Yoshlar tarbiyasida oila, maktab va jamoatchilik hamkorligi
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning bosh maqsadi – erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish, yurtimiz kelajagini ishonchli qo‘llarga topshira oladigan, har tomonlama barkamol, bilimli va yuksak ma’naviyatli yoshlarni voyaga yetkazishdan iboratdir. Bugungi kunda jamiyatimiz oldida turgan eng mas’uliyatli vazifalardan biri – yosh avlodni yot g‘oyalardan asrash, ularning ongi va qalbiga sog‘lom turmush tarzi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni singdirishdir.
Ammo jadal kechayotgan axborot almashinuvi davrida yoshlarga turli manbalardan kirib kelayotgan saviyasiz yoki buzg‘unchi g‘oyalar tarbiya jarayonida ayrim muammolarni keltirib chiqarmoqda. Bu esa ta’lim-tarbiya tizimini yangi bosqichga ko‘tarish, barcha tarbiya institutlarining o‘zaro hamkorligini kuchaytirishni talab etadi.
Oila – ilk tarbiya o‘chog‘i
Har qanday jamiyatning poydevori oiladan boshlanadi. Bola dunyoni dastlab oila bag‘rida taniydi, ota-onaning munosabati, mehri va tarbiyasi asosida unda ilk axloqiy ko‘nikmalar paydo bo‘ladi. Oiladagi sog‘lom muhit, o‘zaro hurmat va ahillik farzandning ruhiy barqaror bo‘lib voyaga yetishida bosh omil hisoblanadi. Ota-onaning shaxsiy namunasi har qanday tarbiyaviy usuldan ko‘ra kuchliroq ta’sir ko‘rsatadi.
Maktab – ta’lim va tarbiya uyg‘unlashgan dargoh
Bola maktab ostonasiga qadam qo‘ygach, uning hayotida yangi mas’uliyatli bosqich boshlanadi. Umumta’lim maktablarida o‘quvchilarga nafaqat fan asoslari o‘rgatiladi, balki ularda jamoada yashash, qonun-qoidalarga rioya qilish, kattalarga hurmat, kichiklarga izzatda bo‘lish kabi yuksak fazilatlar shakllantiriladi. O‘qituvchining kasbiy mahorati, uning mehri va pedagogik yondashuvi o‘quvchining dunyoqarashini boyitishda muhim o‘rin tutadi. Dars jarayonida va sinfdan tashqari tadbirlarda milliy qadriyatlarimizni singdirish yoshlarning ma’naviy immunitetini mustahkamlaydi.
Jamoatchilik va mahallaning roli
Tarbiya faqat oila va maktabninggina ishi emas. Ko‘cha, mahalla, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarining o‘rni beqiyosdir. “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” degan naql bejiz aytilmagan. Mahalladagi sog‘lom muhit, keksalarning o‘gitlari, turli ma’rifiy to‘garaklar va sport seksiyalari yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga, ularni yomon illatlardan asrashga xizmat qiladi.
Bugungi kunda yoshlarimizni mustaqil fikrlaydigan, o‘z Vataniga sadoqatli, milliy an’analar ruhida tarbiyalash uchun mazkur uch tuzilma bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishi lozim. Xususan, maktab va oila o‘rtasidagi doimiy aloqani mustahkamlash, o‘quvchilarning davomatini, xulq-atvorini va ma’naviy holatini birgalikda nazorat qilib borish kutilgan yuqori natijalarni beradi.
Zero, sog‘lom, bilimli, ma’naviy boy va vatanparvar farzandlarni voyaga yetkazish – barchamizning muhim fuqarolik burchimizdir.
Anvar DUSHAYEV,
Parkent tumanidagi 20-maktabning kimyo fani o‘qituvchisi
Shu kecha va kunduzda
Yoshlar tarbiyasida oila, maktab va jamoatchilik hamkorligi
Nega yangi avlod xitoy tilini o‘rganishi shart?
KITOBXONLIK – MA’NAVIY YETUK AVLOD TARBIYASINING MUHIM OMILI
OTMlarda talabalarni turar joy bilan ta’minlash imkoniyatlari kengaytirilmoqda
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank