O‘QITUVCHINING ORZUSI

Muallim – millat yulduzi O‘QITUVCHINING ORZUSI
30


Xatolar, tartibsizlik, ko‘chadagi urush-janjallar oldidan jimgina o‘tib ketamiz. Ko‘pincha bizga aloqasi bo‘lmagan bunday holatlarga aralashish ortiqcha “boshog‘ridek” tuyuladi. Ammo bir toifa insonlarki borki, bu borada biz kabi emas. Ular har qanday imloviy xatoga, har qanday noto‘g‘ri fikrga, nojoiz muomala, tartibsiz harakat-u urush-janjallarga befarq bo‘lolmaydi. Shunday insonni ko‘chada ko‘rib qolsa “o‘qituvchi emasmisiz?” deb so‘raydiganlar ham topiladi. Ha, shubhasiz, bu o‘qituvchi. Uning o‘zi bunday odatini “kasb kasali” deydi. Agar shu kasallik bo‘lsa, hech ikkilanmay aytish kerakki, jamiyatga bunday “kasalik” kerak. O‘qituvchining har bir so‘zi, harakati, fikr tarzi, o‘y-tashvishi boshqalarnikidan farqli o‘laroq, umumning manfaatini ko‘zlanganligi bilan ajralib turadi. Hatto, uning orzusi ham. 


O‘qituvchi nimani orzulaydi? Biz mana shu savolga qiziqib, telegramdagi “Ma’rifat” mushtariylari” guruhida ularni suhbatga chorladik. Ne ajabki, muallimning orzusi ham xalqning bolasi, yurtnig ertasi bilan chamcharchas bog‘liq ekan. O‘zidan kechib, umum dardida yashash bu kasb egalariga bir-biridan o‘tib kelayotgan boqiy merosmikin?!   


Toxira Nuriddinova,

Menga til o‘rgatgan ustozimning sog‘liqlari hozir og‘ir ahvolda. Ayni damda ularning o‘rnidan turib, maktabga kelishlarini, bir soatlik darsimni kuzatib, o‘z maslahatlarini berishlarini orzu qilaman. Qaniydi, yana xatolarimni ko‘rsatib bersalar. Men o‘quvchilik davrimda shu ustozimning darslarida ingliz tilini yaxshi o‘zlashtirgan edim. Hech qachon repetitorga bormay turib, maktabda olgan bilimlarimga tayanib institutga kirdim, u yerda ham tilni eng yaxshi biladigan talaba hisoblanardim. Bu hammasi maktabdagi ingliz tili o‘qituvchimning mehnati samarasi bo‘lgan. Keyinchalik darslarimni tahlil qildilar, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatdilar, eng a’lo maslahatchimga aylandilar. Ammo hozir u kishiga ehtiyoj sezyapman. Yonimda shunday aziz insonimni yana ko‘rishni orzu qilaman. Birgalikda hali ko‘p o‘quvchilarga ta’lim berishimiz kerak. Sog‘ayib keling, ustoz! 


Lobar Yoqubova,

Eng katta orzuim talabalik yillarimda boshlagan agnonimlar haqidagi ilmiy ishimni nihoyasiga yetkazish. Ana shunda aziz ustozim, ilmiy rahbarimning  ishonchlarini to‘liq oqlagan bo‘lardim. 


Dilnoza Narzullayeva, Vobkent tumanidagi 21-maktab o‘qituvchisi

25 yildan beri boshlang‘ich sinf o‘qituvchisiman. Har safar yangi sinf olayotganimda ko‘nglim bir narsadan juda g‘ashlanadi: “Ilohim, bu safargi bolakaylarimning ota-onasi farzandi bilan birga bo‘lishsaydi” deb orzu qilaman. Ota-onasi xorijga ishlagani ketgan yoki tirik yetim qolgan bolalarning ahvolini ko‘raverib yuragim zirqirab ketgan. Ular faqat mehrga, shirin so‘zga muhtoj bo‘lib qolarkan. Men ularga o‘z onasiday mehr berishga harakat qilib keldim. Baribir,  ota-onasini qo‘msab, sog‘inib yig‘laydi. Shu paytlarda ba’zan chora topmay qiynalaman. 


Dilfuza Suvonova, Yangiyo‘l tumanidagi 42-maktab o‘qituvchisi:

Umrning yarim asri eshik qoqib turganda bolalikda qilgan orzularimizni sarhisob qilib qolarkanmiz. Men  orzularimga yetdimmi? Ha, bir qanchasiga yetdim. O‘zim istagan kasb egasi bo‘ldim. Salkam o‘n yil farzandli bo‘lish orzusida o‘quvchilarimga onadek mehribon bo‘lishga intildim.  Orzuim ro‘yobga chiqib, o‘g‘il farzandli bo‘ldim. Farzand tilagida har bir o‘quvchimga ona bo‘ldim. Bugun hech ikkilanmay mening farzandim bitta emas, juda ham ko‘p deb aytaman. Har bir bolamning fazlu kamolini ko‘rishlikni orzu qilaman. 


Mohidil Xushvaqova, Izboskan tumanidagi 15-maktab o‘qituvchi

Eng iqtidorli o‘quvchimni bilimlar bellashuviga tayyorlayapman. Bir yildan so‘ng esa olimpiadaga yo‘l oladi. Hozir u 9-sinfda. 11-sinfni bitirguncha respublikada birinchi o‘rinni olishini hamda IELTS dan 10 ballga munosib topilishini, shu oquvchimning yutuqlari ortidan men ham quvonib, O‘qituvchi va murabbiylar bayrami kuni Toshkentda o‘tkaziladigan katta konsert tantanalarida qatnashishni orzu qilaman.


Muzaffar Qosimov, Farg‘ona tumanidagi 13-maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari

Qachondir men saboq bergan  o‘quvchilar  to‘planganda “Shu ustoz bizni o‘qitgandi,  zo‘r dars o‘tardi” deb eslashlarini,  farzadlarimga “otangiz bizni o‘qitgan edilar, shunday ustozning farzandimisiz” deyishlarini orzu qilaman.


Ulug‘oy Xudoynazarova, Oqqo‘rg‘on tumani agrosanoat va tadbirkorlik kasb-hunar kolleji direktori

Maktab davrimdan olimpiadalarda qatnashishni yaxshi ko‘rardim. Ba’zan oʻquvchilarimning oʻrniga oʻzim qatnashgim kelib ketadi. Ko‘plab iqtidorli o‘quvchilarimning qobiliyatini yazaga chiqarish uchun olimpiadalarga tayyorlab boraman. Yurtimiz fan olimpiadalari, turli ko‘rik-tanlovlarda qatnashib kelayotgan iqtodorli o‘quvchilarimni jahon olimpiadalarida qatnashib yutuqlarga erishishlarini orzu qilaman. 


Gulchehra Ashurova, Termiz shahridagi 13-maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlari bo‘yicha o‘rinbosari

Orzuga ayb yo‘q. Mening orzularim juda ko‘p. 

1.Har bir sinfda rangli printer, televizor, proyektor, kserokopiya, elektron doska, har bir mavzuga mos elektron darsliklar, 35 dona internet tarmog‘iga ulangan notebook bo‘lsa. 

2.  10-11-sinf o‘quvchilarimizga  onlayn tarzda dunyo reytingida o‘ntalikka kirgan OTM o‘qituvchilari reja asosida  mahorat darslarini o‘tsa, o‘qituvchilarimiz ular bilan tajriba almashsa.

3.  Eng katta investisiyalar ta’limga kiritilsa. Buning evaziga   intiluvchan, iqtidorli o‘quvchilarni jahonning mashhur AQSH, Italiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiyadagi  mashhur muzeylarga sayohatga olib borilsa. Bu rag‘bat o‘quvchilarning dunyoqarashini kengaytirishga va ilm olishga bo‘lgan intilishini yanada oshirardi.  

4.  Har bir maktabga xizmat mashinasi, kuryer shtati berilsa. Shunda o‘qituvchilar hujjat tashish, o‘quvchilarning uylariga  borib, xabar olish kabi yugur-yugurlardan xalos bo‘lardilar.


Farida Axboraliyeva, Zangiota tumanidagi 33-maktab o‘qituvchisi  

Men to‘la-to‘kis xonadonda ulg‘aydim. 18 yoshga to‘lganimga 4 kun bo‘liboq hayotning qattiq zarbasiga duch keldim.  Jondan aziz onam 42 yoshda olamdan o‘tdilar.  Bir necha yillardan so‘ng bu bo‘shliq to‘ldirildi. Qaynonam menga haqiqiy ona bo‘ldilar. Kelin bo‘lganimda ma’lumotim o‘rta maxsus edi. Universitetda o‘qitdilar. Hozir 1-toifali o‘qituvchiman. Ilmiy izlanishlar qilyapman. Mening eng katta orzuim 7 farzand, 15 nabira, 6 avaraning mehribon buvijonisi bo‘lgan onajonim — qaynonamni o‘z halol pulim evaziga haj safariga yuborishdir.


Zilola Muxtorova, Qarshi shahridagi  1-IDUM o‘qituvchisi

Mening katta orzuim — oliy ma’lumotli bo‘lish. Avvaliga uy-ro‘zg‘or dedik, keyin ketma-ket farzandli bo‘ldim. Maktabda 23 yillik faoliyatim davrida qanchadan-qancha o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya berdim. Ularning  fanga bo‘lgan qiziqishlarini orttirish maqsadida turli tadbirlar, ko‘rik-tanlovlar, ochiq darslar o‘tkazdim. Lekin bularning barchasini katta maydonga olib chiqolmayman. Sababi  oliy ma’lumotim yo‘q. 


Diloram Jalilova, Chilonzor tumanidagi 181-maktab o‘qituvchisi

Qishloqdan endigina kelib, maktab jamoasiga, ayniqsa, o‘quvchilar qalbiga kirib borishning o‘zi bo‘lmadi. Yeinimsiz izlanib, o‘qib- o‘rgandim. Bu yil 11-sinfimni tamomlagan o‘quvchilarimning 15 nafari O‘zbekiston va xalqaro OTMlariga talabalikka qabul qilindi. O‘quvchilarimning “ustoz mehnatlaringiz samara berdi”, deya qong‘iroq qilishlaridan shu qadar quvondimki. Mana shu e’tiroflar mening orzularimning ro‘yobi edi. 


Go‘zal Muxtorova, Forish tumanidagi 15-maktab o‘qituvchisi

Mening birinchi ustozim — onajonim. Qariyb 40 yilidan ortiq umrini yosh avlod tarbiyasiga bag‘ishladilar. Maktabga ilk bora qadam qo‘yganimizda bizga hayotni tanita boshladilar,orzu qilishni o‘rgatdilar. Hozir ham orzularimning cheki yo‘q. Maktablarda radio to‘garaklari tashkil etilishini orzu qilaman. Oʻquvchilarning nutqiy savodxonligini oshirishda katta yordam beradi, deb o‘ylayman. O‘quvchilarimni tuman, viloyat va respublika tanlovlarida yuqori natijalarni egallashi katta orzularimdandir. 


Shoxida Hamroyeva, Romitan tumanidagi 33-maktab o‘qituvchisi 

 Har bir o‘quvchining ota-onasi farzandining ta’lim-tarbiyasiga e’tiborli bo‘lishini, maktabga tez-tez kelib xabar olib turishini orzu qilaman. Zero, muallim maqomini tiklashda, avvalo,  ota- onalarning  maktab, o‘qituvchi haqidagi qarashlarini o‘zgartirish kerak. Shuningdek, Prezidentimiz qo‘llaridan “Xalq o‘qituvchisi” mukofoti  va “Shuhrat” medallarini olishni orzu qilaman.


Odinaxon Axmedova, Bag‘dod tumanidagi 51-maktab o‘qituvchisi

Eng katta orzuim — ona tili fanini  ikki guruhga  bo‘lingan holatda o‘tishga erishish. Darslarni ko‘ngildagidek tashkillashtirishga imkon bo‘lardi.  


Gulnoza Holdorova, Namangan shahridagi 21-IDUM o‘qituvchisi

“Darsliklarni birgalikda takomillashtiraylik” tanlovida g‘olib sifatida taqdirlanar ekanman. Bugun taqdirlash marosimi. Farzand kutayotganim uchun uzoq yo‘lga bora olmadim. Hozir shu daqiqadagi orzuim taqdirlash marosimida  ota-onam, ustozim bilan bora olsam edi.

 Zilola MADATOVA tayyorladi.

“Ma’rifat” gazetasidan olindi.



Maqola muallifi

Zilola MADATOVA

Zilola MADATOVA

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta
  • #Maktab
  • #Nazorat

Ulashish