VATAN VA OZODLIK FARZANDI O‘ZBEKISTON XALQ YOZUVCHISI SHUKUR XOLMIRZAYEV HAQIDA XOTIRALAR QISQA MUQADDIMA

Esse VATAN VA OZODLIK FARZANDI  O‘ZBEKISTON XALQ YOZUVCHISI SHUKUR XOLMIRZAYEV HAQIDA XOTIRALAR  QISQA MUQADDIMA
1.23k

Bismillahir-Rohmanir-Rohiym.

Shukur Xolmirza adabiyot uchun ajralgan shaxs edi. Adabiyotdan boshqa hayoti yo‘q edi. Ijod uchun o‘ziga qamalgan bunday shaxslar oz. U yurtdagi safdoshlari bilan musobaqa qilmas, balki jahon adabiyotining yuksak namunalarini o‘ziga mezon qilib olgan edi. Zotan, o‘zi aytgan: “Men bu hikoyalarning har birini dunyo adabiyoti hikoyachiligiga bo‘ylab yozganman…”.

Adibning so‘z san’atidagi benazir darajasini kamtarona hayoti, ba’zi “erkalik”lari yashirib turar edi. 

Vatanni sevish, yurtga fido bo‘lish san’atida u barcha vatanparvar adiblarning xos ma’naviy ustozlaridandir. 

Vatan deganda, ozodlik deganda qalbi og‘riydigan inson edi u. Har kim ham vatanni sevadi. Lekin O‘zbekistonni uningdek yonib sevgan, uningdek yonib kuylay olgan qalamkash oz. O‘zbekiston timsolida Surxon vohasini, Boysun tog‘larini uningdek suyib kuylagan kim bor? Vatanni sevish va kuylashni, yurt tarixiga e’tiborni tortib, xalq qalbiga milliy ozodlik tuyg‘ularini solishni keyingi avlodlar she’riyatda Erkin Vohid, Abdulla Oripov, Rauf Parfidan o‘rgangan bo‘lsa, nasrda Shukur Xolmirza bu bobda rahnamo bo‘lgan. 


HECH KIMGA O‘XSHAMAGAN ADIB, HECH KIMGA O‘XSHAMAGAN ODAM

Maktabdalik paytlarim “Olis yulduzlar ostida” kitobini o‘qigan edim. Universitetda o‘qiganda ijara uylarda, so‘ng yotoqxonada Muhammadqurbon Xolmirzayev degan kursdoshimiz bilan birga turardik. U yozuvchi hikoyalarini shunday ta’sirchan gapirib berardiki, deyarli yod aytar, undan eshitish o‘qigandan ham ta’sirliroq chiqar edi. Chamamda, u, hazillashibmi, familiyasi tufayli universitetga o‘qishga kirib qolganiga ishorat ham qilar edi: chunki ham Surxon vohasidan, ham familiyadosh.


So‘ng Shukur Xolmirzani ilk bor Yozuvchilar uyushmasi binosida (Pushkin ko‘chasi, 1-uy), “Sharq yulduzi” jurnali tahririyatida ko‘rdim. Shukur aka hech kimga o‘xshamagan adib bo‘lganidek, hech kimga o‘xshamagan odam ham ekan. G‘oyat sipo: go‘zal kiyingan, o‘zi ko‘rkam, so‘zi ko‘rkam, qat’iyatli, bir ko‘rishda esdan chiqmaydigan siymoga ega... So‘zlovchining har bir so‘zi va harakatiga sinchkov qarab turar, mulohaza bilan, dona-dona, viqorli, keskin javob berar edi. Bir kursdoshimiz bilan adabiy uchrashuvga taklif qilib borgandik. U kishi qat’iy va’da qilmadi va kelmadi.


Keyinroq sobiq ToshDU ─ hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti filologiya fakultetida adibning kitobxonlar bilan uchrashuvi bo‘ldi. “So‘nggi bekat” romani nashr bo‘lgan paytlar. Sho‘ro siyosatining qiziq nayranglari bor edi: yoshlar dilida milliy kayfiyat uyg‘otadigan, haqqoniyat tuyg‘ularini tarbiyalaydigan, ularning ongiga milliy ruh bilan ta’sir qiladigan yozuvchilarni imkon qadar xalqdan uzoqlashtirishga harakati qilinar edi. O‘sha kuni bizning jurnalistika fakulteti talabalarini bir kunlik paxta terimiga olib chiqishdi. Men anjumanga borish maqsadida bir bahona bilan qoldim. Bir qancha munaqqid va adabiyotshunos olimlar adib ijodi haqida so‘zladilar. Savol-javoblar bo‘ldi. Bir yigit:

─ Hurmatli Shukur aka! Siz qanday qilib bir roman voqeasini uch kunga sig‘dirdingiz? – deb savol berdi. Yozuvchi:

─ Men bir kunga mo‘ljallagan edim, uch kunga cho‘zilib ketdi, – deb javob berdi. 

O‘shanda Umarali Normatov domla adib ijodini yoshlar mukofotiga tavsiya etish fikrini bildirganida zal olqishladi, Shukur aka u kishi bilan qo‘l berishib, minnatdorlik bildirdi. Lekin olimning orzusi amalga oshmadi: mukofot qolib ketdi. 

“BIBIM QAYLARDASIZ, BIBIJON, KELING!..”

Yozuvchilar uyushmasida yosh shoirlarning ilk kitoblari qo‘lyozmasi samimiy muhokama qilinar, tavsiyadan so‘ng nashr etilar edi. Biz yoshlar gazetadan e’lonni o‘qib, Muhammad Rahmon she’rlari muhokamasiga bordik. Ko‘plar yaxshi va xilma-xil gaplarni gapirishdi. Lekin Shukur akaning biroz so‘zlab, “Munojotni tinglaganda” degan she’rni g‘oyat ta’sirchan o‘qib bergani hanuz yodimda. O‘sha jarangdor ovozi qulog‘imda qoldi. She’r satrlari yod bo‘lib ketdi:


Shoh u she’riyatda, Hirotda vazir,

Va lekin sevgiga bir umr asir,

O‘tsa ham, kutmoqda, mana, besh asr,

Bibim, qaylardasiz, bibijon, keling!


Hazrat Navoiyning “Kecha kelgumdir debon ul sarvi gulro‘ kelmadi” g‘azalining zohiriy-majoziy ma’nosi asos qilib olingan, umrini toqlikda o‘tkazgan zotning intizorligi izhor etilgan go‘zal she’r edi bu. Janub taraflarga xos bo‘lgan “bibijon” ifodasi she’rga ayricha ruh baxsh etgan, ehtimol, adib qalbiga xush yoqqandir. Biz uchun ustozlar maqomida bo‘lgan Muhammad Rahmonning “Muvozanat” she’riy kitobi shundan so‘ng nashr etildi va qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketdi. Men to‘plamdan avvalo “Bibijon”ni topib o‘qigandim. Shukur aka she’rning ruhini ilg‘ar va yaxshi satrlarni zakovat bilan ajratar edi.


“OG‘IR TOSH KO‘CHSA”

Universitetni bitirib, “Yosh gvardiya” nashriyotida ishlab yurganimda Shukur Xolmirzaning “Og‘ir tosh ko‘chsa” hikoyalar to‘plami bosildi. Jug‘rofiya kitoblariga o‘xshatib muqova ishlangan, holbuki, “Og‘ir tosh ko‘chsa”dan murod boshqa: asarda bu mazlum, tahqirlangan xalq qo‘zg‘olsa, o‘z erk-u huquqini qo‘lga kirita oladi, degan g‘oya yashirin edi. Ilgari “Guliston” jurnalida bosilgan va yoshlar o‘rtasida mashhur bo‘lgan “Qadimiy Baqtriya tuprog‘ida” degan esse ham kitobdan o‘rin olgandi.


Bir kuni bir ish yuzasidan bosh muharrir Erkin Vohid huzurida bo‘lib qoldim. Shunda u kishiga “Uzlit”dan, ya’ni sho‘ro nayranglaridan bo‘lmish “Matbuotda davlat sirlarini saqlash boshqarmasi”dan qo‘ng‘iroq bo‘lib qoldi. Asarni o‘qigan senzor Shukur Xolmirza haqida surishtirdi. Erkin aka: “Shukur Xolmirzayev juda iste’dodli, xalq sevgan, ayniqsa, yoshlar yaxshi ko‘rgan mashhur yozuvchi”, deb javob berdi. Keyin esse haqida so‘z ketib, senzor bu asarni bosish xatarli ekanligini aytdi. Ularning tahdidi oldida hamma nochor edi. Holbuki, kitob, hatto muqovasi ham necha minglab nusxada bosilib bo‘lgan. Esse kitobdan chiqarib tashlandi, sanoq tartibi buzilgan sahifalar qayta bosildi, muqovadagi “Narxi 90 t.” yozuvi ustiga qora bo‘yoq urilib, ostidan 80 t. qilib o‘gartirildi.  Nashriyot vakili bo‘lganim uchun asarning ilk to‘liq sahifalari menda saqlanib qolgan edi. Bir necha vaqtdan keyin “Qadimiy Baqtriya tuprog‘ida” essesi kiritilgan o‘sha to‘liq nusxani muqova qildirib, Shukur akaga hadya qildim. Adibning bunday quvonganini kam ko‘rganman. Kelgan har bir ahli dil insonga buni gapirar edi.  Bu kichik voqeada so‘zdan, kitobdan, qalam ahlidan qo‘rqadigan, xalqning o‘zligini anglashidan hayiqadigan mustabid bir tuzumning zolimona ahvoli yashirin edi.


AFG‘ON URUSHIDAN QAYTISH

Shukur akaning otalik tuyg‘usiga tegishli bir voqea. Sovet-Afg‘on urushi bo‘lgan yillar. Do‘rmondagi Ijod uyida edik. U yer Shukur akaning doimiy manzili bo‘lib qolgan. Bir kuni hovlidan dahlizga kirsam, Shukur aka meni izlab turgan ekan. G‘oyat ruhiy-ma’naviy holati o‘zgargan, hayajonini bosishga uringan holatda, entikib: “Mirzajon! Jamshid Afg‘ondan qaytdi!” – dedi. Shukur akada bunday holat deyarli bo‘lmas edi. Hayajondan qo‘llari titrayotir. Quchoqlashib, qutlashdik. Urush o‘ta mudhish bo‘lib, tinmay o‘zbekistonlik askarlar o‘ligi joylangan tobutlar kelar, har kim o‘z jigargo‘shasini xavf va umidvorlik bilan kutar edi. Shukur aka dardi, qo‘rquvi, nolasini ichga yutgan holda ikki yilga yaqin mardona kutdi. U kishi ba’zan: “O‘g‘lim harbiy xizmatga – Afg‘onga jo‘nayotgan paytida: “O‘g‘lim! O‘lma! O‘lsang, otangni kuydirasan!” – dedim”, der edi. Urushda o‘lish yoki qolish bandaning ixtiyorida emasligini hamma biladi. Lekin bu Shukur akaning ham nidosi, ham duosi, ham qo‘rquvi, ham umidi edi!


Nihoyat, “Jiguli”sini o‘t oldirdi, birga shaharga ─ “Bolalar dunyosi” ortidagi uyiga jo‘nadik: “Mirzajon! Yo‘lni menga aytib-aytib boring, meni turtib turing. Fikrim joyida emas!” – derdi. Har bir burilishda, yo‘lchiroqlarda Shukur akani ogohlantirib borar edim. Yetdik. Liftda sakkizinchi qavatga ko‘tarildik, kirdik. Ostonadan o‘g‘lini ko‘rishi bilan: “Jam!” degan bir nido yurak-yuragidan otilib chiqdi. Uni bag‘riga bosib uzoq turdi. Shukur aka dasturxon boshida o‘g‘lining qo‘lini bot-bot qo‘liga olar, goh ko‘ksiga, goh lablariga bosar, quvonchi, hayajoni va otalik tuyg‘ularini yashira olmas edi. Nazarimda, o‘g‘lining urushdan sog‘ qaytgani tush emas, haqiqat ekaniga ishonch hosil qilgunicha bu hol davom etdi. Ilgari Shukur aka “Yur, tog‘larga ketamiz” degan qissasini xuddi shu uyda, ko‘p varaqli umumiy daftarga yozganini ko‘rganman.


ADIBNING VATANSEVAR QALBI

Har bir adibning qalbi, ma’naviyati, axloqi, tabiati, shubhasiz, uning asarlarida aks etadi. Zotan, Shukur aka yozgan: “Biron-bir kitobimni qo‘lingga olsang, undan mening siymom ko‘rinishi aniq” (“Ena qizim Sayyorajon!”).

Shukur akaning hadsiz vatansevarligini gapirdik. “Yozuvchi” degan xotira-hikoyasida: Odil Yoqubov mening tug‘ilib o‘sgan yurtimga qanday nazar bilan qarar ekan, degan qayg‘usini bayon etadi adib.


Mana, ular mashinada Boysunga kirib borishyapti: “Odil aka oldinda ─ shofyorning yonida o‘tiripti… Men u kishining ortida o‘tiribman. Hayajondaman: yurtimni ko‘rayotganim, uning aziz manzaralariga ko‘zim tushayotgani va bundan hadsiz quvonayotganim uchungina emas, ilk qissasi “Tengdoshlar”ni o‘qiboq, mehrim tushib qolgan, ehtimolki, yurtimni sevishga kuchliroq turtki bo‘lgan va balki qo‘lga qalam olishga-da undagan omillardan biri bo‘lgan asarlarini sevgan adibimga ham yoqishini, aytganim ─ ushbu manzaralar yoqishini istab-tilab hayajonlanaman…”.


Shukur aka yana quyiroqda: “E, Xudo, u kishi ham mening yurtimni sevib qolsinlar-da! O‘zlariniki kabi…” – deydi.

Shukur akaninng vatansevar qalbi ana shu!

Bu qisqa ifodadan xulosalar chiqaraman: 

Demak, Vatanni kuchliroq sevish uchun ham insonga turtki kerak.

Demak, vatanparvarlikning, Vatanni sevishning ham ustozi bo‘ladi.

Demak, Vatanni sevish bilan birga uni boshqalarga sevdirishni ham bilish va bunga urinish kerak.

Vatan sevgisi so‘zda ham, amalda ham, asarlarda ham soxtalikdan xoli, samimiy bo‘lishi kerak.

Aziz mehmon Shukur Xolmirza tug‘ilib o‘sgan hovliga tushgach, ota-onalari, ukalari bilan tanishib: “Shunday yaxshi onamiz bor ekan, otamiz bor ekan”, deydi. Bu boshqa voqeani adibning yodiga soladi: “U kishining “onamiz, otamiz” deb, bularni-da o‘ziniki qilib gapirishi menga moyday yoqadi. Yo‘q, titratadi va xayolimning qatidan Uchqun Nazarov shu dargohga qadam qo‘yganida, onamni menga o‘xshab: “Ena” deb atagani va bundan ko‘zimga yosh kelayozgani esimga tushadi: illo men do‘stimning onasini u kabi: “Aya”, deyman”…

Shukur akaning muhabbatli qalbi ana shu. Demak, do‘stning do‘stga mehr-muhabbati uning yaqinlariga bo‘lgan munosabatida aks etar ekan. Bu g‘oyat teran va nozik ifodalardir. Uchqun Nazarov uning yurtida, uning uyida, uning onasini “Ena” dedi. “Men o‘g‘lingizning birodariman, aka-ukamiz, sizga farzanddekmiz” demoqchi bo‘ldi. Shukur aka bundan yig‘layozdi. Shukur akaning mehrga mushtoq, g‘amgin qalbi ana shu.


“EH, BIR KICHIK HUJRA BO‘LSAYDI…”

Shukur aka bo‘sh qoldim deguncha Do‘rmondagi bir parcha yerini obod qilishga urinar, qasr, ko‘shk, ziynat, marmar bilan emas, turli gullar, giyohlar, binafshalar, iforlar, lolalar bilan obod qilishga tirishar edi. Boysun lolalarini keltirib ekar, u yerni Boysunning bir parchasi qilishga urinar edi. Holbuki, majoziy va haqqoniy ma’noda: “Kiyik o‘t tog‘da o‘sgani ma’qul” deb 1966-yildayoq o‘zi aytib qo‘ygan (“Yovvoyi gul” hikoyasi).

Har gal bog‘ yonidan o‘tsam, adibning Lev Tolstoy haqidagi ushbu jumlasi yodimga tushardi: “Eh, unga 100 million dehqoni bor ulug‘ mamlakatning bir pana go‘shasida bir kichik hujra bo‘lsaydi…”.


Keyinroq, nasib etib, bu mo‘‘jaz bog‘ chetida Shukur aka o‘ziga bir hujra qurib oldi: bir uy, kichik dahliz va bir ayvonchadan iborat. O‘tgan adiblarning uy-muzeylari bor. Shukur akaning “Uy-muzeyi” ─ uning qalbi, asarlaridir.

Biz bu mo‘jaz bog‘da turli mavzularda uzoq, erkin suhbatlar qilardik. Boshqalar ham.


SO‘Z BILAN CHIZILGAN SIYMO

Bir kuni:

─ Islomda surat chizish bormi? – deb qoldi. 

─ Nima demoqchisiz, Shukur aka? – dedim.

─ Imom Termiziyning “Shamoyili Muhammadiya” asarida hazrati Payg‘ambarning (alayhissalom) butun siymolari: yuzlari, boshlari, sochlari, sochlarining farqlari, halqalari, peshonalari, ko‘zlari, kipriklari, qoshlari, hatto, ranglari, yelkalari, qadamlari ─ barcha tafsiloti bilan aniq “chizib” ─ tasvirlab berilgan-ku! Bu surat emasmi! – dedi.

Darhaqiqat, Hazrat Ibrohim ibn Muhammad, hazrati Ali raziyallohu anhuning nabiralari, bobolaridan bayon qilgan hadisda: “Ikki ko‘zlari nihoyatda qora va kipriklari nihoyatda uzun” ekanligi, “ikki kiftlarining o‘rtasida muhri nubuvvat, ya’ni payg‘ambarlik muhri bor”ligi, “o‘zlari hammadan ziyoda saxiy dillik zot” bo‘lib, “hammadan ziyoda rost so‘zlaguvchi, muloyim tabiatli va xonadoni sharafli bir zot” ekanliklari, “kimiki janobni birdan ko‘rib qolsa, haybatlari bosishi, kimiki yaxshi tanib, suhbatlariga musharraf bo‘lsa, diydorlariga va suhbatlariga oshiq bo‘lib qolishi” bildirilgan, hazrat imom Hasan raziyallohu anhu bayon qilgan hadisda ham: “Muqaddas chehralari o‘n to‘rt kechalik oy kabi duraxshon” bo‘lib, “peshonalari keng va kushoda, qoshlari egilgan bo‘lib, ingichka va qalin, bir-biridan alohida va qo‘shilmagan” ekanligi aniq-tiniq tasvirlangan edi. 

Adib hadislardagi tasvirlarga bunchalik sinchkovlik va diqqat bilan qarab, undan surat namunasini ko‘rganiga shu qadar hayratda qoldimki, javob berolmadim. Biroz vaqtdan keyin:

─ Bu mo‘yqalam va moybo‘yoq bilan emas, so‘z bilan chizilgan siymo! – dedim.

“So‘z bilan” deyishim Shukur akaga juda yoqdi, tabassumi va e’tirofini yashirmadi.


“HECH KIMGA EGILMAGAN BOSH YARATGAN ZOTGA EGILDI...”

Bir kuni Shukur aka odatdan tashqari keskin va tajang holda:

─ Siz menga “tushuntirib” bering-chi, Qur’onda tasvirlangan ─ ostidan anhorlar oqib turadigan jannatlar, soya-salqin joylar issiq o‘lkalarda yashaydigan insonlar uchun orzu-istak bo‘lishi tabiiy, lekin abadiy qorlik va muzliklarda yashaydigan xalqlar uchun bu soya-salqinlarda nima murod bor?!” – dedi. Bu sarkash savoldan dilim ranjidi, lekin o‘zimni bosib:

─ Shukur aka! Issiq o‘lkalarda yashaydigan xalqlar uchun u manzillar soya-salqin joylar sifatida orzu-istakdir, lekin abadiy qorliklarda yashaydigan xalqlar uchun xuddi shu oqar daryolar, soya-salqinlar ular hamisha orzu qiladigan issiq-iliq manzillar bo‘lib qoladi! – dedim.

Adib qattiq ta’sirlandi va qalb e’tirofini izhor etadigan go‘zal bir so‘z aytdi. Afsus, u so‘z yodimdan chiqdi. Keyin ilova qilib: “Behad pishiq, behad mantiqli va mustahkam ishlangan ekan”, – deb qo‘ydi.

Shukur aka ilk bor ibodatni boshlaganida Shukur Qurbon qutlov she’ri yozdi, unda: “Hech kimga egilmagan bosh yolg‘iz Allohga egildi” degan mazmunda satrlar bor edi. Shukur aka bu ta’rifda o‘z tiynati-tabiatini ko‘rib, mamnun bo‘ldi. 

ESHONI SUDUR VOQEASI

Adibning o‘z asarlariga va muxlis-kitobxon fikriga munosabati haqida g‘aroyib bir misol.

Vaqtida Abror Hidoyat nomidagi yosh tomoshabinlar teatrida Shukur Xolmirzaning “Ziyofat” va “Qora kamar” dramalari sahnalashtirildi, juda muvaffaqiyat va shuhrat qozondi. Ayniqsa, “Qora kamar” xalqqa o‘zligini tanitadigan, insonlarni uyg‘otadigan, chin ma’nosi bilan xalqni o‘z ozodligi va mustaqilligi yo‘lida kurashga undaydigan tagdor asar edi. Ikki asarni ham Bahodir Yo‘ldoshev sahnalashtirdi. 

“Qora kamar” ko‘p martalab sahnada qo‘yilganidan keyin, bir kuni Shukur akaning mo‘jaz bog‘ida shu haqda suhbatlashib qoldik. U kishi gapni qabul qiladigan kayfiyatda emas edi-yu, lekin men gapirishga bundan ortiq mavrid topolmasligimni o‘ylab, ba’zi fikrlarimni aytdim.

─ Shukur aka, – dedim, ─ “Qora kamar”ning so‘ngida Eshoni Sudurning o‘z-o‘zini otib o‘ldirishi voqelikdan yiroq.

Shukur akaning avval jahli chiqdi va hech tushunmaydigan odamga achchiq qilgandek:

─ Adabiyotda badiiyat, badiiy to‘qima degan gaplar bor, okasi! – dedi. Gap ohangi bilan meni “ezib” qo‘ymoqchidek tuyuldi.

─ To‘g‘ri, – dedim, ─ lekin badiiy to‘qima hayotning mantig‘iga asoslanishi kerak emasmi? “Dengiz yoqalab chopayotgan olapar” haqida: “Dengizning sho‘r suvini olib, chuchutib ishlatish allaqachon kashf etilgan ekan, bu bilan yozuvchining suyangan tirgagi puchakka chiqadi!” – degan emasmidingiz? – dedim.

Bu gapim adibni yumshatdi, erkaligimni ko‘taradigan holatga qaytdi.

─ Gapiring! – dedi menga huquq berib. Men fursatdan foydalanib, uzmay, tez-tez gapirib qoldim:

─ Birinchidan, prototip ─ Eshoni Sudur tarixiy shaxs, u zot o‘z-o‘zini o‘ldirmaganini hamma biladi. U kishini bosqinchi dushmanlar otib o‘ldirgan, qabri Boysunda turibdi. Bu haqda arxivlarda ham ma’lumotlar bor. Ikkinchidan, islomda o‘z-o‘zini o‘ldirish yo‘q, Eshoni Sudurdek ma’naviy rahnamo sizning asaringizda buni bilmasligi aqlga to‘g‘ri kelmaydi. Uchinchidan, “Oxiratim kuydi” deyish iymonli odam uchun durust emas. Oxirat dunyoning mol-dunyosi emaski, uning kuyganiga inson osongina rozi bo‘lsa! To‘rtinchidan, Eshoni Sudur ─ eshon, ya’ni Payg‘ambar avlodi. Hazrati Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Mening avlodlarim yaxshilikka qaytmasdan turib, dunyodan ketmaydi”, deganlar. Bu: ular iymon va tavba bilan olamdan o‘tadi, degani. Payg‘ambarzoda bo‘lgan bir shaxsning o‘z-o‘zini otishi bu hadisga zid. Beshinchidan, modomiki, asarda u o‘ziga o‘limni ravo ko‘rar ekan, so‘nggi imkoniyati qolguncha bosqinchi dushman bilan kurashib o‘lmaydimi? Nimaga eng go‘zal qahramonni bekordan-bekorga “o‘ldirasiz”?! Axir, Quyun qo‘rboshi nima degan edi? “Vatan qo‘ldan ketganiga oldinroq ishonganimda, oldinroq o‘zim tushib borar edim (bosqinchilar qarshisiga). Shahid ketishga nima yetsin”, demaganmidi?! Denovda, xalq ko‘zi o‘ngida otib o‘ldirilmaganmidi?! – dedim. 

Quyun qo‘rboshi ─ “Tabassum” hikoyasidan, Vatan ozodligi uchun bosqinchilar bilan kurashgan mard, jasur qahramon timsoli. Uni eslatganim Shukur akani biroz yumshatsa-da, “jahl qilgan” bo‘lib: 

─ E, yaramas! – dedi. Keyin jim qoldi. Ichdan bu gaplarni tafakkur qilayotgani sezilib turardi. Lekin javob bermadi. Bir sabab bilan gapimiz tugab, men o‘z g‘aribona bog‘-hovlimga chiqib ketdim. 

Ertasi ertalab Shukur aka ovoz berib meni chaqirib qoldi. Chiqsam, darboza oldida o‘ychan turibdi. 

─ Mirzajon! Meni o‘yga toldirib qo‘ydingiz! Bahodir (Yo‘ldoshev) ham: “Boshqa yechim topsakmikin, Shukur aka?” – degich edi. Bir gal: “Eshonni passiv qilib qo‘ymadikmi?” – degandek ham bo‘luvdi. Lekin “sahna” bundan ortig‘iga chidamas edi-da!.. Bu yog‘i ham bor. Endi asarning sahnadan tushadigan payti ham kelib qoldi… 

Yana bir gal meni suhbatga chaqirdi va:

─ Men buni o‘ylashim kerak! – dedi. Lekin sahnada boricha qoldi, yozuvda qayta ishladimi-yo‘qmi ─ men bundan bexabar qoldim. Shukur akaning asar yechimi haqida uzoq tafakkur qilgani aniq edi. Ikkimizning oramizda bo‘lib o‘tgan bu gapni keyinroq Eshqobil Shukurga aytdim. U kishiga ozor berib qo‘ymadimmi, deb xijolatda ham yurdim. Lekin Shukur aka adabiyot qayg‘usidagi odam bo‘lgani uchun aslo xafalik oshkor etmadi.


SIRDARYO XOTIRASI

Shukur aka o‘ziga xos hayoli inson edi. Birov asarini, biror xislatini maqtasa yoki biror qilmishini ayblasa, uyalardi. Usmon Azim ko‘p hazil qilar edi. 

Bir kuni Umrzoq O‘ljaboev bilan Akram Kattabekov Sirdaryo pedagogika institutida Shukur Xolmirzayev ijodiga bag‘ishlangan anjuman tashkil etishdi. Usmon Azim, Erkin A’zam, Nodir Normat, kamina ─ har birimiz adibning o‘ziga xos fe’llari, xislatlari haqida mutoyibalar qo‘shib gapirdik. Shukur aka avval uyalib-qimtinib turdi. Keyin berilib quloq sola boshladi. Anjumandan keyin:

─ Men avval so‘zlaringizdan tortinib, uyalib turdim. Keyin Shukur Xolmirzayev degan bir shaxsning obrazi chizilayotganini ko‘rib, go‘yo sizlar boshqa bir odam haqida gapirayotgandek, beixtiyor berilib eshitib ketibman! – dedi.

ADABIYOT O‘LADIMI?..


O‘zbekiston istiqlolining dastlabki yillarida “xo‘jalik hisobi”, “bozor iqtisodiyoti” degan masalalar o‘rtaga chiqib, go‘yo adabiyot uchun bir to‘xtash xavfi paydo bo‘ldi. Hatto ba’zi imkoni bor yozuvchilar “o‘z hisobidan” kitoblarini nashr eta boshladi. Shunda matbuotda “Adabiyot o‘ladimi?” degan mavzuda bahs-munozaralar bo‘ldi. Chunki o‘z-o‘zini boshqarish, pulning ustun bo‘lishi haqida gaplar ko‘paygan edi. Shukur Xolmirza mavzuning yetakchi jonkuyari bo‘ldi. Bir kuni yana “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida suhbat-maqolasi bosildi. Men Do‘rmonga bordim. Bir parcha bog‘ining ichida ishlab yurgan ekan. Bog‘ yonidan o‘tarkan, yo‘l-yo‘lakay tovush berib: “Shukur aka! Pul adabiyotni o‘ldirmaydi!” – deb hayqirdim. Maqolasini o‘qib, g‘oyasini uqqanimni darhol fahmladi. Bog‘ ichida turib, qo‘llarini ko‘tarib, tovushsiz chapak chalib olqishlagan bo‘ldi, chapagi faqat ishorat edi. Shukur aka biror narsani xushlasa yoki unga tan bersa, tovushsiz chapak chalib, olqishlar edi. Shundan so‘ng, o‘n yildan ortiq vaqtda ham birorta kitobi nashr etilmadi. Adib dardini ichiga yutib, sabr qildi. Faqat 2003-yildan boshlab uch jildlik hikoyalar to‘plami chop etildi.


SHAFQATLI VA SHAFQATSIZ KITOBXON

Adib tinimsiz ijod qilish bilan birga O‘zbekiston Milliy universiteti filologiya fakulteti huzuridagi Oliy adabiyot kursida adabiy darslar, suhbatlar o‘tkazar, shunga o‘zini haqdor sanar va shundan mamnun edi.

Shukur Xolmirza tiynatida men kuzatgan hollar: u ham shafqatli, ham shafqatsiz kitobxon edi; yaxshi asarga xayrixoh, yomon asarga murosasiz. Butun boshli bir asarni yoki bir yozuvchini bitta ifodasi bilan “yo‘qqa” chiqarar, iste’dod ahliga nisbatan esa boshqalar qalbida ham xayrixohlik uyg‘otishga urinib yurar, fikrini o‘tkaza oladigan qat’iyat va keskinlikka ega edi. Nasr va she’rning eng yaxshi parchalarini o‘qib yurar, nutqi ta’sirchan edi.

Suhbatlashganda o‘zini suhbatdoshi saviyasida tutar, balanddan kelmas, hayot va adabiyotni tushunishda suhbatdoshi baland bo‘lsa, u baland, suhbatdoshi o‘rta bo‘lsa, u ham o‘rta. Johil va nodonlar bilan so‘zlashganda esa oshkora g‘ashlanib turar edi. 


“BAHORGA CHULG‘ANDI BIZNING JANUBLAR…”

Shukur aka ba’zi maqollarni shunday o‘rni-o‘rnida, voqelik onida ishlatar ediki, hayron qolardik. Birovning tomog‘iga suv uchsa: “Non tiqilsa ─ suvga bor; suv tiqilsa ─ go‘rga bor, deydilar”, derdi. Biror yosh shogirdining gapiga yursa: “Tuya qarisa, bo‘talog‘iga ergashadi”, derdi. Biror kishi yashirgan narsasini topolmasa: “Ko‘r yashirganini sog‘ topmas” derdi. 

Quyidagi she’riy satrlarni bot-bot takrorlab turar edi: 


“Surxon bog‘larida gul to‘kdi o‘rik, Bahorga chulg‘andi bizning janublar...” “Peshonangning yozdig‘idan ayrilma, yor, Jonim chiqar, qo‘shiq aytsam, qayrilma, yor...” Ba’zi she’riy parchalar Shukur akaning nutqidan eshitilganda ta’sir kuchi ortib ketar edi. Masalan: “Lekin mudom istadim bir yaxshi zamonlarni, Daraklaring bormi, yor, Andijon tomonlarda”,

“Surxon bog‘larida gul to‘kdi o‘rik, 

Bahorga chulg‘andi bizning janublar...”


“Peshonangning yozdig‘idan ayrilma, yor,

Jonim chiqar, qo‘shiq aytsam, qayrilma, yor...”


Ba’zi she’riy parchalar Shukur akaning nutqidan eshitilganda ta’sir kuchi ortib ketar edi. Masalan: 


“Lekin mudom istadim bir yaxshi zamonlarni, 

Daraklaring bormi, yor, Andijon tomonlarda”, 



“Peshonangning yozdig‘idan ayrilma, yor,

Jonim chiqar, qo‘shiq aytsam, qayrilma, yor...”


Ba’zi she’riy parchalar Shukur akaning nutqidan eshitilganda ta’sir kuchi ortib ketar edi. Masalan: 


“Lekin mudom istadim bir yaxshi zamonlarni, 

Daraklaring bormi, yor, Andijon tomonlarda”, 


derkan, “bir yaxshi zamonlarni” iborasiga kuchli urg‘u berar edi.

Har bir xotiranavis eslanayotgan zotning o‘z ijodiga bo‘lgan munosabatini bayon etgisi keladi. Bir kuni Do‘rmonga borib, faqirona bog‘-hovlim tomon o‘tib ketayotsam, Shukur aka bog‘i ichidan meni chorlab qoldi. 

─ Ha, o‘lmang, berman keling! – dedi. Borsam, bog‘dagi ikki yog‘ochkursi o‘rtasidagi pastak stol ustida “Yoshlik” jurnali turibdi. Ochiq sahifada o‘z she’rlarimni ko‘rib, ko‘rmaganga oldim. Ko‘rishgach:

─ O‘tiring, she’r o‘qib beraman, – dedi. O‘qiy ketdi: 


Ilohiy, tog‘laring harakatdadir, 

O‘lik vodiylaring tuzgay ziyofat. 

Ming hikmat xonqizdek bir san’atdadir, 

Chirildoq unida ─ mangu zarofat...


“Yukinuv” degan she’r haqida Shukur aka teran hayratlarini izhor qildi. She’rni uning tilidan eshitish maroqli edi.


ABDULLA ORIPOV ─ ABDULLAJON

Shukur aka ustoz Abdulla Oripovni oldida ham, ortida ham “Abdullajon” deb gapirar, e’tirof va hurmati ulug‘ edi. Erkin Vohidni yuksak ehtirom bilan tilga olardi. Rauf Parfini so‘z san’atkori deb bilardi. Ibrohim Haqqulning suhbatini juda xushlar edi, soatlab gaplashib o‘tirardi. Usmon Azimni suyub, ardoqlab gapirardi. Sirojiddin Sayyidni yaxshi ko‘rardi.


Keyingi avlod yozuvchilariga ajib, aniq-tiniq ta’riflar berardi. Ba’zilarning mavzusi yaxshi bo‘lib, mahorati sustligini, ba’zilarning yozgani yaxshi bo‘lib, sarlavhalari joyiga tushmaganini, ba’zilarning jumlalari “g‘ishtdek” qalanib, bir sahifada birorta xatboshisi yo‘qligini aytardi. O‘z vatani tarixini bilmagan, unga qiziqmagan, muhim tarixiy mavzularni chetlab o‘tgan yozuvchilarni tanqid qilardi. So‘z san’atida masxarabozlikni yoqtirmas edi. Hatto, Tolstoy tilidan: “Tavba, san’at asari hayotni masxara qilsa, yaxshimish”, –  degan edi (“Tanholik”). 

*   *   *

Shukur Xolmirza ijodi asosan istiqlol davrida rasman qadrlandi: 1991-yili O‘zbekiston xalq yozuvchisi unvoni, 2000-yili  “Mehnat shuhrati” ordeni berildi. Yozuvchi endi bu narsalardan behojat. Adib haqida yolg‘onlar yozilishini istamayman. Uning ta’rifi uchun rostlar o‘zi yetarli.


“SINGLINGIZ SAYYORA...”

Shukur aka o‘g‘illari haqida gapirsa: “Ukangiz Jamshid”, “Ukangiz Jahongir”, deb gapirar, qizi haqida gapirsa: “Singlingiz Sayyora” der edi. Sayyora haqida ayricha mehr va faxr bilan so‘zlar, uning adabiyotparvarligi adibda o‘z asarlari oqibati uchun umid uyg‘otar edi. Darhaqiqat, “Sen sochilib ketgan, yigirma yillar davomida yorug‘likni ko‘rmagan asarlarimni jamlab, yo‘q xazinani bor etding!..” – dedi. Bu Shukur akaning “Ena qizi”ga minnatdorligi, undan rizoligi va vasiyatlarining zubdasi ─ xulosasi edi. “Onangga ham mehribon bo‘l, senday qizni tug‘ib bergani uchun onangga ham rahmat”, dedi. Singlim Sayyoradan adabiyot ahli mamnun. Shukur Xolmirzadan moddiy boyliklar meros qolmadi, qolgan ma’naviy merosiga u sohib chiqdi. Undan shunday yodgorlik qoldiki, kamdan-kam adiblarga bundayi nasib etsa kerak.


Hayot hayot bo‘lib, uni dildan tushunadigan yaqini kam edi, magar qizi Sayyora unga dardkash edi... Aslida hayotda ham yakka, adabiyotda ham yakka edi. “Tanholik” hikoyasi, ayni vaqtda, adibning o‘z holi bayonidir, deb o‘ylayman.




NISBIY TA’RIFLAR

Shukur Xolmirza haqida: “O‘zbek adabiyotida Abdulla Qahhordan keyin hikoya janri imkoniyatlarini bir pog‘ona ko‘tarib qo‘ydi”, degan ta’rif yuradi. Bu iqror va ulug‘lash menga kamsitish bo‘lib tuyuladi. Menimcha, bu fikr ikki adib ijodini ham teran bilmaslikdan tug‘ilgan. Shukur Xolmirza hikoya bobida o‘z mustaqil maktabiga ega bo‘lgan benazir adibdir. Bu maktab yangi asrlarga ham tatisa kerak.


Shukur Xolmirza ijodining yuksakligi uning mavzulari, falsafasi, zamonaviyligi, g‘oyalari va xos san’ati bilan belgilanadi. U davrlar mafkurasiga o‘zini “bog‘lab bermadi”. U qo‘lidan kelgancha zanjirlarni uzgan adibdir. Zotan, Shukur aka vasiyatnomasida: “Mening asarlarim, xususan, hikoyalarim, o‘zbek adabiyotida yangi bosqichdir; buning izohini bilgichlardan ham so‘rash lozim”, deb bejiz aytmagan. U o‘z xalqini mahdudlikda ayblash va “kaltaklash” yo‘lini tutmadi, uning ulug‘ imkoniyatlarini eslatish, kimligini o‘ziga anglatish, o‘zligini tanitish, uni uyg‘otish, kurashlarga va ozodlikka hozirlash yo‘lini tutdi. 


“O‘zbek xalqining yarim asrlik hayoti Shukur Xolmirza ijodida aks etgan”, degan ta’rif ham nisbiy. Uning bittagina hikoyasida ba’zan bir asr “tarixi” aks etadi. “Hukumat” degan hikoyasini o‘qing, bir asr fojeasini tomosha qiling. Bir tuzum va jamiyat halokatini ko‘ring. “Ustoz” degan hikoyada davr mafkurasi quli bo‘lgan, ustoz qiyofasidagi jallod siymosi chizib berilgan. “Tabassum” hikoyasida Mo‘minning ko‘kragini bezagan sho‘ro orden-medallari faqatgina o‘z xalqiga, o‘z vataniga xiyonati va sotqinligi uchun ekanligi tagdan ochilgan.


ABADIY BESHAFQAT QONUNIYAT

“Cho‘loq turna” hikoyasida hayotning qushlar turmushidagi abadiy beshafqat qonuniyatini bayon qiladi. Qur’oni karimdagi bir oyat mazmuniga ko‘ra, “yerda qimirlagan jonzot, osmonda qo‘sh qanotini qoqib uchadigan qushlar borki, ular ham insonlarga o‘xshab jamoa tashkil qilib yashaydi”. Lekin ularning insoniyatdan farqi bor. Ona turnaning cho‘loq bolasiga beparvoligini tasvirlab, adib yozadi: “Illo bu tur qushlarning ham o‘ziga yarasha mehr-shafqati bo‘ladi. Bo‘ladi-yu, lekin o‘zga qonun bu hisdan ham ustun turadi. Bu ─ yashamoq qonuni, zurriyot qoldirish va uning sog‘lom kamol topib, o‘zining ushbu ishini istiqbolda takrorlashiga bo‘lgan tabiiy va tug‘ma ehtiyoj qonunidir. Shuning uchun ular zurriyotni buzadigan va istiqbolda yashashi og‘ir bo‘lgan farzandlaridan osongina voz kechishadi”.


Shu nuqtada inson bilan hayvonning ulkan farqi ochiladi: odamzod o‘zining nogiron va xasta bolasini ham hayoti boricha asrab-avaylab, ardoqlab yashaydi, jamiyat hayotiga undan biror naf, aqliy-ma’naviy biror foyda tegishini ta’minlaydi. Hayvonlar, qushlar qonuni ─ bunga zid, o‘ziga xos beshafqat qonun.


“TANHOLIK” SIRLARI

“Tanholik”da jahon adabiyotida mumtoz deb tan olingan mashhur yozuvchilarning ichi buzuq, benomus, bosqinchi ekanligini o‘z hollari bilan isbot etadi. Lev Tolstoy orqali: “Yaxshilik bilan yomonlikning o‘rtasida, bularning farqiga bormay o‘lib ketgan” Dostoevskiyni, Aleksandr I.ga bergan maslahati uyat, nomussizlik bo‘lgan, “Nima qilib bo‘lsa ham, O‘rta Osiyo bilan Turkiyani bosib olmoq kerak”, deb yozgan Dostoevkiyni gapirgan, “Turklar bilan jang mahali o‘zini tutolmay otini yeldirib ketgan”, “Yashasin Rus qiroli! Turklarning yana bir tepaligi bizniki bo‘ldi!” deb xitob qilgan Pushkinni gapirgan, “rus qo‘shinlarini mehr bilan tasvirlagan”, “Kavkaz o‘zimizniki bo‘ladi”, deb quvongan yosh Lermontovni gapirgan, o‘shanda ham yovuzlik va bosqinchilikni asarining g‘oyasiga aylantirgan Gogolni bu jihatdan gapirgan emas. Dostoevskiy haqida Tolstoy aytadi: “…u ─ O‘rta Osiyo bilan Turkiyani tezda bosib olishni shohga maslahat bergan bosqinchi, qon to‘kilishining tarafdori” (“Tanholik”).

Tolstoy aytadi: “Nega Allohning panohida hamma erkin, bir-biriga do‘st bo‘lib yashamasligi kerak? Yo‘q, ana shunday yashashi lozim, Sevgi! Hamma harakatlarimizning zamirida shu ─ sevgi yotishi kerak. San’atning eng ulug‘ vazifasi esa ─ insonlarni birlashtirish, bir-biriga birodar qilishdan iborat”.


Yana Tolstoy Aleksandr II haqida aytadi: “Uyalish yaxshi. O‘z shohingning qilmishlaridan uyalish, nafratlanish yaxshi”. Tolstoy yana aytadi: “Bilasizlarmi, cherkovdagi ruhoniylarning ko‘zbo‘yamachiligi, davlatga, podshoga batamom qul bo‘lib qolganlari, podsholarimizning aksilinsoniy siyosatlariga xizmat qilishlari  qayerda ko‘rinadi?..”.

Tolstoy yana aytadi: “Allohning bandasi hech qachon qon to‘kilishiga, odam o‘ldirilishiga, o‘zga yurtlarning bosib olinishi, erkin insonlarning kishanlanishiga xayrixoh bo‘lmasligi kerak”. O‘zbek adibining hikoyasida chin insoniy vijdoni, iymoni bilan so‘zlaydi Tolstoy. Shukur Xolmirzaning chin odamiy qalbi ana shu. O‘zbekiston istiqlolining qadriga yetishimiz uchun, Vatan ozodligi nima ekanini bilishimiz uchun bizga saboqlar bular.

 

DO‘STNING DO‘STDAN UMIDVORLIGI

Shukur Xolmirzayevning o‘ziga xos ma’naviy holi bor edi. Bu ma’naviy hol zikr, ibodat va riyozat tufayli emas, balki, mening nazarimda yozuvchining yolg‘izligi, ravshanroq aytganda, g‘aribligi tufayli yuzaga kelgan edi. Bizning adabiy muhit “g‘arib” degan so‘zga ko‘nikmagan, g‘arib deganda bizda ko‘pincha vatanidan, urug‘-aymog‘idan ayrilgan kishi tushuniladi. Yo‘q, holbuki, inson ma’naviy holati bilan o‘z oilasi, yaqinlari orasida ham g‘arib bo‘lishi mumkin. Bu o‘rindagi “g‘ariblik” ikki ma’nodadir: 1) o‘z iste’dodiga ko‘ra yakkalik; 2) oilasi va farzandlari bor bo‘lsa ham, ijod tabiatiga ko‘ra, ulardan ayrilib yashash. Boshqa o‘rinlarda aytganimdek, Shukur aka uzluksiz ijod uchun o‘zini hamma narsadan ajratgan shaxs edi.


Bir gal, Termizda taniqli yozuvchi, rahmatlik Mengziyo Safarovning ma’rakasi bo‘lishi kerak edi. Ya’ni, yaqinlari u kishining ruhiga hadya qilish uchun dasturxon yozib, xayr-xudoyi qilmoqchi. Shukur akaning Do‘rmondagi jaydari bog‘iga o‘tgan edim, u kishi Termizga shaylanib turganini bildirdi. Keyin o‘ychan holda dedi: “Ishonasizmi, men mana bu yerda turgan edim, mana bu tomonda Mengziyo akangiz ko‘rindi. Menga uzooq termilib turdi. Gapirmadi. Tush emas, o‘ng... Men Termizga bormasam bo‘lmaydi, og‘am..”. “Rahmatlik Mengziyo akaning ruhi sizdan umidvor bo‘libdi. Do‘stdan umidvor bo‘lar ekan-da...” ─ taxminan shunday deganman... Biz ─ tasavvuf ahli bunday holni yaxshi qadrlaymiz. G‘ariblik insonga qurbat va ma’naviy hol ato qiladi. Menimcha, Shukur akaning bu ma’naviy holi g‘aribligidan edi. Darhaqiqat, buyuk adib o‘z iste’dodi va bashafqat mehnati bilan o‘z zamondoshlari orasida yolg‘iz bo‘lsa, ijod qayg‘usi bilan o‘z yaqinlari orasida ham yolg‘iz edi. Ikkovlarini ham Alloh rahmat aylasin.


“MENI HAMMA VAQT FAQAT YOZISH QIZIQTIRGAN…”

Shukur aka o‘zi aytadi: “…meni hamma vaqt faqat yozish qiziqtirgan, yozish jarayonidan zavq olganman. Asar matbuotda chiqqach, bir kun-yarim kun xayolimda bo‘lgan, keyin yelkamdan oshirib tashlaganman…” (“Enam qizim Sayyorajon”).


So‘nggi kunlarida adib o‘z asarlariga begona o‘quvchi ko‘zi bilan qaradi. So‘nggi maktubi, ya’ni vasiyatida: “Bolam, bu jildlar dunyo adabiyotida ham yangilik, boylik, hali bu asarlar o‘z qadrini topadi”, dedi. “Mening boyligim yo‘q, bisotim ─ besh-o‘nta kitoblarimdir”, dedi. Xullas, “Ena qizim Sayyorajon”, deb, mendan ulug‘ meros qolyapti, dedi, qizi orqali xalqini ogohlantirdi, kitobxon xalqini, ishongan xalqini, sevgan xalqini… Shukur Xolmirzaning qalbi ana shu.


Uning qalbi, iymoni, san’ati, hayoti, g‘oyasi, dardi, darmoni ─ asarlarida. Shukur Xolmirza adabiyotga fidoligi orqali Vatanga fidolik namunasini ko‘rsatdi, el-u yurt dard-u g‘ami, g‘oyasi bilan yashab, shu xalq, shu Vatan uchun umrini oxiriga yetkazdi.


SOQOL MUBORAK BO‘LSIN!..

Vafotidan bir kun oldin “Sharq” nashriyot-matbaa birlashmasi kitob do‘konidan ikki jild kitobini sotib oldim. Ko‘p varaqladim, ko‘p o‘qidim. Shukur akani sog‘indim, ko‘rgim keldi, bir-ikki kishidan telefonini surishtirdim. “Sayyoraxonning uyida” deyishdi. Tezroq borib ko‘rishni qasd qildim. Ertasi ertalab vafoti haqida xabar keldi.


Shukur akaning jasadini yuvishga olar ekanmiz, yuziga yarashib turgan soqoliga termilib qoldim: agar oldinroq yo‘qlaganimda edi, soqolini muborakbod qilgan bo‘lardim, jildliklarini aytib, ko‘nglini ko‘targan bo‘lardim. Afsus. Ko‘nglim yaxshi maslahat berdi: “Tezroq borib ko‘r, xabar ol!” dedi, nafsim meni aldadi. Uch kishining hayoti-vafotida shunday bo‘ldi: Ne’mat Amin, Shukur Xolmirza, Said Ahmad.


QASRLARDAN USTUN BIR HUJRA

Do‘rmonda har gal uning mo‘jaz bog‘-hovlisi yonidan o‘tganimda qarayman: uni qishda qorlar bosadi, bahorda yomg‘irlar yuvadi, Boysun lolalari ochiladi, yoz bo‘yi giyohlar yashnaydi, daraxtlar mevalar tugadi, panjara-eshik ochilib-yopiladi, tosh yo‘laklar joyida turadi, lekin bog‘ning egasi ko‘rinmaydi. Kichik hujra dunyoga dil bergan insonlarga achinish va malomat ko‘zi bilan qaraydi. O‘zining qasrlardan ustun ekanini biladi. Shukur aka endi u ostonadan kirmaydi. Shukur aka endi yo‘lni uyi, bog‘i, kutilmaganda haddi siqqan do‘stlari hovlisi tomon emas, Shukur aka endi yo‘lni kitobsevar qalblar tomon burgan.


“YOSHLARGA DIL SO‘ZLARIM” KITOBIDAN SATRLAR

“Shukur Xolmirzayevni yozishdan xoli holda topish qiyin edi. U kishi o‘zini adabiyot uchun qurbon qilgan shaxs edi. Ma’lum bo‘ladiki, so‘z san’atining talabi tinimsiz mehnatdir”.

“Darhaqiqat, Shukur Xolmirzayev hayoti ayrim mahdud, noxush holatlar ichida o‘tdi, buni yashira olmaymiz. Lekin u, shubhasiz, buyuk adib edi. O‘zbek adabiyotida uning naziri, tengi yo‘q. Hikoyachilik bobida u jahon adabiyotining eng yuksak o‘lchovlariga muvofiq o‘lmas asarlar yozdi. Har qanday holatda uning o‘zgarmas ijodiy intizomi bor edi. Uning butun hush-u xayoli, maqsadi, faoliyati, kechalari, kunduzlari faqat va faqat ijodga qaratilgan edi. Men bunday beomon mehnat qiladigan yozuvchini kam ko‘rganman. Shukur Xolmirzayev, xalqiga bo‘lgan shafqati tufayli, o‘z-o‘ziga shafqati bo‘lmagan o‘ta zahmatkash yozuvchi edi. Uning dardi ─ xalq dardi, g‘oyasi ─ vatan ozodligi, istagi ─ millat buyukligi, kasbi ─ adabiyot uchun o‘z jonini qurbon qilish, quvonchi ─ niyatidagi asarni tugallash, boshpanasi ─ torgina, pastgina, g‘aribona kulbasi, yemagi ─ topgan nasibasi, faqirlarning eng faqiri yeydigan oddiy taomlar. Eng muhimi, uning ulug‘ g‘oya va maqsadlarida soxtakorlik yo‘q edi. Ana shunday zahmat-zaqqum ichida millati uchun o‘zini fido qilib o‘tgan buyuk adibni past gaplar bilan eslashga mening qalbim rozi bo‘lmaydi! Xotira yozganda uning buyukligini ko‘rsatish, o‘rnak bo‘lgulik fazilatlarini topish, temir intizomini tan olish, g‘aribona hayotidagi ulug‘liklarini eslash ─ xotiranavis do‘stlarning vijdonida bo‘lishi lozim. Agar bularni topolmasa, xotira yozmay qo‘ya qolsin.  


Vatanni sevishni, millat uchun fido bo‘lishni har kim Shukur Xolmirzayevdan o‘rgansin! Shu o‘rinda fidoyi olim va junalist Olimjon Toshboyevning Shukur Xolmirzayev haqida o‘xshashi yo‘q badiiy-hujjatli asar yozganini mamnuniyat bilan eslamoqchiman. Bu asar ─ fidoyilikning ham, xotiranavislik va haqiqatgo‘ylikning ham eng yaxshi namunasidir. Har kim asl millat farzandi bo‘lsa, u asl millat farzandini tanishi kerak!..”

2010–2020.

Mirzo KENJABEK,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi,

Xalqaro Bobur mukofoti sohibi

20.01.2021.

Maqola muallifi

Mirzo KENJABEK

Mirzo KENJABEK

Yozuvchi

Teglar

  • #Sport

Ulashish