuchaygan.


“Ikkinchi darajali ta’lim”❌

Raqobatbardosh kadrlar tanlovi✅

 

Professional ta’limdagi yangiliklarga e’tibor qarat­sak. Bu ta’lim bo‘g‘ini o‘zi nima uchun kerak, uning ahamiyati nimada ekanligi haqida gazetamizning 2025-yil 1-oktabr soni(Shahnoza YANGIBOYEVA, “Professional ta’lim: talab, taklif va imkoniyatlar”)da batafsil so‘z yuritilgan.

Bugun O‘zbekistonda 595 ta texnikumda 329 ta kasb va mutaxassislik bo‘yicha 437,8 ming nafar yoshlar ta’lim olmoqda. Shuningdek, 52 ta xususiy tibbiyot texnikumi mavjud bo‘lib, ularda tibbiyot sohasida o‘rta bo‘g‘in kadrlar tayyorlanmoqda. 508 ta texnikumda 17 040 ta korxona va tashkilot bilan 67,4 ming nafar o‘quvchi 140 ta kasb bo‘yicha dual ta’lim olmoqda. Bu borada birgina Buyuk Britaniya­ning “Pearson” kompaniyasi bilan 14 ta texnikumda BITEK dasturlarini joriy etish uchun 133,5 milliard so‘m, Qashqadaryo viloyatida Germaniyaning “Avestos” kompaniyasi bilan 6 ta texnikumda Ausbildung dasturlarini joriy etish uchun 32 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. 124 ta texnikumda jami 2 968 nafar o‘quvchi ingliz, nemis, koreys, rus, turk va yapon tillarini ham o‘rganmoqda.