Anna Frank: Anna Frank kundaligi

Anna Frank
119

ANNA – MEN O‘QIGAN ENG YOSH MUALLIF!

“Anna Frank kundaligi” haqida o‘ylar


Bolalik – eng sof, sarguzashtlarga boy, har narsadan hayratlanadigan  va tasavvur olamimiz keng bo‘lgan davr. O‘shanda fitratimiz tinimsiz o‘sayotgan qalbimizga yomonlik in qurmagan, oddiy narsadan yig‘lab, biroz o‘tib yana bir olam quvonch ila xushchaqchaq qum tepalik yasab eng toza hislar  dunyosida yashayotgan bo‘lamiz. Bolaligimni kechagi kundek eslayman. Dala o‘rtasidagi tepalikda yantoqzordan oyog‘imni himoya qilib chopganim, tong sahar poliz egatida yorib yegan qovunimning ifori va mazasi hamon yodimda.

Dadamning ketidan qolmasdim, quyosh tikkaga kelganda oyog‘i yoniga o‘tirib  issiqdan soyalardim. Tezroq ulg‘ayishni, jaziramaga qarshi o‘zim kurashishni o‘ylardim o‘sha kezlari. Tengdoshlarimdan bir xislatim ajralib turardi. Ya’ni ertak, hikoya o‘qib, darslik kitobidagi she’rlarni qoralama dafta­rimga ko‘chirib yurardim. Vaqt o‘tib bu narsa meni boshqalardan ajratib oldi. Odamovi bo‘lib borardim. Odamlar bilan gaplashib tayinli fikr ololmaydigan, izlaganini varaqlar orasidan topadigan qog‘ozlarga oshno mavjudotga evrildim. Oradan bir necha o‘nlab fasl o‘tgan bo‘lsa-da, hanuz shu ko‘ydaman. Boshqalarga o‘xshamaganim uchun xursandlik hissi bor. Vijdonim oldida tozaman. Demak, yo‘lim to‘g‘ri. Haqiqatlarimni anglagan kunim­dan buyon o‘qishga, o‘qiganimni tahlil qilishga va yozishga intilaman! 

Kecha “Anna Frank kundaligi”ni o‘qib tugatdim... Aslida bir yilcha oldin mutolaasini rejalashtirib turli sabablar yuzasidan u bilan yuzlasha olmayotgandim. Anna Frank shu paytgacha o‘qigan mualliflarim orasida eng yoshi kichigi. U 14–16 yoshida yozgan birin­chi va oxirgi asari. Kitob kundalik tarzida bitilgan, ikkinchi jahon urushidagi o‘smir qizning o‘y kechinmalari, orzulari-yu, kattalar orasidagi ziddiyatlar va fojiasi aks etgan. Shu paytgacha Tolstoy, Xayriddin Sulton va Bobur singari yozuvchilarning kundalik shaklidagi kitoblarini o‘qiganman. Lekin bundagi holat butunlay boshqa. Urush, natsistlarning yahudiylarga zulmi, kulbada yashiringanlar ahvoli shaxsga aylangan bola nigohida tasvirlanadi.


Asar haqida qisqacha + tahlil


Franklar oilasi boshqalar singari tinch-totuv yashayotgan edi. Urush boshlanib, fashist siyosati yahudiylarni ta’qib etdi va natijada ularning hayoti tubdan o‘zgardi. Endi yahudiy oilasi yashirinib jon saqlashga, urush tugaguncha shu zaylda umrini kutib o‘tkazishga majbur. Van Pels va Franklar oilasi shahar chetidagi bir korxonaning tepasidan maxfiy panoh topadi. Anna­ning kundaligi ham shu yerda yozilgan. U kundalikka “Kitti” deb nom qo‘yib, deyarli har kungi kulbadagi hayot tarzi, atrofdagilar ruhiyati va  xatti-harakatini maktub tarzida aytib beradi. Uni hamma ham yetarlicha tushuna olmasdi. Onasi va opasi bilan ko‘pam chiqishavermas, faqatgina otasi, biroz muddat o‘tib Piter soatlab tinglay olardi. Qo‘shni Piter bilan yaqinlik vaqt o‘tib uning hissiyotlarigada ta’sir qiladi. Kimdir fikriy yaqinlikda tafakkur chegaralaringni o‘zgartib ichingdagi bo‘shliqni  to‘ldirishi muhabbat eshik­larini sharaqlatib ochib yuboradi. Eng dahshatlisi, o‘rganib qolish. Bu hissi­yot sevgidan kuchliroq va dah­shatli. Kulbadagi kunlarini qamoqdagi g‘urbatdek o‘tkazayotgan odamlar gohida bir-biriga toqat qilisholmasdi. Eng og‘ir paytlarda kattalarning irodasizligi va shaxsiyatidagi kamchiliklar Anna­ning g‘ashini keltirardi. Har safar kundalik ustida o‘tirgan o‘smir qizaloq atrofdagilarni tahlil qilib yaqinlari­ning xato va kamchiliklarini ayovsiz fosh etardi. Ayniqsa, onasining ba’zi xatti-harakatlari nafratini uyg‘otadi. Shunda oralarida ulkan jarlik borligini anglaydi. Kattalar psixologiyasida bir narsa bor. O‘zidan kichiklarga bosim o‘tkazish, ba’zi samimiy harakatlarni bachkanalik deb to‘rtburchak qolipiga solib fe’l-atvoriga moslashtirish. Borgan sari hissizlashgan, hayotiy shavqlardan mahrum bolakaylar ulg‘ayib boraveradi buning ta’sirida. Aslida salbiy xususiyatlar kattalarning o‘zida g‘ij-g‘ij. Annaning kitob o‘qishi, yangi tilni o‘zlashtirishiga otasi sababchi. Shuning uchun ikkalasi boshqalarga qaraganda yaqinroq. Dastavval Anna kundaligini o‘zi uchun yoza boshlagan 1944-yil bahorida kutilmaganda radioda Niderlandiya ta’lim vaziri Bolkshteynning bir e’lonini eshitib qoladi. Ya’ni unda urush paytidagi barcha daliliy hujjatlar milliy mulkka aylanishi ta’kidlangan. Bundan ta’sirlangan Annada o‘z kundaligini kitob holida chop etish fikri paydo bo‘ladi va kundalikni qay­tadan to‘ldirib yoza boshlaydi. Shu payt uning qalbida yozuvchi bo‘lish orzusi gullayotgan edi. Afsuski, Annaning orzusi tirikligida amalga oshmadi. Ularni yashiringan kulbasidan mirshablar qamoqqa olib ketishadi. Oilaning deyarli barcha a’zosi turli yillarda konslagerda vafot etadi. Faqat qizning otasi Otto Frank omon qolib, vafot etguniga qadar Shveytsariyaning Bazel shahrida yashab, qolgan umrini butunlay qizining kundaligini nashr etish va uning xotirasini abadiylashtirishga bag‘ishladi. 


Xulosa o‘rnida


Urush haqida ko‘plab yozuvchilar asar yozgan. Aynan bir qizaloqning yoziqlari samimiyligi, bolalarcha  nigo­hida olamni tahlil etishi noyob hodisa. Ayniqsa, har nafasda o‘lim tahdidi, munosabatlardagi yoriqlar satrma-satr aks etgan. Annaning og‘riqlari, qalbida yarq etgan tuyg‘ular, o‘ziga xos qat’iyati o‘qirmanni fikrlatadi. 


Asardan iqtiboslar


• Hech kimga ishonmasdan va hech kimning maslahatisiz kuchli bo‘lishga harakat qilish kerak.

• Odamni u bilan janjallashganingdan so‘nggina bilib olar ekansan. Faqat shundagina uning haqiqiy xarakterini baholay olasan!

• Baxtli odam boshqalarni ham baxt­li qiladi; jasorat va iymonga ega odam hech qachon azobda o‘lmaydi!

• “O‘spirinlarning odatiy muam­molari” yoki “boshqa qizlar” haqida yoki bo‘lmasa “hammasi o‘tib ketadi” qabilidagi gaplarni eshitishni jinim suymaydi. Menga boshqa qizlardek emas, aksincha, o‘z fikri va dunyoqarashiga ega Anna sifatida muomala

qilishlarini istardim.

• Otam mendagi isyonkor ruhni jilovlash uchun qo‘lidan kelganicha ko‘maklashdi, ammo foydasi bo‘lmadi.

• O‘z-o‘zini anglash tuyg‘usi meni hech qachon tark etmaydi va har safar biror gap aytayotganimda xayolimdan quyidagicha o‘ylar o‘tadi: “Shu gapni sal boshqacharoq aytishing ham mumkin edi” yoki “Sen to‘g‘ri gapirding”.

• Aslini olganda yoshlar keksalarga qaraganda yolg‘izroqdirlar.

• Nima bo‘lishidan qat’i nazar, insonlarning qalban pokizaligiga isho­naman.

• Xudo menga tafakkur qilish va qalbimda borini qog‘ozga tushira olish­dek qobiliyat ato etganiga shukr qilaman!


Kitob haqida qiziqarli ma’lumotlar


Muallif vafotidan so‘ng asar 1947-yilda ilk bor golland tilida chop etiladi. “Anna Frank kundaligi” shu paytgacha yetmishdan ortiq tillarga tarjima qilingan va o‘ttiz milliondan ortiq nusxada chop etilgan. Shuningdek, ushbu kitob jahon adabiyotida “Injil”dan keyin ko‘p mutolaa qilingan nobadiiy asar hisoblanadi. Ushbu kundalik asosida bir necha sahna asarlari va filmlar suratga olingan. Anna yashiringan uy esa 1960-yilda uning nomidagi muzeyga aylantirilgan. Annaning Buenos-Ayres va Amsterdam shaharlarida haykali o‘rnatilgan.

Elyor HAYDAROV,

O‘zJOKU talabasi