“Nogiron bolalar uchun aravacha”

Jarayon “Nogiron bolalar uchun aravacha”
69

Yosh olima Dildora Tulyaganova ning “Nogiron bolalar uchun aravacha” loyihasi Innovatsion rivojlanish agentligining “Olima ayollar” tanlovida g‘olib deb topildi.

Bu tasodif emas. Loyiha doirasida yaratilgan ko‘p funksiyali, anatomik tuzilishga moslashuvchan aravalar klinik va internat uylarida sinovdan o‘tdi va ishonchli samara berdi. Ushbu vositalar nafaqat bolaning harakatlanish erkinligini ta’minlaydi, balki uning ichki organlari faoliyatini yaxshilash, nafas olish, qon aylanish, ovqat hazm qilish jarayonlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Eng muhimi – bolaning jamiyatga integratsiyasini rag‘batlantiradi... 


HAMSHIRALIK ISHI YO‘NALISHI: Nogiron bolalar uchun aravacha”


Zamonaviy tibbiyot nafaqat davolash, balki jamiyatning barcha qatlamlarini qamrab olgan, inson qadri va hayotini yuksak qiymat deb bilgan tizimga aylanmoqda. Bunda faqat shifokorlar emas, balki hamshiralar, pedagoglar, tadqiqotchilarning ham o‘z o‘rni, o‘z so‘zi bor. Shu ma’noda, biz bugungi ocherkimiz orqali nafaqat ilmiy izlanishlar olib borayotgan, balki mehr va sadoqat bilan insonparvarlikni amalda namoyon qilayotgan izlanuvchi ayol, yosh tadqiqotchi — Dildora Tulyaganovani keng jamoatchilikka tanishtirmoqchimiz.


Insonni ardoqlash – kasbga sadoqatdan boshlanadi


Dildora Tulyaganova — Toshkent tibbiyot akademiyasida hamshiralik ishi yo‘nalishi bo‘yicha doktoranturada tahsil olayotgan, bir necha ilmiy loyihalar muallifi va amaliy natijalarga erishgan salohiyatli izlanuvchi. Uning tajribasi ham nazariy, ham amaliy bilimlarga boy. Eng muhimi, u tadqiqotni faqat qog‘ozda emas, balki hayotning o‘zida sinab ko‘rayotgan, natijani esa inson hayoti sifatining yaxshilanishi orqali baholayotgan izlanuvchilardan.


2024-yilda Dildoraning “Nogiron bolalar uchun aravacha” loyihasi Innovatsion rivojlanish agentligining “Olima ayollar” tanlovida g‘olib deb topildi. Bu tasodif emas. Loyiha doirasida yaratilgan ko‘p funksiyali, anatomik tuzilishga moslashuvchan aravachalar klinika va internat uylarida sinovdan o‘tdi va ishonchli samara berdi. Ushbu vositalar nafaqat bolaning harakatlanish erkinligini ta’minlaydi, balki uning ichki organlari faoliyatini yaxshilash, nafas olish, qon aylanish, ovqat hazm qilish jarayonlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Eng muhimi – bolaning jamiyatga integratsiyasini rag‘batlantiradi.


Pedagog, tarbiyachi va ilmiy rahbar sifatida


Dildoraning ilmiy salohiyati uning pedagogik mahorati bilan yanada boyidi. U hozirda Toshkent tibbiyot akademiyasining Jamoat salomatligi va menejment kafedrasida xorijlik talabalarga dars beradi. U interfaol metodlar orqali darslarni qiziqarli va tahlilli olib borishi, har bir talabaning fikrini eshitishi, yoshlar bilan samimiy muloqotga kirishishi bilan ajralib turadi.


Shogirdlari uni mehribon, inoq va bilimdon muallim sifatida yaxshi biladilar. U fanni darsda emas, hayotda o‘rgatishga intilgan, har bir ta’lim jarayonida odamiylik, kasbga sadoqat va mas’uliyatni ustuvor qo‘ygan ustozlardan biri. Dars jarayonlarida tajriba va misollarga boy holatlardan foydalanadi, bilimni nazariyadan amalga ko‘chirishda doim talabalariga ko‘makdosh bo‘la oladi.


Ijtimoiy tashabbuslar markazida



Dildora na faqat auditoriya, balki jamoatchilik ishlarida ham faol. U mahallada yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish, qizlar o‘rtasida ijtimoiy faollikni kuchaytirish bo‘yicha keng tushuntirish ishlarini olib boradi. Sog‘liqni saqlash vazirligining “Uyda reabilitatsiya qilish” dasturida faol ishtirok etayotgani  uning ishiga bo‘lgan fidoiyligini  isbotlaydi.


Uning ilmiy ishlari doirasida to‘plagan ma’lumotlari asosida reabilitatsiya shkalasi yaratildi. Bu shkala hamshiralar va ota-onalar uchun birdek tushunarli bo‘lib, reabilitatsiya jarayonini monitoring qilish imkonini beradi. Hozirda uning elektron shaklini yaratish ustida ish olib borilmoqda.


Xulosa o‘rnida


Dildora Tulyaganovaning mehnati, ilmiy izlanishlari va insonparvarlikka asoslangan yondashuvi bugungi kunda nafaqat tibbiyot sohasi, balki keng jamoatchilik uchun ham ibrat namunasidir. Uning nogiron bolalar uchun yaratgan aravachalari — izlanuvchan yosh olimaning insoniylikka xizmat qiladigan maqsadli  g‘oyalarining amaliy natijasidir.


Ilm kishisining insonga nisbatan mehr bilan xizmat qilishi esa bugungi kundagi eng dolzarb, eng oliyjanob vazifalardan biridir.


Ana shunday ezgu maqsad yo‘lida harakat qilayotgan yosh tadqiqotchilar qatori Toshkent tibbiyot akademiyasi yosh olimi Dildora Tulyaganova singari umidli yoshlar bilan kun sayin kengayib bormoqda.

Maqola muallifi

Muxbirimiz

Muxbirimiz

Jurnalist

Teglar

  • #Ta'lim

Ulashish