Jo‘rabek Ramazon: Men shu yomon qizni yaxshi ko‘raman

Jo‘rabek Ramazon
172

“Men shu yomon qizni yaxshi ko‘raman”


Chamasi ikki yil oldin maktabda mahalliy ijodkorlar bilan uchrashuv o‘tkazadigan bo‘ldik. MFY raisi Alijon Polvonov tadbirga bir dunyo kitoblar bilan keldi. Mening ko‘zimga “Men shu yomon qizni yaxshi ko‘raman” nomli mo‘jazgina kitob o‘tday ko‘rindi va uni olib yashirib qo‘ydim. Ko‘plar qatori men ham xonanda Imronning shu nomdagi qo‘shig‘ining ashaddiy muxlisi edim, ammo uni Jo‘rabek Ramazon nomli shoir yozganidan bexabar ekanman. Shu kundan e’tiboran Jo‘rabek Ramazonning haqiqiy muxlisiga aylandim. Afsuski, Jo‘rabek bu yorug‘ olamni erta tark etgan, mazkur kitob ijodkor Odil Ikrom va Nabijon Boqiy tomonidan to‘plab nashrga tayyorlangan ekan.

Ochigʻini aytsam, uncha-muncha she’r yoki notanish shoir asarlariga hadiksirab, “pichoqqa ilinadigan narsa bormi yoki yoʻqmi?” deb qarayman. Ammo Joʻrabekning she’rlari shunchaki she’rlar emas edi. “Yemoq­ni-da, ichmoqni-da unutdim”, kitob yostigʻim ostida turadigan boʻldi. Joʻrabekning deyarli barcha yozganlari ilohiy ishq, ilohiy muhabbat degan buyuk asosga borib taqalardi. Shoir haqida albatta yozishni dilimga tugaman-u, ammo nimadan boshlashni bilmayman. Tuyqus titkilab internet atalmish tarmoqdan uning bir dasta she’rlarini hamda ma’lumotlarni topib oldim. Eng muhimi, uning sokin va sohirli jonli ovo­zini eshitdim.


 Ketdim...

 Sogʻinsangiz, stol ustida

 She’rlarim yozilgan daftar turadi.

 Qaytsangiz varaqlab koʻring ohista

 Satrlar siz bilan suhbat quradi.

 Istasangiz oting uni olovga.

 Gulxan mavjlaridan boqib turar koʻz,

 Men ravo koʻrmadim boshqa birovga

 Bor she’rim “Sevaman” degan bitta soʻz!

  

 Shoir hayratlaridan hayratlanib yurgan paytimda kalavaning uchini topgandek boʻldim, uni yanayam yaxshiroq bilish va his qilish uchun Joʻrabekning yaqinlari bilan suhbatlashishim kerak. Ammo qanday qilib? Ular Surxonning Boysunida yashasa, men vodiyning chekka qishlogʻida... Ollohning inoyati bilan buning ham yoʻli topildi. Shoir Botir Ergashev xonanda Imronning telefon raqamini berdi va u orqali shoirning onasi bilan suhbatlashdim. Qizigʻi shundaki, biz Joʻrabek haqida uzoq suhbatlashdik va suhbat soʻngida bir-birimizning ismimizni soʻradik hamda tamom lol qotdik:

– Ismingiz nima, singlim?

– Ismim Nazokat, familiyam Zaylobova, kamyob

familiyalardan.

U tomon jim qotdi:

– Yo tavba! – dedi sekin. Meniki ham Nazokat,

familiyam Jabborova!

Biz hozirgina Joʻrabekda yashirin boʻlgan botiniy ilohiylik haqida soʻzlashgan edik. Nazokat opa kechgacha suhbat ta’sirida toʻlib-toshib yuribdi. Joʻrabekning onasi ham she’rlar yozar, kitobxon, sermulohaza, oqila ayol ekan (Har ne boʻlganda ham “katta shoir” (Usmon Azim iborasi)ning onasi, axir).


Koʻksingga botadi birov ta’nasi,

Qoʻymoqchi boʻladi qalbingga qadam.

 Ularni qoʻyaver, ular hammasi

Oʻzini sevishdan ortmagan odam.


Biz esa dillardan ayricha dilmiz,

Bir tilda tillashgan ikkita tilmiz,

Uchrashtirgan boʻlsa foniy dunyoda,

Olloh huzurida shunday qabulmiz.


SHOIRNING BOLALIGI


Joʻrabek uch yoshgacha gapirmagan, faqat ting­lagan. Onasi unga alla oʻrniga gʻazallar, dostonlar oʻqib berganligini eslaydi. Tili chiqavermagach ilhaqlangan onasi uni shifokorlarga olib boradi. Xavotirga oʻrin yoʻq, hammasi yaxshi edi. To‘rt yoshida tili chiqqan bola ellikdan ortiq she’rlarni yodlab oladi, olti yoshida esa gazeta-jurnal oʻqiy boshlaydi. Yoshiga nisbatan sergak, juda kuzatuvchan, kamgap, oʻychan bola ekanligi shundoq chiroyli qop-qora koʻzlaridan bilinib turgan. Dastlab qoshlari va sochlari sariq tusda ekanligi, keyin 5 yoshida qop-qora tus olganligi ajablanarli hol edi. Uni koʻchada epkinda uchib borayotgan oddiy qogʻoz parchasi, daraxtlardan uzilib tushayotgan barglar ham hayratga solgan. 3-4-sinfda oʻqiyotganda muhabbatga oid she’rlar yoza boshlagan. Boʻlajak shoirning onasi avvaliga bunga ishonmagan, biror joydan koʻchirib olayotgandir-da, deb oʻylagan. Jurnallardan qirqib olingan she’rlarni koʻrib, onasi uni jazolagan. Ammo keyin afsus chekib Joʻrabekning she’rlarini oʻzi tuman gazetasiga olib borgan. Jahon adabiyotini, qardosh xalqlar adabiyotini nihoyatda koʻp oʻqigan shoir Jaloliddin Rumiyni fors-tojik tilida mutolaa qilgan va tarjima asl nusxa boʻlolmas­ligiga ishongan.

Joʻrabekning hayotida yosh ijodkorlarning Zomin seminari katta voqea boʻlgan. U seminarda mashhur shoir Muhammad Yusufning nazariga tushgan. Muhammad Yusufning sinchi koʻzlari Joʻrabekdagi oʻziga xoslikni payqagan, bir zum boʻlsin, uni yonidan qoʻymagan. Biroq Muhammad Yusufning bemahal oʻlimi Joʻrabekni qattiq ta’sirlantirgan, deyarli bir oy davomida iztirobda uzlatga chekingan. Axir Joʻrabek nafaslarida, she’riy tugʻyonlarida Muhammad Yusufning nafaslari bor edi:


 Bir kun yemirilar xiyonat togʻi,

 Qaygʻuning kasridan qolmaydi nishon.

 Muhabbat mehrobga aylangan chogʻi,

 Biz baxtli boʻlamiz, azizam, ishon!

(“Biz baxtli boʻlamiz”)


  Bir qarashda tushkunlikka yoʻgʻrilganday tuyulgan goʻzal misralar muallifi oʻta hayotsevar, hazil­kash latifagoʻy boʻlgan. Tanqidiy maqolalarida ham xalqona kulgidan oʻrinli foydalangan. Quyidagi voqeani shoirning onasi kulib esladi: qahraton qish fasli, hamon bolalar bogʻchasining isitish moslamasi chatoq ekan, “Gʻat-gʻat keldi, haliyam gʻing-gʻingmi?” degan tanqidiy maqola tuman hokimining nazariga tushadi (bir charx yigiruvchi ayolning bittagina qizi bor ekan, uni unashtirishibdi, ammo u tinmay charx yigirib, toʻyni paysalga solaveribdi, karnay-surnay chalinib, toʻy kelibdi, lekin hamon ayol charx yigirish bilan band ekan, “gʻat-gʻat kelganda, haliyam gʻing-gʻingmi?” deb kelganlar  oʻz yumushi bilan band ayol ustidan kulishgan ekan. Bu bilan bogʻcha mutasaddilarining beparvoligi oʻsha ayolning tutumiga oʻxshatilgan va xuddi shu narsa hokimning e’tirofiga sazovor boʻlgan).

Turli-tuman qiziqarli krossvordlar tayyorlash, rangli qogʻozlardan gul yasash, bogʻ parvarishi bilan shugʻullanish, ovqat tayyorlash uning qiziqarli mashgʻulotlaridan boʻlgan.


JO‘RABEK RAMAZON

SHE’RIYATI


Shoirning “Tavallo” (2003), “Bugun” (2008), “Yur, qochib ketamiz” (2011) hamda shoir Usmon Azim yordamida “Umr” (2018) she’riy toʻplamlari nashrdan chiqqan. Ba’zan navqiron iste’dod egalari oʻz taqdirlari haqida bashorat qilayotgandek koʻringan misralarni

bitadilar. Qarang, Shavkat Rahmondan:


...Nodirajon, Shoirajon,

Tanam qimir etmaydi.

Koʻzimda bir tomchi yosh

Soylar yuvsa ketmaydi.


Nodirajon, Shoirajon,

Tanam qimir etmaydi.

Peshonamning shoʻridan

Bino boʻlgay bu daryo.

Osmon toʻla havolar

Faqat menga yetmaydi.

      

Nodirajon, Shoirajon,

Tanam qimir etmaydi.

Boring, qorli togʻlarga

Bir shoir yotibdi deng

Xudoning hovlisida.

Osmon toʻla havolar

Faqat menga yetmaydi.


Joʻrabek Ramazonda:


...Bir oʻy kemiradi dilni erta-kech:

Nahotki topilmas dardimga davo?!

Xudodan mol-dunyo tilamadim hech,

Soʻraganim faqat bir hovuch havo.

Hali ham yetsa gar yuragim dodi,

Nimaga hayotdan mahrum etyapsan?

Erkam, nafasingda havo bor edi,

Sen uni kimlarga olib ketyapsan?


Yoki:


Qon yalasang qassoblarga bor,

Gʻoz oʻynagan kazzoblarga bor.

Imonidan kechganlarga bor,

Bor-yoʻgʻini yechganlarga bor!

Nega menga kelasan ey dard,

Nega menga kelasan ey gʻam!

(Sh.Rahmon. “Ey dard”)


Butun dunyo tor boʻldi, dil diydorga zor boʻldi,

Diydor degan xor boʻldi, xorligi oshkor boʻldi.

Rabbim, sendan oʻzgaga yalinmoq bekor boʻldi.

Dardmanlar orasida boʻldi-ku axir joyim,

Oʻzing bergan bu dardni qaytarib ol, Xudoyim!

...Tilimga bir navo ber, boʻgʻzimga bir havo ber,

Diydoringni qoʻmsagan gʻarib dilga davo ber,

Yaxshi boʻlsam sado ber, yomon boʻlsam jazo ber.

Toki men ham shay turay – yaqin qiyomat-qoyim,

Oʻzing bergan bu dardni qaytarib ol, Xudoyim!

(J.Ramazon, “Iltijo”)

Ruh birligi va uning oʻxshashligi hodisasi she’riyatda har doim ham roʻy beravermaydi. Ammo biz­ning Joʻrabekda bu gʻaroyib hodisa bor. U qoʻllagan oʻxshatish va sifatlashlarga e’tiboringizni qaratamiz: “erka diydor”, “quvonch dahshati”, “Inson – eng qasostalab yov”, “Gʻussalarga jussam boʻldi joynamoz”, “Oqshomqurun”, “Koʻnglim koʻrgulikka xaridor”  kabi topildiq soʻzlar hayratingizni oshirishi tayin. Shoirning muhabbat va oʻlim haqidagi yozganlarini oz boʻlsa-da his etish uchun esa Nodira(shoir­ning sevgilisi va turmush oʻrtogʻi)ga murojaat etishga toʻgʻri keladi.


 JO‘RABEK VA NODIRA


 Joʻrabek va Nodira bir koʻchada yashashgan, ularni kitob bir-biriga yaqinlashtirgan. Odatda birovga bermaydigan, qizgʻanadigan kitoblarini ham Joʻrabek Nodiraga beraverardi, oʻqishga kirolmagan qizni oʻzi bilan ishlashga taklif qilgan (“Boysun” nomli tuman gazetasida shoir adabiyot va ma’naviyat boʻlimi muharriri  boʻlib ishlagan). Nodiraning aytishicha, shoir hech qachon yuzma-yuz dil izhori qilmagan. Yozganlarini oʻqib koʻrish uchun qizning qoʻliga bergan, lekin shoirning unga munosabati ayon edi, axir muhabbatni yashirib boʻlarmidi!


Garchi baxtimiz ham bagʻrimiz yarim,

Sen oʻsha beozor, ma’sum, bokira...

Jismingdan gʻamlarga bermagil oʻrin,

Ismingdan aylanay, oʻzim Nodira!


Yoki:


...Bu qiz ancha ulgʻaydi, biroq

Ulgʻaymadi unda muhabbat. 

Endi uni koʻray deb har chogʻ

Men bahona izlayman faqat.

(“Bu qiz”)


Joʻrabekday kamsuqum, kamtar Nodiraning ta’kidlashicha, “Bugun” toʻplamidagi she’rlarning deyarli barchasi Nodiraga atalgan. “Men shu yomon qizni yaxshi koʻraman” she’rining yaratilish tarixi haqida qiziqdik. She’r “Boysun” gazetasi tahririyatida, shundoq Nodiraning koʻz oʻngida 3-4 minut ichida yozilib oʻqib koʻrish uchun unga taqdim qilingan. “Men yomon qizmanmi?” hayron boʻlib soʻragan u. “Men muloyim, hamma narsaga koʻnaveradigan qizlarni yomon koʻraman, menga oʻjar qizlar yoqadi”, deb javob bergan shoir. Endi bemalol mazkur she’rning qanday qilib qoʻshiqqa aylanib qolganligi xususida toʻxtalsak boʻladi. Bu toʻgʻrisida xonanda Imronga bir nechta savol bilan murojaat qildik:


– “Men shu yomon qizni yaxshi koʻraman” she’ri qoʻlingizga qanday tushib qoldi?

– “Sevimli” kanalidagi koʻrsatuvlarning birida eshi­tib qoldim va she’rni internet orqali topdim.

– Qoʻshiqning kuyini kim bastalagan? Musiqiy pardozni kim bergan?

– Qoʻshiqning kuyini oʻzim bastalaganman, musiqiy pardozni esa Gʻolibjon Egamov bergan.

– Qoʻshiq mashhur boʻlishini kutganmidingiz?

– Yoʻq, bu darajada xitga aylanishi xayolimizga ham kelmagandi. Umid qilgandik, xolos. Lekin baribir qan­day qoʻshiq yaratilmasin, uning mashhur boʻlishiga umid qilinadi.

– Joʻrabek Ramazonning yana qaysi she’rlariga murojaat qildingiz? Ular mashhur boʻldimi?

– Shoirning she’rlari oʻta samimiy va dardli. “Sevmaysan meni” she’rini qoʻshiq qildik, uni konsertimizda ijro etdik. Muxlislar yaxshi kutib oldi. Hozir “Yigʻla­ganim sababini bilmaysizlar” nomli she’ri asosidagi qoʻshigʻimizga klip suratga olyapmiz.

Haqiqatan “Yomon qiz”dagi, she’r, kuy va ijro bir-biri bilan “yigʻlab koʻrishgan”, maktab adabi­yot darsliklariga kiritilsa arziydigan she’rlar muallifi Joʻrabek Ramazon oʻlmagan! Uning umri qoʻshiqlarda davom etyapti.


Men oʻlsam... Odamdek oʻlmayman: Men uchib ketaman, qushga aylanib, Dunyoning eng goʻzal, oppoq qushiga!.. Men oʻlsam... Odamdek oʻlmayman: Oxirgi yaprogʻi boʻlaman kuzning. Hech kim payqamaydi uzilganimni. Men oʻlsam... Odamdek oʻlmayman: Yashayman eng shirin tushga aylanib. Xunuk qizlar yigʻlar... Onamdan keyin.

Men oʻlsam...

 Odamdek oʻlmayman:

 Men uchib ketaman, qushga aylanib,

  Dunyoning eng goʻzal, oppoq qushiga!..

 Men oʻlsam...

 Odamdek oʻlmayman:

 Oxirgi yaprogʻi boʻlaman kuzning.

 Hech kim payqamaydi uzilganimni.

 Men oʻlsam...

 Odamdek oʻlmayman:

 Yashayman eng shirin tushga aylanib.

 Xunuk qizlar yigʻlar...

 Onamdan keyin.


Shoirdan avlodlarga boy meros qolgan. Uning bebaho kitoblarga toʻlgan xonasining chirogʻi hamisha yoniq. Nasriy asarlari, hikoyalari, adabiy-tanqidiy maqolalari va  koʻplab she’rlari hali nashr etilgani yoʻq. Shoirning onasi aytishicha, u ijod qiladigan stol va stul, hatto kuldondagi papiros kuli shundoqqina shoirni kutib turibdi, goʻyo Joʻrabek oʻz xonasiga shitob kirib keladi va odatdagidek, shoshib ijod qiladi. Yaqinlarining aytishicha, u yozishga va yozib qolishga hamisha shoshgan, farzandlari Jasmina va Javohirni yer-u koʻkka ishonmagan. Shoirning soʻnggi soʻzlari ham bolalarini asrash haqida edi. Umr oʻtyapti, shoir polaponlari katta boʻlyapti. Nodiraning ta’kidlashicha, oʻgʻli Javohirda shoirning surati va siyrati tobora aniq namoyon boʻlmoq­da, ular hademay koʻkka parvoz qiladilar, bunga esa juda-juda yaqin qoldi.

Nazokat ZAYLOBOVA,

FarDU “Tilshunoslik” kafedrasi

ilmiy tadqiqotchisi