KREDITGA OLINGAN OBRO‘

Ta’kid KREDITGA OLINGAN OBRO‘
39

O‘zbekistonda to‘y va qarz fenomeni


O‘zbekistonda har kuni o‘rtacha 5 mingdan ortiq yangi faol kredit shartnomasi qo‘shiladi. Bu raqam quruq statistika emas, uning ortida birovning uyi, birovning davolanishi, yana birovning ro‘zg‘ori turibdi. Shuningdek, uning ichida bosh qotirishimiz zarur bo‘lgan yana bir masala bor: to‘y uchun olingan qarz. Ha, odamlar qo‘lida yo‘q pulni mehmon uchun sarflaydi, obro‘ uchun ishlatadi, “kam bo‘lib qolmasin” degan xavotir uchun tikadi. Ertasi kuni esa marosimlar yakunlanadi, dabdabali zallar bo‘shaydi, gullar so‘liydi, kuy-qo‘shiq tinadi, faqat qarz qoladi. Va u eng uzoq qoladigan “mehmon” bo‘lib chiqadi.


Boshqalarga qarab yashash kerakmi?

Jamiyatimizda juda xavfli bir holat ildiz otib bormoq­da. Aksariyat odamlar endi o‘z ehtiyoji, daromadi va imkoniyatiga yarasha emas, boshqalarning hayotiga qarab yashay boshladi. Kimningdir katta to‘y qilgani ovoza bo‘lsa, boshqasi ham undan kam bo‘lmaslik dardiga tushadi. Kimningdir qimmat buyum olganini ko‘rib, yana kimdir o‘zini orqada qolgandek his qiladi. Shu tariqa insonning qarori uning ichki ehtiyojidan emas, atrof-muhit ta’sirida tug‘iladi. Bu holat ilmda ijtimoiy taqqoslash bosimi deb ataladi. Ya’ni odam o‘zini o‘zi bilan emas, boshqalar bilan o‘lchay boshlaydi.


Bu qarash dastlab ko‘zga unchalik tashlanmaydi. Go‘yo inson o‘zi xohlagan narsani tanlayotgandek ko‘rinadi. Aslida esa tanlov erkin emas. Unga boshqalarning turmushi, dabdabasi, ko‘rinishi, gap-so‘zi ta’sir qilgan bo‘ladi. Inson o‘ziga kerak bo‘lgani uchun emas, boshqalardan kam ko‘rinib qolmaslik uchun xarajat qiladi. Eng yomoni, bu bosim odamni asta-sekin qarzga yaqinlashtiradi. Chunki daromad yetmasa ham, havas to‘xtamaydi. Imkoniyat kam bo‘lsa ham, taqqoslash susaymaydi. Natijada kredit vosita emas, ko‘rinishni saqlab qolishning sun’iy yo‘liga aylanadi.


Ayniqsa to‘y masalasida bu holat juda yaqqol seziladi. Chunki bizda to‘y faqat ikki yoshning shaxsiy quvonchi emas, ko‘pincha butun elga ko‘rsatiladigan voqea sifatida tasavvur qilinadi. Kimning zali kattaroq, kimning dasturxoni to‘laroq, kimning to‘yida san’atkorlar ko‘proq, kimning to‘yi ovoza bo‘ldi degan yashirin poyga bor. Shu poygada ko‘p oilalar o‘z imkoniyatini emas, boshqalar­ning gap-so‘zini o‘lchov qilib oladi. Shunda to‘y – oila quvonchidan ko‘ra ko‘proq, obro‘ olish vositasiga aylanib qoladi. Kredit esa mana shu bosimni vaqtincha yopib turadigan niqob bo‘lib xizmat qiladi.


Psixologlar bu holatni “present bias(hozirni afzal ko‘rish)” deb ataydi. Inson miyasi ertangi og‘riqni bugungi quvonchdan kichikroq ko‘rsatadi. To‘y rejalashtirish aynan shu mexanizm uchun ideal vaziyat yaratadi: emotsional bosim yuqori, qaror qabul qilish muddati qisqa, “bir marta bo‘ladi” argumenti mantiqan o‘rinli ko‘rinadi. Miyaning hisob-kitob qiluvchi qismi o‘chadi, hissiyotlarni boshqaruvchi qism ustun keladi. Ya’ni kredit olayotgan paytda miya sizni biologik darajada aldaydi – bu irodasizlik emas, neyrologik qonuniyatdir. Lekin neyrologik qonu­niyat bank foizini hisobga olmaydi.


Bu faqat bizda

Dunyoning ko‘p joyida to‘y ikki inson hayotidagi muhim kun sifatida qabul qilinadi. Bizda esa u ko‘pincha bundan ham kattaroq ma’noga ega. To‘y faqat quvonch emas, u qarindosh-urug‘ oldidagi yuz, mahalla oldidagi mavqe, el ichidagi obro‘ o‘lchoviga aylanib qolgan. Shu sabab boshqa xalqlarda to‘y uchun qarz olish noo‘rin moliyaviy qaror deb qaralsa, bizda u asta-sekin odatiy hol bo‘lib bormoqda. 


 Bugun bu bosim yanada keskinlashganining sababi shundaki, eski ijtimoiy odatga yangi davr madaniyati ko‘rinishlari qo‘shildi. Oldin odamlar asosan qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni va mahalla oldida “uyalar edi” va bu doira ko‘pi bilan 50–100 kishi edi. Bugun esa Instagram va TikTok bu doirani minglab, hatto o‘n minglab barobar kengaytirdi. Instagramdagi dabdabali to‘ylar, bezatilgan zallar, qimmat liboslar va ko‘z-ko‘z qilingan marosimlar ko‘pchilik uchun yangi yashirin me’yorga aylanib bormoqda. “Kimniki zo‘rroq” raqobati endi mahalla ichidan chiqib, virtual kenglikka o‘tdi. Ustiga ustak kredit, bo‘lib to‘lash va tezkor qarz olish imkoniyatlari ham osonlashdi. Natijada eski mental bosim bilan yangi moliyaviy vositalar qo‘shilib, to‘y uchun qarz olishni yanada odatiy va xavfli holga aylantirdi.


Eng achinarlisi shundaki, ko‘pchilik buni muammoligini ham sezmaydi. “Bir marta bo‘ladi” degan jumla bilan ortiqcha sarf oqlanadi. “El qatori qilaylik” degan qarash bilan imkoniyatdan tashqari xarajat qilinadi. “Odamlar nima deydi” degan xavotir bilan oilalar yillar davomida to‘lanadigan qarzga botadi. Bir kunlik dabdaba uchun uzoq muddatli bosim sotib olinadi. 


Raqamlar ogohlantiradi

Bugun bu muammo alohida bir oilada emas, keng ko‘lamda ko‘rinmoqda. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yil boshida faol kredit shartnomalari soni 5,6 million bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yil 1-yanvar holatiga kelib bu ko‘rsatkich 7,5 millionga yetgan. Bu bir yil ichida qariyb 1,9 milliontaga oshish degani. Hisob-kitob qilinsa, mamlakatda har kuni o‘rtacha 5 mingdan ortiq yangi faol kredit yukining izi paydo bo‘lgan. Shu raqamning o‘ziyoq kredit oddiy moliyaviy vositadan kundalik turmushning odatiy qismiga aylanib borayotganini ko‘rsatadi.


To‘y masalasida esa raqamlar yanada og‘irroq manzarani ochadi. “Yuksalish” harakati o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, respondentlarning 25,1 foizi to‘y xarajatlarini qoplash uchun kredit olganini yoki olishni rejalashtirganini bildirgan. So‘rov ishtirokchilarining 65,2 foizi esa to‘yga 50 milliondan 100 million so‘mgacha yoki undan ham ko‘proq mablag‘ sarflanishini aytgan. Bu ko‘p oilalar uchun to‘y endi shunchaki marosim emas, jiddiy moliyaviy bosim manbayiga aylanganini anglatadi.


Demak, raqamlar muammosi faqat kredit olishda emas, uning qayerga va nima uchun sarflanayotganida ekanligini ham ko‘rsatmoqda. Agar bir kunlik marosim uchun yillab to‘lanadigan qarz olinayotgan bo‘lsa, bu endi shaxsiy tanlov emas, jamiyatni o‘ylantirishi kerak bo‘lgan ijtimoiy hodisadir.


Pushaymon

Dilnoza, 36 yosh:

– Biz sunnat to‘yi qilamiz deganimizda avvaliga hammasi oddiy tuyulgandi. Bola bir marta sunnat bo‘ladi, el qatori qilaylik, dedik. Xolalarni chaqirish kerak bo‘ldi, qo‘ni-qo‘shnini aytish kerak bo‘ldi, qarindosh-urug‘ norozi bo‘lib qolmasin, dedik. Odamlar orasida kam bo‘lib qolmaylik, dedik. Oxiri kredit olishga majbur bo‘ldik. O‘sha paytda bu qaror yomon ko‘rinmagan. To‘y o‘tib ketsin, keyin bir amallaymiz, har oy bo‘lib to‘laymiz, sekin yopamiz, deb o‘ylaganmiz. O‘sha kuni qarasam, hamma xursand. Mehmonlar kelgan, dasturxon yozilgan, bola ham chiroyli kiyingan. Tashqaridan qaraganda hammasi joyida edi.


Lekin to‘y tugagandan keyin hammasi boshqacha bilinarkan. Har oy to‘lov kelaveradi. Uy-ro‘zg‘or, bolalar, kundalik xarajatlardan orttirib, kreditga ajratish qiyin ekan. Ba’zan erim bilan o‘tirib, shuncha odamni cha­qirmasak, shuncha xarajat qilmasak ham bo‘lardi, deb qolamiz. Eng alam qiladigani, o‘sha paytda kerakdek ko‘ringan narsalarning ko‘pi aslida shart emas ekan. Odam to‘y payti buni bilmaydi. Ko‘pchilikni o‘ylaydi, gap bo‘lmasin, boshqalarnikidan kam bo‘lmasin deydi. Keyin esa o‘sha bir kunlik obro‘ning pulini oyma oy o‘zi to‘laydi. Men hozir tushunaman, to‘y chiroyli o‘tgan bo‘lishi mumkin, lekin uning og‘irligi keyin oilaning moddiyatiga, tinchligiga zarar qilarkan.


Mutaxassislar ogohlantiradi

Iqtisodchi Otabek Bakirovning aytishicha, bugun odamni qarzga undayotgan narsa faqat pulga ehtiyoj emas, kreditning jozibali qilib ko‘rsatilishidir. “5 daqiqada kre­dit oling”, “tez va oson”, “bo‘lib to‘lash qulay”, “oyiga atigi ... so‘m”, “daromadsiz ham olish mumkin” kabi iboralar qarzni yengil va bexatar narsadek ko‘rsatadi. Odam ana shunday paytda tovar yoki marosimning haqiqiy narxini emas, faqat bugungi qulay ko‘rinishini ko‘radi. To‘y uchun kredit olayotgan oilalar ham ko‘pincha shu aldovga ishonadi. Bakirov bunday xabarlar hatto sog‘lom odamlarni ham chalg‘itishini, bu esa o‘z-o‘zidan manipulyatsiya ekanini ta’kidlaydi. 


Psixolog Hulkar Yusupovaning fikricha, to‘y oldidan odam mantiq bilan emas, his-tuyg‘u bilan qaror qiladi. “O‘sha paytda odam xarajatni emas, “odamlar nima deydi?” degan savolni o‘ylaydi. Kredit ham o‘sha lahzada to‘siq bo‘lib ko‘rinmaydi” deydi u.  


Bundan tashqari, raqamli savodxonlik masalasi ham bor. Instagram va TikTokda ko‘rsatiladigan to‘ylar faqat ko‘rinish, uning ortidagi moliyaviy reallik ko‘rinmaydi. Kuzatuvchilar “hamma shunday qiladi” deb o‘ylaydi, aslida ko‘rsatish boshqa, ko‘tara olish boshqa. Achinarlisi esa his-tuyg‘u o‘tadi, to‘lov qoladi.


Sotsiolog Dilshod Nazarovning aytishicha, bu muam­mo faqat Oʻzbekistonga xos emas. Janubiy Koreya va Hindistonda ham toʻy xarajatlarini cheklash borasida tizimli yechimlar ishlab chiqilgan. Qiziq tomoni shundaki, Oʻzbekistonda ham bunday mexanizm mavjud. 2019-yili Oliy Majlis palatalari kengashlarining qo‘shma qaroriga muvofiq, to‘ylarda mehmonlar soni 200 nafargacha etib belgilangan, dabdababozlik va isrofgarchilikka yoʻl qoʻymaslik qonuniy talab sifatida belgilangan.


Zamonaviy yechim

Biz farzandlarimizga maktabda uchburchak yuzasi­ni hisoblashni oʻrgatamiz. Lekin kredit foizi, murakkab foiz, qarz tuzogʻini oʻrgatmaymiz. “Isrof qilmang” kabi quruq nasihatlar o‘tmishda ham ishlamagan, kelajakda ham ishlamaydi, chunki muammo axloqiy emas, tuzilmaviy hisoblanadi.  Odam “isrof” ekanini biladi,  lekin ijtimoiy narxi(atrofdagi odamlarning muhokamasi, obroʻ ilinji) uni toʻxtatishdan kattaroq koʻrinadi. Jahon bankining 2023-yilgi hisobotiga koʻra, moliyaviy savodxonlik boʻyicha oʻqitilgan yoshlar impulsiv qarz olish ehtimolini sezilarli darajada kamaytirgan. Oʻzbekiston maktab dasturida esa moliyaviy savodxonlik hali majburiy fan ham emas. Balki eng katta yechim aynan mana shu oddiy boʻshliqda yashiringan.


Birinchilardan boʻlib, 8-9-sinf oʻquvchilari uchun tizimli moliyaviy ta’limni joriy qilish kerak, ya’ni o‘quv­chilar kredit foizi, qarz tuzogʻi, toʻlov jadvalini hisob­lashni oʻrganishi kerak. 


Keyingi qadam – qonun ijrosini kuchaytirish lozim. 2019-yilgi qaror cheklovlari ishlashi uchun toʻyxona litsenziyalariga bogʻliq nazorat tizimi, aniq jarima shkalasi va mahalla faollarini jalb qiluvchi mexanizm ishlab chi­qilishi kerak.


Oilalarga toʻy xarajatlarini oldindan koʻra oladigan, mehmonlar roʻyxatini tartibga soladigan, toʻyona va sovgʻalarni nazorat qilish imkonini beradigan YorYor kabi platformalardan foydalanishni ommalashtirish ham katta yordam beradi. Ammo bu faqat qo‘shimcha vosita, asosiy yechim emas.

Zayniddin PO‘LATOV, 

UrDU talabasi


Maqola muallifi

Muxbirlarimiz

Muxbirlarimiz

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish