Namanganda xalqaro biologiya olimpiadasi: yoshlar uchun katta sinov va imkoniyat

Jarayon Namanganda xalqaro biologiya olimpiadasi: yoshlar uchun katta sinov va imkoniyat
32

Namangan shahri yana bir yirik xalqaro ilmiy tadbirga mezbonlik qilmoqda. 20–27-aprel kunlari bu yerda Abu Ali Ibn Sino nomidagi ikkinchi xalqaro biologiya olimpiadasi tashkil etildi. Mazkur nufuzli musobaqa Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Fan olimpiadalari markazi hamda viloyat hokimligi hamkorligida o‘tkazilmoqda.

Olimpiadaga dunyoning 12 davlatidan — Turkiya, Tailand, Malayziya, Rossiya, Ozarbayjon, Belarus, Mo‘g‘uliston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistondan jami 94 nafar iqtidorli o‘quvchi-yoshlar tashrif buyurgan. Ular o‘zbekistonlik tengdoshlari bilan bir maydonda bilim sinovidan o‘tmoqda. Bu esa nafaqat raqobat, balki do‘stona ilmiy muloqot muhitini ham yaratmoqda.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PQ-346-son qarori ijrosi doirasida tashkil etilayotgani bilan ahamiyatli. Unda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ilm-fanga qiziqishini oshirish va xalqaro maydonda raqobatbardoshligini mustahkamlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Olimpiada buyuk alloma Abu Ali Ibn Sino nomi bilan atalishi bejiz emas. Uning jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasi, xususan, “Tib qonunlari” asari bugungi kungacha o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Shu jihatdan, mazkur musobaqa yoshlarni buyuk ajdodlarimiz merosiga hurmat ruhida tarbiyalashga ham xizmat qiladi.

Musobaqa ikki bosqichda o‘tkazilmoqda. Birinchi bosqich laboratoriya va nazariy yo‘nalishda bo‘lib, mikrobiologiya hamda bioinformatika bo‘yicha sinovlarni o‘z ichiga oladi. Ikkinchi bosqichda esa ishtirokchilar 45 ta murakkab nazariy savol ustida bosh qotiradi. Har ikki bosqich yakunida jami 200 ballik tizim asosida g‘oliblar aniqlanadi.




Olimpiadada yuqori saviyani ta’minlash maqsadida hakamlar hay’atiga Belarus, Turkiya, Ozarbayjon va Rossiyadan tajribali xalqaro ekspertlar jalb etilgan. Bu esa baholashning shaffofligi va xolisligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Tadbir faqat musobaqa bilan cheklanib qolmaydi. Uning doirasida ishtirokchilar uchun xalqaro mutaxassislar ishtirokida mahorat darslari tashkil etilmoqda. Shuningdek, mehmonlar Namanganning tarixiy va madaniy maskanlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lmoqda.




E’tiborlisi, mazkur olimpiada joriy yilning iyul oyida Litvada o‘tkaziladigan Xalqaro biologiya olimpiadasiga muhim tayyorgarlik bosqichi vazifasini o‘taydi. O‘tgan yili o‘zbekistonlik o‘quvchilarning 210 ta medalni qo‘lga kiritgani esa bu yo‘ldagi yutuqlar izchil davom etayotganidan dalolat beradi.

Namangandagi ushbu xalqaro olimpiada nafaqat bilimlar bellashuvi, balki ilm-fan orqali xalqlarni yaqinlashtiruvchi muhim maydon sifatida ham ahamiyat kasb etmoqda.

Maqola muallifi

Muxbirlarimiz

Muxbirlarimiz

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Olimpiada

Ulashish