Muharrir kerakmi? Kerak!
Topildiq
117
Axborot texnologiyalari taraqqiyoti haddi a’losiga yetgan, xususan sun’iy intellekt hamma sohaga shiddat bilan kirib kelgan bir davrda muharrirga ehtiyoj ortdimi yo kamaydi? Albatta, ortdi. Ortib borayotir.
Jom yoki Yom?
Muharrir deganda faqatgina matnni tahrir qiladigan, imlo va uslubiy xatolarni tuzatadigan mutaxassisni tushunish xato. Muharrir ishining qamrovi bundan kengroq. Misol keltiraman.
“Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi”da o‘qiymiz:
“YOM – Samarqand viloyatida, Samarqand shahridan janubda joylashgan kent, shu yerdan oqib o‘tuvchi soy Yom suvi deb atalgan(hozirgi Jom soyi). O‘z vaqtida Amir Temur Movarounnahrni mo‘g‘ullar istilosidan ozod qilish uchun olib borgan jang-jadallar qisman Yom atroflarida kechgan. “B.”da Boburning 902-h.y. ramazon oyida (1497-y., may-iyun) Andijondan Samarqandga yurishi munosabati bilan eslatiladi”(“B.”, 39-b.). (“Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi”. T., Sharq, 2014, 234-bet).
Endi asl manba – “Boburnoma”ga (T., Sharq, 2002, 55-56-betlar) yuzlanamiz. Hijriy 902-yil voqealari bayonida Andijondan “Samarqand azimati bila” otlangan Bobur mirzo Yoryayloq, Sheroz, Obyor, Qorabuloq, Yom, Xiyobon, Xon yurti, Puli Mag‘ok, Tarnov, Gʻori Oshiqon, Shovdor, Urgut kabi joy nomlarini sanaydi. Hammasi Samarqand shahrining sharqi va janubi-sharqida joylashgan. Jom esa Samarqandning janubida, “bir nima g‘arbqa moyil”, ya’ni janubi-g‘arbida.
Demak, Andijondan Samarqandga kelayotgan odam Bobur zamonida ham, hozir ham Samarqand viloyati Nurobod tumani Jom qishlog‘idan o‘tishi haqiqatga zid. Jizzax viloyati Zomin tumani Yom qishlog‘idan o‘tishi to‘g‘ri.
“Bobur ensiklopediyasi”ning shu qismini yozgan muallif xatoga yo‘l qo‘ygan. Bu xatoni “ushlash” va to‘g‘rilash kimning zimmasida edi? Albatta, nashr muharririning. Muharrir geografiyadan yaxshi xabardor, tarix bilimdoni bo‘lganida, muallifga savol qo‘yar va xatoning oldi olinar edi.
Qizil dengiz qayerda-yu, Qora dengiz qayerda?
“Yosh kitobxon” tanlovining hakamlaridan biriman. Yaqinda Namangan viloyati bosqichida 1980-yili nashr etilgan kitobdagi shu kunga dovur tuzatilmasdan kelayotgan bir xato zukko bir kitobxon o‘quvchini 1-o‘rindan mahrum etishiga sal qoldi.
Tezkor savol-javob shartida o‘sha yosh kitobxonga shunday savol tushdi:
“Mark Tvenning “Tom Soyyerning yangi sarguzashtlari” asarida keltirilishicha, Fir’avn isroilliklarni quvlab qaysi dengiz ostida qolib ketgan edi?”.
O‘quvchi ikkilanmasdan “Qizil dengiz” deb javob berdi. Savollarni o‘qiyotgan tanlov eksperti “Noto‘g‘ri” dedi. Chunki uning qo‘lidagi javob “Qora dengiz” edi...
Mening esa xayolimdan shu gap o‘tdi: “Bola to‘g‘ri javob berdi-ku!”.
Tanlov yakunlangach ushbu ishtirokchi 2-o‘rinni olgani ma’lum bo‘ldi. Agar shu savolga javobi to‘g‘ri deya qabul qilinganida to‘plagan baliga yana 20 ball qo‘shilib, birinchi o‘ringa chiqar edi. Shu sabab u e’tiroz bildirdi. Masala hakamlar hay’ati tomonidan o‘rganib chiqilib, ishtirokchining “Qizil dengiz” degan javobi to‘g‘ri deya qabul qilindi. Va u birinchi o‘rinni oldi.
Lekin aytganimdek, ekspert qo‘lidagi javob “Qora dengiz” edi.
Chunki 1980-yili “Yosh gvardiya” nashriyotida chop etilgan “Tom Soyyerning yangi sarguzashtlari” kitobi 93-betida shunday yozilgan. Qissani o‘ris tilidan Abduvoris Abdumajidov tarjima qilgan. Aftidan, tarjimon o‘rischa variantdagi “Чермное море”ni “Чeрное море” deb o‘ylagan va “Qora dengiz” deya o‘girgan. Aslida esa: “Чермное море – церковнославянское словосочетание в русском Синодальном переводе Библии, употребляемое для обозначения водоёма, воды которого расступились и пропустили Моисея и еврейский народ во время Исхода из Египта, а затем сомкнулись и погубили войско фараона. Возле него располагался один из станов Исхода” (Vikipediya).
Tarjimasi:
“Qizil dengiz − Bibliya kitobining rus sinodal Injili(rus provaslav cherkovi, katolik, shuningdek, rus baptistlari va Rossiyadagi boshqa protestant jamoalari tomonidan ishlatiladigan Injilning ruscha bo‘lmagan slavyancha tarjimasi)da qo‘llanilgan ibora bo‘lib, Misrdan chiqish vaqtida Muso alayhissalom va yahudiy xalqini o‘tkazib yuborish uchun ikkiga bo‘lingan, so‘ngra yana birlashib, fir’avn qo‘shinini halok qilgan suv havzasini anglatadi. Uning bo‘yida Isroil farzandlarining Misrdan chiqish yo‘lidagi manzilgohlaridan biri joylashgan edi”.
Agar kitob muharriri geografiyadan yaxshi xabardor bo‘lganida, xayolidan “Misr qayerda-yu, Qora dengiz qayerda?” degan fikr o‘tar edi. Agar kitob muharriri tarixdan yaxshi xabardor bo‘lganida, Qur’oni karimni o‘qigan bo‘lganida, Muso alayhissalom va Fir’avn o‘rtasidagi ziddiyatlardan xabardor bo‘lganida bu voqea Qizil dengizda ro‘y berganini bilar edi.
Agar kitob muharriri o‘ris tilidan yaxshi xabardor bo‘lganida asarning o‘rischa matnini qidirib topib, “Черное море” emas, “Чермное море” deb yozilganini bilar va tarjimonning xatosini to‘g‘rilar edi...
Otalar xarxasha qilmaydi!
Bir kuni “O‘zbekiston” kanalida “Zurriyot” degan kinofilm qo‘yishdi. Gid qiz chet elliklarga Samarqanddagi Registonni tanishtiryapti: “Registon maydoni Mirzo Ulug‘bek davrida shakllanib boshlagan”. “Registon maydoni” emas, “Registon ansambli” deyish kerak edi. Yana o‘sha qiz “Ta’tilda uyga borgim kelmaydi. Borganimdan otam to‘ydan gap ochib xarxasha qiladi” dedi. Og‘aynilar, janob muharrirlar! Bolalar xarxasha qiladi, otalar emas!
“Avloniy” filmida uyi yonayotganini ko‘rgan bosh qahramon “Farzandlarim!” deya hayqirib olovga o‘zini urishga intiladi. O‘zbek “Bolalarim”, “bolam” deydi, “farzandlarim” emas...
Ko‘p bunday misollar. Juda ko‘p.
Xulosa shulki, axborot texnologiyalari gullagan hozirgi davrda muharrirga bo‘lgan ehtiyoj kamaygani yo‘q, aksincha, mas’uliyati va ahamiyati tobora ortib bormoqda. Muharrir oddiy matn tuzatuvchi emas, geografiya, tarix va til sirlarini mukammal biladigan, har bir dalilni taftish qiluvchi haqiqiy bilimdon bo‘lishi shart. Zero, muharrirning loqaydligi tarixiy manbalardagi geografik xatoliklar, tarjima asarlardagi mantiqsizlik va milliy til jozibasining yo‘qolishiga sabab bo‘ladi. Bobur merosidagi joy nomlari yoki muqaddas tarixga oid ma’lumotlardagi chalkashliklar muallifning emas, aynan muharrirning filtrlaridan o‘tmagani achinarlidir.
Muharrir – madaniyat va ma’rifat posboni. Uning sergakligi kitobxonni chalg‘ishdan asraydi va sifatli ma’naviy mahsulot yaratilishini kafolatlaydi.
Husan KARVONLI
Shu kecha va kunduzda
MENI KIM ESHITADI?
Daxldorlik
“ILK MAQOLAM CHIQQAN KUN”…
Muallim – millat yulduzi
Muharrir kerakmi? Kerak!
Topildiq
UYCHI TUMANIDA MAKTAB KUTUBXONACHILARI UCHUN O‘QUV-AMALIY SEMINAR O‘TKAZILDI
Kitobxonlik
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank