“PLUS” VA “MINUS”

Retsept
Issiq jonning istimasi bor, deganlaridek, biror dardga chalinsak, hamyonimizni to‘ldirib shifokor huzuriga otlanamiz (to‘g‘rida, hamyonni to‘ldirmasang, retseptdagi birorta ham doriga puling yetmaydi). Tashxisdan so‘ng esa doktor yozib bergan retseptni qo‘lga olib dorixona tomon yo‘l olishga odatlanganmiz. Shu o‘rinda “retsept” nima degan savolga izoh berib o‘tish joiz. Retsept – bu shifokorning farmatsevtga yozma murojaati, u bemorlarning yoshi, kasallik darajasi, dori vositalari uchun haq to‘lash tartibini, masalan, unda yozilgan antibiotiklar tarkibidagi moddalarni hisobga olgan holda yoziladi.
Dorixona xodimi tavsiyasiga ko‘ra dori olish
Ayrim hollarda dorixonalardan qidirgan dorimizni topolmaymiz. Shunday sharoitda dorixona sotuvchisi biz so‘ragan dori o‘rniga muqobilini tavsiya qiladi. Izlaganimizni topish uchun boshqa joyga borishga hafasala qilmaymizda, bizga tavsiya qilingan “undanda kuchli” dorini olamiz. Xo‘sh, dorixona sotuvchisi tavsiya qilgan dorilarni olish to‘g‘rimi? Mazkur savol yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori maslahatchisi Muhabbat Ibrohimova fikrlari bilan qiziqdik:
– Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6-apreldagi 185-qarori bilan tasdiqlangan nizomga asosan amalga oshiriladi, – deydi farmatsevtika fanlari nomzodi, dotsent Muhabbat Ibrohimova. – Tartibga muvofiq, dori vositasi va tibbiy buyumni berish paytida dorixonaning farmatsevtik maʼlumotga ega bo‘lgan xodimi dori vositasi va tibbiy buyumni sotib oluvchiga dori vositasi va tibbiy buyumni qo‘llash tartibi, xususan, qo‘llash davriyligi, bir marotabalik va sutkalik dozalari, qo‘llash usuli, saqlash tartibi, yaroqlilik muddati va boshqalar haqida maʼlumot berishi lozim. Shuningdek, dorixona xodimi xaridor (isteʼmolchi) eʼtiborini dori vositasi va tibbiy buyumning qo‘llash yo‘riqnomasini diqqat bilan o‘rganib chiqishga qaratishi kerak. Taʼkidlash joiz, dorixona xodimi isteʼmolchining (yoki bemorning) holatiga qarab dori tavsiya qilishi, shuningdek, davolovchi shifokorning ko‘rsatmasiga binoan retsept bilan beriladigan dori vositasini retseptsiz berishi noto‘g‘ri. Chunki bemorning kasallik tarixi, uning tanasida yuz berayotgan fiziologik holat haqida to‘liq maʼlumotga ega bo‘lmasdan turib, o‘zboshimchalik bilan dori tavsiya qilish og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Ilg‘or mamlakat dorixonalari shifokor retseptini ko‘rmaguncha aholiga dori sotmaydi. Masalan, Singapurda hatto saqich ham retseptsiz sotilmas va faqat homilador ayollarga berilar ekan. Ammo yurtimiz dorixonalarida hamon “mol o‘tsa bo‘lgani” qabilida ish tutilmoqda. Muhabbat Ibrohimova yurtdoshlarimizdan dori vositalarini shifokor ko‘rsatmasiga binoan xarid qilishlari va qo‘llash yo‘riqnomasiga amal qilishlarini so‘rab qoladi:
– Qonunchilikka muvofiq, 2020-yil 1-iyuldan boshlab mulkchilik shaklidan va idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, barcha tibbiyot tashkilotlarida bemorga majburiy tartibda xalqaro patentlanmagan nom bo‘yicha retsept yozilishi belgilangan bo‘lib, bunda bemorga tayinlangan dori vositalari (xalqaro patentlanmagan nomi, bir kunlik dozasi, qabul qilish yoki yuborish usuli, miqdori, davomiyligi va boshqalar) uning tibbiy hisob hujjatlarida (kasallik tarixi, ambulatoriya kartasi) qayd qilinadi va davolovchi shifokor tomonidan imzolanadi. Afsuski, shunga qaramasdan, ayrim dorixonalarda retsept bilan berilishi lozim bo‘lgan dori vositalarini retseptsiz berish holatlari kuzatilmoqda. Bu esa o‘zboshimchalik bilan davolanish hamda dori vositalarining tartibsiz isteʼmoli natijasida turli nojo‘ya taʼsirlarni keltirib chiqarmoqda.
Retseptsiz sotilishi taqiqlangan dorilar
Nojo‘ya ta’sir qiluvchi, sog‘ligimizga jiddiy zarar yetkazuvchi quyidagi dori vositalari retseptsiz berilishi taqiqlangan:
• muomalada boʻlishi taqiqlangan giyohvandlik vositalari, psiхotrop moddalar va prekursorlar roʻyхatlariga kiruvchi dori vositalari;
• tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud dori vositalari;
• reproduktiv toksiklik, genotoksiklik va kanserogenlik хususiyatlariga ega boʻlgan dori vositalari;
• tibbiy kuzatuvsiz qoʻllanilganida inson organizmiga bevosita yoki bilvosita хavf tugʻdiruvchi dori vositalari;
• ruhiy va jismoniy qaramlikni keltirib chiqaruvchi dori vositalari;
• dori vositasini buyurish va iste’mol qilish shifokorning doimiy kuzatuvini talab etuvchi dori vositalari;
• homiladorlik va laktatsiya davrida qoʻllash uchun qarshi koʻrsatmalar va ehtiyotkorlik choralari mavjud boʻlgan dori vositalari;
• uzoq muddat qoʻllanilganida kumulyativ хususiyatlarga (dori vositasi qayta qabul qilinganida (qoʻllanilganida) inson organizmida moddalarning toʻplanishi) ega boʻlgan dori vositalari;
• davolash-profilaktika muassasalarida qoʻllashga moʻljallangan dori vositalari;
• inson organizmida jiddiy nojoʻya ta’sirlarni keltirib chiqaradigan dori vositalari bilan oʻzaro ta’sir qiluvchi dori vositalari.
Retseptsiz dori berganlik uchun javobgarlik
Retseptsiz beriladigan dori vositalari mamlakatimiz farmatsevtika bozorining taxminan 30 foizini tashkil etadi. Qonunchilikka ko‘ra tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar mavjud boʻlmagan dori vositalarini retseptsiz sotish bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha jarimaga, tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud boʻlgan dori vositalarini retseptsiz sotish esa bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha jarimaga sabab boʻladi. Mazkur tartib 2020-yil 23-oktabrdan kuchga kirgan. Bu qonunbuzarlikni dorixona muntazam ravishda (bir yil davomida ikki va undan ortiq marta) amalga oshirsa, bu holat litsenziya talablari va shartlarining qoʻpol ravishda buzilishi hisoblanib, litsenziyaning amal qilishi belgilangan tartibda toʻxtatilishiga olib keladi.
Albatta, masalaga bir tomonlama qarash, balki noto‘g‘ridir. Ko‘pgina tajribali farmatsevtlar ham doktorlar kabi sizga yaxshi dori tavsiya qila oladilar. Bir necha yillardan buyon allergiya bilan kurashib kelaman, ayrimlar bir yilda necha marota aksa ursa, men bu hisobning bir-ikki soatdayoq adog‘iga yetaman. Bir marta aksirganda yuragingiz ma’lum soniyalarga urishdan to‘xtaydi, ammo shunday holat yuz-ikki yuz martalab takrorlansa, kun davomida ahvolingizni tasavvur qilavering.
O‘tgan yili onam bilan borgan shifoxonada allergolog huzuriga kelgan mijozlar navbati turnaqator, havo issiq va har kim ertaroq chiqib ishiga, o‘qishiga borishni xohlaydi. Afsuski, navbatim yaqinlashganda hamshira shifokorning tushlik vaqti bo‘lganini, qolganlarni bir soatdan keyin qabul qilishini aytdi. Men esa kutolmayman, darsga kechikaman. Shundan so‘ng yana yarim yil oldin doktor yozib bergan retseptdagi dorilarni xarid qilishga qaror qilib kasalxonani tark etdim. Shifoxona qarshisidagi dorixonada issiqdan yuzidagi ajinlarida ariqdagi suvdek ter oqayotgan farmatsevt ayol xizmat ko‘rsatyotgandi. U oldingi dorilar ta’sir ko‘rsatmay qo‘yganini eshitgach, boshqa bir dori undan ham yaxshiroq natija berishi haqida aytib, uni tavsiya qildi. Aytishim mumkinki, o‘shandan buyon faqat shu dori dardimga davo bo‘lib kelmoqda. Bunaqa misollar sizda ham bo‘lishi mumkin, aziz gazetxon. Shunday bo‘lsa-da, mutaxassislar dozasi kuchli og‘riq qoldiruvchi dorilar (“Cupen”, “Sinepar”, “Mig”) yillar davomida organizmdan chiqib ketmasligini va ular och qoringa ichilganda oshqozon kasalliklariga ham sabab bo‘lishi mumkinligini, muqobil dori vositasini faqat davolovchi shifokorgina tavsiya qila olishini aytishadi. Shuning uchun o‘zboshimchalik bilan emas, shifokor bilan maslahatlashgan holda dori vositalarini xarid qiling. O‘z sog‘ligingizga befarq bo‘lmang!
Mashhura BURHONOVA,
O‘zDJTU talabasi
Shu kecha va kunduzda
OTMlarda jinoyatchilik statistikasi eʼlon qilindi
Fitch agentligi Toshkentning kredit reytingini qayta tikladi
“Yangi O‘zbekiston” universitetida tibbiyot fakulteti tashkil etiladi
Xalqaro hamkorlik loyihasi doirasida 58 ta maktab quriladi
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank
Mavzuga doir

Yurtimizning noyob metallari salohiyatini kashf etmoqda

Hilola Umarova “Tashabbusli byudjet“ uchun pul yig‘ish holatlari haqida xabar berishga chaqirdi
889.jpg)
Qaysi o‘qituvchilar attestatsiyadan ozod qilinadi
