TA’MIRTALAB YOZUVLAR KIMDAN BUYRUQ KELISHINI KUTMOQDA?

Tanqid TA’MIRTALAB YOZUVLAR KIMDAN BUYRUQ KELISHINI KUTMOQDA?
271

Poytaxt markazida joylashgan “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyi oldidan o‘tib ketayotganimda xorijiy sayyohlar guruhiga duch keldim. Biri mendan ularni rasmga olib qo‘yishimni so‘radi. So‘ng katta keramik tosh ustida yozilgan “I love Uzbekistan” yozuvi oldida qatorlashib saflanishdi. Suratga tushirish jarayonida qancha harakat qilmay yozuv oldida qator qilib taxlangan elektrosamokatlarni tasvirdan chiqara olmadim. 


Rasmni ko‘rsatganimda boshqa tomonda turamiz, shu holatdayam rasmga olib qo‘y dedi. Ulardan biri yozuv oldida selfi qilmoqchi bo‘ldi-yu, biroz qarab, boshqa tarafga qaragancha rasmga tushdi. Bunga sabab yozuvning siniq joylari va o‘sha joylari skotch bilan yopishtirilganida deb o‘yladim. Shundan so‘ng ular o‘z yo‘lida davom etishdi, menda esa qator savollar tug‘ildi. 


Nega hech kim shu yozuvlarga e’tibor bermaydi? Nega uni ta’mirlash uchun harakat qilishmaydi? Axir, tadbirlar uchun falon pulli dekoratsiyalar qilishga yoki konferensiyalarda dasturxonga 70 ming so‘mlik somsalar qo‘yishga pul ajratiladi-ku. Odatda chet elga borganimizda o‘sha joyning nomini aks ettiradigan yozuvlar, binolar oldida rasmga tushishga harakat qilamiz. Bizda esa shu kabi yozuvlarning ahvoli xarob, ta’mirtalab. Mamlakatimizga kelgan sayyohlar yurtimizni faqatgina taomlar orqali eslab qoladi xolos. Ammo birgina shu oddiy yozuvlar ularda boshqacha taassurot qoldirishi mumkin. Bu kabi yozuvlarning ta’mirtalab holga kelishida insonlarning ham hissasi katta. Sababi, ayrim kimsalar borki, shu yozuvlarga suyanib, butun og‘irligini tashlab rasmga tushishadi yoki unga zarar yetkazadigan noma’qulchiliklar qilishadi. 


“I love Uzbekistan” kabi yozuvlar oldiga qator qilib elektrosamokatlar taxlab qo‘yilishi ham xunuk holat. To‘g‘ri, bu holat unchalik katta ahamiyat kasb etmas, ammo xorijiy mehmonlar bu jihatlarga ahamiyat berishadi. Va o‘z navbatida bunday mayda detallar mamlakatimiz imijiga ta’sir etmay qolmaydi. Yurtimiz imijini rivojlantirish, uning tarixi va me’moriy obidalarini dunyo mamlakatlariga namo­yon etish masalasi yil o‘tgani sayin dolzarblashib bormoqda. Tarix va madaniyatimiz bilan tanishish maqsadida kelayotgan xorijlik sayyohlar soni tobo­ra ortib bormoqda. Bu borada statistik raqamlarga tayanadigan bo‘lsak, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari 2023-yilning 10 oyi (yanvar-oktabr) davomida mamlakatimizga 4,9 million nafar sayyoh kelganini ma’lum qildi. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, oxirgi uch yilda sayyohlar oqimi qariyb 3 barobar ko‘paydi, ya’ni 2021-yilda xorijlik sayyohlar soni 1,8 million nafarni tashkil qilgan.


 2023-yilda mamlakatimiz AQSHning “Travel Lemming” onlayn sayohat qo‘llanmasida dunyodagi 50 ta eng yaxshi sayyohlik yo‘nalishi ro‘yxatidan joy olib, 9-o‘rinni egalladi. Shuningdek, 10 oy davomida turizm xizmatlari eksporti 1 milliard 830 million AQSH dollarini tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2018-yilda 1 milliard 041,1 million AQSH dollari bo‘lgan, 2023-yilda sayyohlar sonining sezilarli darajada oshishi hisobiga turizm xizmatlari eksporti 2 milliard AQSH dollariga yetishi taxmin qilingan edi. Ta’kidlash joizki, yurtimiz sayyohlik salohiyati bo‘yicha yaxshi natijalarni qayd etib bormoqda. Afsuski, shu kabi yutuqlar qatorida ayrim kamchiliklar ham yo‘q emas. 

 

So‘zim oxirida yurtdoshlarimizdan, shahar va qishloqlarimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shishga hissa qo‘shishga odatlanishlarini, yurtimiz imijini aks ettiradigan monumentlarni ta’mirtalab holga keltirmasliklarini so‘rab qolaman. Mutasaddilardan esa barcha hududlardagi bunday obyektlarga ahamiyat berishlarini, ta’mirlash masalasini ilgari surishlarini va kelgusida doimiy nazoratga olishlarini so‘rayman. 

Otabek USMONOV,

O‘zDJTU talabasi

Maqola muallifi

Otabek USMONOV

Otabek USMONOV

Talaba

Teglar

  • #Ona tili
  • #Jarima
  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta
  • #Talaba

Ulashish