Ahmadjon MELIBOYEV: Navoiy-30

Ahmadjon MELIBOYEV
173



ASRLARDAN O‘TGAN QASRLAR


Badiiy asarning yaratilishi xususida hech birini inkor qilib bo‘lmaydigan ko‘pdan-ko‘p mushohadalar bor. Ba’zan asar g‘oyasi bir zumda – biror voqea yoki hodisotdan hayratlanish yoki ajablanish (afsuslanish) tufayli tug‘iladi. Ko‘p hollarda  g‘oya yillar davomida shakllanib boradi: goh o‘y-xayolingizni butunlay egallaydi, goh boshqa yumushlar ta’sirida susayadi.  Lekin susayganida ham undan butunlay qutula olmaysiz.

Yozuvchi Xayriddin Sultonning “Navoiy-30” asari g‘oyasi muallif ko‘nglida qachon paydo bo‘lganini aniq aytish qiyin. Ammo bu asar  necha ming-ming  ziyoli – atoqli yozuvchilar, mashhur shoirlar, adabiyot ixlosmandlari, sahna va kino san’ati darg‘alari, noshir-u muharrirlar, maroqli gurung shinavandalari, yana qanchadan-qancha kasbdoshlarimizning ko‘p  umri o‘tgan shu binoga nisbatan cheksiz hurmat, beqiyos sog‘inch tuyg‘usi bois yuzaga kelgani chin haqiqat.

Hayot shundayki, ba’zan sen uchun otaday, onaday, g‘amxo‘r ustozday  bo‘lib qolgan aziz go‘shalardan ham uzoqlashishga, yangi jamoalarda ishlashga, ishga borayotib, ba’zan xayolga berilib, o‘sha qadrdon binoga qaramay  o‘tib ketishingga ham to‘g‘ri keladi. Ammo biror yumush bilan ichkariga kirganingda, necha-necha tabarruk zotlar­ning izlari tushgan vazmin zinalardan yuqoriga ko‘tarilayotganingda, kimdir umid bilan biror nashriyot ostonasiga qadam qo‘yayotgani, kimdir u yerdan dimog‘i chog‘ bo‘lib pastga tushayotganini ko‘rganingda, oqshomlari bino­ning chirog‘i o‘chmagan derazalariga havaslanib boqqaningda beixtiyor entikib ketasan. Hammasi shu entikishdan boshlanadi.

O‘tgan asrning yetmishinchi-sakso­ninchi yillari bu bino ko‘p voqealarga guvoh bo‘lgan. Ustoz G‘afur G‘ulom nomidagi, “Yosh gvardiya”, “O‘qituv­chi” nashriyotlarining uzun yo‘lagi, gavjum xonalari, qabulxonalar ijod zav­qi, ilhom nafasi, birinchi she’r,

birinchi kitob ilinjida ustozlar imtihonidan o‘tayotgan  yoshlar bilan to‘lib-toshgan paytlar edi. Hamid G‘ulom, Erkin Vohidov, Rauf Parfi, Shavkat Rahmon, Xayriddin Sulton bilan uchrashish, hech bo‘lmasa bino biqinida joylashgan Mahmud mo‘ylovning bir “porsiya”si ellik yetti tiyin turadigan lag‘monxonasida Said Ahmad, To‘xtasin Jalolov, Po‘lat Mo‘min, Xudoyberdi To‘xtaboyev, Ne’mat Aminov, Nizom Komilov, Rauf Parfi, Shavkat Rahmon kabi ustoz­lar, talabchan muharrirlarning suhbatiga qo‘shilish,  Milliy teatrning Qudrat Xo‘jayev, Nabi Rahimov, Yoqub Ahmedov, Po‘lat Saidqosimov kabi darg‘alari­ni uzoqroqdan bo‘lsa-da, ko‘rib qolish (Eh, o‘sha paytlari qo‘l telefoni bo‘lmaganda!)  qanday baxt edi. Xayriddin Sulton eslagan mohir tarjimon va muharrir Mirziyod Mirzoidovni, qamoq­xonadan qaytganiga ko‘p yillar bo‘lgan bo‘lsa-da, koridorning chetidan, devorga urilguday bo‘lib, bir yelkalari oldin­roqda   “Yosh gardiya” nashriyotiga bag‘oyat ehtiyotkorlik bilan kirib kelayotgan Mirkarim Osimni, bir so‘z yoki ibora­ning o‘zbekcha muqobilini  topish uchun koridorning u boshidan bu boshiga barmoqlarini o‘ynatib borib kelayotgan tarjimon Erkin Mirobidovni, hammani kuldirib, ichaklarini cho‘zadigan Erkin Siddiqovni,  sodda, ishonuvchan, bolalarday beg‘ubor shoir Shamsi  Odilni, har kuni ertalab ishxonaga kamida o‘nta gazeta olib keladigan Mahmud Yahyoyevni eslayman.

Ijodiy ishlar shashti so‘nmagan holda ertalabdan xonalarda gurras-gurras kulgi, hazil-mutoyiba, shaxmat janglari boshlanar, yangi kitoblarni “yuvish” uchun  “Janggoh” choyxonasidan ertaroq joy olish, bu “muhim” tadbir  qatnashuvchilari ro‘yxatini, bosh oshpazni, bozor qiluvchini  tasdiqlash, avvalgi tadbir chog‘i yo‘l qo‘yilgan ayrim “yetishmovchilik”larni bartaraf etish choralari ko‘rilardi. Shunday bo‘lsa-da, ishxo­nada ham, choyxona-yu  lag‘mon­xonada asosiy mavzu – adabiyot, so‘z mas’uliyati, bugungi she’riyat, yoshlar ijodi, ijodkor ziyoliga xos turmush tarzi, odob-axloq, ustoz-shogird munosabatlari haqida bo‘lib, bu suhbat bugungi sershovqin latifabozlikdan ming chandon afzal va foydali edi. Oshpaz dastur­xonga jizzani uzatmasidan avval jiddiy, ayovsiz muhokama boshlanar, turli darajadagi qo‘lyozmalarning yutuq-kamchiliklari, ularni qayta ishlash choralari haqida aniq-tiniq  takliflar bildirilardi. Keyingi yillarda biror nashriyot birorta nomdor yozuvchining qo‘lyozmasini “Bo‘lmaydi, shu holda chiqarsak, kul­giga qola­miz”, deb qaytarib berganini bilmayman. Uzoqroqdan eshitgan ham emasman.  U paytlari qo‘lyozmasi birinchi muhokamadan o‘tmagan muallif bugungidek, mayda-chuyda gap qilmas, aksincha, “Birinchi imtihondan o‘tdim, buyog‘iga ishim yurishadi”, deb xursand bo‘lardi. 

Ajoyib damlar edi. Ustoz yozuvchi ham, havaskor muallif ham  tanqidiy fikrni to‘g‘ri qabul qilar, qo‘lyozmalar ikki-uch martadan qayta ishlanar, ayovsiz tanqidchilarning qo‘lidan o‘tardi. Ne ajabki, bundan hech kim yutqizmasdi, aksincha, kitob pishiq-puxta, qayta-qayta o‘qiladigan bo‘lib chiqardi. Ada­biyot gazetasida Izzat Sulton, Ozod Sharafiddinov, Matyoqub Qo‘shjonov, Said Ahmad, Umarali Normatov, Norboy Xudoyberganov kabi ustozlarning bitiklariga ham qalam urganmiz, huzurlariga borib, tortinib-qimtinib, ba’zi joylarini birgalikda tahrir  qilganmiz. Bitta so‘z yoki ibora ustida xo‘b tortishganmiz. Ustoz Abdulla Oripov bitta to‘rtlik­ni  gazetaga tayyorlash jarayonida yetti marta o‘zgartirib bergan. G‘oyat noyob hodisa. Abdulla aka biror so‘z yoki ibora xususida bildirilgan taklifga hamisha jiddiy munosabatda bo‘lardi. Bugungidek, “Sen kimsan-u, men kimman, nega tahrir qilasan?” degan asabiy savol bo‘lmasdi.  Nashriyotlarning injiq muharrirlari bugungi muharrirlardan  o‘n chandon talabchan edi. Chunki kitob deb atalmish ulug‘ ne’matning obro‘si juda baland edi u paytlari.

“Navoiy-30”ning muallifi shu va shu kabi ko‘pdan-ko‘p holatlar – chin adabiyot qayg‘usi, ijodkor olami, bu olam­ning goh maftunkor, goh ajablanarli manzaralarini bosh ko‘chamiz­ning bosh binosi misolida shu qadar tiniq ochib berganki, ulardan bir-ikkitasini misol uchun keltirish boshqalarini kamsitganday bo‘lib qoladi. Qisqa qilib aytganda, bu kitob ijodkor qavmi aslida qanday bo‘lishi, qanday sinovlardan o‘tishi zarurligi, sabr-qanoati xususidagi yo‘riqnomaga o‘xshaydi. Negaki, milliy adabiyotimizning eng yaxshi namunalari shu Navoiy-30 da tug‘ilgan, kitoblarning adadlari shu binoda aniqlangan, mukofotlar shu yerda “yuvilgan”, yaxshi qalam haqi olganlar shu yerda boy bo‘lishgan. Hayhotday zalda ustoz­larning tavallud kunlari o‘tkazilgan. Faqat shu emas, o‘sha yillar mafkura­sining zug‘umi bilan qanchadan-qancha qo‘lyozmalar ayovsiz qaychilangan, qisqartirilgan, mualliflariga qaytmas qilib qaytarilgan. Cho‘lponning bosmaxonadan yangi chiqqan “Tirik satrlar”i yig‘ishtirib olinganiga,  Pirimqul Qodirovning  bosmaxonaga topshirilgan romani chop etish arafasida taqa-taq to‘xtatilganiga, Erkin Vohidovning “Yoshlik devoni”ga qanday g‘ashlik  bo‘lganiga, noshirlarga mualliflarning ism-familiyalaridagi “Olloh”,  “xudo”, “xon”  so‘zlarini qisqartirish to‘g‘risida yuqoridan qat’iy ko‘rsatma kelganiga ham shu tilsiz bino guvoh. Navoiy-30 bularning hammasiga  quvonchini ham,   qayg‘usini  ham oshkor qilmay dosh bergan. Hayotda nimalar bo‘lmaydi, deysiz. O‘tayotgan har bir kun xush-noxush voqealarga to‘la. Buyuk inshootlarning devorlarida  buyuk ishlarning tabarruk izlari bilan birga mash’um xotiralar ham qoladi.

1571-yili Usmonli turk saltanatining mashhur arbobi, vaziri a’zam Mehmed posho buyrug‘i bilan Drina daryosi ustiga qurilgan go‘zallikda tengsiz ko‘prik haqida Nobel mukofoti sovrindori Ivo Andrich roman yozgan, asar dunyo­ning ko‘p tillariga, jumladan o‘zbek tiliga o‘girilgan. Bu noyob inshoot hayot taloto‘plari bois bo‘linib ketgan ikki qirg‘oq, ikki tamaddun, bir xalqning ikki tarmog‘ini uzoq yillar birlashtirib, tomirlari bir odamlarni o‘zaro yaqinlashtirib  turgan. Yillar, asrlar davomida g‘oyat muhim, xush-noxush voqealar: oshiqlarning visoli, gunohkorlarning qatli, yahudiylar, musulmonlar,  nasroniylar o‘rtasidagi jang-u jadallar, goh to‘y, goh  azaga guvoh bo‘lgan. Yillar, davrlar o‘tdi, avlodlar almashindi, lekin Drina daryosi oqishdan to‘xtamadi, uning ustida inson tafakkuri bilan yaratilgan ko‘prik   qudratli ramz,  bunyodkorlik  qasidasi sifatida  bugun ham yashab kelmoqda. “Navoiy-30”ning muallifi bu to‘g‘rida shunday yozadi: “San’at nomli oqsoch momo qal’alar, qo‘rg‘onlar, saroy va qasrlar, masjid-u madrasalar, butxona-yu kalisolar ota­shin harorat va mahorat bilan bitilgan qanchadan qancha go‘zal asarlarga doya bo‘lgani tarixdan yaxshi ma’lum. Loaqal “Bibi Maryam ibodatxonasi”, “Saddi Iskandariy”, “If qal’asining mahbusi”, “Arbat bolalari”, “Daryo bo‘yidagi uy” kabi asarlarni eslash kifoya. Shu ma’noda “Navoiy-30” o‘z siymosida ham qal’a, ham saroy, ham qo‘rg‘on, ham qasr-u oliyga jamiki belgi-alomatlarni mujassam etgani uchun, hech shubhasiz, badiiy asarning to‘laqonli qahramoni bo‘lishga mutlaqo munosibdir”. 

Bu fikrni quvvatlagan holda aytish kerakki, muallif o‘zining yuksak badiiy idroki, ifoda mahorati bilan bu munosiblikni amalda isbotlab bergan. Bizning yakuniy so‘zimiz esa quyidagicha: mamlakatimizda shunday oliy maqomga munosib inshootlar g‘oyat ko‘p. Uzoqqa bormay, poytaxt markazida joylashgan Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatri, unga deyarli tutash – men kabi necha yuzlab qalamkashlarni uyli-joyli qilgan, qalamimizni charxlagan, dunyoqarashimizni tiniqlashtirgan “Sharq” nashriyoti binosini misol kel­tirish mumkin. Yoshlar gazetasida ishlayotgan kezlarimiz uysiz yoshlar yoz oylari “Soatli bino”ning o‘n uchinchi qavatida tunab qolganimiz, tonggacha bir-ikkita maqolani qo‘ldan chiqarganimizni yaxshi eslayman.

Bugun nafaqat odamlar,  katta-kichik shaharlar hayotida ham jiddiy o‘zga­rish bo‘layotgan, poytaxt qiyofasiga zamonaviy arxitektura va qurilish unsurlari shitob kirib kelayotgan sharoitda, milliy-ma’naviy ramzga aylangan, yaqin va uzoq o‘tmish haqida bizdan ko‘ra ko‘proq xotiraga ega binolarni asrab-avaylash, qiyofasini saqlab qolish, sha’niga qasidalar bitish barchamizning sharafli burchimizdir.


Ahmadjon MELIBOYEV