Usmon JO‘RAYEV
Bo‘ka tumanidagi 8-maktab o‘qituvchisi
“Ma’rifat” bilan hamkorlik menga nima berdi?
– “Ma’rifat” bilan hamkorlik qila boshlaganimdan buyon, e’tibor bersam, ta’lim sohasida yetilgan, lekin yechimini topmayotgan ko‘plab muammolarni gazeta sahifasida ko‘tarib chiqibmiz. Ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan fikrlarim hamkasblarimni befarq qoldirmadi, deb o‘ylayman. Maqolalarimda o‘qituvchilarning manfaatini himoya qila olganimdan mamnunman. Ayni paytda u yoki bu masaladagi ochiq, ba’zan keskin fikrlarimni e’lon qilgan “Ma’rifat” tahririyatiga minnatdorchilik bildiraman.
Gazeta meni pedagoglarga yanada ko‘proq tanitdi. Bungacha keng pedagoglar jamoasiga 5-sinflar uchun “Tarixdan hikoyalar”, 8-sinflar uchun “O‘zbekiston tarixi” va “Jahon tarixi”, 9-sinflar uchun “Jahon tarixi” va “Dunyo dinlari tarixi” darsliklarim bilan tanilgan bo‘lsam-da, “Ma’rifat” bugun ta’lim va tarbiya sohasida to‘planib qolgan dolzarb muammolar va ularning sabablari haqida erkin fikr bildirish imkonini berdi.
Barcha gazetalar, jumladan, “Ma’rifat”ga maqola tayyorlash oson ish emas. Muallif bitta maqola yozish uchun qanchadan-qancha adabiyot titkilaydi, ulardan olingan ma’lumotlarni tahlil qiladi, hayot bilan, bugungi reallik bilan taqqoslaydi, so‘ng bir xulosaga keladi. Ana shu xulosasini qog‘ozga tushiradi. Binobarin, gazeta bilan hamkorlik sizni ijod bilan doimiy shug‘ullanishga, o‘z ustingizda yanada ko‘proq ishlashga majbur qiladi.
“Ma’rifat”ni muntazam o‘qib unda e’lon qilingan maqolalarni boshqa gazetalar materiallari (“Yangi O‘zbekiston”, “Jadid”, “Milliy tiklanish”, “Adolat”) bilan taqqoslab, ularni tanqidiy mushohada eta boshladim. Masalan, “Ma’rifat”ning 1-betida “O‘qituvchi nimani o‘ylaydi?” ruknini olaylik. Unda o‘qituvchilarning u yoki bu muammoga oid qisqa-qisqa fikrlari berib boriladi. Bu fikrlar kimlargadir juda jo‘n, oddiy, kimlargadir esa kerak emasday tuyuladi. Aslida-chi, aslida ularda har birimizni o‘ylantirishi kerak bo‘lgan mulohazalar aks etadi. Menimcha, bu mulohazalarni yurt oydinlari ham o‘qib borsalar, ta’limdagi, maktablardagi muammolar haqida aniqroq tasavvurga ega bo‘lishardi. Lekin ular o‘qisharmikan?
Yaqinda eng nufuzli OTMdan biri sanalmish Nizomiy nomidagi TDPUning fakultetlaridan birida bo‘ldim va suhbat jarayonida fakultet nechta “Ma’rifat” gazetasi oladi, deb so‘radim. Afsus, bitta ham olishmas ekan. Mana sizga ulug‘ oliy o‘quv dargohi xodimlarining “Ma’rifat”ga munosabati. Agar har bir fakultet atigi 1 donadan “Ma’rifat” olganida edi, maktablar uchun mahoratli pedagog kadrlar tayyorlashga da’vat etilgan OTM maktablardagi bugungi ahvoldan, o‘zlari o‘qitgan sobiq talabalarining bugun maktablarda qanday ishlayotganliklaridan xabardor bo‘lib turgan bo‘lardi. Lekin afsus, unday emas ekan. Umid qilamanki, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov bu masalada hurmatli rektorlarimizga tegishli ko‘rsatmalar beradi.
2023-2024-yillarda “Ma’rifat”da 8 ta maqolam e’lon qilindi. 2024-yili e’lon qilingan “Millatning ma’naviy qiyofasi” nomli maqolam esa “Ma’rifat” tahririyatining mukofotiga sazovor bo‘ldi. Bunday e’tirofdan quvondim.
Istagim – gazeta tahririyati yanada rivoj topsa. “Ma’rifat” ilgarigidek har bir ta’lim maskaniga kirib borsa! Har bir ta’limga aloqador rahbar va tashkilot “Ma’rifat”ga obuna bo‘lsa va ta’limni yuksaltirishga qaratilgan, yonib-kuyib aytilayotgan fikr va takliflarni o‘qib, ularni jarayonda qo‘llashga oshiqsa!