“YALDO KECHASI” TARIXIY ROMANI KITOBXONLAR QO‘LIDA
Shu yilning 21-dekabr, yakshanba kuni poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi “Shahidlar xotirasi” majmuasida yilning favqulodda g‘aroyib nasriy asari – “Yaldo kechasi” tarixiy romanining ko‘pdan buyon kutilayotgan taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda taniqli shoir va yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar, ta’lim, madaniyat va san’at sohasi namoyandalari, talaba yoshlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Taqdimot marosimining, dam olish kuni bo‘lishiga qaramasdan, aynan shu sanada o‘tkazilganida o‘ziga xos ma’no bor. Zero, taqvimga ko‘ra, 21-dekabrdan 22-dekabrga o‘tadigan vaqt oralig‘i yilning eng uzun tuni – yaldo kechasi hisoblanadi.
Ana shunday ramziy nom bilan atalgan roman esa keng ko‘lamli tarixiy asar bo‘lib, xalqimiz hayotining mashaqqat va iztiroblarga to‘la qorong‘i tunlaridan hikoya qiladi.
Benazir shoirimiz Muhammad Sharif Gulxaniy qalamiga mansub:
“Bu nechuk tunkim, oni tongi yo‘q,
Yo muazzinlarining bongi yo‘q”,
– degan satrlarning romanga epigraf qilib olingani ham shundan dalolat beradi.
Yangi kitobni o‘quvchilarga tanitish marosimining ushbu maskanda – “Qatag‘on qurbonlari muzeyi” joylashgan sokin hududda o‘tkazilgani ham bejiz emas. O‘tgan asrning mash’um qatag‘on yillarida millatimiz, xalqimizning asl farzandlari, ma’rifatparvar jadid bobolarimizning ko‘plab mashhur namoyandalari o‘sha davrda Alvastiko‘prik deb nom olgan mana shu joyda qatl qilinganlar. Shu bois tadbir avvalida qatag‘on qurbonlari xotirasiga hurmat bajo keltirilib, Qur’oni karimdan tilovat qilindi.
Anjumanda so‘zga chiqqan ijodkor ziyolilar, jamoatchilik vakillari mamlakatimizda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan milliy tariximizni tiklash, ilm-fan, ta’lim-tarbiya, san’at va adabiyot sohalariga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik o‘z ijobiy samarasini berayotganini qayd etdilar. Jumladan, bugun taqdim etilayotgan “Yaldo kechasi” tarixiy romani ana shu yo‘ldagi yangi, ulkan bir qadam bo‘lgani ta’kidlandi.
Ma’lumki, joriy yilda buyuk adib Abdulla Qodiriy qalamiga mansub birinchi o‘zbek romani – “O‘tkan kunlar”ning yaratilganiga 100 yil to‘ldi. Bir asrdirki, bu o‘lmas asar necha avlod adabiyot muhiblari qalbida ezgulik va ma’rifat chirog‘ini yoqib, millionlab insonlarni milliy o‘zligimiz, azaliy qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalab kelmoqda. Uning bosh qahramonlari ko‘ngillardan chuqur joy olgan bo‘lib, o‘z davrida ham, hozirgi kunda ham kitobxonlar ularning keyingi taqdiriga qiziqib qarashlari, asarning davomini xayolan tasavvur qilib yurishlarini ko‘rish, kuzatish mumkin.
Shu ma’noda, ulug‘larning ulug‘ligi shundaki, ular hamma gapni har doim ham ochiq aytavermaydi. Nozik ishoratlar qiladiki, bunda aql egalarigina anglay oladigan botiniy belgi-alomatlar mujassam, desak, yanglishmagan bo‘lamiz.
“O‘tkan kunlar” romanining so‘nggi sahifalarida “Yozg‘uchidan” deb berilgan muxtasar izohda Abdulla Qodiriy asar bosh qahramoni Otabekning Vatan mudofaasi yo‘lida halok bo‘lgani, uning Yodgorbek degan o‘g‘lidan ikki farzand qolgani, ularning biri sho‘ro hukumatining mas’ul ishchilaridan ekani, ikkinchisi esa bosmachilar safiga qo‘shilib ketgani haqida yozib, g‘aroyib bir asarning syujet liniyasini belgilab beradi. Vaqti-soati yetib, adabiyotimizning qaysidir iste’dodli vakili shu mavzuni davom ettirib, yangi tarixiy asar yaratishini kutish mumkin edi. Va oradan 100 yil o‘tib, mana shu go‘zal orzu o‘zining badiiy inkishofini topdi.
Ko‘p yillik ijodiy faoliyati davomida Abdulla Qodiriyni o‘ziga ma’naviy pir deb bilib, qalam tebratib kelayotgan taniqli yozuvchi Xayriddin Sulton tomonidan tarixiy hujjatlar asosida yaratilgan badiiy to‘qima “Yaldo kechasi” romani uchun asos bo‘lib xizmat qilgan.
Kitobning mas’ul muharriri, atoqli adib va tarjimon, O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim Gʻafurov asarni zamonaviy o‘zbek adabiyotida tamomila kashfiyot deb baholagan bo‘lsa, adabiyotshunos olim, akademik Shuhrat Sirojiddinov uni shunday ta’riflaydi:
“ – Roman g‘oyaviy maqsadi, mavzu-mundarijasi, g‘aroyib badiiy kompozitsiyasi jihatidan bugungi adabiyotimiz rivojida, shubhasiz, katta bir voqeadir. Ushbu asarni zamonaviy o‘zbek milliy nasrining “O‘tkan kunlar” romanidan keyingi yuz yillik tarixida individualligi va jozibadorligi, milliy ruhi bilan ajralib turadigan yuksak saviyadagi kitob, deb bemalol ayta olamiz. Shu bois, bugungi kitobxonlar, ayniqsa, yoshlarimiz, romanda yozilganidek, “Turkistonning tuganmas qayg‘usi, elning bedavo dardi, vatandorlik armoni, ozodlik va adolat, ma’rifatli jamiyat orzusi, mahrumiyat va mag‘lubiyat alamlaridan, zulm va jaholat hukmron bo‘lgan yaldo kechalarining nihoyasiz istibdodidan hasrat va faryod chekib” hikoya qiladigan bu asarni, albatta, o‘qib-uqishlari kerak, deb hisoblayman”.
Taqdimot marosimida, shuningdek, Nurboy Jabbor, Bahodir Karim, Shuhrat Rizayev, Xondamir Qodiriy, Zebo Mirzayeva, Olimjon Davlatov kabi taniqli munaqqid va adiblar ham so‘zga chiqib, “Yaldo kechasi”da XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asrning birinchi choragida Turkistonda hukm surgan keskin ijtimoiy-siyosiy vaziyat, mustabid tuzum zo‘ravonliklari, millatparvar zotlarning fidokorona kurashi, ajdodlarimiz boshiga tushgan cheksiz musibatlar haqqoniy va ta’sirchan tasvirlanganini qayd etdilar.
Ushbu asar Yangi O‘zbekistonda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan ochiqlik va erkinlik siyosatining hosilasi o‘laroq dunyoga kelgani e’tirof etilib, bugungi kunda milliy istiqlolimizni asrash, uni har tomonlama mustahkamlash, yosh avlodimizni Vatanga muhabbat, mustaqillik g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash jamiyatimiz barcha a’zolarining, avvalambor, millat ziyolilarining mas’uliyatli va sharafli burchi ekani alohida ta’kidlandi.
“Yaldo kechasi” tarixiy romani “Xaybar – 25” nashriyoti tomonidan lotin va kirill alifbolarida tayyorlanib, “Credo Print” bosmaxonasida chop etilgan.
Shu kecha va kunduzda
“YALDO KECHASI” TARIXIY ROMANI KITOBXONLAR QO‘LIDA
“Jadidlar izidan” respublika tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi
IMKONIYATLAR NATIJA BERMOQDA
FAN OLIMPIADALARI: NATIJA VA RAG‘BAT
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank