“NG” haqida ertak
Dolzarb mavzu
1.09k
Bor ekan-u yo‘q ekan, och ekan-u to‘q ekan. Bo‘ri bakovul, tulki yasovul bo‘lmagan, qarg‘a qaqimchilikni, chumchuq chaqimchilikni o‘rganmagan zamonlar ekan. Bo‘ri, tulki, qarg‘a, chumchuqni qo‘ying, dunyoda na odam, na dinozavr, na bir qurt, na bir maysa bor, “Big Bang”dan ham oldingi davrlar. Borliq faqat so‘zdan iborat ekan. So‘z tovushga aylanib moddiylashgach, tovush ham harflarga evrilibdi. Shu tariqa borliqda harflar hukmron bo‘la boshlabdi.
Boshida harflarning barchasi tenglikda, tinch-totuvlikda yashabdi. Xuddi insonlarda bo‘lgani kabi, vaqt o‘tishi bilan harflarda ham turli xarakterlar, ichki illatlar paydo bo‘lgach, ular ham asta-sekin tabaqalarga bo‘linib, bir-birlari bilan janjallasha boshlabdi. Harflar orasidagi urush, taloto‘p juda uzoq davom etibdi. Oxiri urushlardan charchagan harflar o‘zaro majlis o‘tkazib, tartibli jamiyat qurishga, ichlaridan bir hukmdor saylashga qaror qilishibdi. Shunday qilsagina oralaridagi mojarolar bitishiga ishonishibdi. Nihoyat barcha harflar bir joyga to‘planib, saylovoldi majlisini o‘tkazibdi. Lekin bu majlisdan ham hech bir naf chiqmabdi. Chunki harflarning barchasi podshoh bo‘lishni istab, o‘z nomzodini ilgari suribdi. Hamma podshoh bo‘lishni istasa, kim ovoz beradi? Kim ularni saylaydi? Yana boshlanibdi janjal. “U”ning boshi yorilibdi, “O‘”ning qulog‘i yulinibdi. “A”ning yumshog‘i shahid bo‘libdi, “I”ning qattig‘i bedarak ketibdi. Xullas, unlilar orasida talofatlar juda ko‘p bo‘libdi. Oltitasigina tirik qolibdi.
Janjallardan bezor bo‘lgan harflar oxiri yana tortisha-tortisha podshohni faqat unlilar orasidan saylashga qaror qilishibdi. Harflar orasida unlilarning o‘ziga yarasha obro‘si bor ekan. Undan tashqari, urushlarda ko‘p yaqinlarini yo‘qotib, juda qattiq tushkunlikka tushganlari uchun qolgan harflarning ularga rahmi kelibdi.
Nomzodlar aniqlangach, saylov kuni ham belgilanibdi. Unli harflar mitinglar o‘tkazib, saylov kampaniyasini boshlab yuborishibdi.
– “Uzr” degan so‘z bo‘lsa, oramizdagi adovatlar butkul yo‘qoladi. Hamma bir-biridan uzr so‘raydi, yana qayta tinch-totuv yashaymiz. Meni saylasangiz, ishonchingizni oqlayman, – debdi “U”.
– “Olam”, “osmon”, “oqillik” kabi so‘zlar men bilan boshlanadi. Podshoh bo‘lishga men ko‘proq munosibman, – deb minbarlarda hayqiribdi “O”.
– Meni saylamasangiz, “ilmsiz, ijodsiz, irfonsiz, iymonsiz” bo‘lib qolasiz, – debdi “I”.
– “O‘qimoq”, “o‘rganmoq” bo‘lmasa, sendan nima naf? Podshohlikka men loyiqman, – debdi “O‘”.
– E-eee, – debdi “E”. – “Erkinlik”, “egamanlik” bo‘lmasa, nima foyda o‘rganmoqdan, ilm-u ijoddan? Meni saylanglar!
– Azizlar, – debdi bosiq, donishmandona ovozda “A”. – Bizga hozir eng keragi “adolat”. “Adolat” bo‘lsa, hammasi yaxshi bo‘ladi. Undan tashqari, harflarning avvali menman. Menga ovoz
bering.
U paytlar nazorat qiladigan xalqaro tashkilotlar bo‘lmagani bois, saylovning qanchalik adolatli o‘tganini bilmaymiz. Oraga korrupsiya aralashganmi, yo‘qmi, undan ham xabardor emasmiz. Xullas, yakunda “A” harflar podshohi etib saylanibdi.
Hukumat ishlari faqat podshohning o‘zi bilan bo‘lmaydi-ku. Harflar mamlakatini boshqarish uchun boshqa lavozimlar ham kerak. “A”ning o‘zi qolganlarni tayinlabdi. Unli harflar podshohga maslahatchi bo‘lishibdi. “Boshliq”, “boshqaruvchi” so‘zlari sabab “A” “B”ni birinchilardan bo‘lib yoniga chaqiribdi va unga ko‘plab vakolatlar beribdi. Durustligi, do‘stligi sabab “D” ham uning orqasidan ko‘tarilib ketibdi. “F” farmonlarni e’lon qiluvchi bo‘libdi. “G” garnizon boshlig‘i. “H” hokim. “J” va “K”ning qanday qilib lavozimga tayinlangani haqida ma’lumotlar yo‘q. Ammo “L” laganbardorligi ortidan “A”ning e’tiboriga tushganmish. “M” mulozim, “N” nozir bo‘libdi. “P” ham “A”ning eng yaqin mahramiga aylanibdi (bunga “P”ning “paxtakor”ligi, poraxo‘rligi sabab degan mish-mishlar yuradi). “Q” qorovul, “R” rahbar, “S” sudya, “T” tergovchi, “V” vazir, “X” xavfsizlik xodimi, “Y” yordamchi, “Z” zakunchi, “G‘” g‘aznachi bo‘libdi. “Sh” shayxulislom, “Ch” esa choparlikka tayinlanibdi. Faqat “NG”gagina so‘z boshida kelmagani bois, hech bir lavozim tegmabdi. Soliq to‘laydigan ham, kattalar kulsa, kuladigan, o‘lsa o‘ladigan ham, pora beradigan ham, paxta teradigan ham, ekin ekadigan, jabr chekadigan ham… “NG”. Hamma to‘rda, u poygakda, hamma olda, u orqada. Butun hukmdor harflar unga buyruq berar, u esa butun harflarga xizmat qilib, orqasidan ergashib yurar ekan.
Mamlakat, hukmdor va amaldorlar bo‘lgandan so‘ng, boshqariladigan xalq ham bo‘lishi kerak, shunday emasmi? Harflar mamlakatida, boshqariluvchi qora xalq vazifasini “NG” bajaribdi. “NG” sabab Harflar mamlakatida janjallar bitibdi, xafagarchiliklar ketibdi, hamma murod maqsadiga yetibdi.
Qissadan hissa shuki, aziz kattakonlar, alifbomizdan “NG”ni olib tashlasangiz, Harflar mamlakatining oyog‘i osmondan bo‘lib ketishi tayin.
Shu kecha va kunduzda
Pedagoglarning kontraktda o‘qiyotgan farzandlariga beriladigan 30 foizlik chegirmani olish uchun ariza berish boshlandi
Bugunning gapi
DAVLAT MAKTABLARIDAGI PULLIK SINFLAR: QO‘SHIMCHA IMKONIYATMI YOKI TA’LIMDAGI TABAQALANISH? (Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-apreldagi 343-qarori va uning ijrosi borasida mulohazalar)
Mutaxassis minbari
ISH BERUVCHILAR QANDAY MUTAXASSIS IZLAYAPTI?
Mutaxassis minbari
Yangi iqtisodiy model: yuqori texnologiya, mehnat unumdorligi va inson kapitali
Jarayon
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank
Mavzuga doir
Bugunning gapi
Mutaxassis minbari
Mutaxassis minbari
Nuqtayi nazar
Pedagoglarning kontraktda o‘qiyotgan farzandlariga beriladigan 30 foizlik chegirmani olish uchun ariza berish boshlandi
DAVLAT MAKTABLARIDAGI PULLIK SINFLAR: QO‘SHIMCHA IMKONIYATMI YOKI TA’LIMDAGI TABAQALANISH? (Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-apreldagi 343-qarori va uning ijrosi borasida mulohazalar)
ISH BERUVCHILAR QANDAY MUTAXASSIS IZLAYAPTI?