Yangi O‘zbekistonning yuragi qayerda uryapti?

Dolzarb mavzu Yangi O‘zbekistonning yuragi qayerda uryapti?
52


Inson hayotini katta siyosat bilan bog‘lab turadigan eng nozik rishta – uning yashayotgan muhitidir. Odam o‘zini qayerda xavfsiz his qilsa, qayerda qadri borligini sezsa, o‘sha joy uning Vataniga aylanadi. O‘zbekiston sharoitida esa bu tuyg‘u avvalo mahalladan boshlanadi. Mahalla – bu shunchaki hudud yoki ma’muriy birlik emas. U inson hayotining bosh­la­nishi, tarbiyaning shakllanishi, quvonch va tashvishlar bo‘lishiladigan makoni, jamiyatning tirik yuragi.


Ha, 2026-yilning “Mahallani rivoj­lantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi bejiz emas. Bu qaror Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining eng muhim haqiqatini ochib bermoqda: davlat kuchi avvalo odamlar birligi va mahalla barqaror­ligida namoyon bo‘ladi.


Asrlar davomida mahalla xalqimizni birlashtirib kelgan. Bu yerda katta-kichikka hurmat, qo‘ni-qo‘shnichilik, mehr-oqibat, mas’uliyat kabi qadriyatlar avloddan avlodga o‘tib keladi. To‘y ham, aza ham, xursandchilik ham, og‘ir kunlar ham mahalla bag‘rida o‘tadi. Shu sababli mahalla hech qachon faqat tashkiliy tuzilma bo‘lib qolmagan  u jamiyatning axloqiy tayanchi, ijtimoiy vijdoni vazifasini bajargan.


So‘nggi yillarda olib borilgan islohotlar shuni ko‘rsatdiki, eng to‘g‘ri va samarali yo‘l  inson muammosini yuqoridan emas, uning yashayotgan joyidan turib hal qilishdir. Shu ma’noda mahalla davlat siyosatining markaziga aylanmoqda. Chunki davlatning kuchi uning oddiy fuqarosigacha yetib borishi, u bilan “bir tilda gaplasha olishi” bilan o‘lchanadi.


Bugun mahallada ishsiz yigit-qizning taqdiri bilan qiziqilmoqda, ehtiyojmand oila e’tibordan chetda qolmayapti, iqtidorli yoshga yo‘l ko‘rsatilmoqda. Bu jarayon quruq hisobot yoki raqamlar bilan emas, balki inson taqdiri orqali namoyon bo‘lmoqda. Bir paytlar ishsizlik sabab umidsizlikka tushgan yigitning tadbirkor bo‘lib ketishi, kasb-hunar o‘rga­nib, o‘z oilasini boqayotgan yoshlarning ko‘payishi, ayollarning o‘z salohiyatini namoyon etib, jamiyat hayotida faol bo‘layotgani  bularning barchasi mahallada boshlangan o‘zgarishlarning real ko‘rinishidir.


Endi mahalla faqat muammolar ro‘yxati tuziladigan joy emas, balki tashab­buslar tug‘iladigan, yechimlar ishlab chiqiladigan makonga aylanmoqda.


Qaysi ko‘chaga yo‘l kerak, qayerga ichimlik suvi yetishmayapti, qaysi hududda yangi ish o‘rinlari yaratish mumkin  bularning barchasi joyida, aholi bilan maslahatlashgan holda hal etilmoqda. Bu esa fuqarolarda “davlat bizdan uzoqda emas” degan ishonchni yanada mustahkamlaydi. Qolaversa, 2026-yildan mahallalarda faqat qurilish yoki ta’mirlash ishlari emas, balki ma’naviy muhitni yuksaltirishga qaratilgan tashabbuslar ham kengaytirilmoqda. Kitobxonlikni rivoj­lantirish, sport va madaniyat markaz­larini ko‘paytirish, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish kabi  masalalar bevo­sita mahalla orqali hal qilinmoqda.


Bugungi globallashuv sharoitida axborot xurujlari, yot g‘oyalar yoshlar ongi­ga tez ta’sir o‘tkazayotgan bir paytda mahalla tarbiya maktabi sifatida alohida ahamiyat kasb etadi. Oila, maktab va mahalla uyg‘unligi esa yosh avlodni nafaqat bilimli, balki mustahkam hayotiy pozitsiyaga ega inson qilib voyaga yetkazishda muhim rol o‘ynaydi. Chunki mahallada bola faqat nazorat qilinmaydi, balki tushu­niladi, qo‘llab-quvvatlanadi, yo‘l ko‘rsatiladi.


Mahallani tirik organizmga qiyoslash mumkin. Agar uning tomirlari  infratu­zilma sog‘lom bo‘lsa, yuragi  odamlar birligi mustahkam bo‘lsa, ruhi  ma’naviy muhit toza bo‘lsa, bunday mahalla rivoj­lanadi. Mahallaning kuchayishi   jamiyatning ichki barqarorligidir. Tarix shuni ko‘rsatadiki, tashqi tahdidlar kuchaygan davrlarda jamiyatni saqlab qolgan asosiy omil ichki birlik bo‘lgan. O‘zbekiston ham bugun ana shu yo‘lni tanlamoq­da. Turli qarashlar, turli fikrlar bo‘lishi tabiiy, ammo mahalla umumiy maqsad  tinchlik, barqarorlik va taraqqiyot yo‘lida odamlarni birlashtirib turadigan maydondir.


2026-yilni mahalladan boshlash bu ramziy shior emas, balki chuqur hayotiy tanlovdir. Bu tanlov  shuni anglatadiki, Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti qog‘ozdagi rejalar bilan emas, balki oddiy insonning hayotidagi o‘zgarishlar bilan o‘lchanadi. Agar mahallada nur bo‘lsa, uylar yorishadi. Agar mahallada ishonch bo‘lsa, jamiyat mustahkamlanadi. Agar mahallada taraqqiyot bo‘lsa, butun mamlakat yuksaladi. Xulosa qilib aytganda, Yangi O‘zbekistonning yuragi baland binolarda emas, balki inson qadri e’zoz­lanayotgan, qo‘ni-qo‘shni bir-biriga befarq bo‘lmagan, kelajakka ishonch bilan qaralayotgan mahallalarda urmoqda. 

Dildora O‘SAROVA,

TDYU “Xorijiy tillar” kafedrasi 

dotsenti v.b., p.f.f.d. (PhD)


Maqola muallifi

O‘qituvchi

O‘qituvchi

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish