TOYLOQDA “AMIR TEMUR BOG‘I” FOYDALANISHGA TOPSHIRILDI

Ajdodlar merosi − bebaho xazina TOYLOQDA “AMIR TEMUR BOG‘I” FOYDALANISHGA TOPSHIRILDI
27



Toyloq tumanida buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan “Amir Temur bog‘i” barpo etilib, foydalanishga topshirildi.


O‘rtaqishloq mahallasida joylashgan mazkur hudud to‘liq obodonlashtirilib, markazidagi Amir Temur haykali ta’mirlandi. Natijada maskan zamonaviy va estetik jihatdan yanada jozibador ko‘rinishga keltirildi.


Bog‘ning ochilish marosimida tuman hokimi Behzod Raxmatullayev, viloyat hokimi o‘rinbosari Husan To‘xtayev, siyosiy fanlar doktori, professor Sherzodxon Qudratxo‘ja, O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i Isroil Jabborov hamda mahalla faollari va yoshlar ishtirok etdi.


Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar Amir Temurning buyuk sarkardalik salohiyati, tarixdagi o‘rni, bunyodkorlik ishlari hamda barpo etgan bog‘lari haqida fikr bildirdilar. Ta’kidlanganidek, Sohibqiron nafaqat yirik lashkarboshi, balki yurt obodligi, ilm-fan va madaniyat rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk shaxs sifatida tarixda muhrlangan.


Marosimda maktab o‘quvchilari va tuman madaniyat bo‘limi xodimlari tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar namoyish etildi. Ayniqsa, Amir Temur siymosiga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishlari va she’rlar tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.


Shuningdek, Amir Temur haykalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.


Mazkur bog‘ nafaqat dam olish maskani, balki yosh avlodni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularda buyuk ajdodlarga nisbatan faxr va g‘ururni mustahkamlashga xizmat qiladigan muhim ma’naviy maskan bo‘lib xizmat qiladi.


Tadbir Samarqandda o‘tkazilayotgan Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya doirasida tashkil etildi. Konferensiyada Temuriylar davri tamaddunining jahon sivilizatsiyasidagi o‘rni, davlat boshqaruvi va taraqqiyotiga oid masalalar muhokama qilindi.


Xususan, Samarqand Arxeologiya instituti professori Amriddin Berdimurodov o‘z ma’ruzasida Amir Temur davrida Samarqand atrofida barpo etilgan 12 bog‘ haqida ma’lumot berib, ularning ilmiy asosda va yuksak did bilan bunyod etilganini ta’kidladi.

Akmal MIRZOYEV



Maqola muallifi

Muxbirimiz

Muxbirimiz

Jurnalist

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish