XX ASR BOSHLARIDA O‘ZBEK YOSH SHOIRALARINING ILK TO‘PLAMI

Ijod – ijodkor uslubi va uning ruhiy dunyosi aks etgan betakror jarayon. Bizga ijodkor biografiyasidan tortib davr ijtimoiy va adabiy hayoti haqida muayyan tasavvur bera oladigan manba hamdir. XX asr boshlarida ijod qilgan shoirlarning ijodiy merosi “O‘zbek yosh shoirlari”, “Go‘zal yozgichlar”, “Adabiyot parchalari” kabi majmua va to‘plamlarda nashr qilinib, o‘sha davr adabiy muhiti, adabiy tur va janrlardagi an’anaviylik va novatorlikning o‘ziga xosligini belgilashda muhim manbalardir.
1926-yili adabiyotshunos olim Oybek tomonidan “Erk kuylari” nomi ostida o‘zbek yosh shoiralarining she’rlaridan tashkil topgan mo‘jaz to‘plam nashr qilingan bo‘lib, bunda ijod namunalari keltirilgan shoiralar ijodi alohida tadqiq etilishga muhtoj. Garchi bu she’rlarda davr ijtimoiy hayoti aks etgan bo‘lsa-da, ular orasida obrazlarga boy she’rlar ham borki, ularni tadqiq va tahlil etish orqali Uvaysiy, Nodira, Dilshodi Barno, Anbar Otin, Mahzuna, Samarbonu kabi shoiralar ijodidan qolishmaydigan iste’dodli shoiralar yetishib chiqqaniga guvoh bo‘lasiz.
Shoiralar ijodida barmoq va sochma vaznlarning o‘ziga xos yangicha uslubi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ular dard-u hasratlari, faryod, his-tuyg‘ularini she’rga solishgan. To‘g‘ri, she’rlarda ba’zi kamchiliklar ham bor. Biroq bu holat, Oybek aytganidek, adabiy muhit, adabiy ta’sir va davr adabiyotidagi yangilanishlar bilan bog‘liq. Ayni davrda shakl va adabiy turga oid qonuniyatlar qat’iy belgilanmagan edi. Tabiiyki, bu kamchiliklar fikrlar teranlashgani sayin tuzatiladi.
Oybek shundan umidlanib, adabiyot yangilanayotganiga ishora qiladi. Adabiyotning yangilanishi, yashab qolishi, takomillashishi yosh shoir va shoiralar iste’dodiga bog‘liq ekanligini ta’kidlaydi.
“Erk kuylari” to‘plamiga so‘zboshi yozgan S.Lyubimova O‘zbekistondagi ayollarning ahvoli haligacha og‘ir ekanligi, she’rlardagi erkka talpinayotgan xotin-qizlar dard-u hasratini baytlar misolida tahlilga tortadi. Qizlarning otalari, akalariga murojaati tarzida berilgan she’rlarni taqdim qiladi. Shoiralar she’rlarini tahlil qilish asnosida ulardagi bosh g‘oya, jaholatdan qutulishning yagona yo‘li sifatida ilm olish ekanligini xulosa sifatida keltiradi. S.Lyubimova “bu kitobchadagi she’rlar yozg‘anlarning o‘zlaridir, ular o‘zbek turmushidagi birinchi inqilobchilardir” deya she’rlardagi lirik qahramon shoiralarning o‘zi ekanligiga ishora qiladi.
Oybek to‘plamning tuzilishi borasida alohida to‘xtaladi: o‘quvchi qizlar uchun ularning ruhiyatiga mos she’riy asarlar yo‘qligi sabab bu to‘plam tuzilganini ta’kidlaydi. To‘plamga kirgan aksariyat she’rlar xotin-qizlar jurnali – “Yangi yo‘l”da bosilib chiqqan. To‘plam bu yo‘ldagi dastlabki qadam sifatida birinchi kitob tarzida nashr qilingan. Bugungi kunga kelib “Erk kuylari” to‘plami qayta nashr qilindi.
“Yangi yo‘l” xotin-qizlar jurnali bo‘lib, har sonida uzluksiz ravishda takrorlanib turuvchi 10 dan ortiq rukndan tarkib topgan. Har rukn xotin-qizlarning turli jabhalardagi hayotidan ma’lumot beruvchi materiallarni yoritgan.
Jurnalning 1926-yil 1-sonida “Ikki dunyo kurashi”, “Lenin va xotin-qizlar”, “Qonli yakshanbaning paydo bo‘lishi”, “Yangi yanvar va ishchilar ahvoli”, “Kun botishidag‘i voqealarga bir nazar”, “Chet ellarda” kabi ijtimoiy-siyosiy maqolalar, “Erk kuychisi”, “Yoshlar kuchi”, “Yetakchi” kabi she’rlar, “Hoy qiz” sarlavhali sochma she’r, “So‘nggi dard” nomli hikoya, “Pomir bo‘ylarida”, “Yer islohoti ham xotin-qizlar”, “Amaliy hujum”, “Vaqt emasmu?”, “Butun O‘zbekiston muxbirlari kengash majlisi”, “Mehnatkash xotinlar uchun yaslalar juda foydalidir...” kabi ijtimoy-siyosiy, iqtisodiy yangiliklardan iborat maqolalar, xabarlar bosilib chiqqan. Xususan, “Chet ellarda” nomli rukn jurnalning barcha sonida keltirilgan. Bunda xitoy, hind, afrika ayoli kabi turli millat vakilalarining hayoti va faoliyati bilan bog‘liq ilmiy va ijtimoiy yangiliklar berib borilgan. Jurnalda xotin-qizlar uchun turli fan sohalari: tibbiyot, matematika, geometriya kabi fanlarda ilmiy dalillardan iborat yangiliklarning berilishi ularning savodli bo‘lishi bilan birga dunyo yangiliklaridan bahramand bo‘lishiga imkon yaratgan. Xususan, tibbiyotning amaliy natijalarini o‘zida aks ettirgan turli rasmlar, qo‘llanmalar qishloq xotin-qizlari uchun muhim ma’lumot ekanligiga urg‘u berilgan. Emlash va uning oqibatlarini o‘zida aks ettiruvchi rasmlar xotin-qizlarning tibbiy ko‘nikmalarini shakllantirishdagi dastlabki qadamlardan biri sifatida muntazam berib borilgan.
Jurnalda maxsus “Adabiyot” ruknida shoiralarning she’riy va nasriy asarlari bosilib chiqqan(Jurnalning ba’zi sonlarida “Adabiyot”, ba’zi sonlarida “Adabiyot bo‘limi” nomlari bilan keltiriladi). Jurnalning 1926-yil 1-soni “Adabiyot” ruknida G‘arib taxallusi bilan ijod qilgan ijodkorning “Erk kuychisi” hamda shoira Matlubaning “Yoshlar kuchi” she’ri da’vat shaklida zamona xotin-qizlarining ahvolidan xabar beradi. Ayniqsa, “Erk kuychisi” she’ridagi mohiyat erkinlikka intiluvchi yoshlar uchun madhiya yanglig‘ o‘ziga xos ifoda va obrazga ega:
Kulib turg‘an shu chog‘dag‘i,
Ko‘ngillarning, ey yo‘lchisi,
Shodliq to‘lg‘an bu bog‘dag‘i
Ayt kuyingni, erk kuychisi!
Har tarafga to‘lqun ketdi,
Bu nurli kun kelib yetdi.
Erking berib yana aytdi,
Ayt kuyingni, erk kuychisi!
Xotin-qizda na hol edi?
Haqliq kiymin endi kiydi.
Yashnab, kulib, yana dedi:
Ayt kuyingni, erk kuychisi!
Biz birlikda to‘lg‘anarmiz,
Kuying tinglab, erk olamiz.
Sevinch gulin ham taqarmiz,
Ayt kuyingni, erk kuychisi!
Na umidlar to‘lib-toshmish,
Ko‘ngil go‘zal o‘yga oshmish.
Totli kuying nash’a sochmish,
Ayt kuyingni, erk kuychisi!
Lirik qahramon erk kuychisidan kuyini chalishini, bu kuy insonlar qalbiga umid berishini, kuyning sehridan erkni tuyishini, qalblar to‘lg‘onishini ishonch bilan ta’kidlaydi. She’rdagi o‘ziga xos o‘ynoqilik ohangdagi betakrorlikni ta’minlab bergan. “Ayt kuyingni, erk kuychisi” misrasining naqorat tarzida kelishi esa takrordagi musiqiylik bilan birga ta’kidni ifodalab turibdi. Baytlar zamiriga singdirilgan “ko‘ngil kuychisi”, “sevinch guli”, “nurli kun”, “haqliq kiyimi” kabi istioraviy ifodalar ijodkor uslubi bilan birga she’r badiiyatini oshirishga xizmat qilgan. Shu sabab she’rdagi ohang va mohiyat Oybek tomonidan tuzilgan to‘plam uchun sarlavha vazifasini o‘tagan.
Jurnalning adabiyotga oid ruknida bir qancha hikoya, she’r va felyetonlar bosilib chiqqan, ular orasida tarjima qilingan hikoyalar ham bor. Bu ruknda bosilgan badiiy parchalar X.Tillaxonova, Hojar G‘ulom qizi, Saodat Shamsiddin, S.Burnoshova, Erk Chirchiqboyeva, Oydin, Zarifa, Erkchi, Halima Shoumar qizi, Xosiyat Musino, Nurtoy, Komil Alif, Semurg‘, Madrahim qizi, Mahbuba Rahim qizi, G‘arib, Sayyora, Davron, Muazzama, M.Dilovar qizi, Kavkab, Mirtemir, G‘ayratiy, M.Tojizoda, Borjon, Ibrohim Usmoniy, Yog‘du, Z.Sobiriy, T.Sa’diy, Erktoy, Onaxon, Habiba, Gulbek, Nasrullo Oxunov, Qosimjon Hoshimiy, Zarif Bashir kabi shoir, shoiralar qalamiga mansub. Ba’zi ijodkorlar taxallusidagi majozni qo‘shtirnoqqa olgan holda keltirgan. Xususan, “Nurtoy”, “Davron”, “Gulbek”, “Erktoy” kabi. Jurnalga kiritilgan she’rlar turli mavzularda bo‘lsa-da, ularni erk, ozodlik, ma’rifatga intilish, xotin-qizlar hayoti, da’vat mavzusi birlashtirib turadi.
Jurnalning 1927-yil 1-sonida:
– “Hoy qizlar”(Kavkab), “Yosh kashshof qizlar”(Madrahim qizi);
1927-yil 2-sonida:
– “Qo‘ying, quvnasin”(Mahbuba Rahim qizi), “Paranji”(G‘arib);
1927-yil 3-sonida:
– “Sakkizinchi mart”(Sayyora), “Mart kuni”(Muazzama), “Olg‘a”(M.Dilovar qizi), “Tog‘ qizi”(Mirtemir), “Kashshof qiz”(Kavkab);
1927-yil 4-sonida:
– “Yatima”(Sayyora), “Yana qizg‘a”(Mirtemir), “Bahor”(Mahbuba Rahim qizi), “Tilak”(Dilshod (Narimov nomidagi texnikum o‘quvchisi ekanligi qayd etilgan));
1927-yil 5-sonida:
– “Ochil”(M.Tojizoda), “Erk gullari”(muallifi keltirilmagan. Xotin-qizlar bilim yurtini bitirib chiqqanlarga bag‘ishlab yozilgan);
1927-yil 6-sonida:
– “Nechun?”(Onaxon), “Qahramonlar”(Sayyora);
1927-yil 7-sonida:
– “Kashshof qizg‘a”(Erktoy), “Tilagim yo‘lida”(M.Rahim qizi);
1927-yil 8-sonida:
– “Erk”(Davron), “Erkin qiz”, “Haqiqat kalomi”(Usmon (muxbirlarga bag‘ishlangan));
1927-yil 9-sonida:
– “Yosh g‘uncha”(Yog‘du), “Nash’ali kunlarda”(Usmon), “Ochilg‘an gul”(Davron);
1927-yil 10-11-sonlarida:
– “Yangi yo‘l”(Gulbek), “Paranji qizg‘a”(Mahbuba Rahim qizi), “Kashshof so‘zi” (Usmoniy), “Ochilg‘anlar”(Gulbek);
1927-yil 12-sonida:
– “Qizil oy”(Z.Sobiriy), “Munavvarxon”(Davron), “Nash’ali bog‘da”(Yog‘du) kabi she’rlar bosilgan.
Undan tashqari, jurnalning 1927-yilgi sonida “So‘nggi dard” nomli “turmush hikoyasi” izohi bilan ozarboyjonchadan Semurg‘ muallifligi ostida, “Tilanchi xotun” nomli G‘ayratiy tomonidan, “Hind qizi” nomli Borjon muallifligida, “To‘lg‘un oy” sarlavhali Davron muallifligi ostida, “Nuxoy” sarlavhali “ikki yatim Xitoy turmushidan” izohi va Borjon muallifligida, Habibaning “Ikki g‘uncha”, Rafiqovaning “Tog‘ qizi”, T.Sa’diyning “fojeiy hikoya” tarzida keltirilgan “Ozodliq qurboni” sarlavhali hikoyalari bosilib chiqqan. Bu hikoyalarning aksariyatida ma’rifatsiz hayot, albatta, jaholatga mahkum ekanligi, bugungi baxtsizlikning asosiy sabablaridan biri ilmsizlik, beparvolik ekanligi g‘oyalari ilgari surilgan.
“Yangi yo‘l” jurnalining 1928-yilgi sonlarida badiiy ijod masalasi xotin-qizlarni faollikka chorlovchi asosiy vosita sifatida maqola, she’r va hikoyalar berib borilgan. She’r va hikoyalarda mazmun va shakl bir qadar takomillashgan o‘rinlar ko‘zga tashlanadi. Bu sondagi bosilgan hikoyalar mohiyatida sirlilik, fojeaviylik, hayotiylik yaqqol ko‘zga tashlanadi. Xususan, Zarif Bashir tomonidan yozilgan “Ozodliq qurbonsiz bo‘lmaydi” hikoyasi hayotiy voqelik asosiga qurilgan bo‘lsa, “Qora xonim”, Qaribiy tomonidan yozilgan “Sirli hikoya” asarlarida fojeaviylik, sirlilik kabi mohiyat yetakchilik qiladi. Jurnalning 1929-yilgi sonlarida hikoya janriga oid badiiy parchalar ko‘lami va mavzu doirasi ham ancha kengaygan. 1929-yil 4-sonida Niyoziyga bag‘ishlab yozilgan bir hikoya bosilgan. Muallif Amolaxonim hikoyaga qo‘shimcha izoh sifatida “xirabo boshqushlari qo‘lida qurbon bo‘lg‘an jamoat xodimi H.Hakimzodaga bag‘ishlanadi” jumlasini keltirgan.
Ko‘rinib turibdiki, xotin-qizlar jurnali “Yangi yo‘l”da bosilgan adabiy parchalar o‘zbek shoiralarining badiiy ijoddagi imkoniyatlarini belgilashda muhim ahamiyatga ega. Jurnalda bosilgan badiiy asarlar jiddiy tadqiq va tahlilga muhtoj, ularni o‘rganish, tadqiqotlar yaratish, bu borada ilmiy xulosalarni taqdim qilish adabiyotshunoslikdagi muhim vazifalardan biri. Oybek tomonidan tuzilgan “Erk kuylari” majmuasiga ayni jurnaldagi eng sara she’riy asarlar yig‘ilgan. To‘plamga kiritilgan shoiralar “Yangi yo‘l” jurnalining faol a’zolari sifatida Oybek nazariga tushgan.
“Erk kuylari” to‘plamiga Xosiyat Tillaxonova, Hojar G‘ulom qizi, Saodat Shamsiddin, S.Burnoshova, Erk Chirchiqboyeva, Oydin, Zarifa, Erkchi, Halima Shoumar qizi, Xosiyat Musino kabi shoiralarning 22 ta she’ri kiritilgan. She’rlar barmoq va sochma shaklda yozilgan, ular orasida ijtimoiy lirikaga mansub she’rlar bilan birga intim lirikaning go‘zal namunalari ham uchraydi. Oybek ba’zi shoiralar ijodidan 1 ta, ba’zilari ijodidan 6 tagacha she’rni tanlab oladi. To‘plam Xosiyat Tillaxon qizining “Tutqun o‘rtog‘im” she’ri bilan boshlanadi. Xosiyat Tillaxonova o‘z ovozi va yo‘nalishiga ega shoiralardan biri bo‘lib, o‘zbek shoiralari haqida yirik tadqiqot olib borgan adabiyotshunos olim To‘xtasin Jalolov shoira hayoti va ijodi borasida “Qizlar qasidasi” asarida yetarlicha ma’lumot bergan. Olim o‘zbek shoiralari ijodi borasida yirik tadqiqot olib borish bilan birga “O‘zbek shoiralari”(1959), “Qizlar qasidasi”(1977), “Bonu”(1963), “Go‘zallik olamida”(1979) kabi asarlarida shoiralar ijodidan namunalar keltiradi, xotiralar va ilmiy izlanishlar orqali ular ijodini tahlilga tortadi. Olim “Qizlar qasidasi” asari xususida to‘xtalganida, ko‘ngli Hazrat Navoiyning “Majolis un-nafois” tazkirasi singari majlis qurishni istayotgani, faqat bu majlis ishtirokchilari “zamon gulchehralari, suvrat va siyratlarida, ya’ni botiniy va zohiriy zeboliklarida zarracha shubha yo‘q” shoiralar bo‘lishini ma’lum qiladi va “Qizlar qasidasi” faxriya ekanligini ta’kidlaydi. Olim Xosiyat Tillaxonova, Zulfiya, Oydin Sobirova, Muzayyana Alaviya, Mahbuba Rahim qizi, Saida Zunnunova, E’tibor Oxunova, Sanobar Hasanova, Gulchehra Jo‘rayeva, Gulchehra Nurullayeva, Yayra Sa’dullayeva, Ra’no Uzoqova kabi shoiralar ijodi bilan tanishtiradi(To‘xtasin Jalolov. Qizlar qasidasi. Ikkinchi kitob. -T., 1977.).
Xosiyat Tillaxon qizi erta vafot etgani bois, uning biror to‘plami nashr etilmagan. Shoira she’rlarining to‘plam holida nashr etilmaganining ikkinchi sababi, To‘xtasin Jalolov ta’kidlaganidek, shoiraning ijodi barq urgan bir davrda o‘zbek alifbosi ikki marotaba o‘zgarib, nashr imkoniyatini cheklab qo‘ygan. “Erk kuylari” to‘plamida Xosiyat Tillaxon qizining “Tutqun o‘rtog‘im”, “O‘rtog‘im ovozi”, “Qo‘zg‘ol, Sharq xotinlari”, “Qo‘shcha”, “Qutulish”, “Kutib turaman” kabi she’rlari keltirilgan. 1928-yildan boshlab “Qizil O‘zbekiston” gazetasida xotin-qizlar bo‘limi mudiri, 1929-yildan “Yangi yo‘l” jurnalida mas’ul kotib bo‘lib faoliyat olib borgan. 1929-yilgacha bo‘lgan davrda ham shoiraning she’rlari “Yangi yo‘l” jurnalining bir nechta sonida e’lon qilingan. Xosiyat Tillaxonova she’riy asarlar bilan bir qatorda publitsistik maqolalar bilan jurnal adabiy hayotida faol ishtirok etgan. “Yangi yo‘l” jurnali 1928-yil 6-sonida nashr etilgan “O‘rta Osiyoda ipakchilik ishining ravnaqi” maqolasida shoiraning muxbirlik faoliyati aks etgan.
Xosiyat Tillaxon qizi she’rlarida xotin-qizlarning, nafaqat ayollar, balki butun insoniyatning bunday ahvolga tushishiga o‘zlari sababchi ekanliklarini ta’kidlaydi. Shoiraning “Tutqun o‘rtog‘im” she’rida mana shu isyon markaziy o‘rinni egallaydi:
Sharq qizi, hanuz uyg‘onolmading!
Chiqdi, yoqdi kun, to‘lg‘onolmading!
Yurdi boshqalar ma’rifat sari,
Ul tomong‘a sen qo‘zg‘ololmading!
Sharq qizining uyg‘onishi va o‘zligini anglashi uchun ma’rifat kerakligi she’rning keyingi bandlarida og‘riqli nuqta sifatida tasvirlanadi. Shoira ilm inson hayotiga nur olib kirishini Sharq va G‘arbdagi vaziyat bilan qiyoslab tushuntiradi:
G‘arbda g‘unchalar bargni ochdilar,
G‘arb chechaklari hidni sochdilar.
Sharqda bog‘chalar bo‘ldilar xazon,
Chunki qizlari kundan qochdilar.
She’rning o‘ziga xos uslubi shundaki, shoira mohiyatni bandlar asosida tadrijiy ko‘rsatkichda ilmsizlik fojeaga sabab bo‘lishi, millat, elatning yo‘q bo‘lib ketishini go‘zal ifodalar bilan tasvirlaydi:
Bir zamonda sen porlag‘an eding,
Ma’rifat sari nom olg‘an eding.
Turmasang bukun, ko‘zni ochmasang,
Xor bo‘lub, bitar sevgili eling.
Xosiyat Tillaxon qizining o‘z davrida mashhur bo‘lgan she’rlaridan biri “O‘rtog‘imning ovozi” she’ri “Yangi yo‘l” jurnalining 1926-yil 6-sonida bosilib chiqqan. Bu she’r o‘zbek qizlari nomidan otaga murojaat shaklida bitilgan. Lirik qahramon otasidan o‘g‘il va qiz farzandning biri o‘ng ko‘z bo‘lsa, ikkinchisi so‘l ko‘z ekanligini ta’kidlab, ma’noni kuchaytirish maqsadi bilan ularni ne sababdan teng ko‘rmasligini so‘raydi:
Ko‘rinmasmu otag‘a teng o‘g‘ul-qiz?
Yomonmi o‘ng ko‘zingiz yoki so‘l ko‘z?
Yomon deb kim etar dildan jigarni,
Xususan, mehribon, shafqatli yolg‘iz?
Lirik qahramon hatto malaklar ham bo‘yin egishi uchun otasi unga palaklar sovg‘a qilganini faxr bilan aytadi. Ushbu she’r ayni davr ayollarining dard-u hasratlarini o‘zida mujassam qilgan madhiya sifatida bir necha marotaba nashr etilgan, xususan, “Yangi yo‘l” jurnalida ham bir necha marta bosilgan. Shoiraning deyarli barcha she’rlarida ma’rifat targ‘iboti, jaholatga qarshi kurash g‘oyalari aks etgan bo‘lsa-da, “O‘rtog‘imning ovozi” she’ri mohiyat va ohangdorlikni bir butunlikda taqdim qilgan asar sifatida e’tiborga molik. Xosiyat Tillaxon qizi she’rlarida erkka tashna qalbni qushcha obrazi orqali beradi:
O‘rnidan qo‘zg‘olib go‘zal qushcha,
Chekdi bir faryod ko‘kka intildi.
Bu uchish, intilish, hazin ovoz,
Ufq ustini yangg‘iratib ketdi.
Qushchaning na’ra tortib uchishi, ko‘kka parvozi ufqni zir titratganini tasvirlay turib, “ko‘kda ziyo, yelda panoh bor”ligiga ishora qiladi. Shoira aytmoqchi bo‘lgan ufq – ilm, ma’rifat. Ilmda ziyo va najot borligi she’r pafosini belgilab bergan. Shoiraning to‘plamga kiritilgan “Kutib turaman” sarlavhali she’ri ham shakl, mohiyatan o‘ziga xos uslubda yozilgan. Xosiyat Tillaxon qizi she’rdagi ohangdorlik asosida mohiyatni yengil va o‘ziga xos tarzda yetkazib beradiki, o‘qigan kitobxon lirik qahramon tuyg‘ulari ifodasidagi go‘zal topildiqlardan hayratga tushadi. She’r b-b-b-a, с-с-с-a tarzidagi o‘ziga xos shaklda yozilgan bo‘lib, to‘rtinchi misradagi she’rni birlashtirib turuvchi asosiy qofiya asar mohiyatini o‘zida aks ettirgan:
Yozg‘i kechang salqinlarini,
Umid yulduzin yolqinlarini,
O‘rtoqlarimning qalquvlarini,
Ko‘bdan beri men kutib turaman.
Shoira “Kutib turaman” she’ri orqali yorug‘likka, jaholat kishanlarini parchalashga shay turgan jasoratli inson qiyofasida atrofidagilarni ham oldinga da’vat etadi, har qanday to‘siq va moneliklarga qarshi kurasha oladigan metin irodaga ega ekanligini baralla so‘zlaydi:
Yolg‘iz jaholat kishanlarini,
O‘zim parchalab zanjirlarini,
Surub butunlay monelarini,
Poklab bu yo‘ldan men ham boraman.
Ko‘rinib turibdiki, Xosiyat Tillaxon qizi adabiy jarayonda o‘z o‘rniga ega shoira sifatida munaqqidlarning diqqat markazida turgan. Shu bois Oybek ham uning ijodiga ayricha munosabatda bo‘lgan, to‘plamga shoira she’rlaridan 6 tasini kiritgan.
To‘plamdagi she’rlar o‘ziga xos uslub va ritmga ega bo‘lib, XX asr boshlarida kirib kelgan yangicha she’riy tizim elementlaridan tortib, obrazlarigacha yangilanishni aks ettirgan. Hojar G‘ulom qizining “Kim ul?” she’ri ham ana shu ifodadagi o‘ziga xoslik bilan ajralib turadi. Shoira savol shaklidan qoliplovchi vosita sifatida foydalangan. Oydinlik – qorong‘ulik zidlanishi she’r yuki singdirimli bo‘lishini ta’minlagan:
Kim ul, nega muncha mungli kuylaydir?
Umidsiz holda kimni yo‘qlaydir?
Nima uchun bunday umidsizlanmak?
Oydin qolib qorong‘ida ezilmak?
Shoira savollariga javob izlaydi: qorong‘ulikda turgan qizning ko‘zlari oydan najot kutishini, qo‘l-oyog‘i bog‘langani sababini axtaradi, atrofdagilardan qizning bunday ahvolga tushishiga sababchi kim ekanligini so‘raydi. Javob berguvchi qo‘lidagi bog‘ichlarni yechguvchi – najotkorni qidiradi. She’r so‘ngi o‘ziga xos xotima bilan yakunlanadi, kitobxon shoiradan o‘z qahramonining – qorong‘ulikda turgan qizning yorug‘likka chiqishini kutadi, lekin shoira she’rni:
Boqdim, bir qiz, lekin kimdir, bilmadim,
Qorong‘ida edi, ilg‘ay olmadim,
tarzida yakunlaydi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, ko‘ngil obrazi shoiralar ijodining asos markazida turuvchi obraz sifatida Cho‘lpon she’rlaridagi isyonni eslatadi. Oydin “Umidsiz ko‘ngil” she’rida ko‘ngilning loqayd ekanligidan shikoyat qiladi:
Xalqni to‘plag‘an choqda,
O‘zini otmag‘an ko‘ngil.
Qayg‘ili ohlar chiqqanda,
O‘zini xushlag‘an ko‘ngil.
Yurti uchun yonmagan ko‘ngilni “hayotni tashlagan” ko‘ngil sifatida baholab, bundan ko‘ngil “o‘limni yodlagan” o‘lik ko‘ngil ekanligiga ishora qiladi:
Hayotni tashlag‘an choqda,
O‘lumni yodlag‘an ko‘ngil.
Shoira Oydin Sobirova nazm va nasrda birdek mahorat bilan qalam tebratgan ijodkor sifatida “Yorqin hayot”(hozirgi “Saodat”) jurnalining adabiyot bo‘limi mudiri sifatida faoliyat ko‘rsatgan, bevosita ijodiy va ilmiy muhitda yashagan, shoiraning “Yangilikka qadam” dramatik asari o‘z davrida juda e’tibor bilan sahnalashtirilgan.
To‘plamda XX asr boshlarida kirib kelgan sochmalardan namunalar ham uchraydi. Erk Chirchiqboyevaning “Sharq qizi” she’ri ayni shu shaklda yozilgan bo‘lib, shakl qonuniyatiga ko‘ra misralararo bo‘g‘inlarning miqdori va qofiya tizimiga amal qilinmagan. She’rdagi mohiyat Sharq qiziga da’vat tarzida yozilgan:
Sharq qizi, tur uyqungdan,
Uyg‘onishg‘a vaqt keldi.
Buzub toshlar, devollarni,
Tashla qora chachvonni.
Kel bizning safimizga
Quloch yozib kutib turamiz sani,
Yuz o‘gur senga qarshiliq ko‘rsatuvchi har bir narsadan,
Yur biz bilan ishlashka va erkinlikka.
Yigirmanchi yillarning o‘rtalaridan boshlab “Yorqin hayot”, “Maorif va o‘qitg‘uchi”, “Yer yuzi” jurnallari, shuningdek, gazeta sahifalarini inqilob bahorining boychechaklari – Xosiyat Tillaxonova, Oydin Sobirova, Mahbuba Rahim qizi, Muzayyana Alaviya kabi shoiralarning she’rlari bezab turardi(Jalolov T. Qizlar qasidasi. 2 kitob. T.: -197).
XX asr boshlarida o‘zbek yosh shoirlari ijodida bo‘lgani kabi yosh shoiralar ijodi ham o‘ziga xos evrilish bosqichini boshdan kechirgan: vazn va obrazlar tizimidagi yangilanishlar ijtimoiy muhit va lirik qahramon tuyg‘ularining parallel ravishdagi tasviri an’ana tusiga kirgan, hali qat’iy qolip shaklini olmagan, nazariyasi to‘liq ishlab chiqilmagan sochmalar shoiralar dard-u hasratlarini yetkazuvchi vosita bo‘lib xizmat qilgan, she’rdagi mohiyat ilm targ‘iboti va jaholatga qarshi ma’rifat g‘oyalari bilan sug‘orilgan.
Orzigul HAMROYEVA,
ToshDO‘TAU o‘qituvchisi,
filologiya fanlari doktori,
Professor
Shu kecha va kunduzda
O‘zbekistonda 2025-yil 1-sentabrdan boshlab xalqaro maktab faoliyati yo‘lga qo‘yiladi
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti kasaba uyushmasi hisobot-saylov Konferensiyasi bo‘lib o‘tdi
Diqqat yetishmovchiligi va giperfaollik sindromi(ADHD) nima?
Ta’lim sohasidagi xizmatlar hajmi
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank
Mavzuga doir

HUMOYUNGA HAVASIM KELDI

O‘zbekistonda 2025-yil 1-sentabrdan boshlab xalqaro maktab faoliyati yo‘lga qo‘yiladi
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti kasaba uyushmasi hisobot-saylov Konferensiyasi bo‘lib o‘tdi
