Alisher Navoiy: Mahbub ul-qulub

Alisher Navoiy
205

Qalbga mahbub hikmatlar

(Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asari to‘g‘risida)


Hazrat Alisher Navoiy qalamidan dur yanglig‘ to‘kilgan durdona asarlar o‘z qadr-qimmatini yo‘qotmaydi va xalqning ma’naviy olamini boyitishga xiz­mat qilaveradi. Navoiy yigitlik davrida masnaviy janrida sermahsul ijod etib, “Xamsa”dek yuksak qimmatga ega asarni yaratdi. Umrining oxirida esa,  uzoq yillar davomida to‘plangan hayotiy xulosalarini bir moʻtabar kitob holida tartib berishga kirishdi va bu sa’y-harakatlari samarasi o‘laroq, “Mahbub ul-qulub” asari dunyoga keldi.

“Xaloyiqning ahvoli, fe’l-atvori va gap-so‘zlarining kayfiyati”, “yaxshi fe’llar va yomon xislatlar”, “har xil foydali maslahatlar va misollar“ to‘g‘risidagi hikmatlar mazkur moʻtabar kitobdagi 127 tanbehda o‘z ifodasini topgan. Har bir tanbeh asosan nasriy bayon etilib, mavzuga mos she’rlardan ham unumli foydalanilgan.

Asarda qalamga olin­gan tabiblar, yaxshi va yomon xususiyatlar, savdo­garlar, harb ishi ustalari to‘g‘risidagi tanbeh­lari bugungi kunda yoshlar tarbiyasida g‘oyat ahamiyatlidir.   

Qayta-qayta o‘qir ekanman, har bir hikmati har qanday insonning qalbini uyg‘otib, uni hayotning yorqin tomonlariga boqib, ne’matlarga shukronalik hissi bilan yashashga da’vat etayotgandek tuyulaveradi. 

E’tibor qiling-a:


Tuxum yerga kirib chechak bo‘ldi, 

Qurt jondin kechib ipak bo‘ldi. 

Lola tuxumicha 

g‘ayrating yo‘qmu?


Pilla qurticha himma­ting  yo‘qmu?


“Mahbub ul-qulub”da, – deydi filologiya fanlari doktori, akademik Shuhrat Sirojiddinov mazkur asar haqida fikr bildirar ekan, – jamiyat hayo­tini yuksal­tirish, uni to‘g‘ri yo‘lga solish va shaxs ma’naviyatini tarbiyalash kabi o‘zining so‘nggi armonlarini vasiyat qilib qoldirdi”. 

Shu jihatdan olib qaraganda, har bir o‘zbekning mazkur asarni o‘qishi nihoyatda zarur ekanligi oydinlashadi.

Alisher Navoiydan bizga  qolgan noyob asar “Mahbub ul-qulub”ning har bir xonadonda bo‘lishini, kitob javonlarini bezab turishini istardim. Zero, bu asarda hayotning turli jabhalari qamrab olingan bo‘lib, o‘qigan inson undan har qanday qiyinchilikdan ham olib chiqa­digan ravon yo‘lni  topa oladi.


Mahzuna HABIBOVA,

Guliston davlat universiteti talabasi