HECH BIR MUVAFFAQIYAT TASODIF EMAS!

Iqtidorli yoshlar – yurt kelajagi HECH BIR MUVAFFAQIYAT TASODIF EMAS!
120


“Qishda kiyishga butun krassovkam bo‘lmasdi. Oyog‘imga rulon paket kiyib yugurardim… Chunki sportdan boshqa hayotimni o‘zgartiradigan narsam yo‘q edi…
Sport ─ hayotimni o‘zgartirishim uchun katta kuch berdi. Chekka bir qishloq­da o‘sganman, ota-onam oddiy ishchi − har doim aytishardi: “Grantga o‘qishga kirsang o‘qita olamiz”… Va mana shu sport davlat granti asosida o‘qishga kirishimga, chet elga chiqishimga, umuman, hayotda aniq maqsad qo‘ya oli­shimga yordam berdi”…

Diyora KELDIYOROVA,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi, 

O‘zbekiston Respublikasi 

Mudofaa vazirligi katta leytenanti


Aslida har bir inson tadqiqotchi!


─ Har kunim laboratoriyada boshlanadi va ilmiy kashfiyotim kimningdir hayotini qutqarishi mumkinligi haqidagi shirin oʻylar bilan yakunlanadi.


“M2 turidagi makrofaglarni ishlab chiqarish usuli, shu usul bilan olingan M2 turidagi makrofaglar va ularning qo‘llanilishi” nomli ixtiromiz 2025-yili Yaponiya patent idorasiga patentlash uchun topshirildi. Ushbu ishlanma dunyoda erta oʻlim va nogironlikning asosiy sabablaridan biri boʻlgan yurak-qon tomir kasalliklariga qarshi kurashga qaratilgan. 


Mulohaza yuritadigan bo‘lsak, aslida ilm ortida oddiy gʻoya yotadi: fan inson uchun xizmat qiladi, uning hayotini yaxshilaydi va qutqaradi. Har birimizning mashaqqatlar evaziga olayotgan ilmi­miz mana shunday savobli ishlarga xarj bo‘lsinki, ortga qarab doim quvonaylik! Yangi yil bayrami kunlari siz azizlarni “Ma’rifat” gazetasi orqali g‘oyibona bo‘lsada tabriklash baxtiga muyassarligimdan, muvaffaqiyatlarimga sabab bo‘lgan omillarni sizlar bilan o‘rtoqlashayotganimdan xursandman!


Aslida har bir inson tadqiqotchi! Ularni faqatgina o‘rganayotgan obyekt­lari ajratib turadi. O‘ylab qarasak, bir insonning ikkinchi bir insonni tushunishi ham − katta tadqiq! Umumiy bilimlarimizdan xususiylashib, ilmiy tadqiqot haqida fikr yuritadigan bo‘lsak, biror mavzuni chuqur o‘rganmoqchimi­siz, unda birinchi o‘rinda “Bu kimga va nima uchun kerak?” degan savolga javob izlang. Agar ilmiy ishingiz odamlar hayotini yaxshilasa, keyingi davrlar uchun ham amaliy ahamiyatini yo‘qotmasa, demak, toʻgʻri yoʻldasiz. 


Sabr-toqat − tadqiqotchining asosiy quroli. Bilasizmi, baʼzan oylab olib borilgan tajribalar natijasiz yakunlanadi. Aynan mana shu vaqtda ko‘pchilik bu yo‘lni hafsalasiz tark etadi. Yo‘q, siz bunday vaziyatda yana qayta reja tu­zishingiz kerak!


Yaponiya ta’limidan o‘rgangan yana bir muhim nuqtam shu bo‘ldiki, ilm qi­lish uchun izchillik zarur. Ya’ni har kuni ilm olishga kamroq bo‘lsa ham vaqt ajratishingiz, lekin bir kun ham to‘xtab qolmasligingiz lozim. 


Jamoa boʻlib ishlash va boshqalar­ning bilimi, fikrini hurmat qilish ilm egallashni yanada osonlashtiradi. Yuqorida ta’kidlab o‘tgan tadqiqotim yaponiyalik hamkasblarim va ustozlarim bilan hamkorlikda olib borilgani tufayli ham tezroq amalga oshdi deb o‘ylayman. Yangi yilda sizga ham shunday natijasi quvontira­digan taqdiqotlar, yangi gʻoyalar hamrohligi, ilmda doimo halollik tilayman. Sog‘lik-salomatlik, mustahkam iroda va o‘zingizga ishonch hech qachon tark etmasin! Yangi yilimiz qutlug‘ kelsin!


Yerdan yulduzlargacha!


─ Orangizda yoz tunlari yulduz palak yozgan osmonga tikilib, cheksiz orzularga sho‘ng‘imagan kishi topilmasa ke­rak! Bir paytlar oddiy maktab oʻquvchisi edim, siz kabi oy-u yulduzlar bilan talay-talay orzularimni sirlashdim. Biroq ularning kelajagi ham sirli edi. Bugun Kolorado universiteti(AQSH)ning aero­kosmik muhandislik yoʻnalishi talabasiman va aniqroq tushunib boryapman: orzular xayol emas, bilim, mehnat va jasorat talab qiladigan kelajak loyihala­ridir. 


Yangi yil arafasida yulduzlarga ilk boqishimdan tortib, haqiqiy muhandislik laboratoriyalari va kosmik loyihalargacha boʻlgan yoʻlimda menga yordam bergan besh muvaffaqiyatim sirini siz bilan baham koʻrmoqchiman: 

►Keng koʻlamda orzu qiling, hatto atrofingizda hech kim ularning ijobat bo‘lishiga ishonmasa ham. Orzum − mustaqil Oʻzbekistonning birinchi ayol kosmonavti boʻlish. Buni birinchi marta ovoz chiqarib aytganimda, koʻpchilik jilmayib qoʻydi. Ammo aynan buyuk orzular buyuk shaxslarni shakllantiradi. 

►Bilim sizning parvoz trayektoriyangizdir. Axir aniq hisob-kitobsiz kosmosga uchilmaydi! Nimanidir o‘rganmoqchimisiz, yuzaki emas, chuqur oʻrganing. Bu jihat sizni boshqalardan ajratib turadi va muvaffaqiyatingizga sabab bo‘ladi.

►Bilimlaringizni amaliyot bilan bog‘lang. Gʻoyalar amaliy harakat bilan natija beradi. Bu yo‘lda xato qilishdan choʻchimang. 

►Oʻrganganlaringizni ulashing. Qayerda oʻqishimizdan qatʼi nazar, Yevropadami, Osiyodami − tajribamiz boshqalarga ham manfaatli bo‘lgandagina chinakamiga qadrli boʻladi. Shu bois mukammal o‘rganing va o‘rgating. 

►Sizga umid bilan qaraydigan insonlarga namuna boʻling. Har bir qadamimiz kimgadir oʻziga ishonish uchun motivatsiya berishi mumkin. 


Aziz Oʻzbekiston yoshlari, kelajak o‘z-o‘zidan bunyod bo‘lmaydi. Uni bugun oʻrganayotgan, bilimlarini sinab koʻrayotgan va birinchi boʻlishdan qoʻrqmaydiganlar yaratadi. 

Yangi yil sizga atroflicha va dadil fikrlash jasorati, orzularingiz ijobatiga eltadigan kuch baxsh etsin! Yangi yili­ngiz muborak boʻlsin!


Oilamizda shaxmat bilan hech kim professional shug‘ullanmagan, biroq…


− Aksariyat kishilar muvaffaqiyat uchun qobiliyat ustuvor deb hisoblaydi. Albatta, qobiliyatli bo‘lish ko‘p masa­lalarda qo‘l keladi. Biroq uning o‘zigina yetarli emas. Qancha iste’dodlar vaqtida aniqlanmagani yoki rivojlantirilmagani uchun yuzaga chiqmay qolib ketgan?.. 


Oilamizda shaxmat bilan hech kim professional shug‘ullanmagan, biroq unga qiziqish bo‘lgan. Ya’ni shaxmat biz uchun faqat qiziqarli mashg‘ulot sifatida qolishi ham mumkin edi. Lekin bobom bu sport turiga bo‘lgan mehrimni o‘z vaqtida, munosib rag‘batlantirdi: murabbiylarga yo‘naltirdi, moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatladi, va albatta, yaqinla­rim, ustozlarim, davlatimiz e’tibori, shaxsiy irodam bilan bugun Jahon kubogi­ning eng yosh g‘olibiman…


Yangi yil ostonasida turarkanmiz, tabrik avvalida tengdoshlarimga, izdosh uka-singillarimga aytgan bo‘lardimki, biror muvaffaqiyatga oson erishib bo‘lmaydi. O‘z ustingizda muntazam ishlang: boshqalar dam olayotganda toki bugun uchun tuzgan rejangiz yakunlanmagunicha uxlamang, albatta bir qadam oldinda bo‘lasiz! Oson, yengil yo‘l izlamang. Chunki kishini murakkab vaziyatlar rivojlantiradi. Qanday musobaqada qatnashishingizdan qat’i nazar, muvaffaqiyat ham, muvaffaqiyatsizliklar ham sizni rivojlantirsin: yutganda mashg‘ulotlarga tanaffus bermang, yutqazsangiz tushkunlikka tushmang. Ya’ni doim zaif nuqtalaringizni aniqlab, ularni kuchli tomoningizga aylantirish imkoni bor. Albatta, musobaqalar, sinovlar − mana shunday imkoniyat maydoni! Qolaversa, kirib kelayotgan yangi yil siz uchun ulkan zafarlar oniga to‘la bo‘lsin!


Shu o‘rinda “Ma’rifat” gazetasi tahririyati jamoasi va mushtariylarini ham kirib kelayotgan yangi yil bilan muborakbod etaman! “Ma’rifat” gazetasi yillar davomida jamiyatimizni fikrlashga, savodini kuchaytirishga ko‘makla­shib, tafakkurlar uchun maydon yaratib kelmoqda. Bugun gazeta minglab ta’lim jonkuyarlari bilan g‘oyibona birga. 


Aziz gazeta tahririyati jamoasi, men kabi mushtariylari! Yangi yilda ham il­miy, ijodiy, ish, o‘qish va hayotdagi za­farlaringiz bardavom bo‘lsin, qalamingiz tinmasin, so‘zingiz qiymatini yo‘qotmasin! 2026-yil hammamiz uchun omad, muvaffaqiyatlarga to‘la kelsin!


Dunyo o‘z ustida ishlashga tayyorlar uchun doim ochiq!


─ Yaqindagina minglab yoshlar singa­ri men ham orzular, reja va qoʻrquv­lar orasida yashar edim: “Eplay olarmikanman?” deb… 



Nihoyasiga yetayotgan yil menga muhim saboq berdi: baʼzida hayot so‘raganlarimizdanda ko‘prog‘ini beradi, harakat, ishtiyoq va intilishlarimiz kuchli bo‘lsa bas! Maqsadlarimga birin-ketin erishyapman: davlat granti asosida oʻqish­ga kirdim, avval “Turkiye Bursları“, soʻngra “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiati boʻldim. Aniq ayta olamanki, har bir muvaffaqiyat ortida ota-ona duosi, ustozlarning qoʻllab-quvvatlashi va kundalik mehnat yotadi. Shu bois yo­ningizdagilar va yaqinlaringizdan minnatdor boʻling. Axir hech bir yutuqqa yakka erishilmaydi. Eng asosiysi, mehnat qilishdan qochmasak, albatta ko‘zlagan marraga yetarkanmiz. 



Kelayotgan yil barchamizga bundanda ulug‘vor maqsadlar ro‘yobini bersin! Izlaning, oʻrganing, xato qilsangiz-da, qayta urining! Dunyo oʻz ustida ishlashga tayyorlar uchun doim ochiq! 


Muvaffaqiyatlarimning hech biri tasodif emas...

­

− Yangi yil − bu nafaqat taqvimda yangi sana, balki inson hayotida ham yangi imkoniyat, yangi maqsad va yangi mas’uliyatlar davrining boshlanishidir. Har bir yangi yil bizdan bosib o‘tgan yo‘limizni xolis baholash, erishilgan yutuqlardan to‘g‘ri xulosa chiqarish va kelajak sari aniq reja bilan odimlashni talab etadi. 

Yangi yil eshik qoqarkan, yana sarhisob boshladim… O‘ylab qarasam, hayotimdagi eng katta muvaffaqiyatla­rimning hech biri tasodifan emas, balki oldindan belgilangan aniq maqsadlar va amaliy harakatlarim natijasida amalga oshgan. Vaqtni asosan to‘g‘ri taqsimlabman. O‘zgarishlarga shay holatda, yangi bilimlar o‘rganish, tajriba orttirish va o‘z salohiyatimni rivojlantirish yo‘lida 365 kun bosh qotiribman-a! Kelayotgan yilda ham halollik, mehnatsevarlik, sabr-toqat va mas’uliyat bilan yangi rejalarim tomon olg‘a! 



Fursatdan foydalanib, “Ma’rifat” gazetasi tahririyati jamoasi va mushtariy­larini kirib kelayotgan yangi yil bilan samimiy muborakbod etaman. Sizlarga mustahkam sog‘lik, tinchlik, ilm-ma’rifat yo‘lida bardavomlik va ulkan zafarlar tilayman. Yangi yil har bir xonadonga fayz-baraka, har bir yurakka ishonch, orzular imkonini olib kelsin. Ilm, taraqqiyot va ezgulikka xizmat qilayotgan “Ma’rifat” gazetasi har doim jamiya­timizda muhim ma’naviy tayanch bo‘lib qolsin!

Mamlakatimiz eng ilg‘or yoshlari­ning hayot haqiqatlari, muvaffaqiyat sirlari va yangi yil tabriklarini o‘qirkansiz, beixtiyor siz ham o‘tib borayotgan yilni sarhisob qilishga tushasiz. Yangi yil shu kabi o‘y-xayollar bilan o‘zgachada: qanday marralarni egalladim, qayerda to‘xtab qoldim, nimani o‘rganib, nimani boy berdim?...


“Ma’rifat” muxbiri

Shahnoza YANGIBOYEVA tayyorladi.



Maqola muallifi

Shahnoza YANGIBOYEVA

Shahnoza YANGIBOYEVA

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish