QS Eurasia Forum 2025 ilk bor Toshkentda
Poytaxtda birinchi marta QS Eurasia Forum – Yevroosiyo oliy ta’lim makonidagi eng nufuzli mintaqaviy akademik tadbir o‘z ishini boshladi. Bu yilgi forum “Imkoniyatlar salmog‘ini oshirish: oliy ta’limda global ko‘priklar qurish” mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lib, Yevroosiyo universitetlarining global raqobatbardoshlik salohiyati, xalqarolashuv jarayonlari va transmilliy ta’lim hamkorliklari atrofida strategik munozaralar o‘tkazilmoqda.
Forum QS World University Rankings’ni tuzuvchi va jahon miqyosida eng katta ta’lim platformasi QS Quacquarelli Symonds, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ko‘magi va Central Asian University mezbonligida tashkil etildi. Ishtirokchi davlatlar qatorida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarboyjon, Turkiya, Vengriya, Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlari bor. Forumning asosiy maqsadi Yevroosiyoning geostrategik o‘rnini yangi ma’noda ochib berishga qaratilgan.
Tadbirda ta’kidlanganidek, jahonda yuz berayotgan keskin o‘zgarishlar – iqlim xavflari, texnologik transformatsiyalar, mehnat bozorining tez sur’atlarda qayta shakllanishi – milliy chegaralar bilan o‘lchanmaydi. Shunday sharoitda Yevroosiyo universitetlarining birgalikdagi intellektual salohiyati, tadqiqot imkoniyatlari va innovasion tashabbuslari integratsiyalashgan yondashuvni talab qiladi.
O‘zbekistonda keyingi yillarda amalga oshirilgan islohotlar ham shu keng qamrovli jarayonning ajralmas qismi ekani forumda alohida e’tirof etildi. Mamlakatimizda oliy ta’lim muassasalari sonining 204 taga yetishi, o‘quv dasturlarining global standartlarga muvofiqlashishi, xalqaro akkreditatsiyalar ulushining ortishi, akademik mobillikning faollashishi – barchasi milliy ta’lim tizimining ochiq, raqobatbardosh va global miqyosda integratsiyalashuvga qodir ekanini ko‘rsatib bermoqda. Shuningdek, O‘zbekistonning Buyuk Britaniya, AQSH, Koreya, Yaponiya, Singapur, Turkiya va Yevropa Ittifoqi bilan qo‘shma universitetlar tashkil etishi, ikki diplomli dasturlarni keng joriy qilishi Yevroosiyo ta’lim makonida ilmiy-innovasion ekotizimning muhim ishtirokchisi sifatida mavqeini mustahkamlamoqda. Ayni paytda mamlakatimizning 7 ta universiteti QS jahon reytinglarida qayd etilayotgani ham global integratsiyaning amaliy natijasidir.
Forumning eng muhim nuqtasi – O‘zbekistonning va umuman Yevroosiyo makonining oliy ta’limdagi asosiy qiymati akademik hamkorlikdan tashqari, tatbiqiy ta’sir va innovatsion natijalarni birgalikda yaratish zaruratidir. Bu yondashuv ilmiy tadqiqotlarni iqtisodiyot, jamiyat va mintaqaviy barqaror rivojlanishga yo‘naltirishni taqozo etadi.
Nazokat XOLMETOVA,
“Ma’rifat” muxbiri
Shu kecha va kunduzda
QS Eurasia Forum 2025 ilk bor Toshkentda
“Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tizimda amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi rejalar yuzasidan jamoatchilik eshituvi”
O‘quv dasturlariga iqlim o‘zgarishiga oid mavzular integratsiya qilinadi
Hunarli kishi elda xor boʻlmas
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank
Mavzuga doir
Italiyaning Tushia universiteti xorijdagi birinchi filialini Samarqandda tashkil etadi
Nodavlat ta’lim muassasalari ishonchsizmi?
Dissertatsiyalar amaliyotdan uzilib qolmoqda!